Joriy yilning 1-may kuni soat 21:41 da “112” tizimi orqali Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida “Vorux Dasht” va “Yangiqo‘rg‘on” MFYlarning ayrim ko‘chalaridagi 90 dan ortiq xonadon tomorqalariga yomg‘ir suvlari kirgani haqida xabar kelib tushdi.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy bo‘linmalari, viloyat va tuman hokimliklari hamda tegishli xizmatlar zudlik bilan yetib borib, oqibatlarni bartaraf etish ishlarini boshlab yubordi. Hozirda barcha zarur kuch va vositalar safarbar etilgan, vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Eng muhimi, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Ayni paytda hududda tozalash va tiklash ishlari jadal davom etmoqda, vaziyat qisqa muddatda to‘liq bartaraf etilishi kutilmoqda.