Sabr deb qabul qilingan jimlik, fazilatga aylangan chidam, ogʻriqni yashirishga oʻrgatgan tushunchalar yillar davomida koʻplab insonlar taqdirini belgilab keldi. Aslida, adolat faqat qonunlarda emas, inson qalbida yashagandagina haqiqiy kuchga aylanadi.
Bugun
savol boshqacha qoʻyilmoqda: oilani saqlash muhimmi yoki insonni asrash? Agar
oilani saqlash uchun inson oʻzidan kechsa, bu hali ham muqaddaslikmi?
Ana
shu savollar jamiyatni bezovta qila boshladi. Aynan shu bezovtalik boshqacha bir oʻzgarishlarning boshlanishi,
qadriyatning qaddi tiklanishidir.
Soʻnggi
yillarda qabul qilinayotgan qaror va farmonlar shunchaki huquqiy hujjatlar
emas. Ular yillar davomida koʻplarning oʻz-oʻziga bergan iztirobli savollariga
javobdir. Prezidentimizning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini
kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini
olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi farmoni ana
shu javobning qonunga mujassam boʻlgan, qonunga singdirilgan shaklidir.
Bu
farmon oilani himoya qiladi, lekin bu himoya “oila” soʻzining oʻzini emas,
uning tarkibidagi insonlarni ham himoya qiladi. U sabrni qadrlaydi, lekin
insonni sindirish darajasigacha emas. U adolatni talab qiladi, lekin kechikib
keladigan adolatni kutib oʻtirmoqchi emas. Eng muhimi, u muammoni
xaspoʻshlashga emas, jamiyat va jamoat eʼtiborini unga qaratishga chaqirmoqda.
Bu
fikrlarni tushunish uchun qonun matni bilan birga hayotni ham teran oʻrganish
kerak. Mazkur farmonda koʻzda tutilgan masalalar haqida oʻylar ekanman,
xotiramda bir voqea jonlandi.
Marhamat
tumani ijroiya qoʻmitasida onalik va bolalikni himoya qilish boʻlimida faoliyat
yuritardim. Ehtiyoj tugʻildi — bir oilaga bordik. Hovlida “koʻrpa hashari” —
qiz uzatishga tayyorgarlik avjida. 9-sinfda oʻqiydigan voyaga yetmagan qizning
nikoh kuni belgilangan.
Qizning
onasi savolimizga xotirjam javob berdi: “Nima, oʻz bolamga oʻzim ega boʻlmay
qoldimmi? Yaxshi, boy-badavlat oila soʻradi, rozilik berdik. Men ham 16
yoshimda turmushga chiqqanman, oʻlganim yoʻq. Men tengilarning bolasi hali
etagiga yopishib yuribdi. Nasib qilsa, bir yilda nabira koʻraman”.
Bu
javobda ishonch bor, lekin hayot haqidagi tasavvurlar xato edi. Qiz
shoʻrlikdan hech kim soʻragani ham yoʻq. Qonun aralashdi, toʻy toʻxtatildi.
Ammo koʻp oʻtmay, ular baribir imi-jimida toʻy qildi. Jigari xastalangan
qizgina yil oʻtmay, tugʻuruq payti hayotdan koʻz yumdi.
Faqat
shundagina ota-ona, quda-andalarning koʻzi ochildi. Afsuski, dilbandi vafotidan
soʻnggina ular tushunib yetdi. Boshlariga mushtladi, ammo endi kech edi. Oʻz
qoʻllari bilan ekib, koʻkartirgan gullarini oʻzlari ongsizlik ayozlarida
soʻldirgan edi.
Bu
yerda fojia faqat oʻlim emas. Fojia ota-onalar miyasida qotib qolgan majruh
tushunchalardadir. Farmon aynan shunday hali ham davom etayotgan fojialarning
oldini olishga qaratilgan. U inson hayotida roʻy berayotgan har qanday holatni
“peshonamga bitilgani shu ekan”, deb qabul qilib, jim yashashdan, oʻzini oʻzi
abgor qilishdan voz kechishga chaqiradi.
Hujjatda
nazarda tutilgan “SOS” tizimi bu oʻzgarishning yorqin koʻrinishlaridan biridir.
Bu shunchaki texnologiya emas. Bu “Men yolgʻiz emasman” degan tuygʻuni
qalblarga qaytarish uchun qilingan maqsadli harakat.
Yana
hayotiy voqealar esga keladi.
Bir
ayol yillar davomida qoʻrquv bilan yashadi. U yordam soʻrashni bilardi. Lekin
har safar oʻzini anʼanalar qarshisida ojiz his qildi. Balki oʻtib ketar degan
umid ham uni sukut ichida saqladi. Bir kecha u qoʻngʻiroq qilmoqchi edi.
Onasiga, akasiga dardini aytishga chogʻlangandi. Ammo eri tomonidan qilingan
zulm tufayli u tildan qoldi. Avvalroq ovozini chiqarsa boʻlardi, aytsa
boʻlardi, qaytsa boʻlardi. Lekin u andisha qildi. Bolalarim bor, el nima deydi
deya tilini tishladi.
Eng
ogʻiri ovozning sukutga aylanishi emas edi. Eng ogʻir vaziyat — ovozning shu
holatda qotib qolgani edi.
“SOS”
ana shu sukutga ovoz beruvchi, uni inson qadriga xizmat qildiruvchi vositadir.
Mazkur farmonning yana bir muhim jihati tushunchalar bilan ishlashdadir. Chunki
muammo koʻp hollarda qonun yoʻqligidan emas, balki mavjud qonunlarning
notoʻgʻri anglanishidan kelib chiqadi.
“Chidash
kerak”, “oʻtib ketadi”, “oilaviy ish” degan fikrlar yillar davomida
zoʻravonlikni oʻrab turgan qobiqqa aylanib keldi. Shuning uchun bugungi
oʻzgarish faqat hujjatlarda toʻxtab qolmasdan, tafakkurgacha yetib borishi,
yashash tarziga aylanishi kerak.
Farmonda
uning ijrosi va targʻibotiga ommaviy axborot vositalari, blogerlar,
ijodkorlarni jalb qilish belgilangani bejiz emas. Chunki jamiyat fikri
oʻzgarmas ekan, har qanday kuchli qonunning ham taʼsiri toʻliq sezilmaydi.
Mahalla
tizimi, taʼlim muassasalari, jamoatchilik bilan ishlash —
bularning
barchasi bir zanjirning halqalaridir. Chunki zoʻravonlikka qarshi kurashish
faqat jazo bilan emas, ezgulikka daʼvat etish, tushuntirish va tafakkurni
uygʻotish bilan boshlanadi.
Bu —
faqat zaruriy hujjat emas, jamiyatga berilgan imkoniyatdir:
sukutni
parchalash uchun, qoʻrquvni yengish uchun, bir soʻz bilan aytganda, oilani
insonga munosib qilish uchun berilgan imkoniyat.
Bu
oʻzgarishlar insonlar taqdirida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Endi gap
faqat muammoni tan olishda emas, balki uni hal qilishga kelib qoldi. Endi gap
faqat qonun yaratilishida emas, balki uni ijro etishda, unga jon baxsh etishda,
uni tirik qadriyatga aylantirishdadir.
Agar
bir ayol oʻzini himoyalangan deb his qilsa, demak, qonunlar ishlayapti.
Agar
bir qiz oʻz taqdir yoʻlini oʻzi tanlay olsa, demak, qonunlar ishlayapti.
Agar
bir oilada sukut oʻrnini muloqot egallasa, demak, qonunlar ishlayapti.
Lekin
eng muhim savol hali ham katta soʻroq roʻparamizda turibdi: “Biz oʻzgarishni
faqat qonundan kutamizmi yoki oʻzimizdan ham boshlaymizmi?”.
Chunki
zoʻravonlik doim inson qadri yerga urilganda boshlanadi.
Hayotiy
zarur boʻlgan qonun qabul qilinishi — oʻzgarishning boshlanishi, xolos. Eng
ogʻir va eng masʼuliyatli yoʻl undan keyin boshlanadi. Chunki har qanday qoida
inson taqdirida sinovdan oʻtadi.
Shu
maʼnoda mazkur farmon jamiyat oldiga yangi vazifa qoʻyadi: uni oʻqish, uqish
bilan cheklanmay, tushunish kerak. Faqat eshitish emas, amal qilish kerak.
Yillar
sindirmagan bir haqiqat bor: qonun barcha zamonlarda qabul qilinadi. Albatta,
uning mavjudligi katta ahamiyatga ega — u asos, u poydevor. Lekin u faqat
adolat kuchi bilan tiriklik kasb etadi.
Farmonning
keyingi bandlari aynan shu masalaga qaratilgan. Unda hujjat mazmun-mohiyatini
aholiga yetkazish, ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish kabi
vazifalar belgilangan. Buni shunchaki axborot sifatida qabul qilish yetarli
emas. Bu — qarashlarni oʻzgartirishga
urinish. Chunki jamiyat oʻzgarmas ekan, har qanday qonunning kuchi toʻliq
namoyon boʻlmaydi.
Yillar
davomida bir tushuncha bizga singib qolgan: “Oilaviy masalaga
aralashilmaydi”. Aslida esa baʼzan
jamiyatni ham silkitib yuboradigan eng ogʻir fojialar aynan shu devor ortiga
yashirib kelingan.
Deylik,
mahalladagi bir oilaning notinchligini bilamiz. Kunora baqir-chaqir ovozlarini
eshitamiz. Ayol, bolalarning iztiroblari begona emas. Devorlar nuray boshlasa
ham biror qoʻshni eshik qoqib: “Hoy, toʻxta”, deyishga botinmaydi.
Bu
farmon ana shu gʻofillik ustidan bong urmoqda. U goʻyo jamiyatni ayovsiz
soʻroqqa tutayotgandek:
—
Sen koʻrib turib, nega jimsan?
Hujjatda
mahalla tizimiga alohida urgʻu berilgani bejiz emas. Chunki muammo birinchi
boʻlib mahallada koʻrinadi. Qoʻshni biladi. Yaqinlar sezadi. Lekin koʻp
hollarda hamma oʻzini chetga oladi. Farmon esa bu befarqlik qobigʻini sindiradi.
Endi
mahalla kuzatuvchi emas. U himoyachi boʻlishi kerak. Chunki zoʻravonlik
koʻpincha yopiq eshiklar ortida sodir boʻladi. Uni ochish uchun befarqlik emas,
jasorat kerak.
Yoshlar
bilan ishlash masalasi ham hujjatning eng muhim yoʻnalishlaridan biri. Chunki
ertangi jamiyat uchun bugungi qarashlar poydevor boʻladi.
Agar
yoshlar hurmatni, tenglikni, shaxsiy qadrni tushunib ulgʻaysa, ular uchun
zoʻravonlik oddiy holga aylanmaydi.
Darsda
ustozning aytgan gapi bir oʻquvchi qizning yodiga oʻrnashib qoladi:
—
Hech kim hayotingni sening oʻrningga hal qilmasligi kerak. Qonun bor!
Yillar
oʻtib, unga erta turmush haqida qaror qabul qilishni taklif etishganida
xotirasidagi oʻsha fikr uygʻonadi va birinchi marta “Yoʻq”, deya oʻzini,
hayotini, kelajagini himoya qiladi. Baʼzan bitta jumla butun bir taqdirni
toʻgʻri yoʻlga solishi mumkin.
Belgilangan
imtiyozlar — shunchaki moddiy yordam emas.
Bu
ikkinchi imkoniyat.
Homilador
boʻlgani uchun oʻqishdan uzilgan qiz, farzand dunyoga keltirib, orzularidan voz
kechgan talaba endi oʻsha joyda toʻxtab qolmaydi. Uning qayta boshlash imkoni
bor. Bu juda muhim.
Farmon
esa insonga ana shu qaytish yoʻlini ochadi.
“Yoʻl
xaritasi” — hujjatning eng muhim jihatlaridan biri. Chunki u nima qilish
kerakligini emas, faoliyatning aniq vaqti va egasini koʻrsatib beradi. Bu esa yangi bosqich — javobgarlik bosqichining
boshlanishidir.
Endi “nima qilish kerak?” degan
savoldan “kim javob beradi?” degan savolga oʻtiladi. Chunki kechikish ortida
bir insonning baxtga kechikkan taqdiri turishi mumkin. Farmon jamiyat uchun
oʻzgarishlar olami eshigini ochmoqda. Lekin bu eshik ostonasiga yetib
kelishning oʻzi yetarli emas. Uni hayot tarziga aylantirish kerak. Bu esa har
bir insonning oʻzidan, tafakkuri, harakatidan boshlanadi.
Agar mahallada har bir odam aytishdan
koʻra sukutni afzal koʻrmasa, oʻzgarish boshlanadi. Agar jurnalist qalami
haqiqat tarafga xizmat qila boshlasa, oʻzgarish tezlashadi. Lekin eng katta
oʻzgarish ongda, shuurda yuz beradi. Chunki jamiyatni faqat qonunlar emas,
ularga amal qilishni bilgan insonlar oʻzgartiradi. Tafakkuri uygʻoq, vijdoni
tirik, jasorati bor insonlar oʻzgartiradi.
Munavvara USMONOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi