Tor va zax tortgan koʻchalar, pastakkina somonsuvoq uylar oʻrnida oʻzgacha zamonaviy manzara. Koʻrib koʻzim quvondi, oʻzimni yengil his eta boshladim.

Mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazidagi har bir zal, ekspozitsiya, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan multimediali texnologiyalar, ularning tarix va bugungi kun bilan uygʻunlashgani ziyoratchiyu sayyohni hayratga soladi. Koinot tasviri, yulduzlar jilosi, ajdodlar merosi, islom tarixi va madaniyati — uch ming yillik tariximizni koʻz oʻngimizda namoyon etadigan muhtasham saroy. Shularning hammasi inson aqlu zakovati, ilmi, teran mushohadasi, yuksak salohiyati, ajdodlarimizning asl hunarmand­lik merosi asosida yaratilganiga hayron qolasiz.

Ha, zaldan zalga oʻtar ekanmiz, undagi nihoyatda boy madaniy meros namunalarini koʻrib, ortida katta mehnat, yuqori darajadagi diplomatik munosabatlar, tashkilotchilik, katta mablagʻ evaziga yaratilganini anglash qiyin emasdi.

Ijodkor sifatida meni bolalar uchun yaratilgan interaktiv va bilim beruvchi zal alohida diqqatimni tortdi. Bu boʻlimda kichik va oʻrta yoshdagi bolalarni Oʻzbekiston tarixi va madaniy merosi bilan tanishtirish, olamshumul ixtirolar va kashfiyotlarga qiziqishini oshirish uchun buyuk ajdodlarimizning bolaligi haqidagi qisqa va aniq maʼlumotlar, ular yaratgan kashfiyotlar hamda allomalarning bolalik obrazidagi avatarlari ham taqdim etilgan. Zalga kirgan bolalar ushbu interaktiv avatarlar bilan muloqot qiladi, ularga savollar berib, maʼlumot olishlari mumkin boʻladi.

— Bolalar uchun yaratilgan boʻlim “Oʻzbekistondan dunyoga 1001 ixtiro” deb nomlangan katta kitob bilan boshlanadi. Bu xona buyuk britaniyalik Ahmad Salim loyi­hasi asosida yaratilgan, — deb izoh beradi boʻlim koordinatori yordamchisi Shahina Alijonova. — Xonadagi jihozlar, monitor va aypatlar mamlakatimiz va uning viloyatlari, buyuk allomalari, milliy valyutasi, madhiyasi haqida maʼlumotlar beradi. Har bir interaktiv kontent uchta — oʻzbek, rus, ingliz tilida taqdim etilgan. Kitob “Sehrli qiziquvchanlik” degan soʻz bilan ochiladi.

Bolalar boʻlimining xonalari shunday nomlanganki, bu maskanga farzandini yetaklab kelgan ota-ona, oʻqituvchi va murabbiylarga toʻgʻri yoʻnalish berib turadi. “Oʻtmishga darvozalar”, “Kashfiyotlar va bilimlar davri”, “Tasavvur kuchi”, “Gʻoyalar olami” kabi. Zalning 1-qismi devorlaridagi qogʻoz qop­lamalar Birinchi Renessans davridagi ixtirolar surati bilan bezatilgan. Zalning 2-qismida esa Ikkinchi Renessans davri illyus­tratsiyalari aks etgan. Aynan shu boʻlimda Sohibqiron Amir Temur bobomizning ot mingan haykali ham bor.

“Kashfiyotlar zali”da Ahmad al-Fargʻoniyning suv sathini oʻlchaydigan nilometr asbobi oʻrnatilgan. Bolalar pult orqali bu asbobni ishlatib koʻrish imkoniyatiga ham ega.

Abu Rayhon Beruniyning shamol kuchini aniqlaydigan maxsus asbobi ham bolalarga olimning ajoyib kashfiyoti haqida esda qolarli maʼlumot beradi. Ular monitorlardagi turli savollarga javob berish bilan oʻz bilimlarini sinab koʻrishlari mumkin.

Buyuk rassom Kamoliddin Behzodning surati aks etgan elektron monitor yonida qoʻl bilan amalga oshiriladigan yana bir ajoyib interaktiv tajriba guvohi boʻldik. Bu ranglar orqali yangi rang hosil qilish mashgʻulotiga oʻxshash bir imkoniyat, yaʼni bolalar bu yerda oʻz qobiliyatini ham sinab koʻrsa boʻladi, degani.

Yana bir zalda arqondan yasalgan, tortishmachoq oʻyinidagi kabi bolalar kuchini sinab koʻradigan asbobni kuzatib, negadir qadimgi milliy bolalar oʻyinlari yodimga tushdi. Bola uchinchi oʻlchamdan arqonni tortish orqali oʻz kuchini sinab koʻradi. Mabodo kuchi yetmasa, ikkinchi va birinchi oʻlchamga oʻtadi. Shunday qilib, u oʻz imkoniyatini aniqlaydi.

Robototexnika zali, katta-katta legolar bilan qurilish ishlarini amalga oshirish zali — bularning hammasi shakl­lanib kelayotgan bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishi uchun turtki beradigan, fikrlashiga hissa qoʻshadigan, yangi asr farzandlari dunyoqarashiga mos ravishda taqdim etilgan imkoniyatlar, deyish mumkin.

Prezidentimizning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqini tinglaganimda, xalqimiz ziyolilariga qarata aytilgan quyidagi daʼvatkor soʻzlar meni ham befarq qoldirmagan edi:

“Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, ulugʻbek va beruniylar, fargʻoniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerak.

Bu — barchamizning ezgu niyatimizdir.

Markaz oʻzining mana shunday tarixiy missiyasini yuksak saviyada ado etishi uchun men ilm-fan va maʼnaviyat fidoyilariga — hurmatli olim va tadqiqotchilarga, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlarga, ijodkor yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Islom sivilizatsiyasi markazida toʻp­langan har bir eksponat qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan koʻra yaxshi tushunasiz. Ularni targʻib etish, xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.

Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va koʻrsatuvlar: uch ming yillik tarix va madaniyatning soʻnmas ovozi boʻlib dunyoga taralsin!”.

Biz bugun raqamlashgan davr bolasini tarbiyalashga kirishganmiz. Inchunin, Islom sivilizatsiyasi markazida bolalar uchun yaratilgan kontentlar jahon mediakontentlaridan qolishmaydigan darajada ekanining guvohi boʻldim. Oʻylaymanki, bularning barchasi farzandlarimizni tarixga hurmat, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Zahro HASANOVA,

 “Gulxan” jurnali bosh muharriri