Tor va zax tortgan koʻchalar, pastakkina somonsuvoq uylar oʻrnida oʻzgacha zamonaviy manzara. Koʻrib koʻzim quvondi, oʻzimni yengil his eta boshladim.
Mahobatli Islom sivilizatsiyasi
markazidagi har bir zal, ekspozitsiya, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan multimediali
texnologiyalar, ularning tarix va bugungi kun bilan uygʻunlashgani ziyoratchiyu
sayyohni hayratga soladi. Koinot tasviri, yulduzlar jilosi, ajdodlar merosi, islom
tarixi va madaniyati — uch ming yillik tariximizni koʻz oʻngimizda namoyon etadigan
muhtasham saroy. Shularning hammasi inson aqlu zakovati, ilmi, teran mushohadasi,
yuksak salohiyati, ajdodlarimizning asl hunarmandlik merosi asosida yaratilganiga
hayron qolasiz.
Ha, zaldan zalga oʻtar ekanmiz, undagi nihoyatda boy madaniy meros namunalarini
koʻrib, ortida katta mehnat, yuqori darajadagi diplomatik munosabatlar, tashkilotchilik,
katta mablagʻ evaziga yaratilganini anglash qiyin emasdi.
Ijodkor sifatida
meni bolalar uchun yaratilgan interaktiv va bilim beruvchi zal alohida
diqqatimni tortdi. Bu boʻlimda kichik va oʻrta yoshdagi bolalarni Oʻzbekiston
tarixi va madaniy merosi bilan tanishtirish, olamshumul ixtirolar va
kashfiyotlarga qiziqishini oshirish uchun buyuk ajdodlarimizning bolaligi
haqidagi qisqa va aniq maʼlumotlar, ular yaratgan kashfiyotlar hamda
allomalarning bolalik obrazidagi avatarlari ham taqdim etilgan. Zalga kirgan
bolalar ushbu interaktiv avatarlar bilan muloqot qiladi, ularga savollar berib,
maʼlumot olishlari mumkin boʻladi.
— Bolalar uchun
yaratilgan boʻlim “Oʻzbekistondan dunyoga 1001 ixtiro” deb nomlangan katta
kitob bilan boshlanadi. Bu xona buyuk britaniyalik Ahmad Salim loyihasi
asosida yaratilgan, — deb izoh beradi boʻlim koordinatori yordamchisi Shahina
Alijonova. — Xonadagi jihozlar, monitor va aypatlar mamlakatimiz va uning
viloyatlari, buyuk allomalari, milliy valyutasi, madhiyasi haqida maʼlumotlar
beradi. Har bir interaktiv kontent uchta — oʻzbek, rus, ingliz tilida taqdim
etilgan. Kitob “Sehrli qiziquvchanlik” degan soʻz bilan ochiladi.
Bolalar
boʻlimining xonalari shunday nomlanganki, bu maskanga farzandini yetaklab
kelgan ota-ona, oʻqituvchi va murabbiylarga toʻgʻri yoʻnalish berib turadi.
“Oʻtmishga darvozalar”, “Kashfiyotlar va bilimlar davri”, “Tasavvur kuchi”,
“Gʻoyalar olami” kabi. Zalning 1-qismi devorlaridagi qogʻoz qoplamalar
Birinchi Renessans davridagi ixtirolar surati bilan bezatilgan. Zalning
2-qismida esa Ikkinchi Renessans davri illyustratsiyalari aks etgan. Aynan shu
boʻlimda Sohibqiron Amir Temur bobomizning ot mingan haykali ham bor.
“Kashfiyotlar zali”da Ahmad al-Fargʻoniyning suv sathini oʻlchaydigan
nilometr asbobi oʻrnatilgan. Bolalar pult orqali bu asbobni ishlatib koʻrish
imkoniyatiga ham ega.
Abu Rayhon Beruniyning shamol kuchini aniqlaydigan maxsus asbobi ham
bolalarga olimning ajoyib kashfiyoti haqida esda qolarli maʼlumot beradi. Ular
monitorlardagi turli savollarga javob berish bilan oʻz bilimlarini sinab
koʻrishlari mumkin.
Buyuk rassom
Kamoliddin Behzodning surati aks etgan elektron monitor yonida qoʻl bilan
amalga oshiriladigan yana bir ajoyib interaktiv tajriba guvohi boʻldik. Bu
ranglar orqali yangi rang hosil qilish mashgʻulotiga oʻxshash bir imkoniyat,
yaʼni bolalar bu yerda oʻz qobiliyatini ham sinab koʻrsa boʻladi, degani.
Yana bir zalda
arqondan yasalgan, tortishmachoq oʻyinidagi kabi bolalar kuchini sinab
koʻradigan asbobni kuzatib, negadir qadimgi milliy bolalar oʻyinlari yodimga
tushdi. Bola uchinchi oʻlchamdan arqonni tortish orqali oʻz kuchini sinab
koʻradi. Mabodo kuchi yetmasa, ikkinchi va birinchi oʻlchamga oʻtadi. Shunday
qilib, u oʻz imkoniyatini aniqlaydi.
Robototexnika zali, katta-katta legolar bilan qurilish ishlarini amalga
oshirish zali — bularning hammasi shakllanib kelayotgan bolalarning aqliy va
jismoniy rivojlanishi uchun turtki beradigan, fikrlashiga hissa qoʻshadigan,
yangi asr farzandlari dunyoqarashiga mos ravishda taqdim etilgan imkoniyatlar,
deyish mumkin.
Prezidentimizning
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi
nutqini tinglaganimda, xalqimiz ziyolilariga qarata aytilgan quyidagi daʼvatkor
soʻzlar meni ham befarq qoldirmagan edi:
“Markaz
yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, ulugʻbek va beruniylar, fargʻoniy va
ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy
maydon boʻlishi kerak.
Bu — barchamizning
ezgu niyatimizdir.
Markaz oʻzining
mana shunday tarixiy missiyasini yuksak saviyada ado etishi uchun men ilm-fan
va maʼnaviyat fidoyilariga — hurmatli olim va tadqiqotchilarga, shoir va adiblar,
diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlarga, ijodkor yoshlarimizga
murojaat qilmoqchiman:
Islom
sivilizatsiyasi markazida toʻplangan har bir eksponat qanday bebaho boylik
ekanini sizlar hammadan koʻra yaxshi tushunasiz. Ularni targʻib etish,
xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.
Bu tengsiz
boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino
va teatr asarlari, kartina va koʻrsatuvlar: uch ming yillik tarix va
madaniyatning soʻnmas ovozi boʻlib dunyoga taralsin!”.
Biz bugun
raqamlashgan davr bolasini tarbiyalashga kirishganmiz. Inchunin, Islom
sivilizatsiyasi markazida bolalar uchun yaratilgan kontentlar jahon
mediakontentlaridan qolishmaydigan darajada ekanining guvohi boʻldim.
Oʻylaymanki, bularning barchasi farzandlarimizni tarixga hurmat, vatanga
muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Zahro HASANOVA,
“Gulxan” jurnali bosh muharriri