Bu yerda fors, arab, turkiy va xitoy anʼanalari mahalliy urf-odatlar bilan uygʻunlashgan. Mintaqaga Buyuk ipak yoʻli orqali savdogarlar, olimlar va sayohatchilar kelib-ketgan. Bu zaminda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar va meʼmoriy yodgorliklar butun insoniyat merosiga aylangan.
Bugun ana shu boy maʼnaviy
va ilmiy meros Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent markazida barpo etilgan Oʻzbekistondagi
Islom sivilizatsiyasi markazida jamlangan. 65 metrli gumbaz ostida islom dini,
madaniyat, fan va zamonaviy texnologiyalar uygʻunlashgan. Bu oddiy muzey emas,
balki “Yangi Oʻzbekiston” deklaratsiyasi, ilmiy xab va zamonaviy bilimlar
platformasidir.
Markaz ochilishi va maʼnaviy ahamiyati.
Mamlakatimiz yetakchisi ishtirokida
markazning ochilishi nafaqat davlat ahamiyatiga ega voqea, balki maʼnaviy
tiklanish, tarixiy vorislik va davlatimizning kelajakka intilishining chuqur
ramzi boʻldi. Bu voqea milliy oʻzlikni anglashda yangi bosqichni anglatib,
oʻtmish, bugun va kelajakni oʻzaro bogʻliq yagona tizim sifatida talqin
etishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning markaz ochilish marosimidagi
nutqi jamiyatga qaratilgan mazmunan boy va konseptual jihatdan puxta murojaat
sifatida yangradi. Unda tarix arxiv emas, balki bilim, saboq va
qadriyatlarning tirik manbai ekani gʻoyasi yaqqol ifoda etildi. Aynan tarixiy
tajribaga murojaat qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanishini
taʼminlaydigan mustahkam qadriyatlar tizimi shakllanadi.
Nutqda islom
dinining insonparvarlik mohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. U, avvalo, ilm,
maʼrifat va axloqiy kamolotga yoʻnaltirilgan din ekani taʼkidlandi. Markaz
arxitekturasiga jo etilgan “Iqro!” (“Oʻqi!”) oyati ramzi strategik gʻoyani
ifoda etadi: kuchli va rivojlangan davlatning poydevori taʼlim va ilm-fandir.
Bu gʻoya Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansni shakllantirish siyosati bilan uzviy
bogʻliq.
Yaratish
falsafasi: jaholatga qarshi maʼrifat. Markazni
barpo etish tashabbusini davlatimiz rahbari 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh
Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surdi. Uning binosi ham
Prezidentimizning meʼmoriy gʻoya va takliflari asosida loyihalashtirildi.
Majmuaning asosiy gʻoyasi islomning haqiqiy insonparvarlik mohiyatini himoya
qilishdir.
Bugungi global
sharoitda — islomofobiya kuchayib borayotgan bir paytda Oʻzbekiston yangi
gumanitar kun tartibini ilgari surmoqda. Islom tinchlik, ezgulik va
insonparvarlik dini ekani taʼkidlanmoqda. Majmuaning arxitekturasi chuqur
falsafiy maʼno kasb etadi. Balandligi 65 metr boʻlgan markaziy gumbaz olamning
birligi va maʼnaviy hamda ilmiy bilim uygʻunligini ifoda etadi.
Ichki makon esa
tarixiy merosni anglashdan kelajak tasavvurini shakllantirishgacha boʻlgan
intellektual sayohat tarzida tashkil etilgan. Zamonaviy multimediali va
interaktiv texnologiyalar eksponatlarni namoyish etish bilan birga
ziyoratchilarda toʻliq “anglash” effektini hosil qiladi.
Qurʼon zali — maʼnaviy yurak. Markazning
maʼnaviy qalbi — Qurʼon zali. Bu yerda VII asrga mansub Usmon Musʼhafi
saqlanadi. U kufiy xatida kiyik terisiga yozilgan. Maʼlumotlarga koʻra,
sahifalariga xalifa Usmonning qoni tomgan. Bu noyob qoʻlyozmaning tarixi juda
murakkab: Amir Temur tarafidan Samarqandga olib kelingan bu muqaddas kitob
keyinchalik Toshkent, Sankt-Peterburg va Ufa orqali oʻtib, 1941-yilda
Oʻzbekistonga qaytarilgan. Oʻtgan davrda murakkab sharoitlarda saqlab kelingan
bu noyob qoʻlyozma faqat yangi Oʻzbekiston paytidagina oʻzining munosib oʻrni
va maqomiga ega boʻldi.
Bu yerda Usmon
Musʼhafi bilan bir qatorda Qurʼoni karimning yurtimizga tegishli boʻlgan, turli
sulolalar davrida yaratilgan nodir qoʻlyozmalari jamlangan. Ular orasida
somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa
davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qoʻlyozmalar nafaqat diniy, balki ulkan
tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ega.
Xorijdagi tarixiy
merosimizning Vatanga qaytishi. Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri
madaniy merosimizning Vatanga qaytarilishi va saqlanishidir. Davlatimiz
rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi bilan xalqaro hamkorlik, ilmiy
ekspeditsiyalar va auksionlar orqali mingga yaqin noyob artefakt yurtimizga
qaytarildi. Ular qatorida Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk
allomalarning qoʻlyozmalari, shuningdek, noyob amaliy sanʼat namunalari va
arxeologik topilmalar mavjud.
Ilmiy konsepsiya
va renessanslar. Markazning tarixiy
konsepsiyasi mintaqaning koʻp asrlik taraqqiyotini qamrab oladi va toʻrt
bosqichga eʼtibor qaratilgan: islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi
Renessans davridagi ilmiy-madaniy yuksalish va Yangi Oʻzbekistondagi zamonaviy
islohotlar.
Birinchi
Renessans. Birinchi Renessans islom olamida
ilm-fan rivoji bilan bogʻliq boʻlib, bu jarayonda Markaziy Osiyo olimlari muhim oʻrin tutgan. Ulardan biri —
Muhammad Xorazmiy zamonaviy matematika asoslarini yaratgan boʻlsa, Abu Ali ibn
Sino va Abu Rayhon Beruniy tabiiy fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Imom
Buxoriy va Imom Termiziy esa islomiy ilmlar taraqqiyotiga sabab boʻlgan.
Ekspozitsiya Birinchi Renessansni faqat tarixiy bosqich sifatida emas, balki
zamonaviy Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun intellektual va maʼnaviy asos sifatida
namoyon qiladi.
Asosiy eʼtibor
islom sivilizatsiyasi ilm, maʼrifat va insonparvarlik tamoyillariga
asoslanganini koʻrsatishga qaratilgan. Zalning ilmiy iftixori — Abu Rayhon
Beruniyning X asrda ilk bor yaratilgan globusining qayta tiklangan nusxasi. Asl
nusxa yoʻqolgan boʻlsa-da, Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti olimlari
uni saqlanib qolgan qoʻlyozmalar va chizmalar asosida qayta tikladi.
Ikkinchi Renessans. Ikkinchi Renessans temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat siyosiy va
iqtisodiy yuksalish, balki ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyatning taraqqiy etgan
davri sifatida tarixda alohida oʻrin tutadi. Bu davr Mirzo Ulugʻbek va Alisher
Navoiy kabi buyuk allomalarning serqirra faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.
Mirzo Ulugʻbek
Samarqandda barpo ettirgan rasadxona va uning atrofida shakllangan ilmiy maktab
astronomiya, matematika va geografiya fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshdi.
Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari oʻsha davr ilmiy yutuqlarining yorqin
namunasi sifatida butun dunyoda tan olingan.
Alisher Navoiy esa
boy adabiy merosi orqali nafaqat turkiy adabiyotni yuksak bosqichga olib
chiqdi, balki insonparvarlik, maʼrifat va maʼnaviy kamolot gʻoyalarini targʻib
qildi.
Markazdagi asosiy
sovgʻa sifatida ziyoratchilarni Amir Temur bilan “uchrashuv” kutib turibdi.
Muzeyda ilgʻor sunʼiy intellekt faoliyat yuritmoqda. Toʻliq avtonom serverlarda
Oʻzbekiston va dunyo kutubxonalari arxivlaridan skaner qilingan millionlab
sahifalar asosida neyron tarmoqlar joriy etilgan.
Bu davrda Samarqand dunyoning eng yirik ilm-fan va
madaniyat markazlaridan biriga aylanib, turli mamlakatlardan olim va
mutafakkirlar jalb etilgan. Shu tariqa
temuriylar davrida ilm va madaniyatning global muloqoti shakllandi.
Sunʼiy intellekt
va interaktiv platforma. Markazning oʻziga
xos jihatlaridan biri zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanishdir. Sunʼiy
intellekt, virtual va interaktiv multimedia orqali tarixiy materiallar yangi
uslubda taqdim etilmoqda. Bu, ayniqsa, yoshlar uchun jozibador va qiziqarli.
Markazda sunʼiy
intellekt qoʻlyozmalarni oʻqish, tarjima qilish va tiklashda qoʻllanadi, raqamlashtirish esa noyob manbalarni
elektron shaklda saqlash va ommalashtirishga xizmat qiladi. Multimediali,
interaktiv ekranlar va VR/AR texnologiyalari orqali tarix va madaniyat
zamonaviy usulda namoyish etiladi.
Xalqaro ilmiy
hamkorlik. Markaz xalqaro ilmiy xab sifatida
ham faoliyat yuritib, turli mamlakatlardan tadqiqotchilarni birlashtiradi. Bu
yerda madaniy merosni oʻrganish, restavratsiya qilish va ommalashtirishga
qaratilgan yirik loyihalar amalga oshiriladi. Zamonaviy laboratoriyalar
qadimiy artefaktlarni saqlash imkonini beradi.
Markaz faqat
oʻtmish yutuqlarini namoyish etish uchun emas, balki kelajak bilimlarini
yaratish maydoni sifatida ham rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda dunyoga
tanilgan xalqaro ilmiy markaz tashkil etilmoqda. YUNESKO, Oksford islom
tadqiqotlari markazi, AYSESKO, IRSIKA, TURKSOY va boshqa nufuzli global
tuzilmalar oʻz vakolatxonalarini ochishni rejalashtirmoqda. Hozir 40 davlatdan
olimlar faoliyat yuritib, 800 dan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga
oshirmoqda.
Yosh avlod va
milliy qadriyatlar. Markazda yosh
avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Asosiy maqsad — yoshlarda milliy
va diniy qadriyatlarga hurmat, ilmiy tafakkur va maʼnaviy yetuklikni
shakllantirish.
Bu yerda zamonaviy
taʼlim texnologiyalari, interaktiv ekspozitsiyalar va raqamli platformalar
orqali yoshlar tarixiy merosni chuqur oʻrganish imkoniga ega boʻladi. Buyuk
allomalarning ilmiy merosi yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, ularda tanqidiy
fikrlash va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Markaz yoshlarga islom dinining haqiqiy
insonparvarlik mohiyatini namoyon etishda muhim vazifani bajaradi. U islom
sivilizatsiyasi tarixan bagʻrikenglik, insonparvarlik, ilm-fan, taʼlim va
madaniyat bilan bogʻliq ekanini koʻrsatadi.
Yangi Oʻzbekiston
va Uchinchi Renessans. Ekspozitsiyaning
yakuniy akkordi — Uchinchi Renessans konsepsiyasini aks ettiruvchi “Yangi
Oʻzbekiston” zali. Bu yerda tarixiy anʼanalar taraqqiyot bilan uygʻunlashib,
respublikadagi islohotlar ulkan LED panellar va VR makonda vizual tarzda
namoyon etiladi.
Markaziy badiiy
obyekti — katta hajmli kinetik daraxt. U mahalla — jamiyat ijtimoiy
tuzilmasining asosini tashkil etuvchi noyob qoʻshnichilik anʼanasini
ifodalaydi. 14 ming optik tola yonib, tanish milliy ramzlarni hosil qiladi.
Kinetik ekranda navbatma-navbat bayroq matosi, milliy naqshlar namoyish etiladi
va yakunda ekran ulkan oynaga aylanadi. Har bir ziyoratchi unda oʻz aksini
koʻradi — bu yangi Oʻzbekistonning eng oliy qadriyati — INSON gʻoyasini namoyon
etadi.
Soʻngsoʻz oʻrnida.
Islom sivilizatsiyasi markazi anʼana
va innovatsiya uygʻunligining yorqin namunasidir. U muzey, ilmiy, taʼlimiy va
diplomatik vazifalarni bajarsa-da, asosiy missiyasi — oʻtmishga hurmat va
kelajakka intilishga asoslangan yaxlit dunyoqarashni shakllantirish.
Markaz rasman toʻliq ochilishidan oldin ham jahon siyosiy, ilmiy va
madaniy elitasi uchun muhim jalb etuvchi nuqtaga aylanib ulgurdi. Davlat
rahbarlari, diplomatlar, lordlar va mashhur shaxslar allaqachon markaz bilan
tanishgan. Bu yirik loyiha nafaqat arxitektura obyekti, balki Yangi
Oʻzbekistonning intellektual va maʼnaviy markaziga aylanmoqda. U tarixiy meros
nafaqat saqlanishi lozim boʻlgan boylik, balki jamiyatni umumiy qadriyatlar va
strategik maqsadlar atrofida birlashtiradigan kuchli rivojlanish manbai ekanini
namoyon etadi.
Bahrom Abduhalimov,
Fanlar akademiyasi
vitse-prezidenti,
xalq deputatlari
Toshkent shahar
kengashi deputati