Bunda taʼlim sifatini yanada oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda oliy taʼlim muassasalari raqobatbardoshligini oshirish maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ayniqsa, diqqatga sazovor.
Germaniya taʼlim tizimi dunyodagi eng ilgʻor va samarali modellardan biri sifatida eʼtirof etiladi. Xususan, texnika va muhandislik yoʻnalishlarida ushbu davlat universitetlari xalqaro reytinglarda yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Zamonaviy universitetlar ilm-fan, innovatsiya va kadrlar tayyorlash borasida jahonning ilgʻor tajribalarini oʻzlashtirish asnosida rivojlanadi. Fargʻona davlat texnika universitetida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifalarimizdan. Shu maqsadda yaqinda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan birga Germaniyaga safarimiz ana shu maqsadga xizmat qiluvchi muhim amaliy qadam boʻldi.
Germaniyada dual taʼlim kasbiy tayyorlovning asosiy modelidir. Oʻqiyotgan yoshlarning taxminan uchdan ikki qismi aynan shu tizim orqali mutaxassis boʻlib yetishadi. Tizimning mohiyati oddiy: nazariy bilimlar taʼlim muassasasida, amaliy koʻnikmalar esa bevosita ishlab chiqarish korxonasida shakllantiriladi. Ikki jarayon parallel va oʻzaro muvofiqlashtirilgan holda olib boriladi. Safar chogʻida biz Myunxen va Yuqori Bavariya hunarmandchilik palatasi misolida bu tizim qanchalik keng qamrovli va samarali ekaniga guvoh boʻldik. Maʼlum boʻlishicha, palata tarkibiga 80 mingdan ortiq hunarmandchilik va kichik biznes subyekti kiradi. Har yili 30 mingdan ortiq kishi uchun kasbiy tayyorlov dasturlari asosida oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtiladi. Amaliy mashgʻulotlar avtomobilsozlik, elektrotexnika, metalga ishlov berish, qurilish, sanitariya va energetika texnologiyalari kabi 30 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan.
Germaniya safari chogʻida mamlakatda dual taʼlim tizimi yutuqlari va tajribasini yurtimiz taʼlim tizimiga joriy etish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratishga urindik. Xususan, Frankfurt shahridagi MHT Mold & Hotrunner Technology AG korxonasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar natijasida Fargʻona davlat texnika universiteti va mazkur korxona oʻrtasida dual taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muhim kelishuvga erishildi. Hamkorlik doirasida talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, seminarlar, amaliy mashgʻulotlar hamda vorkshoplar oʻtkazish yuzasidan kelishib olindi. Bu esa universitetimiz uchun Yevropaning ilgʻor sanoat korxonalari bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yoʻlidagi muhim qadamdir.
Safar davomida Germaniyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan yana biri — Potsdam amaliy fanlar universitetida ham samarali uchrashuvlar tashkil etildi. Delegatsiya aʼzolari universitetning Startap va tadbirkorlik markazi, texnopark faoliyati hamda innovatsion infratuzilmasi bilan tanishdi. Universitet prezidenti, professor Yeva Shmidt Rodermundt bilan muloqotda qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, shuningdek, dual taʼlim elementlarini amaliyotga hamkorlikda joriy etish masalalari muhokama qilindi. Mazkur oliygoh bilan ilgari boshlangan hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilishi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Ushbu safar doirasidagi eng muhim voqealardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniyaning Taʼlim, oila ishlari, keksalar, ayollar va yoshlar masalalari boʻyicha Federal vazirligi oʻrtasida kasbiy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvning imzolanishi boʻldi. Chunki mazkur hujjat ikki mamlakatning vakolatli davlat organlari oʻrtasida kasbiy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan ilk tizimli hamkorlik tashabbusidir. Kelishuv doirasida kasbiy taʼlim sohasida mamlakatlararo ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, dual taʼlim tizimini takomillashtirish, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston — Germaniya qoʻshma ishchi guruhining tashkil etilishi taʼlim muassasalari, savdo-sanoat palatalari, sohaviy uyushmalar va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi samarali platforma vazifasini bajaradi. Ushbu bitim mamlakatimizdagi texnika universitetlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim hujjat sifatida baholanmoqda.
Fargʻona davlat texnika universitetining Germaniya OTMlari bilan hamkorligi bugun aniq rejalarga asoslangan natijalar bilan mustahkamlanmoqda. Xususan, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) moliyalashtirayotgan ikkita loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir. Har biri 40 ming yevro qiymatiga ega ushbu loyihalar talabalarning amaliy koʻnikmalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Albshtadt-Zigmaringen universiteti bilan hamkorlik memorandumi asosida universitetimiz talabalarining Germaniyada tahsil olishi uchun imkoniyat yaratish koʻzda tutildi. Erasmus+ grantlari doirasida talabalar akademik mobillik dasturlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, muloqotlar jarayonida Leypsig amaliy fanlar universiteti bilan ham anglashuv memorandumi imzolandi. Natijada Fargʻona davlat texnika universitetining Germaniyaning qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan bevosita hamkorlik tarmogʻini shakllantirish istiqboli uchun keng yoʻl ochildi.
Germaniyaning TESVOLT kompaniyasi faoliyati bilan tanishuv esa energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha Yevropadagi yetakchi korxonalardan biri boʻlgan ushbu korxona hamda Anhalt amaliy fanlar universiteti oʻrtasidagi dual taʼlim modeli taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yurtimizda qoʻllash imkonini beradi. Ushbu modelga asosan talabalar nazariy bilimlarni universitetda egallash bilan birga bevosita korxonaning oʻzida ham amaliy faoliyat yuritishi nazarda tutilgan. Natijada mehnat bozori talablariga toʻliq javob beradigan, zamonaviy kompetensiyalarga ega, raqobatbardosh muhandis mutaxassislar tayyorlanadi.
Erishilgan kelishuvlar va oʻrganilgan ilgʻor tajribalar Fargʻona davlat texnika universitetida dual taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish, professor-oʻqituvchilarni xalqaro malaka oshirish dasturlariga muntazam jalb etish hamda startap va innovatsiyalar ekotizimini shakllantirish boʻyicha qilinayotgan ishlarni yanada tizimli tashkil etish imkonini beradi.
Bugun raqobatbardosh mutaxassis tayyorlash taʼlim muassasalari, sanoat korxonalari va davlat hamkorligining uzviy uygʻunligiga tayanishini eʼtiborga olsak, xorijga safarimiz samarali boʻlishi uchun katta umid bogʻlashimiz mumkin. Oʻylaymizki, Germaniya tajribasi aynan shu yondashuv samaradorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Rustam TOJIYEV,
Fargʻona davlat texnika universiteti rektori, professor