Uchrashuvda Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini, parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, joriy yil iyul oyida davlatimiz rahbarining Gruziyaga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining oʻrnatilishi ikki mamlakat hamkorligi uchun yangi imkoniyatlarni belgilab berdi.
Parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida parlamentlarning ixtisoslashgan qoʻmitalari va parlamentlararo hamkorlik boʻyicha guruhlari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish, ularni aniq masalalar muhokamasiga kengroq jalb etish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, 2027–2028-yillarga moʻljallangan qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi. Mazkur hujjat parlamentlararo muloqotni tizimli davom ettirish, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va Oʻzbekiston – Gruziya strategik sherikligini parlamentlar darajasida qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, muloqotda savdo-iqtisodiy aloqalar, transport bogʻliqligi, investitsiyalar, raqamlashtirish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Taʼlim, turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.