Uchinchi ming yillikda yashamoqdamiz. Umrimizning muayyan qismi ikkinchi ming yillikda kechganini eslaganda esa, yuzimizda yoqimli hayrat paydo boʻladi. Axir bir emas, insoniyat tarixining ikkita ming yilligida yashash hammaga ham nasib qilavermaydi-da. Shunday ekan, “Oʻtgan ming yillikda kim edigu bugun kim boʻldik? Dunyoqarashimiz, yashash tarzimizda qanday oʻzgarishlar yuz berdi? Farzandlarimiz toʻgʻri voyaga yetmoqdami, ulardan koʻnglimiz toʻqmi?” kabi savollarga duch kelishimiz tabiiy.
Buning
ajablanadigan joyi yoʻq. Chunki koʻz yumib ochguncha yangi asrning dastlabki
choragi ham ortda qoldi. Yillar shiddati tezlashganday goʻyo. Aziziddin Nasafiy
hazratlari uqtirganidek, dunyoning oʻzi tinimsiz harakatda va aylanishdadir. U
toʻlqin yangligʻ goh avjlanib, goh sokin tortib, bir holatdan ikkinchi holatga
oʻtib turibdi. Voqea-hodisalar, burilish va yangilanishlar zanjiri bir-biriga
ulanib borayotir. Tun qorongʻiligi tonggi shafaqqa oʻrin berishda, nogahoniy
dovuldan soʻng esa mayin shabada esishda davom etmoqda. Bu mangu tartibotga hech
narsa taʼsir oʻtkaza olmaydi.
Inson mana shu
ilohiy taqdir ichida yashaydi. Har bahorni, har yorugʻ kunni, har yangi faslni
umid bilan kutib oladi. Duoga qoʻl ochib, Yaratgandan el-yurtga
tinchlik-xotirjamlik, bolalariga rizq-nasiba soʻraydi, ekin dalasiga urugʻ
sochadi, yerga nihol qadaydi.
Oʻtgan ikki ming
yillikning oʻz solnomasi bor. Ikki buyuk uygʻonish, ikki mashʼum qirgʻinbarot
aynan shu davrda yuz berdi. Mirzo Ulugʻbekning oʻtkir nigohi olis
yulduzlargacha yetib bordi, Inson Oyga qoʻndi, Marsga oʻziyurar mashinalar
yubordi. Kitob ixtiro qilindi. Shu bilan birga, yevropalik salibchilarning
qonli yurishlarida musulmon olimlari yozgan bir millionga yaqin nodir kitob
yoqib yuborildi. Yadro quroli kashf etildi, bosqinchilik kurashlari avj oldi.
Shoʻrolarning
yalpi dahriylik siyosati, milliy va diniy tuygʻularning oyoqosti qilinishi kabi
zugʻumlar chorak asr avval tarixga aylangan ikkinchi ming yillikda qolib
ketadi, deb umid qilingandi. Odamzod yangi asrga ruhan va maʼnan poklanib,
aql-idroki, fahm-farosati charxlangan holda oʻtadi, yoʻl qoʻygan xatolaridan
toʻgʻri xulosa chiqaradi deb ishonardik. Oʻzini, ona zaminni, suv va havoni,
boshiga soyabon boʻlib turgan begʻubor osmonni pok tutadi, qurollanish poygasi
jilovlanadi, toʻplarning ogʻzida kabutarlar bola ochadi, bunday qilmasa, oʻzi
halok boʻladi deb oʻylagan insoniyat bugun bu “anglab boʻlmas sir” oldida
hayratda. Chunki poklanishi, tinchlanishi va rohat-farogʻat beshigiga aylanishi
kerak boʻlgan dunyo yana asov toʻlqinday pishqirib, umumfalokat sari
yuzlanmoqda.
Taassufki,
kutilgandek boʻlmadi. Dunyo favqulodda murakkablashib ketdi. Inson goʻyoki oʻzi
oʻtirgan daraxt shoxiga arra tortish (Erkin Vohidov taʼbiri bilan aytganda),
oʻzini va bolalarini toʻydirayotgan yerni zaharlash, okean suvini chiqindiga
toʻldirish, oʻrmonlarga oʻt qoʻyish kabi mashʼum harakatlari bilan tubsiz
jarlik va yoʻqlik sari yaqinlashib borayotganday. Buni nogahoniy yer
oʻpirilishlari, suv toshqinlari, hosildor yerlarning shoʻrlanishi,
muzliklarning erishi kabi falokatlarda yaqqol koʻrish mumkin.
Faqat shu emas.
Boʻlingan dunyoni qayta boʻlaklash, iqtisodiyot va siyosatda yakka hukmfarmolik
qilish niyati, shuningdek, irqiy va diniy mojarolar sovuq urush siyosati
paytidagidek shitob bilan, yanada kuchli va vahimali surʼatda davom etmoqda.
Ommaviy qirgʻin qurollarining misli koʻrilmagan yangi va dahshatli turlari
ixtiro qilinmoqda, qudratli davlatlar esa ularni faxr-iftixor bilan namoyish
etmoqda. Qonli front yoʻnalishlarida bir tomon: “Bugun dushmanning faloncha
askari yoʻq qilindi”, desa, ikkinchi tomon: “Biz har oyda dushmanning falon
askarini oʻldirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik”, deya jar solmoqda.
Dahshatlisi shundaki, koʻpchilik bu raqamlarni hech ajablanmay, xuddi “Kecha
falon musobaqada mingdan ortiq kishi qatnashdi” degan axborotday qabul
qilmoqda. Bir-birini qirish musobaqasida alohida “namuna” koʻrsatganlar
koʻksiga esa oliy nishonlar taqilmoqda.
Insoniyat —
kattayu kichik, oʻgʻriyu toʻgʻri, olimu zolim, qattolu donishmand mohiyati
tobora mavhumlashib borayotgan bugungi davrda bir sayyorada, yaʼni bir qayiqda
yashamoqda. Makon, yeru osmon — bitta. Bunday sharoitda tinchlikni va
tiriklikni saqlab qolish, uy qurish, bogʻ yaratish, kelajak nasllarning
nasibasini qirqmaslik eng muhim vazifa, vijdon va iymon ishiga aylanadi. Bu
jarayondan hech kim chetda qolmasligi kerak. Manfaatli hamkorlik, muloqot,
bir-birini tushunish va hurmat qilishdan boshqa najot yoʻli yoʻq. Zamonaviy
qurollar nechogʻliq kuchli boʻlmasin, shu choqqacha ham, bugun va ertaga ham
tinchlikka, ezgulikka xizmat qilmaydi. Otilgan har bir oʻqqa boshqa bir jinoyat
aks sado beradi.
Oʻtgan asr
adogʻida yuzaga kelgan oʻta qaltis vaziyatda taqdirimizni oʻz qoʻlimizga oldik.
Koʻplar bashorat qilganidek, Oʻzbekiston tanlagan yoʻlini yoʻqotib qoʻymadi.
Bu yoʻlda bizga xalqimizning asrlar davomida shakllangan tarixiy tajribasi,
ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy merosi, shuningdek, yuksak insoniy fazilatlar
qoʻl keldi. Toʻgʻri yoʻl va yechimlarni izlash, imkoniyatlarni ishga solish,
boshqaruvni yangilash, sobiq tuzum qadriyatlaridan voz kechish harakati
boshlandi. Koʻzlagan maqsadlarimizga bosqichma-bosqich erisha boshladik. Dunyo
kengliklariga chiqdik, tinchlik-totuvlik, ahillik, inoqlik hamda
bagʻrikenglikni saqlab qoldik. Ortga qaytmadik: goh susayib, goh tezlashib,
izlab-qidirib boʻlsa ham yashashda va intilishda davom etdik.
Shu asnoda bugungi
yangi burilish nuqtasiga yetib keldik. Dunyo sahnasida “Yangi Oʻzbekiston”
degan nom va ibora paydo boʻldi. Prezidentimiz rahbarligida bunday mavqega
erishish jarayoni shu qadar qatʼiy tus oldiki, nafaqat poytaxtda, balki butun
mamlakatda yuz berayotgan oʻzgarishlarni hazm qilish, ularning maʼno-mohiyatiga
yetish faqat xorijliklar uchun emas, balki oʻzimiz uchun ham hayratlanarli
boʻlmoqda. Bundan atigi oʻn yil avval kimdir “Yosh oʻzbek qizi mamlakatning
yangi metallurgiya zavodini ishga tushiradi, yosh olima AQSH maktablari uchun
zamonaviy dasturlar yaratib beradi, Oʻzbekiston dunyoga mashhur London
birjasiga aʼzo boʻlib, mamlakat iqtisodiyotida yangi tarixiy sahifa ochiladi,
har yili oʻn besh ming vatandoshimiz haj ziyoratiga boradi, mamlakatning yalpi
ichki mahsuloti 146 milliard dollarga yetadi, dunyoning yetakchi mamlakatlari
rahbarlari yangi Oʻzbekistonni oʻzi uchun kashf etadi”, desa, bu gapga
ishonadigan birorta kishi topilmas edi. Bugun esa bunday olamshumul yutuqlar
mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼnaviy hayotining oddiy va kundalik
voqealariga aylanib qoldi. Xalqimizning ishonchi komilki, milliy taraqqiyot
shiddati shunday davom etar ekan, yana besh-oʻn yildan keyin bundan-da
hayratlanarli, milliy tarix solnomasini bezaydigan voqealarga shohid boʻlamiz
va ularni ham, xuddi bugungidek, oddiy qabul qilamiz.
Yillar zanjiri
mohiyatan bir-biridan uzilmaydi. Ularni bir-biriga oʻxshash vaqt halqalari
deyish ham mumkin. Ammo hech bir inson, hech bir kun, oy yoki yil bir-biriga
aynan oʻxshamaganidek, vaqt halqalari ham bir-biridan keskin farq qiladi.
Oʻtgan va oʻtayotgan umrimizning har kuni oʻz xirmoni va salmogʻiga ega.
Keyingi oʻn yilda, dunyo hamjamiyati rasman eʼtirof etayotganidek, Oʻzbekiston
natija va mohiyatiga koʻra bir necha oʻn yilliklarga teng rivojlanish yoʻlini
bosib oʻtdi. Bu yoʻl Prezidentimizning yangi bardavom siyosati boʻlib, u bundan
oʻn yil avval mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-psixologik
holatni tanqidiy baholashdan, tahliliy mushohada, taklif va tashabbuslarga yoʻl
ochishdan, xalqni tinglashdan va unga amalda yaqinlashishdan boshlandi.
Yangi siyosatning
bosh maqsadi xalq bilan muntazam muloqotda boʻlish, muammolarni hal qilish edi.
Shuningdek, biz bilan bir mintaqada yashab kelayotgan, suvi suvimizga, yoʻli
yoʻlimizga, yeri yerimizga tutash, milliy va diniy qadriyatlari, urf-odatlari
mushtarak qoʻshnilar oʻrtasidagi asrlar sinovidan oʻtgan hamkorlik aloqalarini
qayta tiklash maqsad qilindi. Oʻzaro mehr-oqibat koʻrsatish, yoʻllarni sunʼiy
toʻsiqlardan tozalash, asossiz taqiqlarni, koʻrinmas “qora roʻyxat”larni bekor
qilish, qonun buzilishlari va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilishga yoʻl
qoʻymaslik kabi ezgu intilishlar ushbu siyosatning negizini tashkil etdi.
Bir soʻz bilan
aytganda, xalqimizning buyuk salohiyatini, ulugʻ tariximizni, dunyo tamaddunini
hamon mashʼala yangligʻ yoritib kelayotgan maʼnaviy merosimizni jahonga olib
chiqish vaqti kelgandi. Ilm-maʼrifatda xuddi milliy kurashimiz qoidalari kabi
halol bahsga kirishish, tafakkur maydonida oʻzlikni namoyon etish fursati edi.
Bu tarixiy
jarayonni boshlash uchun, birinchi navbatda, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit
yaratish, ijtimoiy adolatning qaror topishiga ishonch ruhini yuzaga keltirish
talab etilardi. Butun vujud va ong-tafakkur bilan ishga kirishish, tadbirkorlik
va ishbilarmonlikni mamlakat miqyosida umumxalq harakatiga aylantirish zarur
boʻldi va bunga erishildi. Jamiyatning harakatsiz murvatlariga jon ato etish,
fikr mudroqligiga barham berish uchun bugunning ruhiyatiga mos maqsadlarni aks
ettiruvchi hayotbaxsh daʼvatlar oʻrtaga tashlandi. Mamlakatimiz yetakchisining
ezgu maqsadlari ijtimoiy-maʼnaviy hayotda yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirdi,
yangi Oʻzbekiston tashlayotgan yangi qadamlarning maʼno-mohiyatini aniq
belgilab berdi.
Bugun
mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida, xalqaro aloqalar, madaniyat va
maʼnaviyatda keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Maktabgacha, oliy va oʻrta
maxsus taʼlim tizimi, turizm va sport sohalaridagi islohotlar samara bermoqda.
Oʻzbekistonning tinch va bexavotir mamlakat sifatida eʼtirof etilishi,
iqtisodiyotimizning zalvorli qadamlari, yoshlarimiz erishayotgan olamshumul
yutuqlar hamda xalqaro investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar
barchaning diqqat markazida turibdi. Bularning barchasi Oʻzbekiston chin
maʼnoda yangi uygʻonish fasliga, oʻz tarixining yangi va shonli bosqichiga
yaqinlashayotganidan dalolat. Qolaversa, bu siljishlar “Milliy taraqqiyotdan —
milliy yuksalishga” gʻoyasi butun mamlakat boʻylab amaliy harakatga aylanganini
isbotlaydi.
Bunga misol juda
koʻp. Xususan, bugun Oʻzbekistonning shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi
strategiyasi, ijtimoiy himoya tizimi dunyo miqyosida jiddiy oʻrganilmoqda.
Oʻzbekiston rahbarining mintaqada tinchlikni saqlash va mustahkamlash
borasidagi takliflari hamda amaliy harakatlari ijobiy natija bermoqda.
Ulugʻ Konfutsiy
“Umrida yiqilmagan kishi buyuk emas, balki necha bor yiqilgan, ammo oʻrnidan
shaxd bilan turib, oʻziga ishonch bilan oldinga intilgan odam buyukdir”, degan
ekan. Uning yana bir teran fikri shuki, yoʻlga maqsadsiz chiqqan inson,
shubhasiz, falokatga yoʻliqadi. Biz bugun bosib oʻtgan yoʻlimizni, erishgan
yutuqlarimizni va yoʻl qoʻygan xato-kamchiliklarimizni xolis baholamoqdamiz.
Ularni qayta takrorlamaslik tadorigini koʻrib, aniq maqsad bilan faqat oldinga
intilmoqdamiz. Oʻzbekiston bir vaqtlar ilm-fan bobida dunyoga muallimlik qilgan
ulugʻ ajdodlarimizning ilmi va merosiga amalda yaqinlashmoqda.
Bizga bugun yangi dunyoviy, iqtisodiy va siyosiy-maʼrifiy tafakkur zarur.
Buni hammamiz his etib turibmiz. Ammo barchamiz birdek yaxshi bilishimiz zarur boʻlgan
yana bir boshqa haqiqat bor: dunyo dunyo boʻlganidan beri insoniyat bu
fazilatlarni faqat yozma adabiyot orqali egallab kelgan. Bugun ham, ertaga ham
shunday boʻlib qoladi. Boshqa yoʻl yoʻq. “Hamma ilm kompyuterga joylashadi,
kitoblar hamda gazeta-jurnallarning umri tugaydi, qogʻozga ehtiyoj qolmaydi”,
deguvchilar qattiq yanglishadi. Adabiyotning ustoz Abdulla Qahhor aniq
chamalagan qudratli kuchi bugun faqat bir mamlakat yoki bir mintaqada emas,
balki butun yer yuzida inson taqdirini, uning bu yorugʻ olamda yashab qolish
yoki qolmasligini hal qila oladigan xaloskor omil boʻlib turibdi. Ulugʻ adib
Chingiz Aytmatov xavotir bilan yozganidek, dunyoning bugungi maʼnaviy-axloqiy
qiyofasi oldida turgan eng katta va ogʻir vazifa insonni inson maqomida saqlab
qolishdir. Bu xavfni bartaraf etish ham bevosita adabiyotning vazifasiga
kiradi. Chinakam adabiyot oʻtmishda bu ishni koʻp bor uddalagan, bugun va
ertaga ham albatta uddalay oladi.
Bugungi Oʻzbekiston inson qoʻli bilan barpo etilayotgan yangi hayratlar mamlakatidir.
Islom olami va butun maʼrifiy dunyoni hayratga solgan Islom sivilizatsiyasi
markazini koʻrgan, qolaversa, Prezidentimizning oʻtgan bir yillik faoliyatiga
bagʻishlanib, yaqindagina nashrdan chiqqan “Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobini
oʻqigan har bir kishi bunga qatʼiy ishonch hosil qiladi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
jurnalist