Uchinchi ming yillikda yashamoqdamiz. Umrimizning muayyan qismi ikkinchi ming yillikda kechganini eslaganda esa, yuzimizda yoqimli hayrat paydo boʻladi. Axir bir emas, insoniyat tarixining ikkita ming yilligida yashash hammaga ham nasib qilavermaydi-da. Shunday ekan, “Oʻtgan ming yillikda kim edigu  bugun kim boʻldik? Dunyoqarashimiz, yashash tarzimizda qanday oʻzgarishlar yuz berdi? Farzandlarimiz toʻgʻri voyaga yetmoqdami, ulardan koʻnglimiz toʻqmi?” kabi savollarga duch kelishimiz tabiiy.

Buning ajablanadigan joyi yoʻq. Chunki koʻz yumib ochguncha yangi asrning dastlabki choragi ham ortda qoldi. Yillar shiddati tezlashganday goʻyo. Aziziddin Nasafiy hazratlari uqtirganidek, dunyoning oʻzi tinimsiz harakatda va aylanishdadir. U toʻlqin yangligʻ goh avjlanib, goh sokin tortib, bir holatdan ikkinchi holatga oʻtib turibdi. Voqea-hodisalar, burilish va yangilanishlar zanjiri bir-biriga ulanib borayotir. Tun qorongʻiligi tonggi shafaqqa oʻrin berishda, nogahoniy dovuldan soʻng esa mayin shabada esishda davom etmoqda. Bu mangu tartibotga hech narsa taʼsir oʻtkaza olmaydi.

Inson mana shu ilohiy taqdir ichida yashaydi. Har bahorni, har yorugʻ kunni, har yangi faslni umid bilan kutib oladi. ­Duoga qoʻl ochib, Yaratgandan el-­yurtga tinch­lik-xotirjamlik, bolalariga rizq-nasiba soʻraydi, ekin dalasiga urugʻ sochadi, yerga nihol qadaydi.

Oʻtgan ikki ming yillikning oʻz solnomasi bor. Ikki buyuk uygʻonish, ikki mashʼum qirgʻinbarot aynan shu davrda yuz berdi. Mirzo Ulugʻbekning oʻtkir nigohi olis ­yulduzlargacha yetib bordi, Inson Oyga qoʻndi, Marsga oʻziyurar mashinalar yubordi. Kitob ixtiro qilindi. Shu bilan birga, yevropalik salibchilarning qonli yurishlarida musulmon olimlari yozgan bir millionga yaqin nodir kitob yoqib yuborildi. Yadro quroli kashf etildi, bosqinchilik kurashlari avj oldi.

Shoʻrolarning yalpi dahriylik siyosati, milliy va diniy tuygʻularning oyoqosti qilinishi kabi zugʻumlar chorak asr avval tarixga aylangan ikkinchi ming yillikda qolib ketadi, deb umid qilingandi. Odamzod yangi asrga ruhan va maʼnan poklanib, aql-idroki, fahm-farosati charxlangan holda oʻtadi, yoʻl qoʻygan xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqaradi deb ishonardik. Oʻzini, ona zaminni, suv va havoni, boshiga soyabon boʻlib turgan begʻubor osmonni pok tutadi, qurollanish poygasi jilovlanadi, toʻplarning ogʻzida kabutarlar bola ochadi, bunday qilmasa, oʻzi halok boʻladi deb oʻylagan insoniyat bugun bu “anglab boʻlmas sir” oldida hayratda. Chunki poklanishi, tinchlanishi va rohat-farogʻat beshigiga aylanishi kerak boʻlgan dunyo yana asov toʻlqinday pishqirib, umumfalokat sari yuzlanmoqda.

Taassufki, kutilgandek boʻlmadi. Dunyo favqulodda murakkablashib ketdi. Inson goʻyoki oʻzi oʻtirgan daraxt shoxiga arra tortish (Erkin Vohidov taʼbiri bilan aytganda), oʻzini va bolalarini toʻydirayotgan yerni zaharlash, okean suvini chiqindiga toʻldirish, oʻrmonlarga oʻt qoʻyish kabi mashʼum harakatlari bilan tubsiz jarlik va yoʻqlik sari yaqinlashib borayotganday. Buni nogahoniy yer oʻpirilishlari, suv toshqinlari, hosildor yerlarning shoʻrlanishi, muzliklarning erishi kabi falokatlarda yaqqol koʻrish mumkin.

Faqat shu emas. Boʻlingan dunyoni qayta boʻlaklash, iqtisodiyot va siyosatda yakka hukmfarmolik qilish niyati, shuningdek, irqiy va diniy mojarolar sovuq urush siyo­sati paytidagidek shitob bilan, yanada kuchli va vahimali surʼatda davom etmoqda. Ommaviy qirgʻin qurollarining misli koʻrilmagan yangi va dahshatli turlari ixtiro qilinmoqda, qudratli davlatlar esa ularni faxr-iftixor bilan namoyish etmoqda. Qonli front yoʻnalishlarida bir tomon: “Bugun dushmanning faloncha askari yoʻq qilindi”, desa, ikkinchi tomon: “Biz har oyda dushmanning falon askarini oʻldirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik”, deya jar solmoqda. Dahshatlisi shundaki, koʻpchilik bu raqamlarni hech ajablanmay, xuddi “Kecha falon musobaqada mingdan ortiq kishi qatnashdi” degan axborotday qabul qilmoqda. Bir-birini qirish musobaqasida alohida “namuna” koʻrsatganlar koʻksiga esa oliy nishonlar taqilmoqda.

Insoniyat — kattayu kichik, oʻgʻriyu toʻgʻri, olimu zolim, qattolu donishmand mohiyati tobora mavhumlashib borayotgan bugungi davrda bir sayyorada, yaʼni bir qayiqda yashamoqda. Makon, yeru osmon — bitta. Bunday sharoitda tinchlikni va tiriklikni saqlab qolish, uy qurish, bogʻ yaratish, kelajak nasllarning nasibasini qirqmaslik eng muhim vazifa, vijdon va iymon ishiga aylanadi. Bu jarayondan hech kim chetda qolmasligi kerak. Manfaatli hamkorlik, muloqot, bir-birini tushunish va hurmat qilishdan boshqa najot yoʻli yoʻq. Zamonaviy qurollar nechogʻliq kuchli boʻlmasin, shu choqqacha ham, bugun va ertaga ham tinchlikka, ezgulikka xizmat qilmaydi. Otilgan har bir oʻqqa boshqa bir jinoyat aks sado beradi.

Oʻtgan asr adogʻida yuzaga kelgan oʻta qaltis vaziyatda taqdirimizni oʻz qoʻlimizga oldik. Koʻplar bashorat qilganidek, Oʻzbekis­ton tanlagan yoʻlini yoʻqotib qoʻymadi. Bu yoʻlda bizga xalqimizning asrlar davomida shakllangan tarixiy tajribasi, ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy merosi, shuningdek, yuksak insoniy fazilatlar qoʻl keldi. Toʻgʻri yoʻl va yechimlarni izlash, imkoniyatlarni ishga solish, boshqaruvni yangilash, sobiq tuzum qadriyatlaridan voz kechish harakati boshlandi. Koʻzlagan maqsadlarimizga bosqichma-bosqich erisha boshladik. Dunyo kengliklariga chiqdik, tinchlik-totuvlik, ahillik, inoqlik hamda bagʻrikenglikni saqlab qoldik. Ortga qaytmadik: goh susa­yib, goh tezlashib, izlab-qidirib boʻlsa ham yashashda va intilishda davom etdik.

Shu asnoda bugungi yangi burilish nuqtasiga yetib keldik. Dunyo sahnasida “Yangi Oʻzbekiston” degan nom va ibora paydo boʻldi. Prezidentimiz rahbarligida bunday mavqega erishish jarayoni shu qadar qatʼiy tus oldiki, nafaqat poytaxtda, balki butun mamlakatda yuz berayotgan oʻzgarishlarni hazm qilish, ularning maʼno-mohiyatiga yetish faqat xorijliklar uchun emas, balki oʻzimiz uchun ham hayratlanarli boʻlmoqda. Bundan atigi oʻn yil avval kimdir “Yosh oʻzbek qizi mamlakatning yangi metallurgiya zavodini ishga tushiradi, yosh olima AQSH maktablari uchun zamonaviy dasturlar yaratib beradi, Oʻzbekiston dunyoga mashhur London birjasiga aʼzo boʻlib, mamlakat iqtisodiyotida yangi tarixiy sahifa ochiladi, har yili oʻn besh ming vatandoshimiz haj ziyoratiga boradi, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 146 milliard dollarga yetadi, dunyoning yetakchi mamlakatlari rahbarlari yangi Oʻzbekistonni oʻzi uchun kashf etadi”, desa, bu gapga ishonadigan birorta kishi topilmas edi. Bugun esa bunday olamshumul yutuqlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼnaviy hayotining oddiy va kundalik voqealariga aylanib qoldi. Xalqimizning ishonchi komilki, milliy taraqqiyot shiddati shunday davom etar ekan, yana besh-oʻn yildan keyin bundan-da hayratlanarli, milliy tarix solnomasini bezaydigan voqealarga shohid boʻlamiz va ularni ham, xuddi bugungidek, oddiy qabul qilamiz.

Yillar zanjiri mohiyatan bir-biridan uzilmaydi. Ularni bir-biriga oʻxshash vaqt halqalari deyish ham mumkin. Ammo hech bir inson, hech bir kun, oy yoki yil bir-biriga aynan oʻxshamaganidek, vaqt halqalari ham bir-biridan keskin farq qiladi. Oʻtgan va oʻtayotgan umrimizning har kuni oʻz xirmoni va salmogʻiga ega. Keyingi oʻn yilda, dunyo hamjamiyati rasman eʼtirof etayotganidek, Oʻzbekiston natija va mohiyatiga koʻra bir necha oʻn yilliklarga teng rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Bu yoʻl Prezidentimizning yangi bardavom siyosati boʻlib, u bundan oʻn yil avval mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-­iqtisodiy, maʼnaviy-psixologik holatni tanqidiy baholashdan, tahliliy mushohada, taklif va tashabbuslarga yoʻl ochishdan, xalqni tinglashdan va unga amalda yaqinlashishdan boshlandi.

Yangi siyosatning bosh maqsadi xalq bilan muntazam muloqotda boʻlish, muammolarni hal qilish edi. Shuningdek, biz bilan bir mintaqada yashab kelayotgan, suvi suvimizga, yoʻli yoʻlimizga, yeri yerimizga tutash, milliy va diniy qadriyatlari, urf-odatlari mushtarak qoʻshnilar oʻrtasidagi asrlar sinovidan oʻtgan hamkorlik aloqalarini qayta tiklash maqsad qilindi. Oʻzaro mehr-oqibat koʻrsatish, yoʻllarni sunʼiy toʻsiqlardan tozalash, asossiz taqiqlarni, koʻrinmas “qora roʻyxat”larni bekor qilish, qonun buzilish­lari va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik kabi ezgu intilishlar ushbu siyosatning negizini tashkil etdi.

Bir soʻz bilan aytganda, xalqimizning buyuk salohiyatini, ulugʻ tariximizni, dunyo tamaddunini hamon mashʼala yangligʻ yoritib kelayotgan maʼnaviy merosimizni jahonga olib chiqish vaqti kelgandi. Ilm-maʼrifatda xuddi milliy kurashimiz qoidalari kabi halol bahsga kirishish, tafakkur maydonida oʻzlikni namoyon etish fursati edi.

Bu tarixiy jarayonni boshlash uchun, birinchi navbatda, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit yaratish, ijtimoiy adolatning qaror topishiga ishonch ruhini yuzaga keltirish talab etilardi. Butun vujud va ong-tafakkur bilan ishga kirishish, tadbirkorlik va ishbilarmonlikni mamlakat miqyosida umumxalq harakatiga aylantirish zarur boʻldi va bunga erishildi. Jamiyatning harakatsiz murvatlariga jon ato etish, fikr mudroqligiga barham berish uchun bugunning ruhiyatiga mos maqsadlarni aks ettiruvchi hayotbaxsh daʼvatlar oʻrtaga tashlandi. Mamlakatimiz yetakchisining ezgu maqsadlari ijtimoiy-­maʼnaviy hayotda yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirdi, yangi Oʻzbekiston tashlayotgan yangi qadamlarning maʼno-mohiyatini aniq belgilab berdi.

Bugun mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida, xalqaro aloqalar, madaniyat va maʼnaviyatda keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Maktabgacha, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi, turizm va sport sohalaridagi islohotlar samara bermoqda. Oʻzbekistonning tinch va bexavotir mamlakat sifatida eʼtirof etilishi, iqtisodiyotimizning zalvorli qadamlari, yoshlarimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar hamda xalqaro inves­torlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar barchaning diqqat markazida turibdi. Bularning barchasi Oʻzbekiston chin maʼnoda yangi uygʻonish fasliga, oʻz tarixining yangi va shonli bosqichiga yaqinlashayotganidan dalolat. Qolaversa, bu siljishlar “Milliy taraqqiyotdan — milliy yuksalishga” gʻoyasi butun mamlakat boʻylab amaliy harakatga aylanganini isbotlaydi.

Bunga misol juda koʻp. Xususan, bugun Oʻzbekistonning shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi strategiyasi, ijtimoiy himoya tizimi dunyo miqyosida jiddiy oʻrganilmoqda. Oʻzbekiston rahbarining mintaqada tinchlikni saqlash va mustahkamlash borasidagi takliflari hamda amaliy harakatlari ijobiy natija bermoqda.

Ulugʻ Konfutsiy “Umrida yiqilmagan kishi buyuk emas, balki necha bor yiqilgan, ammo oʻrnidan shaxd bilan turib, oʻziga ishonch bilan oldinga intilgan odam buyukdir”, degan ekan. Uning yana bir teran fikri shuki, yoʻlga maqsadsiz chiqqan inson, shubhasiz, falokatga yoʻliqadi. Biz bugun bosib oʻtgan yoʻlimizni, erishgan yutuqlarimizni va yoʻl qoʻygan xato-kamchiliklarimizni xolis baholamoqdamiz. Ularni qayta takrorlamaslik tadorigini koʻrib, aniq maqsad bilan faqat oldinga intilmoqdamiz. Oʻzbekiston bir vaqtlar ilm-fan bobida dunyoga muallimlik qilgan ulugʻ ajdodlarimizning ilmi va merosiga amalda yaqinlashmoqda.

Bizga bugun yangi dunyoviy, iqtisodiy va siyosiy-maʼrifiy tafakkur zarur. Buni hammamiz his etib turibmiz. Ammo barchamiz birdek yaxshi bilishimiz zarur boʻlgan yana bir boshqa haqiqat bor: dunyo dunyo boʻlganidan beri insoniyat bu fazilatlarni faqat yozma adabiyot orqali egallab kelgan. Bugun ham, ertaga ham shunday boʻlib qoladi. Boshqa yoʻl yoʻq. “Hamma ilm kompyuterga joylashadi, kitoblar hamda gazeta-jurnallarning umri tugaydi, qogʻozga ehtiyoj qolmaydi”, deguvchilar qattiq yanglishadi. Adabiyotning ustoz Abdulla Qahhor aniq chamalagan qudratli kuchi bugun faqat bir mamlakat yoki bir mintaqada emas, balki butun yer yuzida inson taqdirini, uning bu yorugʻ olamda yashab qolish yoki qolmasligini hal qila oladigan xaloskor omil boʻlib turibdi. Ulugʻ adib Chingiz Aytmatov xavotir bilan yozganidek, dunyoning bugungi maʼnaviy-axloqiy qiyofasi oldida turgan eng katta va ogʻir vazifa insonni inson maqomida saqlab qolishdir. Bu xavfni bartaraf etish ham bevosita adabiyotning vazifasiga kiradi. Chinakam adabiyot oʻtmishda bu ishni koʻp bor uddalagan, bugun va ertaga ham albatta uddalay oladi.

Bugungi Oʻzbekiston inson qoʻli bilan barpo etilayotgan yangi hayratlar mamlakatidir. Islom olami va butun maʼrifiy dunyo­ni hayratga solgan Islom sivilizatsiyasi markazini koʻrgan, qolaversa, Prezidentimizning oʻtgan bir yillik faoliyatiga bagʻish­lanib, yaqindagina nashrdan chiqqan “Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobini oʻqigan har bir kishi bunga qatʼiy ishonch hosil qiladi.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist