Buning natijasida soʻnggi vaqtlarda ilm-fanda xalqaro darajadagi yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda. Jumladan, surxondaryolik yoshlar bu borada koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi yoshlarimiz uchun quvonarli xabarlarga boy boʻldi. Tashrif chogʻida Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” massividagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhim ekaniga eʼtibor qaratildi. Sunʼiy intellektga oʻqitish dasturlari maktab taʼlimiga joriy etilishi orqali mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun puxta hozirlik bilan ulgʻayishi zarur ekaniga urgʻu berildi. Ha, bugungi yoshlar sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan toʻla foydalanib, ularni boshqarish darajasiga ­yetishi ­zarur. Shu orqali oldimizdagi katta marra — Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlaymiz. Buning uchun yana bir qulay imkoniyat va oʻziga xos yondashuv esa ushbu massivdagi xorijiy tillar va ­axborot texnologiyalari oʻquv markazidir. Davlatimiz rahbari ushbu oʻquv markazi faoliyatini yuqori baholadi.

Taʼkidlash kerak, ushbu oʻquv markazi 6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan. Unda yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkoniga ega. Bu yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin oʻquvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Ana shunday yutuqlar sabab ushbu taj­riba ommalashtiriladigan boʻldi.

Surxondaryolik yoshlarning bunday yutuqlari zamirida albatta, yangi Oʻzbekis­tondagi islohotlar turibdi. Ushbu yangilanishlar esa mamlakatimizdagi puxta oʻylangan reja asosida olib borilmoqda. Buni Surxondaryoda taʼlim sohasida erishilayotgan yutuqlar misolida ham koʻrish mumkin.

Mamlakatimiz yetakchisi bundan besh yil avval raqamli iqtisodiyotga oʻtish vazifasini qatʼiy maqsad sifatida belgilab bergan edi. Xususan, Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda. Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurs­larini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech boʻladi”, deya taʼkidlagan edi.

Oʻtgan davrda Surxondaryo viloyatida ham bu borada salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, raqamli infratuzilmani rivoj­lantirish maqsadida 2025-yilda 2500 ming kilometrga optik tolali aloqa tarmogʻi tortilib, umumiy uzunligi 23,4 ming kilometr­ga yetkazildi.Shuningdek, viloyatda jami 1014 ta tayanch stansiya oʻrnatildi va modernizatsiya qilindi. Mobil internet qamrovi 2017-yilda 50 foiz atrofida edi. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 96 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil yakunida 99,3 foizga yetkazildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida quvonarli natijalarga erishildi. Xususan, 2025-yilda viloyat boʻyicha jami 989 mingdan ortiq ariza qabul qilindi. Shundan 323,6 mingtasi Davlat xizmatlari markazlari orqali, 666,2 mingtasi esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etilgan. Shuning oʻziyoq raqamlashtirish xalqimiz hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etayotganini koʻrsatadi.

— Surxondaryoda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanuvchilar soni esa 811,2 ming nafarga yetdi. Birgina 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida aloqa va axborotlashtirish sohasida koʻrsatilgan xizmatlar sezilarli darajada oshdi. Jumladan, kompyuter dasturlash sohasidagi xizmatlar qiymati 247 milliard soʻmga teng boʻldi, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Surxondaryo viloyati hududiy shuʼbasi bosh mutaxassisi Umar Xushvaqtov.

Prezidentimiz raisligida 2025-yil 21-oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda belgilangan vazifalar ijrosi sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishni yangi bosqichga olib chiqadi. 2030-yilda sunʼiy intellektga asos­langan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Biroq xorijiy ekspertlar Oʻzbekiston salohiyatini 10 milliard dollarga baholagan. Hozir dunyoda sunʼiy intellekt iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik kabi barcha muhim sohalarning tayanchidir. Shu bois, mamlakatimizda davlat boshqaruvi organlari xodimlari va  xizmatchilarini sunʼiy intellekt yoʻnalishida oʻqitish tizimli tashkil etilyapti.

Prezidentimizning 2025-yil 17-yanvardagi qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Raqamlashtirish orqali farovonlik sari dasturi” doirasida kam taʼminlangan oila­larning 2376 farzandi masofaviy tahsil oldi. Ular toʻrt yoʻnalish boʻyicha onlayn platformalarida bepul oʻqitilib, tegishli sertifikat berildi.

— 2025-yilda 218 yosh va davlat xizmatchilari axborot texnologiyalari sohasidagi professional oʻquv kurslarida tahsil olib, xalqaro sertifikatga ega boʻldi. Shuningdek, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida “Coursera” taʼlim platformasidagi bepul oʻquv kurslarida 32 ming 471 yosh oʻqitildi, — deydi AT parkining Surxondaryo viloyati filiali boshligʻi Jaʼfar Hayitov. — Shuning­dek, “Bir mahallada yetti dasturchi” loyi­hasi doirasida 669 yosh nemis va boshqa xorijiy tillardan B2 darajadagi, 3269 nafar yigit-qiz esa ingliz tili boʻyicha C1 va B2 darajadagi xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.

Termiz shahridagi AT parkida zamonaviy mehnat bozori talabidan kelib chiqib 7 ustuvor yoʻnalish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ularda yoshlar raqamli texnologiyalar sohasi boʻyicha kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlab, malakali mutaxassis boʻlib chiqadi. Parkda uchta masofaviy xizmat koʻrsatish markazi ham tashkil etilgan. Ularda 100 dan ziyod yoshlar zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida faoliyat yuritib, yuqori daromadli va barqaror ish oʻrinlari bilan taʼminlangan.

— Markazimiz call center yoʻnalishi boʻyicha faoliyat yuritadi. Mamlakatimiz va Rossiyaga autsorsing xizmatlarini koʻrsatadi. 2025-yilda surxondaryolik 700 ga yaqin kishini ish bilan taʼminladik. Hozir ham yangi xodimlar uchun ochiq ish oʻrinlari mavjud, — deydi “IT call” MCHJ viloyat filiali direktori Komron Zay­niddinov. — Hozir turli loyi­halar boʻyicha xodimlarni ishga qabul qilyapmiz. Markazimiz chet tillarni biladigan, kompyuterda ishlash boʻyicha bazaviy bilimga ega mutaxassislarni ham tayyorlaydi.

Sohada ish oʻrinlarini ochishga jiddiy eʼtibor berilyapti. Xususan, “Unicon-Soft” MCHJ Surxondaryo filiali joriy yilda qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil etishni maqsad qilgan. Eʼtiborlisi, ushbu MCHJ raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron hukumat yoʻnalishi boʻyicha dasturiy mahsulotlarni joriy etish, tizimlardan foydalanishni oʻrgatish faoliyati bilan shugʻullanadi.

Keyingi yillarda yoshlar orasida das­turchilik, veb-dizaynerlik, kompyuter texnologiyasi va AT sohasiga qiziquvchilar koʻpayib boryapti. Bu bir tomondan, ilgʻor axborot texnologiyalarining hayotimizga jadal kirib kelgani bilan bogʻliq boʻlsa, boshqa jihatdan, mamlakatimizda barcha sohada raqamlashtirish jarayoni keskin faollashishiga borib taqaladi. Oʻz-oʻzidan shunday sohalar boʻyicha oʻqitish tizimi ham rivojlanib bormoqda. Hozir innovator, dasturchi, ixtirochi yigit-qizlar safi ham kengaymoqda. Ular yaratgan zamonaviy qurilma, loyihalar ishlab chiqarishga joriy qilinib, xalqaro bozordan joy olyapti. Ha, sohadagi islohotlar ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Raqamli xizmatlar sifatini oshirib, innovatsion yechimlarni joriy etish va AT xizmatlari eksporti hajmini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Maktabgacha taʼlimdan — oliy taʼlimgacha

Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, hududda 972 ta umumtaʼlim maktabi, 16 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi va 17 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat hamda 487 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Keyingi yillarda maktab­gacha taʼlim qamrovini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi davlatga tegishli va xususiy bogʻchalar ish boshladi. Mavjudlari zamonaviy standartlar asosida jihozlandi. Sohaning barcha hududda birdek rivoj topishi yaxshi natija beryapti. Xususan, vohaning markazdan olis qishloqlarida ham bolalarni maktabga tayyorlash masalasi kun tartibidan tushmadi. Bu taʼlimning ilk bosqichidanoq teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilayotir.

— 2025-yil yakuniga koʻra, viloyatda maktabgacha taʼlimga qamrov 70,9 foizga yetdi. Buning uchun mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 4 ta, investitsiya dasturi doirasida 8 ta yangi bogʻcha qurildi hamda 19 ta MTM rekonstruksiya qilindi. Natijada 1845 ta oʻrin ochildi. Bundan tashqari, 145 ta oilaviy bogʻcha, davlat-xususiy sheriklik asosidagi 7 ta MTT, 171 ta majburiy bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilishi tufayli 13 ming 500 ta oʻrin ochildi. Shuningdek, “Aqlvoy” loyihasi doirasida 11 ta avtobus bazasida 69 ta guruh shakllantirildi. Ularga 1104 bola qamrab olingan, — deydi Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jasur Mirzaqulov.

Qator maktablar kapital taʼmirdan chiqarildi. Yangi binolar foydalanishga topshirildi. Ayniqsa, taʼlim sifatini oshirish masalasiga katta eʼtibor qaratildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, elektron jurnal va kundaliklar amaliyotga keng tatbiq etildi. Hozir viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 565 ming 563 oʻquvchi bilim olyapti.

Taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida malaka oshirish, qayta tayyorlash dasturlari va ilgʻor tajribalarni ommalashtirish ishlariga ham jiddiy eʼtibor berildi. Pedagoglar mehnatini qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar qilindi. Buni oʻqitish sifatiga taʼsir koʻrsatayotgan muhim omil sifatida baholash mumkin. Yillar davomida kasb-hunar taʼlimi tizimi mehnat bozori talabiga moslashtirildi. Yoshlarni ish bilan taʼminlash, muayyan kasbga yoʻnaltirish maqsadida amaliyotga asoslangan taʼlim kuchaytirildi.

— 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab, viloyatimizda 4 ta ishchi va 4 ta axborot texnologiyalari yoʻnalishida kasb-hunar oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda kasbiy taʼlim ustasi vazifasi taʼsis etildi. Muhimi, kasb-hunar oʻrgatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan 30 ta maktab zarur jihozlar bilan toʻliq taʼminlandi, — deydi Surxondaryo viloyati kasbiy taʼlim boshqarmasi boshligʻi ­Baxtiyor Qurbonov.

Oliy taʼlim sohasida yangi marralar sari qadam tashlandi. Xususan, viloyatda yangi OTMlar va taʼlim yoʻnalishlari ochildi, xalqaro hamkorlik koʻlami kengaydi. Ilmiy faoliyat, startap loyihalar va innovatsion tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi. Bunday yangilanishlar yoshlarning raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qilyapti. Soʻnggi yilda maktab bitiruvchilarining oliy taʼlimga qabul qilinish koʻrsatkichi 3,1 foiz oshib, 38,7 foizga yetdi.

Hamkorlik xorijiy tillarni oʻqitishda samara bermoqda

Til shunchaki muloqot vositasi emas. Ilmiy yangiliklarni tezkor va puxta oʻzlashtirishda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, yangi Oʻzbekistonda taʼlimning eng quyi boʻgʻinidan boshlab barcha bosqichda til oʻrgatishga jiddiy eʼtibor berilyapti. Qolaversa, Prezidentimizning 2024-yil 4-apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida yoshlarga xorijiy tillarni sifatli oʻrgatishda taʼlim tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

— Viloyatimizdagi universitetlar va maktablar oʻrtasidagi hamkorlik ilmiy-metodik bilimlar hamda amaliyot bilan mus­tahkamlanyapti. Natijada oʻquvchilarning til bilish koʻnikmasini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish osonlashyapti. Hozir professor va dotsentlarimiz maktab oʻqituvchilari uchun maxsus malaka oshirish kurslarini ochyapti. Kurslarda fanning yangi yoʻnalishlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, raqamli taʼlim vositalari va STEAM yondashuvi asoslari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Bunday kurslar maktab oʻqituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, taʼlim jarayoniga ilgʻor innovatsiyalarni tatbiq etish va oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Termiz davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi Mehrinoz Saydullayeva. — Xorijiy tillarni samarali oʻqitishda xalqaro tajribadan foydalanish muhim strategik vazifa. Bu borada Finlyandiya taʼlim modeli eng samarali namuna deb koʻrilmoqda. Mazkur davlatda 1-3-sinf oʻquvchilarining 92 foizi chet tilini (asosan ingliz tilini) oʻrgana boshlaydi. Eʼtiborlisi, 7-sinfda ularning 99 foizi kamida ikkita xorijiy tilni oʻzlashtiradi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti oʻtkazgan tahlillarga koʻra, Finlyandiya oʻquvchilarining til oʻrganishga ragʻbati 78 foiz. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich hozircha 52-55 foiz atrofida deb baholanmoqda. Fin taʼlim tizimida oʻquv vaqtining taxminan 30 foizi kommunikativ vazifalarga, amaliy muloqot, jamoada ishlash va real ssenariylarda til qoʻllashga yoʻnaltirilgan. Zamonaviy metodlar chet tilini oʻqitishda nafaqat tezkor, balki holatga mos, individual yondashuvni taʼminlaydi. Ular orqali oʻquvchi tilni faqat grammatika darajasida emas, balki muloqot vositasi sifatida qoʻllaydi. Oʻzlashtirgan bilimni amaliyotda sinovdan oʻtkazadi. Xal­qaro tillarda mustaqil fikrlay oladi. Mazkur jarayonda universitet va maktab hamkorligi muhim oʻrin tutadi.

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri