Oqshom chogʻi moʻjazgina mahallamizda hayot joʻsh urar, hovlilardan chiqib kelgan bolalarning samimiyatga toʻla kulgilari oʻyin ishtiyoqi bilan tutashib, tuproq hidi kelib turgan mahalla qiyofasiga oʻzgacha mazmun, ruh bagʻishlardi.
Kinotasmasidek koʻz
oldimdan oʻtayotgan tasvirlarda samimiyat balqib turgan yuzlar, jarangli kulgilar,
tortishuvlar birin-ketin oʻtib boradi. Eng sevimli oʻyinimiz “Oq terakmi, koʻk
terak”ka hozirlik koʻramiz. Tezda ikki guruhga boʻlinib, bir-birimizga qarshi saf
tortamiz. Guruhimiz yetakchisi raqib tomonga qarab baland ovozda soʻraydi:
— Oq terakmi, koʻk
terak, bizdan sizga kim kerak?
— Gulchehra kerak!
Gulchehra
yugurgancha raqib safini yorib oʻtishga harakat qiladi. Bu oʻyinning eng
hayajonli lahzasi. Shiddat zarbiga dosh bera olmagan raqib jamoasining safi
buziladi. U oʻzi bilan qarshi tomondan
bir bolani olib ketadi. Keyin navbat bilan yana chaqiriladi...
Bolalik vaqtni his
qilmaydi. Allamahalgacha davom etgan oʻyindan soʻng kattalarning qistovi bilan
yuzlarimiz hayajon va harakatdan boʻgʻriqqancha uy-uyimizga tarqalamiz.
Oʻyinlarning ham ruhi boʻlsa kerak. Bu ruh oʻsha paytda harakatchan,
vujudi va qarashlari sogʻlom, chiniqqan bolalarga doʻstlik va hayotdan zavq
olish qobiliyatini ulashgan boʻlsa ajab emas. Oʻyinlardan ruhu tanga koʻchgan
jismoniy kuch, tezkorlik, jamoaviylik va mardlik sifati keyinchalik iroda,
sabr, chidam, qayta urinib koʻrish kabi fazilatlarni yuzaga keltirdi. Bular esa
hayot yoʻllarida bot-bot qoʻl keldi, barchamizni sinovlar qarshisida mardona
turish, ogʻir vaziyatlarda oʻzini yoʻqotmaslik, qiyinchiliklarga qaramay
harakatda davom etishga oʻrgatdi.
Shu
kunlarda...
Xalq oʻyinlari
hamisha yosh avlodni halollik, chapdastlik, jasorat, oriyat kabi insoniy
fazilatlar, jismonan baquvvat, sogʻlom boʻlishga undagan. Orzu-istaklar va
intilishlar ifodasi boʻlgan bu oʻyinlar sayillar, bayramlarga koʻrk
bagʻishlagan. Kurashlarda halol, mard polvon, uloqda chapdast va mohir
chavandoz olqishlangan. Deyarli barcha harakatlar zamiridan mehnat va jismoniy
tarbiyaga oshnolik, sogʻlom avlod orzusi oʻrin olgan.
Ana shu ezgu
anʼana bugungi kunda yangicha maʼno va mazmun bilan davom ettirilmoqda. Shu
kunlarda olis qishloqlar, togʻ yon bagʻirlari, dalalar va yaylovlarda bahorgi
sayillar boʻlib oʻtyapti. Har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari,
tomoshalar tashkil etilmoqda. Harakatli oʻyinlar zamiridagi elu yurt xizmatiga
kamarbastalik, vatanga muhabbat tuygʻularini his qilish qiyin emas. Qolaversa,
sogʻlom turmush tarzi shakllanishida ularning oʻrni alohida.
Izlanishlar harakatli oʻyinlar funksional organlar faoliyatini
boshqaruvchi markaziy nerv tizimiga har tomonlama ijobiy taʼsir etishini
isbotlagan. Oʻyin davomida bolalar muayyan rollarga, obrazlarga kirishi ularda
izlash, ijodkorlik, topqirlik, zukkolik kabi xislatlar, xotira, diqqat, idrok,
tafakkur, iroda kabi qobiliyat, mardlik, botirlik, jasurlik kabi fazilatlarni
shakllantiradi. Bolalarning jismonan salomatligi, sogʻlom ruhiyati kamol
topishida bu oʻyinlarning ahamiyati
katta.
— Xalq oʻyinlari
erkaklar, ayollar va aralash oʻyin turlariga boʻlinadi, — deydi filologiya
fanlari doktori, professor Shomirza Turdimov.
— Masalan, qizlar oʻynaydigan “toʻp tosh”da qoʻl va koʻz harakatlari
uygʻunligi vositasidagi harakatlar insonning fikrini bir joyga jamlashi bilan
xarakterlanadi. Qiz bola toshni bir joyga jamlaydi, sanaydi va keyin sochib
yuboradi. Oʻyin paytida oʻziga xos ohang bilan qoʻshiq aytadi. Qoʻshiq ohangi
qoʻl harakatlari bilan uygʻun, bu esa butun vujud va ruhga osoyishtalik
bagʻishlaydi.
Xalqimizda “poʻta
soldi” degan oʻyin bor. Poʻta — belbogʻ degani. Bu oʻyinni qizlar ham, oʻgʻil
bolalar ham davra boʻlib oʻynaydi. U ishtirokchilarni yugurishga undaydi.
Yugurayotgan bola belbogʻni olishga ulgurishi kerak. Chaqqonlik, chapdastlik
vujudni silkitib, mushaklarni harakatga keltiradi. Oʻpka toʻyib nafas oladi.
“Quvlashmachoq”, “mokki” oʻyinlari yurish,
yugurishni ragʻbatlantirsa, “qarmoqcha”, “doʻngdan doʻngga”, “qarichma-qarich”
oʻyinlarida toʻxtash, sakrash talab etiladi. “Tortishmachoq”, “kun va tun”,
“koʻp uchun kurash”, “otib qochar” oʻyinlari esa kuch, tezkorlik, chidamkorlik,
egiluvchanlikka oʻrgatadi.
“Chillak” “tortishmachoq”, “supur-supur”,
“tosh koʻtarish”, “ot ustida kurash”, “koʻpkari”, “lanka”, “arqon tortish”
oʻyinlari haqida katta avlod vakillari yaxshi biladi. Bularning barchasi bir
vaqtning oʻzida ham jismoniy, ham ruhiy salomatlikni mustahkamlaydi.
Masalan, “chillak”
oʻyinida bir zum nafas olmaslik sharti bor. Oʻyin natijasiga koʻra, yutqazgan
tomon nafas olmasdan yutgan tomonni belgilangan masofadan olib kelishi kerak. Nafasni ushlab turish
talab etiladi, bu esa oʻpka kengayishiga sabab boʻladi. Oʻpkaning kengayishi
yurak-qon tomirlari faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoda eng koʻp
uchraydigan onkologik kasallik turi — oʻpka saratoni. Har yili 2,5 millionga
yaqin kishiga shu tashxis qoʻyiladi. Har qanday kasallikdan himoya insonning
turmush tarzi, xatti-harakati bilan bogʻliqligini inobatga olsak, harakatli
oʻyinlar, ular orqali vujudga keladigan sogʻlom jism va ruhiyat
xastaliklarning ajoyib profilaktikasi ekani ayon boʻladi.
Yovqurlar
bellashuvi
Bolaligimda
bobomning ikkita nonni belbogʻiga tugib, olis togʻli qishloqqa, koʻpkariga
otlanganiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Bobom sogʻlom va baquvvat, oʻktam
qarashlarida hayotning chuqur maʼnosi bor inson edi. U har gal koʻpkari haqida
gapirarkan, ot ustida shamoldek yelgan kunlari xotirasida jonlanar, yorqin va
shukuhli gʻalabalar haqidagi hikoyalarni biz gʻurur va hayajon bilan
tinglardik. Hikoyalar bizni bellashuv maydonlariga olib borar, yuzlari
bahorning salqin shamolida afsonaviy qiyofa kasb etgan, raqiblar orasida
jasorat va gʻurur bilan ot surgan bobom jism yovqurligi, ruh salomatligida
betimsol edi goʻyo.
— Koʻpkari mardlar, polvonlar, dovyuraklar bellashuvi, — deydi pedagogika
fanlari doktori, professor Talʼat Usmonxoʻjayev. — U qadimda hosil bayrami, toʻylar, bahorgi
sayillarda oʻynalgan. Tomoshaga kelganlar xavfsizligi, oʻyinga xalaqit
bermasligi uchun moʻljallangan maydon arava (hozir avtoulovlar) bilan oʻraladi.
Tomoshabin uzoqroqdan turib kuzatadi. Koʻpkari-uloq azaldan yigitlarni mohir ovchi,
mergan, kuragi yerga tegmaydigan pahlavon, jismonan baquvvat, sogʻlom qilib
tarbiyalagan. Tiniq va toza havo, faol bir muhit, tabiat bilan yaqinlik,
qizgʻin bellashuv va his-hayajon odamlar kayfiyatini koʻtargan. Chavandozdagi
chapdastlik, qiyin pallalarda zarur qarorni qabul qilishi, sabr va matonati
ruhiy salomatlikka ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Bugun ham
hududlarda xalq sayillarida koʻpkari-uloq qizgʻin bellashuvlar asosida oʻtkazib
kelinyapti. Mohir chavandozlar kashf etilyapti, el olqishi va hurmatiga sazovor
boʻlmoqda.
— Koʻpkari tez harakat talab qiladigan oʻyin, — deydi Talʼat
Usmonxoʻjayev. — Bellashuv uchun moʻljallangan maydon oʻrtasiga bakovul uloq
tashlaydi. Uloqni qoʻlga kiritish uchun chavandozlar harakati boshlanadi.
Qalblar yuzlab otlar dupuridan junbushga keladi. Uloqni maydondan olib chiqish
gʻoliblik sanaladi. Gʻalaba uchun kurash keskin, shiddatli kechadi. Yaxshi ot,
bilak kuchi, mohirlik, chapdastlik gʻalaba garovidir. Bu yerda yigitning ori,
gʻururi sinaladi. Kurashlarda qatʼiyat, iroda bilan birga jism va ruh
salomatligi ham toblanib boradi.
Belbogʻli
kurash
Qadimgi xalq sayillari, bayramlari va
toʻylarining koʻrki boʻlgan belbogʻli kurash Fargʻona vodiysi va unga tutash
hududlar — Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida rivojlangan. Polvonlar yurt
oqsoqollari va ulugʻlaridan duo olib maydonga tushgan. Bu kurash turida
oʻzbekona lutf, mardlik va halimlik oʻz ifodasini topgan. Bellashuvda gʻolib
chiqqan polvon yiqilgan raqibini hurmat bilan turgʻizib qoʻyadi. Yengilgan
polvon ham raqibiga tan berib, yelkasiga qoqib qoʻyadi. Bu ham mardlik,
adolatparvarlik, oʻzidan kuchsiz odamga hurmat koʻrsatish kabi fazilatdir.
— Belbogʻli kurashning koʻp jihatlari oʻzbek xalq milliy
kurashiga oʻxshab ketadi, lekin bunda polvonlar asosan belbogʻ orqali
kurashadi, — deydi Talʼat Usmonxoʻjayev. — Kurash qoidalariga kelsak, bahslarda
polvonlar bir-birining belbogʻidan ushlab bellashadi. Belbogʻni qoʻyib yuborish
mumkin emas. Barcha harakatlar belbogʻni ushlagan holda bajariladi. Asosiy
maqsad raqibni muvozanatdan chiqarib, yerga yiqitish. Gʻirrom boʻlmagan aniq
harakatlar gʻalabani taʼminlaydi.
Kurashchi
alpqomat, epchil boʻlibgina qolmay, raqibi harakatlarini tana orqali sezish
qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Bu kurashda yurak-qon tomirlari
mustahkamlanadi. Mushaklarning kuchli boʻlishi qomatni tik saqlashga yordam
beradi. Asabiylikni yengish, oʻziga ishonchning ortishiga zamin yaratadi. Intizom, hurmat va odob, sabr-toqat va
matonat shakllanadi. Ruhiy barqarorlikka sabab boʻladi.
— Bu sport turi, ayniqsa, bolalar salomatligini
yaxshilaydi, agar u toʻgʻri va nazorat ostida bajarilsa, — deydi bolalar
shifokori Nigora Norbekova. — Kurash mashgʻulotlari organizmni chiniqtirib,
mushaklar ishini yaxshilaydi. Qon aylanishi, yurak faoliyatiga ijobiy taʼsir
qiladi. Kuch va chidamlilik harakatlarni aniq va muvofiq bajarishga oʻrgatadi.
Lekin mashqlar malakali murabbiylar nazoratida oʻtkazilishi maqsadga
muvofiq.
Ezgu
qadriyat bolalar qalbiga qaytadimi?
Olis bolalik yillarining tuproq koʻchalari. Ariqlarni toʻldirib oqqan suv
faqat muhit emas, balki tabiat bilan bogʻlanish imkoni, hayotiy harakat va
jismoniy quvvat manbai ham. Ariq ustidan kim koʻp sakrash boʻyicha bellashamiz.
Oʻyinlarning turlari koʻp: “berkinmachoq”, “qarmoqcha”, “uzoqqa otish”, “arqon
tortish”, “gʻozlar — oqqushlar”...
Oʻyin uchun
moʻljallangan joy — erkin ijod maydoni. Chunki bu maydonda real harakatlar
bilan birga tasavvurlar ham ilgari suriladi. Majburiyatlardan xoli,
tabiiylikka, erkinlikka intilish bor. Hayotni anglash, qayta yaratish va unga
maʼno berish shu yerdan boshlanadi goʻyo.
— Bolalarga alla aytilganda, ular qoʻshiq ohangini anglay boshlaydi, —
deydi Shomirza Turdimov. — Ehtimol, allaning maʼnosini tushunmas, lekin
bolaning musiqaga munosabati shakllanadi. Topishmoq bolani obrazli fikrlashga
yoʻnaltiradi. Ertak esa bilimli qiladi. Oʻyinlar bolalarni jamiyatga
aralashtiradi. Ishtirokchilar sanama orqali adolat bilan ikki guruhga
ajratiladi. Eng asosiysi, oʻyinboshi va oʻyinning ishtirok etuvchisi boʻladi.
Hamma ham oʻyinboshi boʻlavermaydi. Oʻyinning ichida jamoani boshqaradigan,
tartibini tashkil qiladigan, adolat bilan hukm chiqaradigan yetakchilar
shakllanadi. Ixtiyoriy oʻynaladi va bolaning ruhiy holatiga salbiy taʼsir
qilmaydi. U jamiyatga faol qoʻshiladi. Yurish, yugurish, sakrash va emaklash
kabi harakatlar orqali bola jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetadi.
Bugun oʻzgacha
manzaraga guvoh boʻlyapmiz. Bolalar aksariyat vaqtini kompyuter va gadjetlar
qarshisida oʻtkazmoqda. Notoʻgʻri holat skolioz, qon aylanishining
yomonlashishi va boʻyin umurtqasiga yukning oshishiga olib kelishi mumkin. Agar
bu hol uzoq vaqt davom etsa, bu oʻzgarishlar yanada kuchayadi.
Koʻzlar ekran
nuridan aziyat chekadi. Mutaxassislar “quruq koʻz sindromi” yuzaga kelishini
taʼkidlamoqda. Bolalar koʻzlariga dam berish uchun muntazam ravishda ekrandan
uzoqroqqa qarashlari, yiroqdagi narsalarga eʼtibor qaratishi muhim. Qolaversa,
ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanib qolgan oʻsmirlarda yolgʻizlik hissi ham
kuchayadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha,
dunyo boʻylab bolalar oʻrtasida ortiqcha vazn va semirish koʻrsatkichlari oshib
bormoqda. 2025-yilda ilk bor bolalar oʻrtasida semirish holatlari ozgʻinlik
koʻrsatkichlaridan ancha yuqori boʻlgan. Xususan,
maktab yoshidagi har oʻninchi bola va oʻsmir semirishdan aziyat chekyapti. Har
beshinchisi, yaʼni jami 391 million oʻgʻil-qiz ortiqcha vaznga ega. Shuningdek,
dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qandli diabetga chalingan.
Tadqiqotchilar buni nosogʻlom
ovqatlanish ratsioni, yaʼni arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlar isteʼmoli
ommalashgani bilan bogʻlashayotgan boʻlsa-da, yana bir omilni istisno qilib
boʻlmaydi. Bu — kamharakatlilik. Mushaklar
kuchining zaiflashishi va qon aylanishi buzilishi, nafas siqilishi, charchoq,
mehnat va oʻqish qobiliyati pasayishi, turli surunkali kasalliklar
kamharakatlilik ortidan yuzaga kelishi sir emas.
Bu holda nima
qilish mumkin? Milliy oʻyinlarning jozibasi, ohorini bolalar qalbiga qaytarish
yoʻllari bormi?
— Bunday
oʻyinlarning ayrim turlarini zamonaviy sport yoki taʼlim texnologiyalari bilan
uygʻunlashtirish kutilgan natijani berishi mumkin, — deydi Talʼat
Usmonxoʻjayev. — Bunda mutaxassislarning ijodkorligi katta ahamiyatga ega.
Bolalarni butun qalbi bilan yaxshi koʻradigan, ular bilan shugʻullanishdan
charchamaydigan ustoz, ijodkorlar kerak. Pedagogika sohasida loqaydlik
yaramaydi. Bola egiluvchan. Qaysi tomonga yoʻnaltirsang, shu tomonga yuradi.
Agar milliy oʻyinlar zamonaviy sport turlari bilan uygʻunlashtirilib, taʼlim
jarayoniga tatbiq etilsa, dars jarayonlarida ulardan kengroq foydalanilsa,
oʻyinlarning taʼsirchanligi oshadi.
Bugungi kunda
milliy oʻyinlarning baʼzilari unutilmoqda. Ularni qayta tiklash va yosh avlodga
yetkazish choralarini koʻrish kerak. Avvalo, qaysi milliy oʻyinni tiklash
kerakligi, uning manbalarini oʻrganish zarur. Bu ilmiy metodik, qoidaviy,
estetik jihatdan puxta amalga oshirilishi shart. Shundagina oʻyinlar folklor
darajasidan institutsional, mazmunan yangilangan, goʻzal qadriyat sifatida yosh
avlodga taqdim etiladi.
Professorning
taʼkidlashicha, zamonaviy format, musobaqalar, targʻibot oʻz taʼsirini
koʻrsatmasdan qolmaydi. Yoshlar orasida sportga qiziqish, jismoniy kamolotga
intilish ortadi. Eski oʻzbekona mahallalar ruhiga mos tarzda oʻtkaziladigan
milliy oʻyinlar boʻyicha musobaqalar yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlarni
befarq qoldirmasligi, bu, ayniqsa, xalqaro festivallarga aylansa, yurt
shuhratini yanada yoyishi shubhasiz. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar qilinishi
kerak. Bu innovatsion yangi sport turlari yaratilishiga turtki beradi. Yangi
izlanishlar oʻz oʻrnida xalqimiz merosini saqlash va davomiyligini taʼminlashga
hissa qoʻshadi.
Bugungi kamharakatlilik va uning oqibatida yuzaga kelayotgan kasalliklar
asorati global muammoga aylanib borayotgan bir paytda xalq harakatli oʻyinlari
mohiyatini qayta anglash, ularni zamon ruhiga mos ravishda rivojlantirish
zarurati yuzaga chiqmoqda. Milliy oʻyinlarni zamonaviy sport turlari bilan
integratsiya qilish, donishmand xalqning
qalb qoʻrini asrash, boyitish, keyingi avlodga bus-butun yetkazish bugungi kunning muhim vazifasi. Sogʻlom va
barkamol millat orzusi bilan hamohang bu vazifa vatanparvar, fidoyi, jismonan
baquvvat, ruhan yetuk yigit-qizlarni
voyaga yetkazishi, ularni el-yurt ravnaqi yoʻlida safarbar etishiga
ishonchimiz komil.
Risolat
MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston”
muxbiri