Unda soha mutaxassislari, mas’ul xodimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjuman davomida kompaniyaning o‘tgan yilda amalga oshirgan ishlari, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir bilan ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirning asosiy maqsadi ko‘mir sanoatida amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish hajmlari va aholini yoqilg‘i bilan ta’minlashdagi natijalarni jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, 2026-yil uchun ustuvor vazifalarni belgilab berishdan iborat bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi 20 dan ortiq yirik va kichik korxonalar faoliyat yuritmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 9 million tonna ko‘mir qazib olingan.

— 2025-yilda qazib olingan ko‘mirning 7 million tonnadan ortig‘i “O‘zbekko‘mir” AJ hissasiga to‘g‘ri keldi. Qariyb 1 million 900 ming tonnasi esa boshqa tadbirkorlar tomonidan qazib olindi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi, — dedi “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Erkin Yakubov.

Shu bilan birga, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan barcha vazifalar to‘liq bajarildi. 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida aholi va budjet tashkilotlari 100 foiz ko‘mir bilan ta’minlandi.

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida “mycoal.uz” elektron platformasi orqali sotuv tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Anjumanda qayd etilishicha, ishlab chiqarish hajmi amaldagi narxlarda qariyb 1 trillion 868 milliard so‘mni tashkil etib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, Toshkent viloyati Angren shahrida Xitoy kompaniyasi ishtirokida yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

— Mavsum davomida aholiga jami 2 million 295 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi. Shundan 1 million 590 ming tonnasi aholiga, 783 ming tonnasi esa budjet tashkilotlariga taqsimlandi, — dedi “Ko‘mir ta’minot” AJ mutaxassisi Muxiddin Mamatsaidov.

2025-yilda kompaniya xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘rtacha ish haqi 15,9 foizga oshirilib, 7,3 million so‘mga yetkazildi. Yil yakunida esa xodimlarga qo‘shimcha mukofot pullari to‘landi.

Energiya va yoqilg‘i resurslaridan oqilona foydalanish natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligida 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tejash, yuzlab tonna dizel yoqilg‘isini iqtisod qilish hamda 3 million kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasini saqlab qolish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ko‘mir qazib olish jarayonida chang va zararli gazlarni kamaytirish maqsadida suv sepuvchi maxsus texnikalar xarid qilindi. Bundan tashqari anjumanda, Angren hududi atrofida 20 ming tup terak daraxti ekib chiqildi. Joriy yilda yana 5 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgani ham aytib o‘tildi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, 2025-yilda ko‘mir sanoatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan to‘liq ta’minlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish, raqamli platformalarni joriy etish hamda ekologik chora-tadbirlarni kuchaytirish sohada tizimli islohotlar olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.

Kelgusi yillarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va modernizatsiya jarayonlari ko‘mir sanoatining raqobatbardoshligini yanada oshirib, mamlakat iqtisodiyoti va aholining energiya ta’minotini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Madina Botirjonova