Bu haqida IIV axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yildan buyon tashkil etib kelinayotgan mazkur tanlovning bu yilgi respublika bosqichi Bo‘stonliq tumanida joylashgan IIV «Oqto‘sh» oromgohida yuqori saviyada tashkil etildi. Tanlovning hududiy saralash bosqichlarida respublika bo‘ylab 300 dan ortiq oila ishtirok etgan bo‘lsa, saralashlar yakunlariga ko‘ra eng munosib deb topilgan 19 ta oila respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari, ijodkorlar hamda jamoatchilik faollari qatnashdi.
Ishtirokchilar «Tanish tirish», «Bu mening oilam», «Biz kitobxon oilamiz» kabi shartlar asosida o‘zlarining hayot tarzi, oilaviy an’analari, kitobxonlik madaniyati va ijodiy salohiyatini namoyon qildi. Milliy qo‘shiqlar, she’rlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar tanlovga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tanlov yakuniga ko‘ra:
- 1-o‘rinni Navoiy viloyatidan katta serjant Roziqovlar oilasi;
- 2-o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatidan mayor Abdullaevlar oilasi;
- 3-o‘rinni Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentidan mayor Jumaboevlar oilasi egalladi.
Shuningdek, qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandi. Xususan:
- «Zukko oila» — Toshkent viloyati IIBB katta serjant To‘xtasinovlar oilasi;
- «Faol oila» — Toshkent shahar IIBB mayor Roziqovlar oilasi;
- «Ibratli oila» — Andijon viloyati IIB kapitan Abbosxonovlar oilasi;
- «Ijodkor farzand» — Farg‘ona viloyati IIB mayor Asqarovlar oilasi;
- «Sportchi oila» — Jazoni ijro etish departamenti Baxriddinovlar oilasi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar oila jamiyatning eng mustahkam poydevori ekanini, ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun ahil va sog‘lom oila muhiti muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.