Aynan shu nuqtada tabiiy resurslarga munosabat va davlat boshqaruvidagi qarorlar ijrosi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik yuzaga chiqadi. Chunki strategik resurslarni boshqarishda qabul qilingan har bir qarorning amaldagi natijasi jamiyat hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, suv resurslarini samarali boshqarish, har bir tomchining qiymatini anglash va infratuzilmani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu vazifalarni hal etishda ijro intizomi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlari sifati va aholi turmush darajasini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Suv ta’minoti sohasidagi islohotlar ana shu maqsadlar bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshirilmoqda.

Bugun “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida ijro intizomi tashkilot samaradorligini belgilaydigan asosiy tamoyilga aylangan. Bu yondashuv 16 ta hududiy va magistral aksiyadorlik jamiyati hamda 14 ta hududiy injiniring kompaniyasi faoliyatini yagona boshqaruv tizimi atrofida birlashtirmoqda. Chunki zamonaviy davlat boshqaruvida qarorning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi samaradorlikni belgilaydi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ijro intizomi bugun rasmiy talab doirasidan chiqib, islohotlar samaradorligini ta’minlovchi doimiy mexanizmga aylangan.

Ushbu mexanizmning amaliy natijasi sifatida 2026-yil birinchi yarim yillikda belgilangan vazifalar doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va yig‘ilish bayonlaridagi 384 ta, Prezident Adminis­tratsiyasi rezolyutsiyalaridagi 55 ta hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlaridagi 23 ta topshiriq to‘liq ijro etildi. Bu ko‘rsatkich tizimda shakllangan qat’iy nazorat, aniq rejalashtirish va shaxsiy javobgarlik tizimining amaliy samarasini namoyon etadi.

Aynan shu natijalarga tayangan holda, joriy yilning yarim yilligi davomida kelib tushgan barcha qonunchilik hujjatlari yagona elektron reyestrga kiritilib, har bir topshiriq bo‘yicha alohida nazorat rejalari ishlab chiqildi. Shu asosda ijrochilar, muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilab qo‘yilishi natijasida ijro jarayoni tizimli va uzluksiz shaklga keltirildi.

Mazkur tizim barqaror ishlashi uchun har bir topshiriq ijrochiga o‘z vaqtida yetkazilib, doimiy monitoringga olindi. Muddati yaqinlashgan yoki kechikish xavfi paydo bo‘lgan vazifalar bo‘yicha tezkor eslatmalar yuborilib, ijro jarayonida uzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi. Shu bilan birga, dushanba va juma kunlari rahbariyatga taqdim etiladigan tahliliy axborotlar boshqaruv qarorlarini tezkor va asosli qabul qilish imkonini bermoqda.

Ijro intizomini yanada mustahkamlashda raqamli texnologiyalar hal qiluvchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida elektron monitoring tizimi, avtomatik nazorat va onlayn hisobot platformalari orqali har bir topshiriq real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda. Bu inson omili ishtirokini qisqartirib, shaffoflikni oshirish va boshqaruvda aniqlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Natijada ijro intizomi kuchli bo‘lgan tizimda xato va kamchiliklar kamayadi, boshqaruv aniqligi oshadi va natijalar barqarorlashadi. Bu jarayon faqat texnik nazorat emas, balki jamoa mas’uliyatini shaxsiy javobgarlik bilan uyg‘unlashtiradigan boshqaruv madaniyatidir. Shu nuqtayi nazardan, KPI tizimi va rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilib, xodimlar faoliyati kunlik, haftalik va oylik baholab borilmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan suv ta’minoti sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli dastur va vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olingan.

Birgina misol: 2026-yil uchun belgilangan asosiy vazifalardan biri — 310 ming kishini ilk bor markazlashgan toza ichimlik suv bilan ta’minlashni olaylik. Bu raqam ortida yuzlab oilalarning ko‘p yillar davomida quduq suvi hamda tashib keltiriladigan suvni iste’mol qilib kelgani yoki mavsumiy manbalarga tayanib kun o‘tkazgani turadi. Bunday hududlarda har bir kun suv topish bilan boshlanadi. Bu jarayon vaqt, mehnat va imkoniyatni cheklab qo‘yadi. Yuqoridagi vazifa amalga oshishi ortidan oilalarning kun tartibi yengillashadi, bolalarning o‘qish va dam olishga vaqti yetadi, sanitariya sharoiti yaxshilanadi.

Shu bilan birga, joriy yilda 2,4 million kishining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash vazifasi belgilangan. Bu tarmoqlarni to‘liq yangilash, eski quvurlarni almashtirish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va bosimni me’yorga keltirishni qamrab oladi. Ko‘p hududlarda aynan shu jarayon tufayli suv oqimi barqarorlashadi va aholining kundalik qiyinchiliklari sezilarli darajada kamayadi.

Yana bir muhim maqsad sifatida respublikada ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish uchun keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Davlat dasturlari doirasida 1,7 trillion so‘m hisobidan 1394 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 84 ta inshoot qurilishi va qayta tiklanishi belgilangan. Bu ishlar orqali obihayot chekka hududlargacha yetib borishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 21 ta loyiha orqali 462 million dollar mablag‘ jalb qilinib, 1161 kilometr tarmoq va 44 ta inshoot barpo ­etilishi rejalashtirilgan. Xalqaro hamkorlik orqali faqat moliyaviy resurs emas, balki loyiha boshqaruvi, sifat nazorati va texnik standartlar ham tizimga kirib kelmoqda.

Bu vazifalarni amalga oshirishda “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Jumladan, Jalaquduq tumani markazida ichimlik suv tarmoqlari yangilanib, suv yig‘ish inshooti rekonstruksiya qilinmoqda. Qarshi tumanidagi “Chaman” MFY hamda Toyloq tumanidagi Charog‘bon massivida “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun ichimlik va oqova suv tizimlari barpo etilmoqda.

Shuningdek, Buxoro tumanidagi “Bog‘idasht” MFY hududida, Zarafshon shahrining yangi kichik tumanlarida hamda Davlatobod tumanida barpo etilayotgan yangi shaharcha infratuzilmasini suv bilan ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalar izchil davom ettirilmoqda. Kosonsoy shahridagi “Obod” suv tozalash inshootini ­rekon­­s­truksiya qilish orqali esa yangi hududlarni barqaror suv manbai bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Hududlarda, shuningdek, Shovot, Hazorasp, Beshariq, Qo‘shko‘pir tumanlari va Urganch shahridagi qurilish va ta’mirlash ishlari orqali nafaqat yangi massivlar, balki aholi punktlari infratuzilmasi ham bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda. Urganch shahridagi “Al-Xorazmiy” majmuasi misolida esa zamonaviy suv va oqova tizimlari bilan ta’minlash ishlari belgilangan muddatlarda yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Bu loyihalarning yana bir muhim jihati shundaki, ular orqali xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi to‘rtta yirik loyiha ham parallel ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Aynan shu tizimli va qat’iy ijro orqali loyihalarning natijasi texnik ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaydi. Eng asosiysi, ular inson hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Ya’ni suv yetkazib berilgan har bir xonadonda kundalik tashvishlar yengillashadi. Vaqt va mehnat tejaladi, sanitariya sharoiti yaxshilanadi. Natijada odamlarning kayfiyati ko‘tariladi, yashash tarzi o‘zgaradi. Yangi O‘zbekistonda insonni qadrlash tamoyili amalda ishlayotganiga ishonch yanada mustahkamlanadi va odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashaydi.

Har bir mas’ul uchun shaxsiy “yo‘l xaritasi” belgilangan. Bu jamoaviy ­mas’uliyat bilan bir qatorda shaxsiy javobgarlikni ham kuchaytiradi. Natija uchun aniq rahbar va aniq jamoa mas’ul bo‘ladi.

Ushbu vazifalarni samarali bajarish maqsadida boshqaruv raisining o‘rinbosarlari, hududiy tashkilot rahbarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari e’tibori “Ijro.gov.uz” tizimi orqali topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga qaratilgan.

Shu bilan birga, 2026-yilda ijro muddati keladigan topshiriqlarni barvaqt tashkil etish, qonunchilikda nazarda tutilgan “texnologik zanjir”ga qat’iy rioya qilish hamda ijro muddatini uzaytirish yoki nazoratdan chiqarish bo‘yicha takliflarni hududiy adliya organlari bilan hamkorlikda puxta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Ijro jarayonida nazorat va hisobdorlik tizimi kuchaytirilib, mas’ul ijrochilarning javobgarligi oshirilmoqda. Topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish bo‘yicha talabchanlik yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Raqamli monitoring tizimlari, elek­tron hisobot platformalari va avtomatik nazorat mexanizmlari orqali ijro jarayoni real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda. Bu shaffoflikni ta’minlash, inson omili ishtirokini kamaytirish va qaror qabul qilish tezkorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda davlat boshqaruvida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolar murojaatlarini chuqur o‘rganish va ularda ­ko‘tarilayotgan masalalarni manzilli hal etish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizimdagi tashkilotlarida aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoni yanada takomillashtirilib, muammolarni oldindan aniqlash, profilaktik choralarni kuchaytirish va tezkor hal etishga qaratilgan yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Natijada murojaatlar soni kamayishi bilan birga ularni hal etish samaradorligi ham sezilarli darajada oshdi.

Xususan, 2025 yilning birinchi yarim yilligi hamda 2026 yilning shu davri qiyosiy tahliliga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizimdagi tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlar soni 8702 tadan 6997 taga kamaygan. Ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan murojaatlar 1705 taga yoki 20 foiz qisqargan. Murojaatlarning 6226 tasi yoki 98 foizi ijobiy hal etilgani tizimda aholi bilan ishlash sifati yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.

Mazkur natijalar ortida sohadagi islohotlar, ichimlik suv ta’minoti infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar, aholi bilan muntazam muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilishi hamda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mujassam.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat boshqaruvida ijro intizomini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. Mazkur hujjat bilan ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalarning birinchi rahbarga bo‘ysundirilishi rahbarlar mas’uliyatini kuchaytirish va ijro samaradorligini oshirishning muhim institutsional mexanizmiga aylandi.

Farmon talablaridan kelib chiqqan holda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimida qonunchilik hujjatlari hamda topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlari joriy etildi. Hududlarda islohotlar natijadorligini baholash hamda ijro intizomini ta’minlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati sezilarli darajada oshdi. Natijada farmon qabul qilingan davrdan buyon tizimdagi

2653 ta topshiriqning o‘z vaqtida ijro etilishi va nazorat qilinishi ta’minlandi. Bu aksiyadorlik jamiyati tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda boshqaruv sifatini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Aynan shu yondashuvning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari, sayyor qabullar samaradorligi va aholi muammolarining yechimi rahbarlar faoliyatini baholashning muhim mezonlaridan biri — KPI tizimiga kiritildi. Bu sohada yangi mas’uliyat muhitini shakllantirib, rahbarlar faoliyatini endi nafaqat bajarilgan ishlar hajmi, balki aholi roziligi, murojaatlarning o‘z vaqtida hal etilishi va erishilgan amaliy natijalar orqali ham baholash imkonini bermoqda.

Bunday yondashuv muammolarni faqat oqibat sifatida bartaraf etish emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va oldini olishga xizmat qilmoqda. Ya’ni boshqaruvda “murojaatni hal qilish”dan “muammoning oldini olish” tamoyiliga o‘tish jarayoni kechmoqda.

Islohotlar samarasi bugun odamlar hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Suv yetgan joyda hayot nafaqat yengillashadi, balki yangilanadi. Bolalarning sog‘lom o‘sishi, oilalarning xotirjamligi va mahallalarning obodligi aynan shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori asosida hukumat qarorlari ijrosini samarali tashkil etish, ijro intizomini mustahkamlash, ijro uchun mas’ul rahbarlarning ham javobgarligi oshirilgan.

Natijada o‘tgan davrda Vazirlar Mahkamasining 1082 ta topshirig‘idan 1028 tasining ijrosi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 mart kuni ijro intizomi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab bergan topshiriqlari asosida ichimlik suv ta’minotidagi dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rib borilmoqda.

Eng muhimi, topshiriqlar muddatini uzaytirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga kiritish holati keskin kamaytirildi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida respublikamiz bo‘ylab 17 ta ichimlik suv ta’minoti obyektining foydalanishga topshirilishi aholining turmush sifatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning yana bir muhim amaliy natijasidir. Keyingi yillarda suv ta’minoti sohasidagi keng ko‘lamli loyihalar muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish bilan cheklanmay, eng avvalo, insonning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, mazkur obyektlarning ishga tushirilishi aholining farovonligini ta’minlash, hududlarni barqaror rivojlantirish va xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining izchil davomidir. Natijada 452 ming kishining ichimlik suv ta’minoti yanada yaxshilanadi, 417 mingdan ziyod fuqaro esa ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Ushbu ko‘rsatkichlar zamirida yuz minglab oilalarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, salomatlikni mustahkamlash, turmush sifati va ertangi kunga ishonch mujassam.

Mazkur jihatlar joriy yil 20 iyul kuni davlatimiz rahbari huzurida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida ham alohida ta’kidlandi. Unda ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada takomillashtirish, tarmoqdagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ijro intizomini kuchaytirish hamda sohani zamonaviy boshqaruv mexanizmlari asosida rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda suv ta’minoti sohasiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada 7,7 million kishi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlandi. Biroq erishilgan natijalar yangi vazifalar uchun poydevor ekani ta’kidlanib, kelgusi yillarda ichimlik suv ta’minoti qamrovini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini 80 foizga yetkazish, eng muhimi, har bir loyihani inson manfaati nuqtayi nazaridan sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Yig‘ilishda sohani boshqarishning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ichimlik suvni ishlab chiqarish va uni iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, magistral suv ta’minoti korxonalarini tashkil etish hamda ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini iqtisodiy asoslangan va shaffof mezonlar asosida belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, raqamli transformatsiyani jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Xususan, iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini bosqichma-bosqich joriy etish, suv tarmoqlari va inshootlarining raqamli xaritasini yaratish, SCADA, GIS, telemetriya va yagona billing tizimlarini keng tatbiq etish orqali suv yo‘qotishlarini sezilarli qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib nasos uskunalari faoliyatini tahlil qilish, avariyalarni oldindan aniqlash va aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha yangi yechimlar joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar sohada faqat yangi loyihalarni amalga oshirishni emas, balki boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va ijro intizomini yanada mustahkamlashning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Bu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, eng avvalo, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish, inson hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga xizmat qiladi.

Har bir yangi suv inshooti, har bir xonadonga yetib borgan toza suv mamlakatimizda inson manfaati ustuvor ekanining amaliy ifodasidir. Ana shunday natijalar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini yanada teran ochib, davlat siyosati markazida inson qadri, xalq farovonligi va qabul qilinayotgan qarorlarning so‘zsiz ijrosi turganini tasdiqlamoqda.

Ahmad SUVONQULOV,

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi