Farmon bilan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini “5T - taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish” tamoyili asosida rivojlantirish, shuningdek, yuqori salohiyatli oliy taʼlim tashkilotlarini xalqaro miqyosda raqobatbardosh va iqtidorli yoshlar uchun ilmiy-intellektual markazlarga aylantirish koʻzda tutilmoqda. Ushbu yondashuv oliy taʼlim muassasalari faoliyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan.
Ilgari
oliy taʼlim muassasalari faqat taʼlim berish bilan cheklangan. Talabaning
maʼnaviy holati (tarbiya), olimlarning izlanishlari (tadqiqot) va eng asosiysi,
oʻsha ilmiy kashfiyotlarni ishlab chiqarishga joriy qilib, daromad topish
(tijoratlashtirish) kabi masalalar birmuncha chetda qolayotgan edi. Albatta,
ushbu masalalarni tizimli tashkil etish va takomillashtirish muhim ahamiyat
kasb etadi. Endilikda yangi tizim orqali oliygohlar oʻzi yangilik yaratadigan,
uni bozorga olib chiqadigan va shu orqali oʻzini oʻzi moliyalashtira oladigan
yaxlit innovatsion markazga aylanadi. Taʼlim-tarbiya tamoyili talabani nafaqat
bilimli, balki masʼuliyatli, vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga
hurmat ruhida kamol topishiga xizmat qilsa, ilmiy tadqiqotlar sanoat, qishloq
xoʻjaligi, tibbiyot va shu kabi koʻplab sohalarda yangilik yaratadi. Ilmiy
ishlanmalarning tijoratlashtirilishi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat
bozorida oʻz oʻrnini topishi, bitiruvchilar bandligini taʼminlash kabi
masalalarga munosib yechim boʻladi.
Meʼyoriy
hujjatga koʻra, “U10 — Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturi
joriy etiladi va uning doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga milliy tadqiqot
universiteti maqomi beriladi. Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy
dasturlari doirasida ilmiy klaster tashkil etish loyihasi boʻyicha
oʻtkaziladigan tanlovlarda gʻolib boʻlgan 10 ta oliygohga beriladi.
2030-yilgacha
10 ta oliygohni global reytinglarga kiritish maqsad qilingan. Bu boradagi
ishlarni Germaniya, Xitoy va Rossiya tajribasi asosida tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Misol uchun, Germaniyada “Mukammallik tashabbusi” dasturida 11 ta, Xitoyda
“Oliy darajadagi universitet” dasturida 147 ta, Rossiyada “Pyat sto” dasturida
21 ta oliygoh global reytinglarga tayyorlangan. Mazkur klasterlar oliy taʼlim
muassasalari, ilmiy tashkilotlar, nufuzli xorijiy universitetlar va sanoat
korxonalari hamkorligida shakllantiriladi hamda har biri 150 milliard soʻmgacha
moliyalashtiriladi. Ilmiy klaster loyihalari xalqaro TOP-300 reytingiga kirgan
oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tanlov asosida saralanadi. Bunda
professor-oʻqituvchilar salohiyati, ilmiy baza, xalqaro reytinglardagi oʻrin
hamda moliyaviy ishtirok darajasi asosiy mezon sifatida belgilanadi. OTMlardagi
tadqiqotlar yangi bilimlar, texnologiyalar va innovatsion yechimlarni
yaratishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradi.
Talabalarning ilmiy salohiyati yuksalishi, kelgusida koʻplab sohalardagi
muammolarga innovatsion yechim topishga koʻmaklashuvchi loyihalar yuzaga
kelishiga turtki beradi. Shuningdek, bu loyiha nafaqat OTMlarni
rivojlantirishni koʻzda tutadi, balki ilm-fan va intellektual salohiyat
rivojiga ham turtki beradi. Katta ilmiy maktablar yuzaga kelishiga zamin
yaratadi.
2027-yil
1-yanvardan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini baholashning yangi —
milliy reyting tizimi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Reyting natijalariga
koʻra, oliygohlarni moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda aynan qaysi mezonlarga tayaniladi degan haqli savol tugʻilishi mumkin.
OTMlarda tashkil etilgan oʻquv jarayoni, ilmiy salohiyat, xalqaro aloqalar
samarasi, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi oʻrni kabi koʻrsatkichlarga
eʼtibor qaratilishi taʼkidlanmoqda. Taʼlim muassasasida bilim berish sifati
qanchalik yuqori boʻlsa, unga berilgan baho ham shunga yarasha boʻladi.
Qolaversa, universitet bitiruvchilari tez ish topib ketsa va ilm-fanda oldinda
boʻlsa, oʻsha oliygoh davlat tomonidan koʻproq moliyaviy ragʻbatlantiriladi.
Shunga mos ravishda moliyalashtirish ham differensial tarzda amalga oshiriladi.
— Ilgari bir trillionga yaqin pul ilmiy
tadqiqot uchun ajratilar edi, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar
vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor
Rajabov.
— Tahlillarga koʻra, ushbu mablagʻning 42 foizi iqtisodiy, gumanitar sohadagi
tadqiqotlarga berilgan. Farmon bilan 2027-yildan boshlab davlat ilmiy
dasturlari doirasida ilmiy tadqiqot loyihalarini tanlab olish va
moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etiladi. Unga koʻra, moliyalashtirish
hajmining 50 foizdan kam boʻlmagan qismi ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy
tadqiqot loyihalariga yoʻnaltiriladi. Suv resurslaridan samarali foydalanish,
oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi, sanoatni rivojlantirish, sunʼiy
intellekt, metallurgiya, tibbiyot, energetika sohalari mamlakatimizda eng
ustuvor yoʻnalishlar sanaladi. Shu yoʻnalishda aniq natija beradigan
tadqiqotlarga koʻproq eʼtibor qaratiladi.
Meʼyoriy
hujjat bilan davlat oliygohlarida grant asosida tahsil olayotgan talabalar
uchun byudjetdan ajratilayotgan mablagʻ miqdorini aniqlashning yangi
mexanizmlarini joriy qilish koʻzda tutilgan.
—
Grant asosida oʻqiyotgan talabalar uchun mablagʻ miqdorini aniqlashda
professor-oʻqituvchilar yuklamasi, taʼlim sohasi murakkabligi va moddiy-texnik
bazasi, taʼlim sohasi ustuvorligi, ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilganligi, taʼlim
tashkilotining hududiy mansubligi kabi omillar hisobga olinadi, — deydi
S.Rajabov. — Buni soddaroq qilib tushuntiradigan boʻlsak, avvallari davlat
granti asosida oʻqiydigan talabalar uchun davlat tomonidan hamma oliygohga
deyarli bir xil mablagʻ ajratilar edi. Masalan, texnika, tibbiyot yoki ijtimoiy
yoʻnalishdagi universitetlar bir xil mablagʻga ega boʻlardi. Endilikda bu
tartib oʻzgaradi. Agar universitet laboratoriyalari zamonaviy,
professor-oʻqituvchilar salohiyati yuqori va oliygoh reytingi baland boʻlsa,
oʻsha OTMga grant asosida oʻqiydigan bir talaba uchun koʻproq pul ajratiladi.
Yaʼni mablagʻ toʻgʻridan toʻgʻri sifatga qarab beriladi. Bu oliygohlarni oʻzaro
raqobat qilishga majbur etadi.
Shuningdek,
olimlarning loyihalariga davlatdan pul ajratish butunlay ochiq va shaffof
boʻladi. Bunda ilmiy loyiha uch bosqichli ekspertizadan oʻtkaziladi.
Birinchisi, ilmiy-texnik kengash, ikkinchisi, sunʼiy intellekt va albatta,
xalqaro ekspertlar kengashi orqali oʻtadi. Ilgari ilmiy loyihalarga mablagʻ
ajratishda inson omili yuqori boʻlgan, endi esa
bunga chek qoʻyiladi. Sunʼiy intellekt loyihaning haqiqiy yangiligini,
koʻchirilmaganligini, eng muhimi, iqtisodiyotga qanchalik foyda keltirishini
xolis va shaffof baholab beradi. Bu mablagʻlarning asosiy qismi ustuvor
sohalarga yoʻnaltirilishiga imkon yaratadi.
Farmonda
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan
talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish
toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etilishi belgilangan. Xoʻsh,
bakalavriatni xorijiy tilda tamomlaganlardan magistratura va doktorantura uchun
til sertifikati soʻramaslik tartibi amaliyotda qanday ishlaydi?
—
Agar talaba bakalavr bosqichini ingliz yoki boshqa xorijiy tilda oʻqib tugatgan
boʻlsa, keyingi bosqichda, yaʼni magistratura va doktoranturaga qabul
jarayonida undan til bilish sertifikati talab qilinmaydi, — deydi S. Rajabov. —
Misol uchun, ilgari Toshkent xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent
shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti kabi oliygohlarni
bitirganlar ham magistraturaga hujjat topshirayotgan paytda ulardan sertifikat
talab qilinardi. Agar talaba toʻrt yil davomida bakalavrda barcha darslarini ingliz
tilida oʻqigan, imtihonlarni shu tilda topshirgan boʻlsa-yu, magistratura
bosqichida tahsil olishi uchun undan yana til bilish sertifikati talab etilsa,
bu u uchun ortiqcha qogʻozbozlik, sarsongarchilikni yuzaga keltirishi tabiiy.
Yangi tartib orqali ortiqcha ovoragarchilikka chek qoʻyilmoqda.
Xorijlik
talabalar uchun ajratiladigan grantlar qanday taqsimlanadi degan savol
tugʻilishi tabiiy.
Mamlakatimiz
oliygohlarning global reytinglarda munosib oʻrin egallashi oliy taʼlim tizimi
nufuzini oshirib, chet el fuqarolarining Oʻzbekistonga taʼlim olishga
intilishiga sabab boʻlmoqda. Joriy oʻquv yilida xorijlik talabalar soni 23
mingga yetgani Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining mavqei va nufuzi yildan yilga
oshib borayotganidan dalolatdir.
Meʼyoriy
hujjatda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy
talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qoʻshimcha tariqasida “Study in
Uzbekistan” (“Oʻzbekistonda taʼlim ol”) platformasi orqali qabul qilishni
yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilyapti. Har yili 500 nafargacha boʻlgan iqtidorli
chet el fuqarosiga oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun grant
berishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturi amalga
oshirilishi belgilangan.
Bu
bizga nima beradi?
Mutasaddilar
fikricha, mamlakatimizga taʼlim turizmi orqali katta miqdorda xorijiy valyuta
kirib kelishini taʼminlaydi. Chet ellik talabalar koʻpayishi oliygohlarimizning
xalqaro reytinglardagi oʻrnini keskin koʻtaradi. Eng muhimi, universitetlarimiz
ochiq raqobat maydoniga chiqib, jahon taʼlim bozorida oʻz oʻrnini topishni
oʻrganadi. Qabul jarayonlarining soddalashtirilishi xorijlik abituriyentlarga
qator imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Mamlakatimizning taʼlim xizmatlari xorijiy
talabalarga taqdim etilarkan, oʻz-oʻzidan oʻquv dasturlari jahon andozalariga
mos ishlab chiqiladi. Xalqaro raqobat OTMlarda oʻqitish sifati yaxshilanishi,
mamlakatning xalqaro taʼlim maydonida oʻrni mustahkamlanishiga xizmat
qiladi.
Raqamli
taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etilib, taʼlim
tizimida yagona raqamli ekotizim shakllantirilishi nazarda tutilayotgani
innovatsiya, samaradorlik, raqobatbardoshlikning oshishiga zamin yaratishi
bilan ahamiyatli.
Farmon
bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qator qoʻshimcha
vakolatlar berilib, oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligi va boshqaruv
samaradorligi oshirilmoqda. Jumladan, qabul jarayonlarini tasdiqlash, rektor va
rahbar kadrlarni tayinlash, akademik jarayonlarni tartibga solish kabi
vakolatlar vazirlik zimmasiga yuklatiladi. Bu vakolatlar oliygohlarning
masʼuliyatli va mustaqil boʻlishiga zamin yaratadi.
—
Maqsadimiz oliy taʼlimni davlat byudjetiga qarab oʻtiradigan tizimdan mustaqil
faoliyat yuritadigan, oʻzi mablagʻ topadigan, eng muhimi, mehnat bozoriga toʻliq
tayyor, raqobatbardosh kadrlar yetishtirib beradigan asosiy kuchga
aylanishidir, — deydi S. Rajabov. — Biz faqatgina diplom olgan bitiruvchilarni
emas, balki yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantiradigan mutaxassislarni
tayyorlashni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.
Farmon
ijrosi natijasida oliy taʼlim tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga
koʻtarilib, ilm-fan va innovatsiyalar iqtisodiyotning asosiy drayveriga
aylanadi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri