Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim fakulteti Maktabgacha taʼlim kafedrasi tomonidan “Maktabgacha taʼlimda innovatsion tadqiqotlar: muammo va yechimlar“ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda institut professor-oʻqituvchilari, shuningdek, Qozogʻiston, Polsha davlatlaridan olimlar va talaba-yoshlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya maktabgacha taʼlimni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, sohada sunʼiy intellekt asosida bolalarda kreativlikni rivojlantirish, Singapur tajribasi asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda tushunchalarni shakllantirish, shuningdek, bolalarni kundalik tahdidlardan himoya qilish kabi vazifalarga bagʻishlandi.
Konferensiya davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xorijiy tajribadan foydalangan holda “Oʻyinga yoʻnaltirilgan taʼlim va tarbiya“ jarayonini olib borish, maktabgacha yoshdagi bolalarda paremik janrlar orqali ekologik madaniyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, maktabgacha taʼlimda innovatsion tadqiqotlarni takomillashtirish, yuzaga kelayotgan har qanday muammolarga ilmiy yechimlar topish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida institutning maktabgacha taʼlim yoʻnalishi 3-kurs amaliyotchi talabalarining Nukus shahridagi 48-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari bilan hamkorlikda tashkil etgan konsert dasturi anjuman ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi.
Minajatdin QUTLЫMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston“ muxbiri.