Ba’zilar “Sirdaryo o‘zi 1963-yilda tashkil topgan viloyat bo‘lsa, qoloqligi turgan gap-da”, deydigan zamonlar ortda qoldi. Bugun hech kim bunday deya olmaydi.
Bugun Prezidentimiz “Sirdaryo deganda, sirdaryolik deganda azim Sayxun daryosi sohillaridagi so‘lim bir voha, qadimiy Mirzacho‘l bag‘rida bog‘u bo‘stonlar, shahar va qishloqlar bunyod etib kelayotgan mard va matonatli insonlar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi”, deya biz sirdaryoliklarning ko‘ksimizni tog‘ qadar ko‘tarib qo‘ygan.
Har safar davlatimiz rahbari Sirdaryomizga ulkan-ulkan rejalar, bunyodkorlik g‘oyalari bilan keladi. Men ham faol yoshlar qatori uchrashuvlarda bir necha bor ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lganman. Prezidentimiz o‘z nutqlarining birida “Men Sirdaryoni o‘zgacha yaxshi ko‘raman”, degan edi. O‘sha onda beixtiyor qalbimizdan “Janob Prezident, biz sirdaryoliklar ham Sizni yaxshi ko‘ramiz”, degan munavvar o‘y o‘tgandi. Chin ma’noda bugun viloyatimiz o‘zgacha tusga kirmoqda.
Yodimdan chiqmaydi, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun tumanimizdan shaharga borardim va albatta, “Do‘stlik” kanali yonidan, hozirgi “Yurt bayrog‘i” xiyobonidan o‘tardim. Ikki joyning ham atroflari begona o‘tlar o‘sib, dilni xira qiladigan darajada edi. Bugun “Do‘stlik” kanali bo‘yida “Hunarmandlar markazi”, Texnopark qad rostlagan. Viloyatning otaxon oliygohi — Guliston davlat universiteti manzarani boyitib qo‘r to‘kib turibdi. Kanal bo‘yi zamonaviy ko‘rinish olib, oqshomlari yoshlar, mehmonlar bilan gavjum. Barcha o‘rindiqlar band. Kimdir kitob o‘qish, kimdir hamrohi ila dilkash suhbat qurish bilan ovora. “Yurt bayrog‘i” xiyoboni ham muhtasham ko‘rinishga ega bo‘lib, joriy yilgi Navro‘z shodiyonalari aynan mana shu maydondan boshlangan edi.
Endi bir gapni aytay, oldin Sirdaryoga boshqa viloyatdan mehmon kelsa, qayoqqa olib borishga o‘ylanardik. Sababi, tanlov uchun imkoniyat yo‘q edi. Bugun esa xiyobonlarimiz, markazlarimiz, kutubxonalarimiz, bog‘larimiz bisyor. Bu esa kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi.
Sirdaryodagi barcha sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Ammo men aynan bir yo‘nalish, ya’ni kitobxonlik mavzusida dilimdagilarni yozishga qaror qildim. Sirdaryolik kitobxon yoshlardan biri sifatida meni bu sohaga bo‘lgan e’tibor hamisha g‘ururlantiradi. Davlatimiz rahbari kitobni, kitobxonlarni juda yaxshi ko‘radi. Buning isbotini dunyoda qiyosi bo‘lmagan — “Yosh kitobxon” tanlovi misolida ham ko‘rishimiz, u orqali millionlab o‘zbek yoshlari kitobga oshno bo‘layotganidan faxrlanishimiz mumkin. 2022 yilda men ham aynan shu tanlovda g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi bilan taqdirlangan edim.
Bir voqea esimdan chiqmaydi. “Spark” bilan taqdirlanib uyga qaytganimdan keyin dadam yangi mashinada Farg‘onaga — qarindoshlarni yo‘qlab kelish uchun olib borgandi. Vodiydan qaytishda yo‘lda adashib qoldik. Nabiralari bilan birga yo‘l chetida o‘tirgan nuroniy qarshisida to‘xtab, yo‘l so‘radik. Bobo javob berar-bermas mashina oldi tomonidagi “Prezident sovg‘asi” degan yozuvga qaradi.
— Bokschimisizlar?
— Yo‘q, — dedim men.
— Futbolchimisizlar?
— Yo‘q.
— ?
— Kitobxonman!
Otaxon “E-ha, o‘qiganga ham mashina beriladigan zamonasiga balli”, deb biz bilan bir oz suhbat qurdi. O‘shanda nuroniy bobo shunday ibratli gap aytdiki, o‘sha so‘zlar hamon qulog‘im ostida jaranglab turadi.
— E bolam, bugun sizlar o‘qib mashina yutayotgan kitoblaringni yozganlar bir paytlar qon yutgan. Men bola edim, bir gal onam uyimizdagi barcha kitoblarni tandirga tashladi, yoqib yuboradimi desam, ustidan kul to‘kib yashirdi. U paytda aqlim yetmagan edi. Keyinchalik bilsam, bu bobolarimiz yozgan kitoblar ekan. O‘sha paytda hur fikrlilik yo‘q, nafaqat bunday kitoblar yozish, balki o‘qish ham jinoyat edi. Ziyolilar shuning uchun kitoblarni yashirishga majbur bo‘lgan. Bugun sizlar kitob o‘qiganlaring uchun mukofotlar olyapsiz. Yana kimdan? Shaxsan Prezidentning o‘zlaridan-a... Bunday zamonning ham, imkonning ham, imkon bergan ulug‘larning ham qadriga yetish kerak, bolam.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kitobxonlikka e’tibor milliy harakat darajasida yuksaldi. 2026 yil may oyining 22-sanasi. Davlatimiz rahbari tomonidan shu kuni Milliy kitobxonlik harakatiga start berildi. Bu xabarni ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitib, qalbim iftixorga to‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugun Sirdaryoning har bir burchagiga kirib bormoqda. Birgina misol aytmoqchiman. Guliston davlat universitetiga kirishning chap tomonida o‘tgan asrning 70 yillarida sport majmuasi sifatida poydevori qo‘yilgan, ammo oxiriga yetkazilmagan tashlandiq inshoot oradan qariyb yarim asr o‘tib, o‘tgan o‘quv yilida zamonaviy va muhtasham Axborot resurs markazi sifatida foydalanishga topshirildi. Yangi kutubxona bir vaqtning o‘zida 700 nafar kitobxonga xizmat qila oladi. Bugun universitetimiz talabalari bo‘sh vaqt topdi deguncha ushbu kutubxonaga oshiqadi. Bu yerda yoshlar bilan turli loyihalar, ijodkorlar bilan suhbatlar tashkil qilinadi.
Masalan, “Mutolaa maydoni” degan loyiha boshlaganmiz. Loyiha mazmuni shundan iboratki, har haftada bir yig‘ilib, badiiy asar muhokama qilamiz. Muhokama yakunida birgalikda kelgusi muhokamamiz uchun bir asarni tanlaymiz. Bu esa yoshlardagi mutolaaga muhabbatni rivojlantiradi.
Bir kuni universitet rektori Muhsin Hojiyev meni chaqirib, “Yorqinjon, bilasan bu kutubxona o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. ¬Buning zamirida Prezidentimizning islohotlari turibdi. Hozir talabalarimiz kutubxonada juda faol. Viloyatdagi barcha mahalla yoshlarini ham qamrab oladigan loyihalar qilish kerak. Toki barcha sirdaryolik yoshlar ushbu kutubxonadan unumli foydalana olsin. Bunda yosh kitobxon sifatida o‘zing namuna bo‘lishing kerak”, dedi. Bu taklifdan juda xursand bo‘ldim.
Ustozning so‘zlaridan keyin mahallalaru ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot ishlarini olib bordik. Kutubxonamizga chorlov mazmunidagi kontentlar tayyorladik. Quvonarlisi, hozir ushbu ARMdan nafaqat talabalarimiz, balki mahallalardagi uyushmagan yoshlar ham keng foydalanish imkoniyatiga ega. Maktab o‘quvchilarini aytmaysizmi, bir kun Oqoltindan, ertasiga Sardobadan maktab o‘quvchilari kutubxonamiz bilan tanishgani keladi. Ularning har biri bilan o‘qiyotgan kitoblari borasida soatlab suhbat quramiz va rejalar tuzamiz.
Biz sirdaryoliklarni xursand qiladigan yana bir tashabbus To‘ra Sulaymon uy-muzeyining qad rostlaganidir. Bu muzey tashabbuskori ham Prezidentimiz. Sirdaryo tumanidagi uchrashuvda davlatimiz rahbarining bu tashabbusini yig‘ilganlar birvarakayiga qo‘llab-quvvatlagan edik. Bugun Mirzaobod tumanida To‘ra Sulaymon uy-muzeyi qad rostlab turibdi. Muzeyga esa shoirning qizi Yulduz Begaliyeva rahbarlik qilmoqda.
U yerdagi eksponatlar xilma-xilligi va tobora boyib borayotgani shoir she’riyatidan ilm qiluvchilarning safini ham kengaytirmoqda. Professor Ravshanbek Mahmudovning ta’kidlashicha, To‘ra Sulaymon hayotlik chog‘ida “olimlarimiz shoirlarni bo‘lib olganday, biz cho‘lliklarning ijodini tadqiq qiladigan mard ham topiladimi”, deb armon bilan aytgan ekan.
Shoirning armonlari bir oz kuttirgan bo‘lsa-da amalga oshdi. To‘ra Sulaymon uy-muzeyining tashkil etilishi, bu tashabbusning egasi shaxsan davlat rahbari ekani, muzeyda shoirning haykali qad kerib turgani, To‘ra Sulaymonshunoslik adabiyot borasida ham, tilshunoslik borasida ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, bir emas bir necha tadqiqotchilarning shoir ijodiyoti bo‘yicha PhD dissertatsiyalarini himoya qilgani. Ehhe... bularning barini To‘ra bobo ko‘rganlaridami, juda xursand bo‘lar va albatta, xuddi “Gul bir yon, chaman bir yon”dek ovoza bo‘ladigan asar yaratar edi.
Men ham ilmiy ishimni “To‘ra Sulaymon she’riyati poetikasi” mavzusida tanladim. Magistratura davrida ikki yil mobaynida ustozlar bilan birga izlanishlar olib bordik. Bu borada, ayniqsa, To‘ra Sulaymon uy-muzeyi bizga juda qo‘l keldi. Dissertatsiyamizning “To‘ra Sulaymon ijodiy laboratoriyasi” bobini tayyorlashda to‘liq muzey materiallariga, muzey direktori — Yulduz Begaliyevaning ma’lumotlariga suyandik. Yaqinda himoyamiz o‘tdi. Taniqli adabiyotshunos olimlar, munaqqidlar qarshisida mavzu doirasidagi izlanishlarim natijalarini himoya qildim.
Endilikdagi ilmiy izlanishlarimni ham Sirdaryo adabiy muhitiga, xususan, To‘ra Sulaymon she’riyatiga bag‘ishlamoqchiman. Ana shundagina kitobxon sifatida yurt menga bergan imkoniyatlarga javob qaytarish yo‘lida munosib qadamni tashlagan bo‘laman.
Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator, Kitobxonlikni rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Alisher Sa’dullayev yaqinda Sirdaryoda, aynan, bizning universitetimizda, yangi kutubxonamizda bo‘ldi va kitobxon yoshlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda ularning tavsiyasiga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘ining Kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandim. Albatta, bu men uchun katta mas’uliyat. Avval o‘zim Sirdaryoda kitobxonlik tanlovlarida peshqadamlik qilgan bo‘lsam, endilikda boshqalarning peshqadam bo‘lishi uchun harakat qilishim kerak.
Hozir yangi tashabbuslarga kirishdik. Viloyatdagi barcha mahallalarda faoliyat olib borayotgan Yoshlar yetakchilari o‘rtasida “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” tanlovi o‘tkazildi. Mahalla yoshlarining dardu tashvishi bilan yashaydigan yoshlar yetakchilari o‘rtasidagi tanlov juda qizg‘in kechdi. Ochiq gap, mahallada kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi katta kuch ham aslida ana shu yetakchilar. Endi tasavvur qilaylik, targ‘ibot qiluvchi yoshlar yetakchisining o‘zi kitob o‘qimagan bo‘lsa, natija bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Shuning uchun ham asosiy e’tiborni birinchi galda mahalla yoshlar yetakchilariga qaratdik va birgina tanlov orqali ularga liderlik qobiliyatlarini rivojlantiruvchi yigirmaga yaqin kitoblarni o‘qita oldik.
Tanlov natijalariga ko‘ra Xovos tumani Istiqlol mahallasi yoshlar yetakchisi Qurbonboy Mirsidiqov birinchi o‘rinni, Oqoltin tumani Yangi davr mahallasidan Mohira Abdumajidova ikkinchi, Mirzaobod tumani Mirzacho‘l mahalla yoshlari sardori Qahramon Mamasoliyev uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan ta’sis etilgan “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” ko‘krak nishoni taqdim etildi.
Ayni kunlarda sirdaryolik ijodkor yoshlarning bayozlarini tayyorlash ustida ish olib boryapmiz. Shuningdek, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi taqriz”, “Eng yaxshi kitobxon xodim” tanlovlarini o‘tkazishni ham reja qilganmiz. Tashabbuslarimizdan yana biri — “Mutolaa marrasi” loyihasi. Uning doirasida o‘quv jarayoni payti viloyat Yoshlar markazida haftaning har chorshanba kuni yig‘ilib, “Mutolaa” ilovasidan bir hikoyani ommaviy ravishda tinglayapmiz va yakunda ana shu hikoya asosida tuzilgan testlarni yechyapmiz. Test natijalariga ko‘ra g‘oliblar joyida “Mutolaa” premium kartochkalari hamda boshqarmaning diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanyapti.
30 iyun — Yoshlar kuni hech qachon yodimdan chiqmaydigan sana bo‘ldi. Shu kuni Prezidentimiz bilan Toshkentdagi Kongress-xoll majmuasida uchrashgan edik. Men birinchi qatorda o‘tirdim. Besh soatdan oshiq davom etgan uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari biz tomonga yurib kela boshladi va har bir yosh bilan ko‘rishdi. Xayolimda “Prezidentga u gapni aytaman, bu gapni aytaman”, deb turganimda bir voqea sabab hamma gaplarim yodimdan chiqib ketdi. Davlatimiz rahbari biz tomonga kelarkan, menga qarab ¬“Sirdaryo¬lar tinchmi, Yorqinjon? Kitobxonlar qanday?”, deya qo‘l uzatdi. Shu onda Prezident meni tanir ekan-a, menga savol beryapti, kitobxonlarni so‘rayapti, deb hayratda qoldim, hayajondan ko‘zlarim porlardi. Yuragimda nima bo‘lsa, borini aytdim.
— Hurmatli Prezident, sirdaryoliklar sizni sog‘ingan. Barchalaridan salom olib keldim. Biz yoshlar uchun yaratayotgan tashabbuslaringiz uchun rahmat. O‘tgan safar uchrashganimizda ota-onamga salom aytgan edingiz. Bu safar ularning salomini Sizga olib keldim, — dedim.
Prezidentimiz kulib: “Unday bo‘lsa, yana mening nomimdan salom va rahmatimni yetkazib qo‘y. Sizlarga ishonaman, sizlar bor kuchingiz bilan yangi O‘zbekistonimiz uchun harakat qilinglar”, dedi.
Ochig‘i, ana shu onda Prezidentimizning qo‘llarini qo‘yib yuborgim kelmadi. Axir shu qo‘llar-ku biz yoshlarning boshimizni silayotgan. Axir shu qo‘llar-ku bizning bugunimiz, kelajagimiz uchun muhim qarorlarga imzo chekayotgan. Dilimda aytar juda ko‘p gaplarim qoldi, ularni esa kelgusi uchrashuvlarga asrab qo‘ydim.
Biz sirdaryoliklar bugungi islohotlarni va ayniqsa, kitobxonlik madaniyatiga keng e’tibor qaratilayotganini yaxshi tushunamiz. Uning qay darajada mashaqqatli ekanini ham, dunyoda suronli siyosiy jarayonlar kechayotgan bir paytda yurtimizda ilmu ma’rifatga ulkan e’tibor berilishining mohiyatidagi pokiza niyatlarni ham anglaymiz va albatta, yurtimiz kutgandek, mamlakatimiz yetakchisi orzu qilganidek ma’rifatli jamiyatni, yangi O‘zbekistonni, yangi O‘zbekistonda esa Uchinchi Renessansni bunyod eta olamiz.
Bu yo‘lda barcha yoshlarni birlashishga, kitobxonlik borasida yangidan yangi tashabbuslar ustida ishlashga chorlayman. Sababi, ilm, ma’rifat, kitob tufayli bugunimiz nurli, ertamiz esa yanada munavvar bo‘ladi.
Yorqinjon HAYITBOYEV,
Guliston davlat universiteti yoshlar yetakchisi, “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibi,
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi