Iqlim oʻzgarishi, energiya resurslari qimmatlashuvi hamda aholi sonining barqaror oʻsishi sharoitida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalasi endilikda anʼanaviy yondashuvlar doirasida hal etilishi mumkin emas.
Bu
jarayonlar agrar tarmoqni texnologik jihatdan yangilash, resurslardan
foydalanish samaradorligini oshirish va ishlab chiqarishni sanoat bosqichiga
olib chiqishni taqozo etmoqda.
Amaldagi
“Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini
oshirish toʻgʻrisida”gi qonun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlab, energiya
auditi va energiya menejmenti tizimlarini joriy etishning huquqiy asoslarini
belgilaydi.
Prezidentimizning
2025-yil 8-oktyabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini
oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi farmoni sohada muhim oʻzgarishlarni belgilab berdi. Mazkur
hujjatga koʻra, issiqxonalar uchun yer, mol-mulk va suv resurslaridan
foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz kamaytirildi. Meva-sabzavot
mahsulotlarining minimal eksport narxlari bekor qilindi.
Endilikda
eksport narxlari tashqi bozordagi talab va taklif asosida shakllanadi. Energiya
tejovchi texnologiyalarni joriy etgan xoʻjaliklarga qoʻshimcha qulayliklar
yaratilishi koʻzda tutilgan. Tijorat banklari tomonidan issiqxonalarni aylanma
mablagʻ bilan taʼminlash uchun kreditlar ajratish va mavjud kreditlar
muddatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha mexanizmlar soddalashtirilgan.
Yurtimiz
sharoitida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etish masalasi yanada dolzarb
ahamiyat kasb etmoqda. Yaxshi ayonki, qish va erta bahor mavsumlarida aholini
sifatli sabzavot va poliz mahsulotlari bilan taʼminlash yuqori energiya sarfini
talab qiladi. Ayni paytda anʼanaviy issiqxona xoʻjaliklarida qoʻllanilayotgan
isitish tizimlari, asosan, tabiiy gaz va qattiq yoqilgʻiga tayangan holda ishlaydi.
Bu esa, bir tomondan, ishlab chiqarish xarajatlari ortishiga, ikkinchi
tomondan, atrof-muhitga salbiy taʼsir kuchayishiga olib kelmoqda.
Masalan,
mavjud hisob-kitoblarga koʻra, oʻrtacha 600 kvadrat metrli issiqxonani
anʼanaviy usulda isitish jarayonida 10 kun mobaynida yuzlab kilogramm miqdorida
karbonat angidrid atmosferaga chiqariladi. Bu esa nafaqat ekologik muammo,
balki kelgusida mahsulotning eksport imkoniyatlariga ham salbiy taʼsir
koʻrsatuvchi omil hisoblanadi. Chunki jahon bozorida tobora “yashil mahsulot”
standartlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Shu
nuqtayi nazardan, issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishda energiya
samaradorligi masalasi markaziy oʻringa chiqmoqda. Bugungi kunda issiqxona
biznesida umumiy xarajatlarning qariyb yarmi energiya resurslariga toʻgʻri
kelishi bu sohada texnologik yangilanishlar zarurligini yanada kuchaytiradi.
Agar energiya sarfi kamaytirilmasa, mahsulot tannarxini pasaytirish,
raqobatbardoshlikni oshirish va eksport hajmini kengaytirish amalda
qiyinlashadi.
Soʻnggi
yillardagi dunyo amaliyoti koʻrsatmoqdaki, issiqxona xoʻjaliklarida yuqori
samaradorlikka erishishning asosiy yoʻli — muqobil energiya texnologiyalarini
joriy etish. Xususan, rivojlangan davlatlarda issiqlik nasoslari texnologiyasi
keng qoʻllanilayotgan innovatsion yechim sifatida eʼtirof etilmoqda. Mazkur
texnologiya anʼanaviy isitish tizimlaridan tubdan farq qilib, yoqilgʻini yoqish
orqali emas, balki atrof-muhitda mavjud energiyani qayta taqsimlash orqali
ishlaydi.
Issiqlik
nasoslarining asosiy ustunligi ularning yuqori energiya samaradorligi bilan
izohlanadi. Amaliyot koʻrsatmoqdaki, bunday tizimlar 1 kilovatt elektr
energiyasi sarflab, 3-5 kilovattgacha issiqlik energiyasi hosil qilish
imkoniyatiga ega. Bu koʻrsatkich anʼanaviy elektr isitish tizimlariga nisbatan
bir necha barobar yuqori samaradorlikni anglatadi.
Yurtimizda
ham mazkur texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab
yuborilgan. Xususan, Toshkent shahridagi “Texnopark” tomonidan taklif
etilayotgan innovatsion issiqxona yechimlari bu yoʻnalishdagi ilk muhim
qadamlardan biri. Ushbu loyihalar doirasida issiqlik nasoslariga asoslangan
energiya tejamkor tizimlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Sinov
loyihalari natijalari mazkur yondashuvning samaradorligini tasdiqlamoqda.
Jumladan, 130 va 260 kilovatt quvvatga ega issiqlik nasoslari orqali olingan
amaliy koʻrsatkichlar tizimning barqaror ishlashini hamda energiyadan
foydalanish samaradorligi yuqori ekanini koʻrsatdi. Bu esa texnologiya faqat
nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham oʻzini oqlayotganini anglatadi.
Shu
bilan birga, masalaga kengroq yondashish talab etiladi. Issiqlik nasoslari
joriy etilishi faqat energiya tejash bilan cheklanib qolmaydi. U mahsulot
tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, eksport
salohiyatini oshirish va ekologik xavfsizlikni kuchaytirish kabi qator
strategik vazifalarni hal etish imkonini beradi.
Boshqacha
aytganda, bu texnologiya agrar sohadagi oddiy modernizatsiya emas, balki
tizimli oʻzgarishlarni anglatadi. U qishloq xoʻjaligini anʼanaviy usullardan
industrial va innovatsion bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shu
bois, innovatsion issiqxonalarni rivojlantirish masalasi nafaqat alohida
xoʻjaliklar manfaati, balki milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi,
oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatni taʼminlash nuqtayi nazaridan ham
strategik ahamiyatga ega.
Biroq
har qanday texnologiyaning samaradorligi uning nazariy afzalliklari emas, balki
iqtisodiy natijalari bilan baholanadi. Shu sababli issiqlik nasoslariga
asoslangan innovatsion issiqxonalarning joriy etilishi qanchalik maqsadga
muvofiq ekanini aniqlash uchun, avvalo, xarajatlar va foyda oʻrtasidagi
mutanosiblikni chuqur tahlil qilish talab etiladi.
Issiqxona
xoʻjaliklarida xarajatlar tarkibi tahlil qilinganda, energiya resurslari asosiy
ulushni egallashi maʼlum boʻladi. Amalda bu koʻrsatkich 40-50 foizgacha yetishi
mumkin. Demak, energiya samaradorligini oshirish orqali umumiy tannarxga taʼsir
qilish imkoniyati juda katta. Anʼanaviy tizimlarda isitish uchun tabiiy gaz
yoki koʻmirdan foydalanilishi doimiy ravishda oʻzgaruvchan va koʻp hollarda
oʻsib boruvchi xarajatlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, taʼminotdagi
uzilishlar ishlab chiqarish jarayoniga toʻgʻridan toʻgʻri xavf tugʻdiradi.
Issiqlik
nasoslari qoʻllanilgan holda esa ushbu muammolar sezilarli darajada kamayadi.
Bu texnologiya yoqilgʻiga bogʻliqlikni bartaraf etadi va elektr energiyasi
orqali barqaror ishlashni taʼminlaydi. Muhimi, tizimning yuqori samaradorligi
tufayli sarflanayotgan elektr energiyasi anʼanaviy elektr isitish tizimlariga
nisbatan bir necha barobar kam boʻladi. Bu esa ekspluatatsiya xarajatlari
qisqarishiga olib keladi.
Amaliy
hisob-kitoblar koʻrsatmoqdaki, issiqlik nasoslari joriy etilgan issiqxonalarda
isitish xarajatlari umumiy hisobda 40-60 foizgacha kamayishi mumkin. Bu
koʻrsatkich, albatta, har bir loyihaning texnik parametrlari, iqlim sharoiti va
boshqaruv samaradorligiga bogʻliq holda oʻzgarishi mumkin. Biroq umumiy
tendensiya — xarajatlarning sezilarli qisqarishi barqaror ravishda kuzatiladi.
Iqtisodiy
samaradorlikni baholashda yana bir muhim omil — investitsiyaning qaytish
muddatidir. Issiqlik nasoslari asosidagi tizimlarni joriy etish uchun dastlabki
sarmoya anʼanaviy qozonxonalarga nisbatan yuqoriroq boʻlishi tabiiy. Chunki bu
yerda yuqori texnologik uskunalar, avtomatlashtirish tizimlari va energiya
boshqaruvi yechimlari talab etiladi. Biroq bu farq uzoq muddatda oʻzini
oqlaydi.
Hisob-kitoblarga
koʻra, bunday loyihalarning oʻzini oqlash muddati oʻrtacha 2-4 yilni tashkil
etadi. Bu esa agrar sektor uchun nisbatan qisqa davr. Chunki qishloq
xoʻjaligidagi koʻplab investitsion loyihalarda bu muddat ancha uzoq — 5-7
yilgacha choʻzilishi mumkin. Demak, issiqlik nasoslari qoʻllanilishi nafaqat
xarajatlarni kamaytiradi, balki investitsiyalarning samaradorligini ham
oshiradi.
Shu
bilan birga, iqtisodiy samaradorlikni faqat energiya xarajatlari orqali
baholash toʻliq tasavvur bermaydi. Innovatsion issiqxonalarda ishlab chiqarish
jarayoni avtomatlashtirilishi, mikroiqlimning barqaror taʼminlanishi va inson
omili qisqarishi natijasida hosildorlik ham oshadi. Amaliyotda bu koʻrsatkich
20-25 foizgacha yetishi mumkin. Bu esa daromadning koʻpayishiga, shu orqali
investitsiyalarning tezroq qaytishiga xizmat qiladi.
Mazkur
texnologiyaning yana bir muhim iqtisodiy afzalligi mahsulot tannarxi
pasayishidir. Energiya xarajatlari qisqarishi, resurslardan samarali
foydalanish va hosildorlik oshishi natijasida yetishtirilayotgan mahsulot
tannarxi anʼanaviy issiqxonalardagiga nisbatan oʻrtacha 25-30 foiz
arzonlashishi mumkin. Bu esa ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash
bilan birga tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshiradi.
Eksport
nuqtayi nazaridan bu omil muhim ahamiyatga ega. Chunki xalqaro bozorlarda
raqobat faqat sifat bilan emas, balki narx orqali ham belgilanadi. Agar
mahsulot arzon va bir vaqtning oʻzida ekologik toza boʻlsa, uning eksport
imkoniyatlari sezilarli darajada kengayadi.
Ekologik
omil bu yerda alohida taʼkidlashga loyiq. Anʼanaviy isitish tizimlarida
yoqilgʻi yoqilishi natijasida atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar
chiqariladi. Issiqlik nasoslari bunday chiqindilarni deyarli nol darajaga
tushiradi. Bu esa nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki xalqaro ekologik
standartlarga javob berish nuqtayi nazaridan ham muhimdir.
Bugungi
kunda koʻplab rivojlangan davlatlarda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosiy
ustuvorlikka aylanmoqda. Yevropa Ittifoqi kabi bozorlarda mahsulotning “karbon
izi”ga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Demak, kelgusida eksport geografiyasini
kengaytirish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar ana shunday talablarga
moslashishi shart. Issiqlik nasoslari esa bu yoʻnalishdagi muhim instrument
sifatida namoyon boʻladi.
Mazkur
jarayonlarning davlat siyosati bilan uygʻunligi ham diqqatga sazovor. Soʻnggi
yillarda yurtimizda energiya samaradorligini oshirish va “yashil”
texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar
qabul qilindi. Xususan, energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllayotgan
xoʻjaliklarga soliq imtiyozlari, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish
mexanizmlari joriy etildi.
Shuningdek,
issiqxona xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan qarorlar
doirasida soliq yukini kamaytirish, eksport tartiblarini liberallashtirish va moliyaviy
resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish choralari belgilandi. Bu esa
innovatsion texnologiyalarni joriy etishni iqtisodiy jihatdan yanada jozibador
qiladi.
Davlat
tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari xususiy sektor uchun strategik yoʻnalish
koʻrsatkichi vazifasini oʻtaydi. Bu esa energiya samaradorligiga asoslangan
ishlab chiqarish modellari kelgusida ustuvor tarzda rivojlantirilishini
anglatadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur sohadagi investitsiyalar nafaqat
bugungi sharoitda, balki uzoq muddatli istiqbolda ham yuqori samara berish
salohiyatiga ega.
Shu
bilan birga, masalaga real yondashish talab etiladi. Har qanday texnologiya
kabi issiqlik nasoslari ham mutlaq ideal yechim emas. Ularni joriy etish
jarayonida texnik, moliyaviy va tashkiliy muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Agar
issiqxona konstruksiyasidagi izolyatsiya talab darajasida boʻlmasa yoki uskuna
quvvati notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, kutilgan samaradorlikka erishish
qiyinlashadi. Bu esa ayrim hollarda texnologiyaning oʻziga nisbatan notoʻgʻri
xulosalar chiqarilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun innovatsion
yechimlarni joriy etishda tizimli yondashuv, mutaxassislar ishtirokida toʻgʻri
loyihalash va sifatli servis xizmatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Umuman
olganda, issiqlik nasoslariga asoslangan issiqxonalar iqtisodiy, ekologik va
texnologik jihatdan samarali yechim sifatida shakllanmoqda. Biroq ularning
haqiqiy samarasi faqatgina toʻgʻri boshqaruv, puxta hisob-kitob va davlat
siyosati bilan uygʻun holda joriy etilgandagina namoyon boʻladi.
Innovatsion
texnologiyalar joriy etilishi har doim ikki tomonlama jarayon hisoblanadi. Bir
tomondan, u yuqori samaradorlik va yangi imkoniyatlarni taqdim etsa, ikkinchi
tomondan, notoʻgʻri yondashuv yoki yetarli tayyorgarlik mavjud emasligi ushbu
imkoniyatlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilishi mumkin.
Shu
nuqtayi nazardan, issiqlik nasoslariga asoslangan issiqxonalarni joriy etish
masalasini faqat afzalliklar nuqtayi nazaridan emas, balki mavjud risklar va
cheklovlar bilan birgalikda baholash maqsadga muvofiq.
Avvalo,
eng asosiy muammolardan biri dastlabki investitsiya hajmi nisbatan
yuqoriligidir. Innovatsion isitish tizimlari, avtomatlashtirish vositalari va
zamonaviy infratuzilmani yaratish anʼanaviy issiqxonalarga qaraganda koʻproq
sarmoya talab etadi. Bu esa, ayniqsa, kichik va oʻrta fermer xoʻjaliklari uchun
muayyan moliyaviy toʻsiqlarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois, mazkur
texnologiyalarni ommalashtirishda davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
mexanizmlarining samaradorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchi
muhim jihat — energiya taʼminoti barqarorligi masalasidir. Issiqlik nasoslari
elektr energiyasiga bogʻliq boʻlgani sababli elektr taʼminotidagi uzilishlar
butun ishlab chiqarish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar
anʼanaviy tizimlarda yoqilgʻini zaxira qilish imkoniyati mavjud boʻlsa, elektr
energiyasida bunday imkoniyat cheklangan. Shuning uchun mazkur texnologiyalarni
joriy etishda zaxira elektr manbalari, jumladan, quyosh panellari yoki dizel
generatorlar bilan integratsiyalash masalasi alohida eʼtibor talab qiladi.
Uchinchi
omil inson kapitali va texnik kompetensiyalar bilan bogʻliq. Issiqlik nasoslari
oddiy qozonxona tizimlaridan farqli oʻlaroq, muayyan bilim va koʻnikmalarni
talab etadi. Tizimni toʻgʻri boshqarish, diagnostika qilish va profilaktika
ishlarini amalga oshirish uchun malakali mutaxassislar zarur. Aks holda,
texnologiyaning samaradorligi pasayishi, hatto ishdan chiqishi kuzatilishi
mumkin. Bu esa innovatsiyaga nisbatan ishonch susayishiga olib keladi.
Toʻrtinchi
jihat — loyihalash bosqichida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolardir.
Amaliyot koʻrsatmoqdaki, issiqlik nasoslari samaradorligi faqat uskuna sifatiga
emas, balki butun tizimning toʻgʻri tashkil etilganiga bogʻliq. Agar issiqxona
konstruksiyasidagi issiqlik izolyatsiyasi yetarli darajada boʻlmasa yoki uskuna
quvvati notoʻgʻri hisoblangan boʻlsa, kutilgan natijaga erishish qiyinlashadi.
Bunday hollarda energiya tejalishi oʻrniga, aksincha, qoʻshimcha sarflar yuzaga
kelishi mumkin.
Shu
nuqtayi nazardan, eng xavfli ssenariylardan biri texnologiyani fragmentar
tarzda joriy etishdir. Yaʼni issiqlik nasoslari oʻrnatiladi, lekin issiqxona
konstruksiyasi, avtomatlashtirish tizimi va energiya boshqaruvi kompleks tarzda
yangilanmaydi. Bunday yondashuvda tizimning umumiy samaradorligi keskin
pasayadi va texnologiya oʻzini oqlamaydi. Bu esa bozorda notoʻgʻri
tasavvurlarni shakllantiradi.
Demak,
innovatsion issiqxonalarni joriy etishda eng muhim talab — kompleks yondashuv.
Yaʼni uskuna tanlashdan tortib, loyihalash, qurilish va ekspluatatsiyagacha
boʻlgan barcha bosqichlar oʻzaro uygʻun holda amalga oshirilishi lozim.
Shu
bilan birga, mazkur jarayonni kengroq iqtisodiy kontekstda koʻrib chiqish
muhimdir. Innovatsion issiqxonalarni rivojlantirish nafaqat alohida xoʻjaliklar
samaradorligini oshiradi, balki butun tarmoqning sanoatlashuviga xizmat qiladi.
Bu esa, oʻz navbatida, yangi qiymat zanjirlarini shakllantirish, qayta ishlash
sanoatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Bu
yerda lokalizatsiya masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilgari issiqxona
texnologiyalari asosan xorijdan import qilinar, bu valyuta chiqimlari ortishi
va tashqi bozorlarga bogʻliqlik kuchayishiga olib kelardi. Bugungi kunda esa
mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali ushbu muammoni bartaraf etish
imkoniyati paydo boʻlmoqda.
“Texnopark”
tomonidan issiqlik nasoslari va issiqxona uchun zarur qator komponentlarni
mahalliylashtirish bu yoʻnalishdagi muhim qadam hisoblanadi. Bu nafaqat
mahsulot tannarxini pasaytirish, balki servis xizmatlarini tezlashtirish va
texnologik mustaqillikni taʼminlash imkonini beradi. Mahalliy ishlab
chiqarishning rivojlanishi yangi ish oʻrinlarini yaratish, muhandislik
salohiyatini oshirish va innovatsion ekotizimni shakllantirishga ham xizmat
qiladi.
Mazkur
texnologiyalarning eksport salohiyati yuqori baholanmoqda. Markaziy Osiyo
davlatlarining iqlim sharoiti oʻxshash ekanini hisobga olsak, energiya tejamkor
issiqxona yechimlariga talab mintaqada ortib boradi.
Bu
esa Oʻzbekiston uchun nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki yuqori texnologik
mahsulotlarni eksport qilish orqali qoʻshimcha valyuta tushumlarini
shakllantirish imkonini beradi.
Shu
oʻrinda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Innovatsion
issiqxonalarni rivojlantirish faqat iqtisodiy samaradorlik emas, balki
strategik xavfsizlik masalasidir. Oziq-ovqat mustaqilligini taʼminlash, tashqi
bozorlarga bogʻliqlikni kamaytirish va aholini barqaror ravishda sifatli, arzon
mahsulotlar bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri.
Issiqlik nasoslari esa aynan shu vazifalarni amalga oshirishda muhim
instrument hisoblanadi.
Umuman
olganda, innovatsion issiqxonalarni joriy etish yurtimiz qishloq xoʻjaligini
rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berayotganini taʼkidlash oʻrinli. Bu
jarayon anʼanaviy usullardan sanoat va texnologik yondashuvlarga oʻtishni
anglatadi.
Shu
bilan birga, mazkur transformatsiyaning muvaffaqiyati faqat texnologiyaning
oʻziga emas, balki uning qanchalik toʻgʻri va tizimli joriy etilishiga bogʻliq.
Issiqlik
nasoslariga asoslangan innovatsion issiqxonalar shunchaki yangi texnologiya
emas. Bu qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini
oshirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va eksport salohiyatini
kengaytirishga xizmat qiluvchi kompleks iqtisodiy yechimdir. Uning samarasi esa
faqatgina toʻgʻri strategiya, puxta hisob-kitob va davlat hamda xususiy sektor
oʻrtasidagi samarali hamkorlik orqali toʻliq namoyon boʻladi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi
Fan, taʼlim, madaniyat, sport
va yoshlar
masalalari qoʻmitasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor