O‘zbek milliy musiqasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Shashmaqom qanday rivoj topganiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, XIII asrda Safiyuddin Urmaviy tomonidan “Duvazdah maqom” tizimi shakllantirilganini ko‘ramiz. XVII asrga kelib bu tizim ma’lum darajada inqirozga uchragan bo‘lsa-da, xalq orasida Buxoro amirligida uzil-kesil shakllangani san’atshunoslik fanlari doktori, maqomshunos alloma Is'hoq Rajabovning ilmiy izlanishlaridan bizga ma’lum.
O‘zbek va tojik xalqlari musiqiy merosida markaziy o‘rinni egallagan Shashmaqom turkumi o‘zining va mahalliy shakllarda yashab, rivojlanib kelgan. O‘zbek mumtoz musiqasining durdonasi bo‘lgan Shashmaqom XVIII asrga kelib barkamolligi, mukammal shaklga ega ekanligi va yuksak badiiy saviyasi bilan ushbu xalqlar musiqiy xazinasi gultojiga aylandi. Ushbu hashamatli turkum o‘zining uzun tarixiy yo‘li davomida qiyin va murakkab dovonlardan o‘tib, bugungi kungacha yetib kelishida bir qancha fidoyi insonlar turli mushkulliklarni yengib, matonat ila kelajak avlod uchun xizmat qildilar.
O‘zbek milliy musiqasi asrlar davomida boy an’analar asosida taraqqiy etgan. XVIII asr o‘rtalarida Buxoroda shakllangan Shashmaqom san’ati nafaqat o‘zbek, balki butun Markaziy Osiyo musiqa madaniyatining yirik yodgorligi hisoblanadi.
XX asring 20-yillarida yaratilgan dastabki qo‘shiqlar asosan xalq farovonligi, fidokor mehnatkashlar hayotini ifodalashga qaratilgan bo‘lib, To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Komiljon Jabborov, Imomjon Ikromov, Fahriddin Sodiqov kabi bastakor va kompozitorlar mazkur janr rivojiga hissa qo‘shishgan.
O‘tgan asrning 30-yillariga kelib janr rivojiga taniqli bastakor-kompozitorlardan tashqari Toshkent davlat konservatoriyasining talabalari ham o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘sha boshlaydilar. Xususan, M.Burhonovning “Tabassum qilmading hech...”, “Ey bulbul, girya makun” romanslari, A.Kozlovskiyning “Tanovar”, “O‘zgancha”, “Gul yuz uzra”, “Fig‘on” kabi vokal-simfonik asarlarini misol tariqasida keltirib o‘tish mumkin. Keyingi yillarda vokal musiqa yangi janr turlari bilan boyidi.
“Tanovar” O‘zbekiston xalq lirik qo‘shiqlari ichida eng mashhuri bo‘lib, Farg‘ona folklorining xususiyatlari bilan sahnalashtirilgan.
Sun’iy intellekt musiqa sohasiga ham kirib kelmoqda. Ayni paytda ayrim qo‘shiqlarning faqat sun’iy intellekt orqali yaratilishi, san’atkorlar tomonidan jonli ijro etilmasligi muayyan tashvish uyg‘otadi. Bu holat san’atning tabiiy ruhi va jonli ijro an’analariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu o‘rinda o‘tgan asr va yaqin o‘tmishda ijod qilgan el suygan san’atkorlarning vokal ijrolariga nazar tashlasak. Masalan, Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Olmaxon Hayitova kabi ijodkorlar o‘z mehnati, jonli ovozi va yurakdan chiqqan ijrolari bilan san’atni yuksak pog‘onaga ko‘targanlar. Ular san’at qadrini ulug‘lab, uni sevib, haqiqiy ijro namunalarini yaratishgan.
XXI asrga kelib, san’atkorlarning ko‘pchiligi jonli ijroda qo‘shiq kuylashdan chetlashib bormoqda. Sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan qo‘shiqlar soni esa kun sayin ortib bormoqda. Hatto birgina rasm yoki ovoz namunasi orqali ham sun’iy intellekt vositasida qo‘shiq va klip yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu jarayonning qulay tomonlari bilan bir qatorda, ma’lum xavotirli jihatlari ham mavjud. Agar shu tarzda davom etsa, shifokor, tadbirkor, iqtisodchi yoki boshqa sohadagi mutaxassislar ham maxsus musiqiy bilim va mahoratsiz, faqat sun’iy intellekt yordamida qo‘shiqchi sifatida namoyon bo‘lishlari mumkin. Bu esa san’atning professionallik darajasi va jonli ijro qadriga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas. Shunday bo‘lsa-da, sun’iy intellekt texnologiyalari musiqiy merosni saqlash, eski qo‘shiqlarni qayta tiklash va yosh ijodkorlarga yangi imkoniyatlar yaratishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotganini ham aytib o‘tish joiz. Demak, zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish orqali milliy musiqa an’analarini asrab qolish va uni yangi bosqichga olib chiqish mumkin.
Biroq bugungi kunda an’anaviy ijro maktabi davomchilari kamayib borayotgandek tuyuladi. Shu bois sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to‘g‘ri va o‘rnida foydalanish bilan birga, milliy musiqiy merosimizni asrab-avaylash va jonli ijro an’analarini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Hech narsa san’atkorning tabiiy ovoziga va chalingan kuy-navolariga teng kelmaydi. Qalbdan chiqqan san’at namunasi qalblarga yetib boradi. San’atkorning ovozi, qalbi, nolasi, dardidan yaratilgan va ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tinglovchining yuragidan joy oladi va bunday ijod namunalari odamlarga zavq beradi, ularni qancha tinglasangiz ham, yana tinglagingiz kelaveradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi globallashuv davrida sun’iy intellekt texnologiyalari musiqa san’atining rivojiga yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Biroq Shashmaqom kabi bebaho milliy merosimizni asrab-avaylashda inson omili hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki maqom san’ati nafaqat ohanglar tizimi, balki asrlar davomida shakllangan ruhiy, estetik va ma’naviy qadriyatlar majmuasidir. Sun’iy intellekt esa bu jarayonda yordamchi vosita sifatida xizmat qilishi mumkin, ammo u ustoz-shogird an’anasi, jonli ijro mahorati va ijodkor qalbining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Shunday ekan, zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanib, milliy musiqamizni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Farrux NOROV,
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti Ananaviy cholg‘u ijrochiligi talim yunalishi 2-bosqich talabasi