Bu soʻzlar, tabiiyki, har bir soha vakili, ilm ahlini juda mamnun qildi, taʼsirlantirdi. Zero, bu fikr ushbu kasb egalari uchun katta eʼtirof boʻldi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, bugun sunʼiy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini tubdan oʻzgartirmoqda. Biroq hech bir texnologiya, hech bir aqlli mashina bolaning qalbiga ustoz kabi yoʻl topib, unga Vatanga muhabbat va masʼuliyat tuygʻusini singdira olmaydi. Tadbirda taʼlim va ilm-fan fidoyilariga davlat mukofotlari topshirildi. Mukofotlanganlar orasida nafaqat pedagoglar, balki taʼlim rivojiga hissa qoʻshayotgan tadbirkorlar va xorijlik hamkorlar ham borligi diqqatga sazovor. Taʼlimning barcha boʻgʻinidagi ilgʻor muallimlar uchun buyuk maʼrifatparvar Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofoti taʼsis etilishi esa soha xodimlariga yanada kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.
Taʼlimni rivojlantirish yangi Oʻzbekistonni barpo etishning eng muhim sharti. Mamlakatimizda keyingi oʻn yilda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻcha, 1,5 million oʻrinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod taʼlim muassasasi zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Biroq eng eʼtiborli jihat shuki, davlatimiz rahbari binolardan ham muhimroq masala oʻqitish mazmuni va sifati ekanini qayd etib, “Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarni taʼlim jarayoniga qaytardik”, dedi. Mana shu gapda butun bir davrning insonparvarlik mazmuni jo boʻlgan. Chunki bola paxta dalasida emas, partada, sinfxonada kamol topishi kerak.
2018-yildan boshlangan yangi avlod darsliklarini yaratish masalasi bugun oʻz samarasini bermoqda. Xorij tajribasi oʻrganilib, 8-sinfgacha darsliklar yangilandi. Birgina joriy yilda 400 dan ziyod mutaxassis ishtirokida 324 darslik qayta ishlandi. Ular bolalarda milliy qadriyatlar, tabiatga masʼuliyatli munosabat, raqamli va moliyaviy savodxonlik bilan birga mustaqil hamda tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. 2030-yilga qadar yuqori sinflar uchun darsliklar ham yangilanadi.
Islohotlar natijasi oʻquvchilarning yutuqlarida yaqqol koʻrinmoqda. PISA reytingida 15 yoshli oʻgʻil-qizlarimiz tabiiy fanlar boʻyicha 32 pogʻona yuqorilab, 48-oʻrinni egalladi. Shu yilning oʻzida yoshlarimiz nufuzli olimpiadalarda 228 medalga sazovor boʻldi. Maktab davridayoq chet tili va fanlardan xalqaro sertifikat olgan oʻquvchilar soni 100 mingga yetdi. Bu raqamlar qalbni quvonchga toʻldiradi. Zero, bu medallar va sertifikatlar ortida minglab ustozlarning tunu kun qilgan mehnati, farzandlarimizning tiyrak nigohi, yorugʻ kelajakka ishonchi turibdi.
Pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash ham samara bermoqda. Xalqaro va milliy sertifikatga ega oʻqituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga yetdi. Maktablarda oʻqituvchi taqchilligi uch barobar kamaydi. Bugun 40 ming muallim 1000 dollardan, yana 1500 nafari esa 2000 dollardan yuqori maosh olmoqda. Bu pedagog mehnati qadrlanayotgani, “Inson qadri uchun” gʻoyasi aynan oʻqituvchi timsolida roʻyobga chiqayotgani isbotidir. “Yil oʻqituvchisi” tanlovi endi bogʻcha tarbiyachilari va texnikum ustalarini ham qamrab oladi. Demak, mehr daryosining har bir tomchisi, maʼrifat quyoshining har bir qatim nuri qadrlanadi.
Prezidentimiz kelgusidagi vazifalarga toʻxtalar ekan, maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini taʼkidladi. Maktab direktorlariga qoʻshimcha vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va taʼlim bosqichlari oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash boʻyicha komissiya tuziladi. Iqtisodiyotning texnologik rivoji uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur oʻqitishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu fanlar oʻquvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda ikki guruhga boʻlib oʻqitiladi. Demak, har bir bolaga alohida eʼtibor, alohida mehr beriladi. Milliy sertifikatga ega oʻqituvchilarga 50 foiz ustama toʻlanadi. Har yili ming nafar pedagog xorijda stajirovka oʻtaydi, olimpiada gʻoliblarini tayyorlagan ustozlar toʻgʻridan toʻgʻri oliy toifaga ega boʻladi.
Boshlangʻich sinflar uchun ham fan olimpiadalari yoʻlga qoʻyiladi. Kelasi yildan 4-sinflar oʻrtasidagi tanlov gʻoliblari kompyuter bilan, ularning ustozi esa pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi. Yangi oʻquv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ingliz tilida oʻqitiladi. Bu loyiha pedagoglariga 100 foiz ustama belgilanadi. Maktablar faoliyatini baholash uchun “sifat indeksi” joriy etiladi. Ilgʻor maktablar oʻz tajribasi bilan boshqalarga koʻmaklashsa, ularning jamoasi 30 foiz ustama oladi. Oʻqituvchilar malakasini oshirishda majburiy kurslar oʻrniga kasbiy rivojlanish vaucherlari beriladi. Yaʼni ustoz oʻz natijasiga qarab oʻzi tanlaydi. Bu pedagogning shaxsi, erki va qadriga hurmat ifodasidir.
Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobar oshib, 3591 taga yetdi. Toshkentda ish boshlagan koʻp funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasi tez orada Xorazm, Jizzax, Samarqand viloyatlarida, soʻng barcha hududda joriy etiladi. Mana shu — davlatning qudrati inson qadrini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanadi degan haqiqatning eng taʼsirchan isboti. Chunki har bir bolaning — jismoniy imkoniyati cheklangan oʻgʻil-qizning ham tengdoshlari bilan bir muhitda, bir mehr ostida taʼlim olishi chinakam insoniylik, chinakam adolatdir.
Kasbiy taʼlimda soʻnggi ikki yilda 104 ta texnikumda xalqaro dasturlar joriy etildi. Texnikumlarning 25 ming korxona bilan hamkorligi 100 mingdan ziyod yoshga oʻqish bilan birga daromad topish imkonini berdi. Dual taʼlimda stipendiya 1 million 300 ming soʻmgacha toʻlanmoqda. Ilk bor oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming oʻquvchi ishtirok etdi. Eng munosiblar 2028-yili Tokioda oʻtkaziladigan kasblar boʻyicha jahon chempionatiga tayyorlanadi.
Oliy taʼlim haqida soʻz borar ekan, mamlakatimizda talabalar soni 1 million 600 mingga yetgani, yettita oliygoh 17 ta fan boʻyicha xalqaro reytinglarga kirgani qayd etildi. Biroq oliy taʼlim muassasasi rahbari sifatida men Prezidentimizning adolatli tanqidini alohida masʼuliyat bilan qabul qildim. Davlatimiz rahbari universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talabga toʻliq javob bermayotganini aytdi. Bu bizga qarata aytilgan ogohlantirish, ayni paytda ishonch ifodasidir. Rektorlarning taʼlim sifati va natijasi uchun masʼuliyati oshiriladi. Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari aʼzolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan shakllantiriladi, kengashlar har yili kamida 50 ta darslik yaratadi, bitiruv ishlari esa iqtisodiyotning amaliy masalalariga qaratiladi.
Oliygohlarda “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tamoyili asosida dual taʼlimni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Tizim kelasi yildan 75 ta, 2028-yildan barcha oliygohda yoʻlga qoʻyiladi. Ishga olingan talabaga toʻlangan maoshning yarmini davlat qoplaydi. Yaxshi natija koʻrsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat granti asosida oʻqiydi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiali mamlakatimizga jalb etilishini aytdi. Muhandislik, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, sunʼiy intellekt hamda tibbiyot yoʻnalishlariga ustuvorlik beriladi. Bularning barchasi bir maqsadga — yoshlarimizning yetuk, bilimli, raqobatbardosh kadr boʻlib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Ustozni eʼzozlash bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini eʼzozlash degani. Chunki bolani tarbiyalaydigan — ustoz, millat kelajagini quradigan — ustoz, inson qadrini eng avval dars soatida ulugʻlaydigan yana oʻsha ustozdir.
Ekilgan har bir urugʻ bir kun unib chiqadi, berilgan har bir mehr bir kun oʻz mevasini beradi. Bizning burchimiz bugun partada oʻtirgan farzandlarimizni ertangi kunning yorugʻ nurlariga eltib qoʻyishdir. Shu ishonch, shu umid, shu mehr bizni oldinga yetaklaydi.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori