Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida achchiq ovqat iste’mol qilish borasida turli fikrlar mavjud. Kimdir bu organizmni issiqqa chidamli qiladi deb hisoblasa, yana kimdir salomatlik uchun zararli deb o‘ylaydi. Xo‘sh, aslida qanday? Zamonaviy tibbiyot bu haqda qanday fikr bildiradi?

O‘zbekistonning iqlimi keskin kontinental va quruq-issiq hisoblanadi. Bizning sharoitda havoning namligi yuqori emas, shu sababli organizmda suv yo‘qotilishi jaziramada yanada tezlashadi. Shu holatda achchiq mahsulotlarni me’yordan ortiq iste’mol qilish organizmga qo‘shimcha yuklama berishi mumkin va turli fiziologik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.

Shuning uchun mutaxassislar avvalo organizmning umumiy holati va suv balansini saqlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaydi.

— Issiqda ter orqali organizm ko‘p suyuqlik yo‘qotadi, — deydi Toshkent davlat tibbiyot universiteti “Sog‘liqni saqlashni boshqarish va jamoat sog‘lig‘ini saqlash, profilaktik tibbiyot” kafedrasi ilmiy xodimi Mashhura Komilova. — Achchiq mahsulotlar bu jarayonni kuchaytirib, suv-tuz (elektrolit) balansi buzilishiga olib kelishi mumkin Bu esa holsizlik, bosh aylanishi va qon quyuqlashishiga sabab bo‘ladi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ayniqsa yoz mavsumida achchiq taomlar organizmda quyidagi qo‘shimcha o‘zgarishlarni kuchaytirishi mumkin.

Yurak-qon tomir tizimiga ta’sir: kapsaitsin moddasi qon aylanishini tezlashtiradi. Bu holat yurak urishining tezlashishi (taxikardiya) va qon bosimining oshishiga olib kelishi mumkin. Jaziramada esa yurak allaqachon zo‘riqib ishlayotgani uchun bu qo‘shimcha stress hisoblanadi.

Oshqozon-ichak tizimiga ta’sir: yoz mavsumida hazm jarayoni nisbatan sekinlashishi mumkin. Achchiq taomlar oshqozon kislotaliligini oshirib, jig‘ildon qaynashi, gastrit qo‘zg‘alishi yoki yashirin yaralarning kuchayishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Shu sababli tibbiyot mutaxassislari jazirama kunlarda ayrim guruhlarga achchiq mahsulotlarni cheklashni tavsiya qiladi.

Masalan, homilador ayollarga, chunki bunday mahsulotlar jig‘ildon qaynashining kuchayishiga va toksikoz og‘irlashishiga olib kelishi mumkin.

Keksalarda qon bosimi o‘zgarishi yurak-qon tomir tizimi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Surunkali kasalligi, masalan, gastrit, yara, gipertoniya va boshqa kasalliklari bor odamlarda bunday xastaliklarning qo‘zg‘alishi ehtimoli yuqori.

Mutaxassisning aytishicha, jazirama sharoitida achchiq mahsulotlar ba’zi holatlarda organizmda suv-elektrolit muvozanati buzilishiga sabab bo‘lib, umumiy holatni og‘irlashtirishi mumkin.

“Salomatlik va strategik rivojlanish instituti” tavsiyasiga ko‘ra, achchiq taomlarni to‘liq cheklash shart emas, ammo ularni iste’mol qilish madaniyatiga rioya qilish muhim:

• kechki salqin vaqtda iste’mol qilish;

• qatiq, ayron yoki suzma kabi sut mahsulotlari bilan birga iste’mol qilish;

• yetarli miqdorda toza suv ichish;

• ortiqcha achchiq mahsulotlar iste’mol qilmaslik.

Achchiq mahsulotlar ko‘p hollarda taom mazasini kuchaytiruvchi omil hisoblanadi. Biroq ular ortiqcha iste’mol qilinganda oshqozonga og‘irlik tushishi mumkin. Shuningdek, ba’zi kombinatsiyalar noqulaylik keltirib chiqaradi. Jumladan, juda yog‘li taomlar, gazli ichimliklar, ortiqcha nordon mahsulotlar va ko‘p qahva va energetik ichimliklar.

Achchiq taomlar me’yorda iste’mol qilinganda ko‘pchilik uchun xavfli emas, ba’zi hollarda hatto ishtahani yaxshilaydi. Ammo jazirama kunlarda organizmda suv yo‘qotilishi kuchaygani sababli bunday taomlarni me’yordan ortiq iste’mol qilish salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois, har bir inson o‘z sog‘lig‘i, yoshi va individual holatidan kelib chiqib ovqatlanishi maqsadga muvofiqdir.

Madina Botirjonova