Shaxmatchilarimiz, ularning ota-onalari, murabbiylari, umuman, shaxmat mutaxassislari bir gapni, haq gapni ko‘p ta’kidlayapti: “Shaxmatga, shaxmatchilarga munosabat, e’tibor hech qachon bugungidek yuqori darajada bo‘lmagan!”. Prezidentimizning “Nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini munosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunga yorqin misol.

Hujjatga muvofiq, shaxmatchilarimiz va murabbiylari katta miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan. Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 46-Butunjahon shaxmat ­olimpiadasi g‘oliblari 200 ming, murabbiylari esa 50 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Olimpiadada bronza medalni qo‘lga kiritgan parashaxmatchilarimiz ham qaror ilovasida belgilangan pul mukofotini qabul qilib oldi. Olimpiadada g‘alaba qozongan, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yoshlarning ko‘piga davlat mukofotlari topshirildi. Bu hali hammasi emas, Prezidentimiz tomonidan chempionlarga uy va mashina ham sovg‘a qilindi.

Shaxmatchilarga bunday e’tibor va e’tirof nafaqat bizni, balki dunyodagi butun shaxmat mutaxassislarini ­hayratlantirmoqda. Xalqaro nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarga bir qur nazar tashlasangiz, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Hatto Hikaru Nakamura kabi jahonning mashhur shaxmatchilari ham yurtdoshlarimiz munosib ko‘rilgan mukofotlarga havas bilan qaramoqda. Jahon shaxmat jamoatchiligi orasida O‘zbekis­tonda shaxmatning keskin rivojlanishida so‘nggi yillarda davlat tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tiborning o‘rni katta ekani bot-bot ta’kidlanadi. Yurtimiz tajribasi boshqa davlatlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatiladi. Bir tomondan shaxmat orqali dunyo hamjamiyati yangi O‘zbekistondagi rivojlanish, o‘zgarish­larga ham guvoh bo‘lmoqda.

Shaxmat mavzusida anchadan beri, aniqrog‘i, 2012-yili Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni bo‘lganidan buyon yozaman. 2022 yili “O‘zbek shaxmatining oltin avlodi” kitobim nashrdan chiqqan. 2012-yildan buyog‘iga iste’dodli shaxmatchilarimizning har bir yutug‘i, muvaffaqiyatiga zamin tayyorlagan murabbiylari, ota-­onalari mehnatini bayon qilib kelaman. Ularning bu yutuqlarga erishishi, albatta, oson bo‘lmagan. Oltin avlodning yutuqlari bilan birga tizimdagi ­muammolarni ham ko‘p bor qalamga olganman.

Ularda O‘zbekistonda xalqaro shaxmat musobaqalari kamligi, o‘sha paytdagi Shaxmat federatsiyasi mutasaddilarining yosh iste’dodlar taqdiriga befarqligi, shaxmatchilarning ota-onalari chekkan mashaqqatlar, umuman, iste’dodli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimli yo‘lga qo‘yilmagani masalalari ko‘tarilgan.

Mana endi Prezidentimizning irodasi bilan bunday to‘siqlarga barham ­berilmoqda. Oxirgi yillarda mamlakatimizda xalqaro musobaqalar keskin ko‘paygani, ularning g‘olib va sovrindorlari va murabbiylarini munosib rag‘batlantirish tizimli yo‘lga qo‘­yilgani muvaffaqiyatlar soni va darajasi ortishiga sabab bo‘lmoqda. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va parashaxmat olimpiadasidagi ulkan muvaffaqiyat buning yorqin dalilidir.

Yangi O‘zbekiston shaxmatining oltin avlodi o‘z yutuqlari bilan bunga munosib javob qaytarishiga ishonaman. Bugungi g‘alabalar — ertangi ulkan zafarlarning debochasi. O‘zbek shaxmatining oltin avlodi hali ko‘plab tarixiy natijalarni qayd etadi. Bugun yosh shaxmatchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor ertaga yangi chempionlar, yangi jahon rekordlari va yangi tarixiy g‘alabalar bo‘lib qaytadi.

Husan KARVONLI,

Jurnalist