Ammo uning eng teran mazmuni oddiy insonning oʻz taqdirini oʻzi belgilashida, ona tilida erkin soʻzlashida, farzandi uchun munosib taʼlim tanlashida, mehnati va tashabbusi bilan farovon hayot qurish imkoniyatida namoyon boʻladi.
Tarixiy
nuqtayi nazardan, oʻttiz besh yil davlat uchun juda qisqa davr. Lekin shu vaqt
ichida siyosiy xaritada yangi suveren davlat qaror topishi, milliy institutlar
shakllanishi, iqtisodiy tizim oʻzgarishi, xalqning dunyoqarashi va jamiyatning
ijtimoiy tarkibi yangilanishi mumkin. Oʻzbekiston tajribasi ana shu
jarayonlarning murakkab, baʼzan ziddiyatli, ammo uzluksiz harakatini
koʻrsatadi. Shu bois, “Yangi Oʻzbekiston fenomeni”ni faqat soʻnggi yillarda
qurilgan binolar yoki oshgan raqamlar bilan emas, davlat va inson oʻrtasidagi
munosabatning oʻzgarishi bilan anglash kerak.
2026-yilda
davlat mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi
hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanishi ham
istiqlolga muzeyda saqlanadigan tarixiy xotira emas, har kuni davom etadigan
umummilliy masʼuliyat sifatida qarashga chorlaydi. Yagona Vatan turli qarash,
millat, avlod va hudud vakillarining umumiy taqdir oldida hamjihat boʻlishi
demak. Yagona xalq degani farqlarni yoʻqotish emas, ularni bir huquqiy makon va
bir fuqarolik hissida uygʻunlashtirishdir.
Mustaqillikning
35 yilligini munosib nishonlashga bagʻishlangan Prezidentimiz qarorida istiqlol
xalqimiz qatʼiy irodasi va ajdodlar jasorati bilan qoʻlga kiritilgan, yangi
Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ishlarimizning asosi boʻlgan buyuk
qadriyat sifatida baholandi. Bu taʼrifda oʻtmish, bugun va kelajak birlashadi:
mustaqillik tarixdan kuch oladi, islohotlarda mazmun kasb etadi va kelajak avlodlar
oldidagi burchga aylanadi.
2016-yil: taraqqiyot
mantigʻini oʻzgartirgan burilish
2016-yil
oxiridan mamlakatda davlat va jamiyat munosabatlarini qayta koʻrib chiqish
jarayoni boshlandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga
xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning siyosiy-falsafiy yoʻnalishini
belgiladi. Virtual va Xalq qabulxonalari orqali murojaatlar bilan ishlash,
rahbarlarning joylarga chiqishi, muammolarni yashirmasdan muhokama qilish
davlat boshqaruvining odatiy uslubini oʻzgartirdi.
2017-2021-yillarga
moʻljallangan Harakatlar strategiyasi besh ustuvor yoʻnalish — davlat va
jamiyat qurilishi, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy
soha, xavfsizlik va tashqi siyosatni bir dasturda birlashtirdi. Muhimi,
strategiya yillik davlat dasturlari, aniq vazifalar va jamoatchilik muhokamasi
bilan bogʻlandi. Shu tariqa islohotlar alohida qarorlar yigʻindisidan strategik
boshqaruv tizimiga oʻta boshladi.
Yangi
bosqichning birinchi vazifasi yillar davomida toʻplangan oddiy, ammo inson
hayotini qiynagan toʻsiqlarni bartaraf etish boʻldi. Valyuta ayirboshlash,
propiska, xorijga chiqish, fuqarolik, davlat xizmatlari, tadbirkorlik
ruxsatnomalari, chegaradan oʻtish kabi masalalardagi oʻzgarishlar jamiyatda
islohotlarning amaliy mazmunini koʻrsatdi. Baʼzan katta siyosiy konsepsiya
inson uchun pasport olish, bankdan valyuta sotib olish yoki qoʻshni davlatdagi
qarindoshini koʻrish imkonida namoyon boʻladi.
Mazkur
davrni “islohotlarning birinchi bosqichi” deb atash mumkin: tizimning yopiq
qismlarini ochish, eski muammolarni tan olish va inson qadrini davlat siyosati
markaziga olib chiqish bosqichi. Ammo ochishning oʻzi yetarli emas. Keyingi
vazifa yangi qoidalarni barqaror institutlarga aylantirish, qarorlarning
joylarda bir xil ishlashini taʼminlash va miqdoriy oʻsishni sifat bilan
mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Iqtisodiy ochiqlik: cheklovdan
unumdorlikka
2017-yil
sentyabrda valyuta siyosatining liberallashtirilishi yangi Oʻzbekiston
iqtisodiy islohotlarining ramziy nuqtasi boʻldi. Milliy valyutaning bozor
tamoyillari asosida ayirboshlanishi eksportchi, investor, tadbirkor va oddiy
fuqaro uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Valyuta bozoridagi maʼmuriy farq
qisqarishi iqtisodiyotning haqiqiy holatini koʻrish, investitsiya qarorlarini
aniq baholash va tashqi savdoni kengaytirish imkonini berdi.
Soliq
stavkalari va turlari qisqartirildi, bojxona va litsenziyalash jarayonlari
soddalashtirildi, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat-xususiy
sheriklik mexanizmlari kengaydi. Bularning barchasi darhol mukammal raqobat
muhitini yaratdi deb aytish qiyin. Lekin iqtisodiy siyosatning mantigʻi
oʻzgardi: xususiy sektor nazorat obyektidan chiqib, oʻsish va ish oʻrni
yaratadigan hamkor sifatida qarala boshlandi.
2025-yil
yakunlariga koʻra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarixda birinchi marta 145
milliard dollardan oshdi, eksport 33,4 milliard dollarga, jalb qilingan xorijiy
investitsiya 43,1 milliard dollarga yetdi, oltin-valyuta zaxiralari esa 60
milliard dollardan oshdi. Jahon banki 2025-yilda real iqtisodiy oʻsish 7,7
foizni tashkil etganini qayd etdi. 2026-yilning birinchi yarmida bu surʼat
yanada jadallashdi: iqtisodiyot 8,5 foiz, sanoat 8 foiz, xizmatlar 16,9 foiz,
qurilish 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligi 4,7 foiz oʻsdi, investitsiya hajmi 28
milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. “Fitch” va “Moodyʼs”
agentliklari Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini bir pogʻona yaxshiladi.
Yangilangan
makroiqtisodiy prognozda 2026-yil yakunida YAIMning 8,1 foiz oʻsishi kutilmoqda.
Prezidentimiz 40 millionli aholi turmushini yanada yaxshilash uchun iqtisodiy
oʻsishni 9-10 foiz darajasiga olib chiqish imkoniyatlarini safarbar etishga
eʼtibor qaratdi. Bu dinamika islohotlar iqtisodiy faollikni sezilarli
kengaytirganini koʻrsatadi.
Biroq
iqtisodiy fenomen raqamning kattaligida emas, oʻsishning tarkibi va odamlar
hayotiga taʼsiridadir. YAIM oshib, munosib ish oʻrinlari yetarli yaratilmasa,
yoshlar salohiyati toʻliq ishga tushmaydi. Investitsiya kirib, mahalliy korxona
texnologiya va malaka olmasa, qoʻshilgan qiymatning katta qismi tashqarida
qolishi mumkin. Shuning uchun navbatdagi bosqichda raqobat, xususiy mulk
himoyasi, mustaqil sud, energiya samaradorligi va mehnat unumdorligi iqtisodiy
siyosatning asosiy mezonlariga aylanishi zarur.
Tadbirkorlik va mulkdorlik
madaniyati
Mustaqillikning
iqtisodiy mazmuni insonning halol mehnat qilishi, mulkka egaligi va
tashabbusini roʻyobga chiqarish huquqida koʻrinadi. Soʻnggi yillarda roʻyxatdan
oʻtish, litsenziya olish, soliq hisobotini topshirish va bank xizmatlaridan
foydalanishning elektronlashishi tadbirkor uchun vaqt va xarajatni qisqartirdi.
120 turdagi hujjatni talab qilish va 160 dan ortiq litsenziya hamda
ruxsatnomaning bekor qilinishi natijasida bozorga qariyb 200 ming yangi tadbirkor
kirib keldi, chet el ishtirokidagi korxonalar soni besh karraga yaqin oshib, 23
mingga yaqinlashdi.
Tadbirkorlikni
qoʻllab-quvvatlash kredit berish bilangina cheklanmasligi kerak. Yer,
infratuzilma, elektr, logistika, malakali kadr, standart va bozorga kirish bir
zanjirda ishlasa, mablagʻ ishlab chiqarishga aylanadi. Aks holda, imtiyoz qisqa
muddatli yengillik berib, barqaror biznes modelini yaratmasligi mumkin. Yangi
Oʻzbekistonning vazifasi imtiyozga emas, raqobat va innovatsiyaga tayanadigan
mulkdorlar qatlamini kengaytirishdir.
Mahallabay
ishlash va hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvi kichik tashabbusni milliy
iqtisodiyot bilan bogʻlash imkonini berdi. Bir hududda bogʻdorchilik,
boshqasida toʻqimachilik, hunarmandlik, turizm, logistika yoki axborot texnologiyalari
drayver boʻlishi mumkin. Bu yondashuv markazdan bir xil loyiha yuborish oʻrniga
hududning tabiiy, madaniy va inson resurslarini hisobga olishni talab qiladi.
Haqiqiy
mulkdorlik madaniyati huquq va masʼuliyatning birligidir. Tadbirkor qonun himoyasiga
ishonishi, biroq soliq, mehnat xavfsizligi, ekologiya va mahsulot sifati
boʻyicha jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerak. Davlat esa qoida belgilab,
oʻzi ham unga rioya qilishi shart. Iqtisodiy erkinlikning eng ishonchli
kafolati mansabdorning vaʼdasi emas, barchaga bir xil ishlaydigan qonundir.
Muhim konseptual oʻzgarish
Yangi
Oʻzbekiston islohotlarida kambagʻallikning rasman tan olinishi muhim
konseptual oʻzgarish boʻldi. Muammo tan olinmaguncha uning koʻlamini oʻlchash,
sabablarini tahlil qilish va manzilli siyosat yuritish mumkin emas. “Temir
daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, Yagona ijtimoiy reestr, hokim
yordamchilari va ijtimoiy xodimlar tizimi ehtiyojni xonadon darajasida
koʻrishga xizmat qildi.
2025-yilda
kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik 5,5 foizdan 4,9 foizga
tushgani, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqqani va 1435
mahalla ilk bor “kambagʻallikdan xoli” hududga aylangani qayd etildi. Jahon
banki ham milliy kambagʻallik koʻrsatkichining 2024-yildagi 8,9 foizdan
2025-yilda 5,8 foizga tushganini tasdiqlaydi.
Bu
raqamlar muhim, ammo oilani roʻyxatdan chiqarishning oʻzi barqaror farovonlik
degani emas. Daromad manbai qanchalik mustahkam? Ish rasmiy va xavfsizmi? Oila
salomatlik yoki hosilning yoʻqolishi kabi zarbaga bardosh bera oladimi? Bolalar
taʼlimdan uzilib qolmayaptimi? Kambagʻallikdan chiqish siyosatining keyingi
bosqichi ana shu savollarga javob beradigan uzoq muddatli kuzatuv va “ijtimoiy
lift” mexanizmlarini talab qiladi.
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat ekani
mustahkamlandi. Bu qoida nafaqa va moddiy yordam miqdorini oshirishdan kengroq
maʼnoga ega. Ijtimoiy davlat sifatli taʼlim va tibbiyot, munosib mehnat,
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun teng muhit, keksalarga gʻamxoʻrlik va bola
huquqlarini kafolatlovchi institutlar tizimidir. Davlatning insonga yordami uni
doimiy qaram qilib qoʻymasdan, imkoniyatini ishga solishga yetaklashi kerak.
Taʼlimdagi kengayish: endi
asosiy mezon — sifat
Mustaqillik
yillarida taʼlim milliy taraqqiyotning eng katta ijtimoiy maydoniga aylandi.
Yangi maktablar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oilaviy va
nodavlat bogʻchalar, xorijiy va xususiy oliy taʼlim tashkilotlari paydo boʻldi.
Oliy taʼlimda kechki, masofaviy va qoʻshma dasturlar kengaydi. Bu oʻzgarishlar
yoshlarning bilim olish imkoniyatini oshirishga qaratildi.
Milliy
statistika maʼlumotlariga koʻra, 1991/1992 oʻquv yilida oliy taʼlim
tashkilotlarida 337,4 ming talaba tahsil olgan boʻlsa, 2025/2026 oʻquv yili
boshida
1
million 535 ming nafarga yetdi — qariyb 4,6 barobar oʻsdi. Ayniqsa, 2017-yildan
keyin qabul kvotalari, nodavlat va xorijiy oliygohlar hamda taʼlim shakllari
kengayishi bilim olishga boʻlgan ulkan ijtimoiy talabni ochib berdi.
Biroq
auditoriyada oʻtirgan talabalar soni koʻpayishi oʻz-oʻzidan inson kapitali
sifatini kafolatlamaydi. Professor-oʻqituvchilar salohiyati, akademik halollik,
laboratoriya va kutubxona, chet tillar, raqamli koʻnikmalar, ish beruvchi bilan
hamkorlik hamda bitiruvchining bandligi bir tizimda baholanishi kerak.
Taʼlimdagi navbatdagi tarixiy vazifa qamrov inqilobini sifat inqilobiga
aylantirishdir.
Universitet
faqat diplom beruvchi muassasa emas, jamiyatning tanqidiy tafakkurini
shakllantiruvchi makondir. Mustaqil fikrlaydigan yosh savol beradi, dalil talab
qiladi va yangi yechim taklif etadi. Istiqlolning maʼnaviy quvvati ham shunda:
davlat yoshlarni tayyor javobni takrorlashga emas, Vatan muammolari uchun
masʼuliyat bilan fikr yuritishga oʻrgatadi. Ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish
uygʻunlashgandagina Uchinchi Renessans gʻoyasi hayotiy mazmun kasb etadi.
Huquq qogʻozda emas, amaliyotda
Yangi
Oʻzbekiston davrining eng sezilarli oʻzgarishlaridan biri inson huquqlari bilan
bogʻliq ogʻriqli masalalarning ochiq tan olinishi boʻldi. Paxta yigʻim-terimida
bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga barham berilishi shular
jumlasidandir. Xalqaro mehnat tashkiloti 2022-yilda Oʻzbekiston paxtasi tizimli
bolalar mehnati va majburiy mehnatdan xoli ekanini qayd etdi. Shu asosda Cotton
Campaign xalqaro boykotni bekor qildi.
Bu
oʻzgarish bir tarmoqdagi mehnat munosabatidan ancha keng maʼnoga ega. U insonni
reja va maʼmuriy topshiriq vositasi sifatida koʻrishdan uning mehnat huquqi,
vaqti va qadrini hurmat qilishga oʻtishni anglatadi. Eng muhimi, paxtachilik
yoʻqolmadi, klaster, manfaatdorlik va bozor mexanizmlari orqali qayta tashkil
etildi. Demak, iqtisodiy natija inson huquqi hisobidan emas, mehnat unumdorligi
va texnologiya orqali taʼminlanishi mumkin.
Xorijga
chiqish, propiska tizimi yumshatilishi, fuqarolik berish tartibi kengayishi,
diniy qarashlari tufayli maxsus hisobda turgan minglab fuqarolarning roʻyxatdan
chiqarilishi va “Mehr” operatsiyalari orqali mojaro hududlaridan yuzlab
vatandoshlarimiz qaytarilishi shaxs erkinligi va davlat himoyasiga amaliy
mazmun berdi. Mazkur jarayonlar jamiyatda qoʻrquvni kamaytirib, fuqaroning
davlatga daxldorlik hissini kuchaytirdi.
Inson
huquqlari sohasida “erishildi” degan yakuniy nuqta boʻlmaydi. Sud mustaqilligi,
tergovda qonuniylik, soʻz va uyushish erkinligi, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi,
gender tenglik va mansabdorning javobgarligi doimiy nazorat talab qiladi.
Islohotning ortga qaytmasligi rahbar irodasigina emas, mustaqil institut,
ochiq maʼlumot, professional jurnalistika va faol fuqarolik jamiyati bilan
taʼminlanadi.
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiya: inson, jamiyat va davlatning yangi ahdi
2023-yil
30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya
mustaqil taraqqiyotning yangi huquqiy bosqichini belgiladi. Unda inson huquq va
erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikdagi ziddiyat va
noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi, Oʻzbekistonning huquqiy, ijtimoiy
va dunyoviy davlat ekani kabi qoidalar mustahkamlandi.
Konstitutsiyada
taʼlim, tibbiy xizmat, ijtimoiy taʼminot, uy-joy, mehnat va ekologik huquqlarga
oid kafolatlar kengayishi davlatning fuqaro oldidagi majburiyatlarini oshirdi.
Bu meʼyorlar deklarativ qolmasligi uchun byudjet, maʼmuriy tartib-taomil, sud
amaliyoti va mahalliy boshqaruv ularga moslashishi lozim. Konstitutsiyaning
kuchi uning matnida emas, fuqaro huquqini himoya qilgan har bir qarorda koʻrinadi.
Yangi
tahrirning tarixiy ahamiyati jamiyatda “davlat nima berishi kerak?” degan savol
bilan birga “fuqaro davlat boshqaruvida qanday ishtirok etadi?” degan savolni
ham kuchaytirganidadir. Tashabbusli byudjet, ochiq muhokama, jamoatchilik
kengashlari va mahalliy vakillik organlarining roli ana shu konstitutsiyaviy
madaniyatning amaliy koʻrinishlaridir.
Biroq
huquqiy ong faqat yangi normalar qabul qilinishi bilan shakllanmaydi. Mansabdor
Konstitutsiyani oʻz ish faoliyatining bosh mezoni, fuqaro esa uni oʻz
huquqining amaliy himoyachisi sifatida his qilishi kerak. Maktabdan boshlab
huquqiy taʼlimni kuchaytirish, sud qarorlarining tushunarli va ochiq boʻlishi,
davlat organlarining konstitutsiyaviy majburiyatlari yuzasidan hisobdorligi
yangi Oʻzbekistonning huquqiy fenomenini mustahkamlaydi.
Raqamli davlat: navbat
qisqarganda vaqt qadrlanadi
Davlat
xizmatlari markazlari tashkil etilishi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari
portali kengayishi fuqaroning idora bilan munosabatini oʻzgartirdi. Ilgari bir
maʼlumotnoma uchun bir necha eshikni taqillatishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, endi
koʻplab xizmatlar yagona nuqta yoki telefon orqali olinmoqda.
Raqamlashtirishning eng katta samarasi kompyuterlar sonida emas, inson vaqti,
yoʻl xarajati va ortiqcha muloqotning qisqarishidadir.
2025-yilga
kelib, elektron davlat xizmatlari soni 15 karra oshib 721 taga, ulardan
foydalanuvchilar soni 11 milliondan ziyodga yetdi. Raqamli rivojlanish boʻyicha
2025-yilgi hisobotda Oʻzbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish
indeksida 63-oʻrinni, Jahon bankining GovTech yetuklik indeksida esa 9-oʻrinni
egallagani qayd etildi.
Elektron
xizmat korrupsiya xavfini kamaytiradi, chunki qarorning izi, muddati va masʼuli
tizimda qayd etiladi. Lekin algoritm ham notoʻgʻri maʼlumot yoki adolatsiz
mezonni tezlashtirishi mumkin. Shu bois, raqamli davlatda shaxsiy maʼlumotlar
himoyasi, algoritm shaffofligi, kiberxavfsizlik va qaror ustidan insonga
murojaat qilish imkoni asosiy huquqiy talab boʻlib qoladi.
Raqamlashtirish
shahar va qishloq, yosh va keksa, internetga ega va undan foydalana olmaydigan
fuqarolar oʻrtasida yangi tafovut yaratmasligi kerak. Elektron xizmatning
oflayn muqobili, raqamli savodxonlik va barqaror internet infratuzilmasi
taʼminlansa, texnologiya ijtimoiy tenglikka xizmat qiladi. Aks holda,
qulaylikning oʻzi yangi toʻsiqqa aylanishi mumkin.
“Yashil” taraqqiyot va
infratuzilma
Aholi
va iqtisodiyot oʻsishi energiya, suv, transport va shahar infratuzilmasiga
talabni keskin oshirdi. Soʻnggi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz
koʻpayib, 81,5 milliard kilovatt-soatga yetdi, xususiy sektorning
generatsiyadagi ulushi 24 foiz, “yashil” energiya hissasi 16 foizni tashkil
etdi. Quyosh va shamol stansiyalari barpo etilishi Oʻzbekiston energetikasida
yangi texnologik va investitsiyaviy davrni boshladi.
Bu
oʻzgarishlar ikki karra ahamiyatga ega. Birinchidan, sanoat va aholi uchun
qoʻshimcha quvvat yaratiladi. Ikkinchidan, iqtisodiyotning uglerod sigʻimi
kamayib, global “yashil” bozor talablariga moslashish imkoni paydo boʻladi.
Biroq yangi stansiya qurishning oʻzi yetarli emas: elektr tarmoqlarini
modernizatsiya qilish, energiyani saqlash, hisob-kitob intizomi va tejamkor
texnologiyalarni ommalashtirish zarur.
Orol
fojiasi mustaqil Oʻzbekistonga qolgan eng ogʻir ekologik merosdir. Qurigan
dengiz tubida oʻrmonzorlar barpo etilishi, Orolboʻyi aholisi uchun suv, sogʻliq
va bandlik loyihalari amalga oshirilishi milliy harakatni xalqaro hamkorlik
bilan bogʻladi. Oʻzbekiston tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasi 2021-yilda
Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qildi.
Kelajakda
suv tanqisligi, iqlim oʻzgarishi va shaharlashuv taraqqiyotning eng jiddiy
cheklovlaridan boʻladi. Suvni hisobga olish, tejamkor sugʻorish, chiqindilarni
qayta ishlash, jamoat transporti, yashil hududlar va ekologik taʼlim
bir-biridan ajratilmasligi kerak. Yangi Oʻzbekistonning ulkan salohiyati tabiiy
resursni koʻproq sarflashda emas, har bir kub metr suv va har bir kilovatt
energiyadan koʻproq qiymat yaratishda namoyon boʻladi.
Maʼrifat, milliy xotira va
erkin tafakkur
Mustaqillik
tarixiy xotirani tiklash uchun beqiyos imkoniyat yaratdi. Amir Temur,
Jaloliddin Manguberdi, jadidlar, qatagʻon qurbonlari, buyuk muhaddis va
mutafakkirlar merosi milliy oʻzlikning uzviy qismi sifatida qayta oʻrganildi. Tarixiy shaharlar va obidalar taʼmirlandi, yangi ilmiy
markazlar, muzeylar va madaniy maydonlar paydo boʻldi. Milliy xotira oʻtmish
bilan faxrlanishgina emas, kelajak oldida masʼuliyat his qilish uchun ham
zarur.
Yangi Oʻzbekiston davrida maʼrifat va
diniy bagʻrikenglik ichki siyosatdan xalqaro tashabbus darajasiga koʻtarildi.
2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston ilgari surgan “Maʼrifat va diniy
bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Hujjat taʼlim, savodxonlik, oʻzaro
hurmat va din erkinligini ekstremizmga qarshi uzoq muddatli vosita sifatida
belgilashi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat
hamda 16 konfessiya vakillari tinch-totuv yashashi istiqlolning katta ijtimoiy
boyligidir. Birlik barchaga bir xil madaniy qolipni majburan berish emas. U
davlat tiliga hurmat, boshqa til va anʼanalarning erkin rivoji, dinlararo
bagʻrikenglik va teng fuqarolik huquqlarining uygʻunligida shakllanadi.
Erkin tafakkur maʼrifatning eng yuksak
koʻrinishidir. Ilm ahli tarixni faqat tantanali sahifalar orqali emas, murakkab
va bahsli jihatlari bilan oʻrganishi kerak. Tanqid Vatanga muhabbatning ziddi
emas, dalilga asoslangan tanqid xatoni vaqtida koʻrsatib, taraqqiyotni
tezlashtiradi.
“Oʻzbekiston
— 2030” strategiyasi: istiqlolning kelajak dasturi
2022-2026-yillarga moʻljallangan
Taraqqiyot strategiyasi “inson qadri uchun” tamoyilini yetti ustuvor
yoʻnalishda tizimlashtirdi. 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston —
2030” strategiyasi esa barqaror
iqtisodiy oʻsish, sifatli taʼlim, suv resurslari, qonun ustuvorligi va
xavfsizlik masalalarini uzoqroq istiqbol bilan bogʻladi.
2026-yilda strategiya maqsad va
koʻrsatkichlarining qayta koʻrib chiqilishi islohotlarni yangi sharoitga
moslashtirish zaruratidan kelib chiqdi. Yangilangan maqsadlar 2030-yilga borib,
YAIM hajmini 240 milliard dollardan, aholi jon boshiga 5,8 ming dollardan
oshirishni nazarda tutadi. Bunday marra faqat kapital kiritish bilan emas,
mehnat unumdorligi, texnologiya, eksport tarkibi va inson kapitali sifatini
oshirish bilan taʼminlanadi.
Strategiyaning qiymati maqsadning
balandligida emas, uning oʻlchanishi va jamoatchilikka hisob berilishidadir.
Koʻrsatkichlar har yili ochiq eʼlon qilinsa, muvaffaqiyat bilan birga ortda
qolgan sohalar ham koʻrinsa, strategik hujjat davlat va jamiyat oʻrtasidagi
ahdga aylanadi. Aks holda, katta raqamlar mahalladagi real ehtiyojdan uzilib
qolishi mumkin.
2030-yilga moʻljallangan taraqqiyot
istiqlolni keyingi avlodga qanday davlat sifatida topshirishimiz haqidagi
savoldir. Daromadi oʻrtachadan yuqori mamlakat boʻlish muhim, ammo bu maqom
adolatli sud, toza havo, sifatli maktab, inklyuziv shahar, xavfsiz mehnat va
erkin fikr bilan toʻldirilsa, haqiqiy qadrga ega boʻladi. Yangi Oʻzbekiston
fenomeni iqtisodiy yuksalish va insonparvar davlatchilikning birligida namoyon
boʻlishi kerak.
Xulosa
Fenomen tushunchasi oddiy holatdan
koʻra kengroq, oʻziga xos tarixiy hodisani anglatadi. Yangi Oʻzbekiston
fenomeni, nazarimda, uch jarayonning bir vaqtda kechayotganida koʻrinadi.
Birinchisi — mustaqil davlatchilikning 1991-yilda yaratilgan asoslarini
saqlash. Ikkinchisi — 2016-yildan keyin davlatni ochish va insonga
yaqinlashtirish. Uchinchisi — milliy oʻzlikni global iqtisodiyot, texnologiya
va umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirish.
Bu fenomenning birinchi belgisi —
islohotlar koʻlami. Davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya,
energetika, tashqi siyosat va maʼnaviy hayot bir vaqtning oʻzida oʻzgarmoqda.
Ikkinchi belgi — surʼat: qisqa davrda uzoq yillar yechim kutgan masalalar
boʻyicha qarorlar qabul qilindi. Uchinchi belgi — jamiyatning kutilmalari
oʻsishi. Odamlar endi faqat barqarorlikni emas, sifat, adolat, tezkor xizmat va
ochiqlikni talab qilmoqda.
Jamiyat kutilmasi ortishi bilan baʼzan
norozilik yoki tanqid koʻpaygandek koʻrinadi. Aslida, bu fuqarolik
yetukligining belgisidir. Oʻz ovozining taʼsiriga ishonmagan inson savol
bermaydi. Murojaat qilayotgan, muhokamada qatnashgan va natija talab qilayotgan
fuqaro davlatni oʻziniki deb biladi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekiston fenomeni
faqat davlat tashabbusi emas, jamiyatning uygʻonish jarayonidir.
Tarixchi uchun eng muhim mezon
oʻzgarishning qay darajada barqaror institutga aylanganidir. Bir yillik yuqori
oʻsish yoki bitta yirik loyiha tarixiy tendensiyani isbotlamaydi. Ammo qoida,
kadr, moliya, jamoatchilik nazorati va avlodlar davomiyligi birlashsa, islohot
yangi tarixiy sifatga aylanadi. 35 yillik tajriba Oʻzbekistonning ana shu
murakkab, ammo istiqbolli bosqichga kirganini koʻrsatadi.
Naim OBLOMURODOV,
tarix fanlari doktori, professor