Jahon iqtisodiyotida ham sanoat sohasi iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi muhim tarmoqlardan. Hozir sanoat global yalpi ichki mahsulotning taxminan 26 foizini tashkil etadi. Uning tarkibida qayta ishlash sanoati alohida ahamiyatga ega. U jahon YAIMning 16-17 foizini taʼminlaydi hamda sanoat qoʻshilgan qiymatining qariyb 80 foizini shakllantiradi.
Shuningdek, jahon iqtisodiyotida ish bilan band aholi soni
taxminan 3,5 milliardni tashkil etib, ularning qariyb 24 foizi sanoat
tarmoqlarida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, global miqyosda asosiy
kapitalga kiritilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlarning asosiy qismi
sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirilmoqda. Bu holat sanoatning global iqtisodiyotda
ish oʻrinlari ochish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim oʻrin
tutishini koʻrsatadi.
BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti tomonidan
tayyorlangan 2026-yilgi Sanoat rivojlanishi hisobotiga koʻra, sanoat sohasi
texnologik taraqqiyot va barqaror rivojlanishni taʼminlashda asosiy
drayverlardan. Xususan, xalqaro tashkilotlar hisobotida taʼkidlanishicha, kelgusi
oʻn yilliklarda global iqtisodiy rivojlanish raqamlashtirish, sunʼiy intellekt
texnologiyalari, “yashil” energetika, yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish va
elektr transport vositalari kabi yangi texnologik yoʻnalishlar taʼsirida
shakllanadi. Shu bilan birga, sanoatlashuv ish oʻrinlari ochish,
innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va qiymat zanjirlarini kengaytirish orqali
iqtisodiy nomutanosibliklarni kamaytirish hamda barqaror iqtisodiy
rivojlanishni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, jahon tajribasi barqaror iqtisodiy
oʻsishga erishgan mamlakatlar sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik
rivojlantirishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilaganini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda ham 2017-yildan boshlab iqtisodiyotni
liberallashtirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va investitsiya muhitini
yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayon
Harakatlar strategiyasi doirasida boshlanib, keyinchalik Taraqqiyot
strategiyasi orqali izchil davom ettirildi. Ushbu islohotlarning mantiqiy
davomi sifatida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi sanoat sohasidagi
islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan uygʻunligi mamlakatning global
maydondagi pozitsiyasini mustahkamlab, sanoat sohasidagi islohotlarni
jadallashtirdi. Strategiyaning 48-maqsadi doirasida sanoatda qoʻshilgan
qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish,
togʻ-kon sanoatida mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasi hamda shatakka
olish tizimi doirasida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmini hozirgi 1,5
milliard dollardan 2 milliard dollargacha yetkazish, toʻqimachilikda kalava
ipni qayta ishlash darajasini hozirgi 65,9 foizdan 100 foizga yetkazish
boʻyicha vazifalar belgilangan.
Natijada qayta ishlash sanoatini kengaytirish, yuqori
qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va “yashil”
industrial rivojlanishni taʼminlash ustuvor vazifalarga aylandi. Shu jihatdan
2017-2025-yillarni Oʻzbekiston sanoatida tarkibiy transformatsiya bosqichi
sifatida baholash mumkin.
Makroiqtisodiy holat va investitsiya
Keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsish
tendensiyasini namoyon qildi. Ushbu davrda yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning
oʻrtacha yillik oʻsish surʼati taxminan 6 foizni tashkil etdi. Jumladan,
iqtisodiy oʻsish 2017-yilda 4,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 6,1
foizga koʻtarildi hamda 2025-yilda 7,7 foiz darajasida qayd etildi. Natijada 2025-yilga
kelib, mamlakat YAIM hajmi tarixda ilk bor 147 milliard dollardan oshdi. Mazkur
oʻsishda sanoat tarmoqlarining hissasi sezilarli boʻldi. Jumladan, 2025-yilda
sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foiz oʻsdi.
Sanoat tarmoqlarida yalpi qoʻshilgan qiymat hajmi ham
sezilarli darajada kengaydi. Xususan, mazkur koʻrsatkich 2017-yilda 73,3
trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 472,7 trillion soʻmga
yetdi. Inflyatsiya taʼsirini hisobga olganda, oʻsish surʼati taxminan 2,8
barobarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, YAIM tarkibida sanoatning ulushi ham oʻsish
tendensiyasini namoyon qildi. Jumladan, 2017-yilda sanoat yalpi qoʻshilgan
qiymatining YAIMdagi ulushi 22 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib,
26,8 foizga yetdi. Bu holat sanoat tarmoqlarining milliy iqtisodiyotdagi
ahamiyati ortayotgani va iqtisodiy oʻsishda sanoatning drayver sifatidagi roli
kuchayib borayotganini koʻrsatadi.
2017-2025-yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan
umumiy xorijiy investitsiya hajmi taxminan 130 milliard dollarni tashkil etdi.
Ushbu davrda asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiyalar va
kreditlarning oʻrtacha hisobda qariyb 70 foizi sanoat tarmoqlariga
yoʻnaltirildi. Bunda togʻ-kon, ishlab chiqarish sanoati, elektr energiyasi,
gaz va bugʻ bilan taʼminlash, shuningdek, suv taʼminoti va kanalizatsiya
tarmoqlari asosiy investitsiya qabul qiluvchi sohalar boʻldi.
2025-yilda yangi asosiy fondlarni yaratishga qaratilgan
xorijiy investitsiya va kreditlar 33,5 milliard dollar (422,1 trillion soʻm)ni
tashkil etdi. Ularning tarmoqlar kesimida taqsimlanishiga koʻra, 33,2 foizi
ishlab chiqarish sanoatiga, 17,1 foizi elektr va gaz taʼminotiga, 11,9 foizi
togʻ-kon sanoatiga, 2,1 foizi esa suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlariga
toʻgʻri keldi.
Umuman olganda, 2025-yilda asosiy
kapitalga kiritilgan investitsiyalar 591,1 trillion soʻmni tashkil etib,
shundan 24,75 milliard dollari sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirildi. Natijada
ushbu tarmoqqa yoʻnaltirilgan investitsiyalar ulushi 2017-yildagi 45 foizdan
2025-yilda 53 foizgacha oshdi.
Yirik investitsiya loyihalari asosan metallurgiya, misni
qayta ishlash, neft-gaz kimyosi, qurilish materiallari hamda avtomobilsozlik
sohalarida amalga oshirildi. Investitsiyalar ishlab chiqarish quvvatlarini
kengaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni
rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qildi.
Qayta ishlash va tarkibiy transformatsiya
Ushbu sarmoyalar asosida qayta ishlash sanoatida sezilarli
oʻsish kuzatildi. 2017-2025-yillarda
Oʻzbekiston sanoati tarkibida qayta ishlash sanoati yetakchi oʻrinni egallab,
iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylandi. Bu davrda sanoat tarkibi
diversifikatsiyalanib, qurilish materiallari, mashinasozlik va avtosanoat kabi
tarmoqlarda yuqori oʻsish surʼati kuzatildi. Sanoat mahsulotlari ishlab
chiqarish hajmi 2017-yilda 148,8 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa,
2025-yilga kelib, 1101,1 trillion soʻmga yetdi. Inflyatsiyani hisobga olganda
real oʻsish taxminan 3,2 barobarni tashkil qildi.
Qayta ishlash sanoatining sanoat
tarkibidagi ulushi 2017-yildagi 78,1 foizdan 2025-yilga kelib, 86 foizgacha
oshdi. Nominal hajm esa 112,7 trillion soʻmdan 947,2 trillion soʻmgacha
koʻpaydi. Ayniqsa, qurilish materiallari va mashinasozlik tarmoqlarida
sezilarli oʻsish kuzatildi. Xususan, sement ishlab chiqarish 2017-yildagi 8,5
million tonnadan 2025-yilda 20,2 million tonnagacha oshdi, yengil avtomobillar
ishlab chiqarish esa qariyb 135,5 ming donadan 403,5 mingdan ortiqqa yetdi.
Shu bilan birga, sanoat tarkibida togʻ-kon sanoati ulushi
2017-yildagi 12,7 foizdan 2025-yilga kelib, 7 foizga tushdi. Elektr, gaz va
bugʻ bilan taʼminlash hamda suv taʼminoti tarmoqlarining ulushi ham bir oz
qisqargan boʻlsa-da, ularning nominal ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshdi.
Umuman olganda, bu davrda sanoat tarkibidagi oʻzgarishlar iqtisodiyotda
diversifikatsiya jarayonlari kuchayib, yuqori qoʻshilgan qiymatga asoslangan
industrial rivojlanish modeli shakllanayotganini koʻrsatadi.
Eksport va diversifikatsiya
Keyingi 9-10 yilda Oʻzbekiston tashqi savdosida sanoat
eksporti tarkibiy jihatdan diversifikatsiyalandi. Umumiy eksport hajmi 13,9
milliard dollardan 33,8 milliard dollargacha oʻsdi. 2025-yilda sanoat
tovarlari eksporti qariyb 4 milliard dollarga yetdi va uning umumiy eksportdagi
ulushi 11,8 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, eksport tarkibida oltin (29,3
foiz) va xizmatlar (28,9 foiz) asosiy ulushni saqlab qoldi.
2017-yilga nisbatan 2025-yilga kelib,
eksport tarkibida xomashyoga bogʻliqlik muayyan darajada qisqarib, qayta
ishlangan mahsulotlar ulushi ortdi. Ayniqsa, metallar (rux, alyuminiy, mis),
mashina va uskunalar, kimyo mahsulotlari hamda toʻqimachilik tayyor
mahsulotlari eksporti sezilarli oʻsdi. 2025-yilda sanoat eksporti tarkibida
toʻqimachilik mahsulotlari 7,8 foiz va kimyo sanoati mahsulotlari 6,3 foizni
tashkil etdi.
Shu bilan birga, eksport geografiyasi ham kengaydi.
2017-yilda mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlari Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston
va Turkiya boʻlgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, ular bilan bir qatorda Fransiya,
BAA, Afgʻoniston va Pokiston kabi yangi bozorlarning ahamiyati ortdi. Umuman
olganda, mazkur davrda sanoat eksporti tarkibi va geografiyasidagi oʻzgarishlar
Oʻzbekiston iqtisodiyotida diversifikatsiya jarayonlari kuchayib borayotganidan
dalolat beradi.
Mehnat bozori va texnologik rivojlanish
2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotida band boʻlgan aholi soni
14,3 millionni tashkil etgan. Shundan 12,1 foizi sanoat tarmoqlarida faoliyat
yuritgan. Ushbu koʻrsatkich sanoatning mamlakat mehnat bozorida muhim oʻrin
tutayotgani va iqtisodiy rivojlanishda aholini barqaror ish bilan taʼminlash
manbai sifatida xizmat qilayotganini ifodalaydi.
Sanoat tarmoqlarida bandlik asosan ishlab chiqarish va
togʻ-kon sanoati, elektr va gaz taʼminoti hamda kommunal xizmatlar sohalari
hissasiga toʻgʻri keladi. Bu tarmoqlar yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish
imkoniyatiga ega. Mehnat unumdorligini oshirish va sanoatlashuv jarayonini
chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, sanoatda
bandlikning oʻsishi mamlakat iqtisodiyotida tarkibiy oʻzgarishlar va
industrial rivojlanish jarayonlarining faollashayotganini anglatadi.
Sanoatda texnologik daraja va innovatsiya jarayonlari
mamlakatimizning raqobatbardoshligi va barqaror oʻsishini belgilaydigan asosiy
omillardan. Yuqori texnologik darajaga ega tarmoqlar avtomatizatsiya, raqamli
yechimlar va “aqlli” ishlab chiqarish tizimlari orqali samaradorlikni oshirsa,
innovatsiya jarayonlari yangi mahsulotlar, resurstejamkor texnologiyalar va
global bozorga moslashuvchan modellarni yaratadi.
Oʻzbekistonda sanoat rivojlanishini ekologik barqarorlik
tamoyillari asosida shakllantirishga qaratilgan “yashil” industrial
transformatsiya jarayonlari faollashmoqda. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya
manbalari ulushi 2017-yildagi 12,7 foizdan 2025-yilga kelib, 31 foizga yetdi.
Bu esa energetika tizimini diversifikatsiya qilish va sanoatda energiya
taʼminoti barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Strategik rejalarga
koʻra, 2030-yilgacha mazkur koʻrsatkichni 54 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, iqtisodiyotga energiya tejamkor va ilgʻor
texnologiyalarni joriy etish natijasida resurslardan samarali foydalanish
darajasi oshib bormoqda. Xususan, 2025-yilda 1 dollarlik qoʻshilgan qiymat
yaratish uchun sarflanadigan energiya xarajati 15 foiz kamaydi. Bu tendensiya
sanoat tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish
xarajatlarini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Kelgusida “yashil” sanoat rivojlanishini yanada
chuqurlashtirish maqsadida 2030-yilga qadar qator strategik vazifalar
belgilangan. Jumladan, sanoatda mehnat unumdorligini hozirgi 16,5 ming
dollardan 30 ming dollargacha oshirish, ming dollarlik qoʻshilgan qiymat
yaratish uchun sarflanadigan energiya miqdorini 1,5 barobar kamaytirish hamda
yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari chiqindisini
2010-yildagiga nisbatan 35 foiz qisqartirish rejalashtirilgan. Bu choralar
sanoatning ekologik barqarorligini taʼminlash va uzoq muddatli “yashil”
iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Zarurat va xulosalar
Oʻzbekiston sanoatida soʻnggi yillarda sezilarli oʻsish va
tarkibiy oʻzgarishlar kuzatilgan boʻlsa-da, sohaning barqaror va raqobatbardosh
rivojlanishini taʼminlash bilan bogʻliq ayrim dolzarb masalalar saqlanib
qolmoqda. Xususan, BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (United Nations
Industrial Development Organization) tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi Sanoat
rivojlanishi hisobotiga koʻra, jahon sanoatida texnologik transformatsiya,
raqamlashtirish va global qiymat zanjirlarining qayta shakllanishi jarayoni
jadallashib bormoqda va bu mamlakatlar sanoat siyosatiga yangi talablar
qoʻymoqda.
Birinchidan, sanoat tarmoqlarida texnologik darajani yanada
oshirish zarurati mavjud. Qayta ishlash sanoatida hozircha asosan past va oʻrta
texnologiyali tarmoqlar ustunlik qilayotgani yuqori texnologiyali mahsulotlar
ulushini bosqichma-bosqich kengaytirishni talab etmoqda. Yuqori texnologiyali
tarmoqlar sanoatning eng yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi segmentlari va
ular global qiymat zanjirlarida raqobatbardoshlikni belgilaydi.
Ikkinchidan, sanoatda mehnat unumdorligini yanada oshirish
zarur. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, sanoat tarmoqlarida texnologik
modernizatsiya va raqamlashtirish jarayonlari mehnat unumdorligini oshirishning
asosiy omillaridan. Shu bois, ishlab chiqarish jarayoniga raqamli
texnologiyalar, avtomatizatsiya hamda innovatsion boshqaruv usullarini keng
joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchidan, eksport tarkibini yanada diversifikatsiya qilish
va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish vazifasi ham
muhim. Qayta ishlangan sanoat mahsulotlari eksporti iqtisodiyotning barqaror
oʻsishini taʼminlashda zarur omildir.
Yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etish maqsadida sanoat
siyosatini yanada takomillashtirish va qator strategik yoʻnalishlarga alohida
eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.
Avvalo, yuqori texnologiyali sanoat
tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan sanoat siyosatini izchil
takomillashtirish sanoatning texnologik salohiyatini bosqichma-bosqich
oshirish va raqobatbardoshlikni mustahkamlash imkonini beradi. Xususan,
elektronika, kimyo sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik hamda raqamli
texnologiyalar sohalarida innovatsion ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish
sanoatning texnologik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, sanoat korxonalarida raqamli transformatsiya
jarayonlarini kengaytirish mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish
samaradorligini bosqichma-bosqich yaxshilash imkoniyatini beradi. “Industriya
4.0” elementlari — avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish, raqamli boshqaruv
tizimlari va maʼlumotlarga asoslangan qaror qabul qilish mexanizmlarini
bosqichma-bosqich joriy etish mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish
samaradorligini yuksaltirish imkonini beradi.
Uchinchidan, sanoat klasterlarini rivojlantirish va
mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish muhim yoʻnalishlardan. Bu
ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlaydi, kichik va oʻrta biznes
subyektlarining sanoat kooperatsiyasidagi ishtirokini kengaytiradi.
Toʻrtinchidan, eksportni qoʻllab-quvvatlash siyosati izchil
davom ettirilib, qayta ishlangan va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar
eksportini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Yangi
tashqi bozorlarni oʻzlashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish
hamda savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bu jarayonni yanada
faollashtirishi mumkin.
Beshinchidan, “yashil sanoat”
tamoyillarini keng joriy etish sanoatning ekologik barqarorligini taʼminlash va
uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashda strategik ahamiyatga ega.
Energiya tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya
manbalaridan foydalanishni kengaytirish hamda ekologik standartlarga rioya
etish sanoat tarmoqlarining ekologik barqarorligini mustahkamlashga xizmat
qiladi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston sanoati rivojlanishida muhim
tarkibiy oʻzgarishlar va sifat jihatdan yangi bosqich bilan tavsiflanadi. Bu
davrda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va
xususiy sektor faolligini ragʻbatlantirishga qaratilgan islohotlar sanoat
oʻsishi uchun mustahkam asos yaratdi.
Natijada sanoat ishlab chiqarish
hajmi bir necha barobar oshdi, qayta ishlash sanoatining ulushi sezilarli
darajada kengaydi va iqtisodiyotda diversifikatsiya jarayoni faollashdi.
Sanoat tarkibida xomashyo sektorining nisbiy ulushi qisqarib, yuqori qoʻshilgan
qiymat yaratishga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish zanjirlari shakllana
boshladi. Shu bilan birga, investitsiya oqimi va infratuzilmaning rivojlanishi
yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga xizmat qildi.
Sanoatni yanada modernizatsiya qilish, texnologik darajani
oshirish, innovatsiyalarni keng joriy etish va “yashil” industrial
rivojlanishga oʻtish kelgusi yillardagi asosiy vazifalardan biri boʻlib
qolmoqda. Agar ushbu yoʻnalishlardagi islohotlar “Oʻzbekiston — 2030”
strategiyasida belgilangani kabi izchil davom ettirilsa, sanoat
iqtisodiyotimizning yetakchi drayveri sifatida yanada mustahkamlanishi, mamlakatimizning
global iqtisodiy tizimdagi raqobatbardoshligi sezilarli darajada oshishi
shubhasiz.
Iskandar
OʻROQBOYEV,
Barqaror
rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi