Iyul – yoz faslining o‘rtasi bo‘lib, O‘zbekistonda eng yuqori havo harorati odatda aynan iyul oyida kuzatiladi.

Iyul oyining o‘rtacha maksimal harorati respublika hududining katta qismida 35-37 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 38-40 darajani tashkil etadi.

Ammo deyarli har yili, iyul oyida havo harorati 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45 darajagacha, eng issiq yillarda esa undan ham yuqori bo‘ladigan juda issiq davrlar kuzatiladi.

Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun iyul oyida eng yuqori harorat qiymatlari (oyning mutlaq maksimumi) 42-45 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 47-50 darajani tashkil etadi.

Kuchli issiqning salbiy ta’siri yuqori harorat darajasi bilan emas, balki odamlar, ekotizimlar va xo‘jalik faoliyatiga issiqlik ortib boradigan kuchli issiq davrning davomiyligi bilan belgilanadi. Havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni buning me’yori bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘p yillik davr uchun havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlarning o‘rtacha soni quyidagicha: markaziy va sharqiy hududlarda 1-3 kun, shimoliy va janubi-g‘arbiy hududlarda 3-7 kun, cho‘l hududlarda va respublika janubida 10-15 kun, Termiz hududida 16 kunni tashkil etadi.

So‘nggi yillarda bunday issiq kunlar sonining ortishi tendensiyasi kuzatilmoqda.

Toshkent shahrida 1991-2025-yillarning iyul oylarida havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni o‘zgarishi tezligining tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi:

1991–2004-yillar davrida kuchli issiq kuzatilgan kunlar soni 0 kundan 3 kungacha o‘zgarib turgan, aniq namoyon bo‘lgan trend kuzatilmagan.

2005–2015-yillardan boshlab harorat 40 daraja bo‘lgan issiq kunlar soni orta boshladi. Eng jadal o‘sish so‘nggi 10 yilda kuzatildi.

Mamlakatning turli qismlarida havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni o‘zgarishining tavsifi yaqqol namoyon bo‘lgan mintaqaviy xususiyatlarga ega, biroq ushbu ko‘rsatkichning ortishiga bo‘lgan umumiy tendensiya respublikaning butun hududi bo‘ylab kuzatilmoqda.

Natijada, eng issiq iyul oylarida havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni respublika hududining katta qismida 5-12 kungacha, ba’zi joylarda 14 kungacha, Orolbo‘yi hududlari, cho‘l zonasi va janubda 15-22 kungacha, Qizilqum cho‘li markazida va eng chekka janubda esa 25-27 kungacha ko‘p bo‘ldi.

Respublika hududining katta qismida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng issiq davr 2019 yilning iyul oyida qayd etilgan. Toshkentda, masalan, o‘sha yili ketma-ket 14 kun davomida (me’yor 3 kun bo‘lganda) maksimal havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan, eng issiq kunlarda esa 40-43 darajagacha yetgan. 2025 yilning iyul oyi ham huddi shunday issiq bo‘lgan.

O‘zbekistonning shimoliy hududlari bo‘yicha eng issiq davr 2018 yilning iyul oyida kuzaligan bo‘lib, janubda bundan tashqari 2021 yilning iyul oyi ham eng issiq bo‘lgan.

So‘nggi o‘n yillikning (2016–2025 yy.) barcha iyul oylari me’yordan issiqroq bo‘ldi, ulardan 9 ta iyul oylari meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘ntalikka kirdi.

Iyul oyida yomg‘irlar juda kam yog‘adi, chunki bu yilning eng qurg‘oqchil oylaridan biridir. Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha hisobda respublika hududining katta qismida 12 kun, ba’zi joylarda esa 3-4 kungacha yomg‘irli kunlar kuzatiladi.

Farg‘ona vodiysida va tog‘li hududlarda yomg‘irlar tez-tez, o‘rtacha bir oyda 6-9 kungacha yog‘adi.

Odatda yomg‘irlar mahalliy (lokal) xususiyatga ega bo‘lib, juda qisqa muddatli va asosan jadalligi biroz bo‘ladi.

Biroq iyul oyida juda kamdan-kam hollarda, bir necha soat davomida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan anomal kuchli jala yog‘ishi ham kuzatiladi.

Masalan, Toshkentda oylik me’yor 3 mm bo‘lgani holda, 1954 yil 21 iyulda 29 mm, 2007 yilda 14 iyulda esa 11 mm yomg‘ir yog‘gan.

Ajablanarlisi shundaki, O‘zbekistonning ayrim meteorologik stansiyalarida iyul oyidagi bir kecha-kunduzlik maksimal yog‘ingarchilik miqdori ham yillik rekord deb hisoblanadi.

Iyul oyining boshi juda issiq bo‘lmaydi.

1-5-iyul kunlari kunduzgi havo harorati 30-35 daraja atrofida, janubda 36-39 darajagacha qulay bo‘lishi kutilmoqda. Keyinchalik harorat ko‘tarila boshlaydi va birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, kunduzi havo 37-40 darajagacha, janubda 41-43 darajagacha isiydi.

Keyinchalik oyning oxirigacha havo harorati 33-38 darajadan 38-43 darajagacha, respublika shimolida, cho‘l hududlarida va janubida ba’zi joylarda 45 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Harorat asosan kechalari 20-25 daraja, janubda 25-27 daraja, shimolda va cho‘l hududlarda 27-30 daraja bo‘ladi.

Iyul oyida o‘rtacha harorat me’yoriy qiymatlardan 1,5-2 darajaga, janubda 2-2,5 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 2,5-3 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

O‘rtacha oylik havo harorati anomaliyasini °C da taqsimlanishi

Iyul oyi davomida respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim kunlarda respublikaning ba’zi joylarida, asosan tog‘ oldi va tog‘li hududlarda, mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Iyul oyida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi taxmin qilinmoqda.