Joriy yil 28-may kuni Prezidentimizning madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlari, jumladan, bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonlari qabul qilindi. 1-iyun kuni davlatimiz rahbari madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur voqealar tom maʼnoda yangi Oʻzbekiston islohotlarining maʼnaviy arxitekturasini yanada yorqin koʻrsatib berdi.

Dastlab madaniyat, sanʼat va adabiyot vakillariga davlat mukofotlari berilishi haqida gapirsak. Ayni voqelikning maʼnaviy ahamiyati va yoshlar kamolotidagi oʻrni beqiyos. Bunday eʼtiroflar ijod ahliga ragʻbat baxsh etib, yangi yutuqlarga ruhlantiradi. Ayniqsa, oʻzidan bebaho meros qoldirgan, sermazmun hayoti va yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan oʻchmas joy egallagan marhum ijodkorlarning mukofotlanishi yuksak ibrat namunasidir. Prezidentimizning insonparvar siyosati natijasida anʼana tusiga kirgan bunday olijanob yondashuv yangi Oʻzbekiston chinakamiga inson qadr-qimmati ulugʻlanadigan ijtimoiy davlat ekanini amalda isbotlamoqda.

Ijodning eʼtirofi ijodkorning oʻzi bilan birga yaqinlari, avlodlari va mahallasidagilarga ham faxr bagʻishlaydi. Bunda katta maʼnaviy ragʻbat bor. Ayniqsa, marhum ijodkorlarning mukofotlanishi butun boshli sulolaga va uning davomchilariga berilgan eʼtirof hamdir.

Oila aʼzolari oʻz xonadonida yigʻilib, bu voqeani farzandlari va nabiralari bilan xursandchilikda nishonlayapti. Fotoalbomlarni varaqlab, oʻtgan kunlarni xotirlayapti. Shu tariqa oilaviy anʼanalar rivoj topadi, avlodlar orasida hamjihatlik kuchayadi va oʻz ildizlariga bogʻliqlik mustahkamlanadi.

Madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv koʻp jihatdan tarixiydir. Davlatimiz rahbari bu muloqotni “ilhom berish kuni” deb nomlagani bejiz emas. Darhaqiqat, bildirilgan tashabbuslar ada-biyot, sanʼat va madaniyat sohasi vakillariga kuchli ilhom bagʻishladi.

Xususan, ijodkorlarni ragʻbatlantirish va yosh isteʼdod egalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholgʻu, tasvi-riy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy birlashmalar tashkil etish, har yili Milliy ijodkorlar qurultoyini oʻtkazish va unda yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlarni munosib taqdirlash tashabbusi yangradi.

Musiqa sohasida yangi asarlar yaratgan, xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot sohasida esa asarlari keng eʼtirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar ragʻbatlantiriladi. Bunday ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million soʻmdan gonorar beriladi. Ular Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi.

Uchrashuvda ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator imtiyozlar eʼlon qilindi. Har yili 1000 nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va sanʼat vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki toʻlovining 50 foizi qoplab beriladi.

Madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv bir haqiqatni isbotladi — yangi Oʻzbekiston tom maʼnoda ijodkor qadr topayotgan zamin. Bugun qaysi ijodkor bilan suhbatlashmang, oʻz yutuqlari, mehnatiga yarasha ragʻbat topayotgani haqida joʻshib gapiradi. “Zamonimiz keldi. Ijod uchun eng yaxshi vaqt — hozir!” deydi ular toʻlqinlanib.

Aslida ham shunday! Vatanimizda ijod erkinligi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar eʼtiborga molik. Dunyoga boqaylik: hamma mamlakatda ham holat bizdagidek emas. Hamma davlatning rahbari ham ijodkorlar bilan muloqot qilmayapti va ular haqida qaygʻurmayapti. Hatto rivojlangan davlatlarda ham ijod erkinligi borasida uzoq yillik muammolarni, ijodiy turgʻunlikni kuzatish mumkin.

Aytmoqchi boʻlganimiz — Oʻzbekistondagi ijod erkinligi muhiti oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan voqelik yoki tasodifiy qarorlar hosilasi emas. Bunga ijod ahlini yurakdan yaxshi koʻradigan, ularni qadrlaydigan va ijodkorning maʼnaviy missiyasini teran anglaydigan Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli erishilmoqda.

Ijod erkinligi — jamiyat drayveri

Fransiyalik faylasuf, Nobel mukofoti sovrindori Alber Kamyu “Erkinlik — inson qadrining asosi”, deydi. Yozuvchining bu nuqtayi nazari ijod erkinligi insonning maʼnaviy mohiyati bilan bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Erkinlik boʻlmasa, ijod ham, shaxs ham toʻliq rivojlana olmaydi.

Ijod erkinligi jamiyat rivojining asosiy drayverlaridan. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar bu erkinlikning ahamiyatini yanada kuchaytirdi va uni jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida namoyon qildi. Tizimli islohotlar natijasida jamiyatda ochiqlik va fikrlar xilma-xilligiga nisbatan munosabat sezilarli oʻzgardi.

Mamlakatimizda ijod erkinligini taʼminlash borasidagi siyosat mohiyatida bugunimiz va ertamiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ulugʻvor maqsadlar bor.

Birinchidan, ijod erkinligi har qanday zamonaviy demokratik jamiyatning poydevor prinsiplaridan. U iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanishga turtki beradi. Tariximizdagi Birinchi va Ikkinchi Renessans misolida bu haqiqatni koʻrishimiz mumkin. Bu davrlarda xalqimiz orasidan yetishib chiqqan buyuk shaxslarni aynan ijod erkinligi maydonga olib chiqqan. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga intilayotgan davlatimiz ham shu ezgu maqsadda ijod erkinligi uchun keng sharoitlar yaratmoqda.

Ikkinchidan, ijod erkinligi — yangi gʻoyalar va xilma-xillik manbai. Ijod gurkiragan muhitda yaratuvchanlik boʻladi. Ijodkorlar tom maʼnoda jamiyatga ilgʻor fikrlarni tashuvchilardir.

Uchinchidan, ijod qilish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Yaratgan yuqtirmasa, isteʼdod bermasa, biror asar yaratish, hattoki ikki misra yozish qiyin. Ijodkorlar noyob, xos odamlar. Shunday ekan, ularni jamiyatning oʻziga xos vakillari sifatida ardoqlash va hurmatini joyiga qoʻyish lozim.

Toʻrtinchidan, ijodni qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatni harakatga keltirish mumkin. Odamlar oʻz mehnatiga ragʻbatdan harakatga keladi, uygʻonadi va yangiliklar bunyod qiladi. Ijod erkinligi insonni shaxs sifatida shakllantiradi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning ijod erkinligi sohasidagi islohotlari koʻp qirrali va tizimli xarakterga ega. Ular aniq maqsadlarga tayangan. Huquqiy asoslar, ochiqlik siyosati, davlat qoʻllab-quvvatlovi, taʼlim islohotlari oʻzaro uygʻun holda rivojlanmoqda. Bu jarayonlar natijasida jamiyatda fikrlar xilma-xilligi, ijodiy faollik va intellektual salohiyatning ortishi kuzatilmoqda.

Toʻqilmagan hikoyalar

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, baʼzida bir fikr xayolimga keladi. Yurtimizdagi soʻz va ijod erkinligi, buning uchun yaratilgan sharoitlar haqida koʻp oʻylamayotgandekmiz, kam gapirayotgandekmiz. Ijodkorlarga qaratilayotgan eʼtiborni tabiiy qabul qilishga oʻrganib qoldik, koʻp ham hayratga tushmayapmiz.

Aslida, jamiyatimizdagi erkin ijod muhitiga osonlik bilan erishilayotgani yoʻq. Buning ortida koʻp-koʻp mashaqqatlar, katta mehnat yotibdi. Uzoqqa bormaylik, yaqin tariximizda ham ijod erkinligining cheklanishi va ijodkorlarning norasmiy qora roʻyxatlarga solinishiga doir koʻplab holatlarga guvoh boʻldik.

Bunga misollar yetarli.

I

1998-yil. Zominga ustoz ijodkorlar bilan bordik. Yosh ijodkorlarning respublika seminari oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bir payt hayajonlanib shoira Halima Xudoyberdiyevaga “Yuring, opa, sizga bir joyni koʻrsatib kelaman”, deb qoldi. Biz ham ustozlarga hamroh boʻlib mashinada yoʻlga chiqdik.

Avtoulovlar Zomin sanatoriysiga yaqin joyda toʻxtadi. Muhammad Yusuf Halima opaga qarab: “Opa, koʻryapsizmi? — dedi togʻdan tushayotgan sharsharaga ishora qilib. — Siz shu sharsharaga oʻxshaysiz. Men shu sharsharaga Halima Xudoyberdiyeva deb nom qoʻydim. Siz shunday bagʻrikeng, dilbar shoirasiz. Ovozini eshityapsizmi? Sizning sheʼrlaringizda shunday ohang bor, ruh bor. Sharsharaning ulugʻvorligi uzoqdan yaxshi koʻrinadi”.

Oʻshanda Halima opa “Rahmat, Muhammadjon” deb kulib qoʻydi. Lekin gʻamgin edi. Biz, yosh ijodkorlar bilib turardik — Muhammad Yusufning bu lutfi aslida oʻsha kezlari norasmiy taqiqda yurgan ustoz shoiraning koʻnglini koʻtarish uchun atayin qilingan harakat edi.

Keyinchalik ham davralarda, oʻzaro suhbatlarda koʻp bora guvoh boʻldik — ustoz shoiraning uzoq yillar chehrasi va qalbi yorishmadi...

Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva yangi davrda — katta tanaffusdan keyin norasmiy taqiqdan xalos boʻldi. U 2017-yilda Prezidentimiz farmoniga koʻra “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Ustoz ijodkor oʻzi orzulagan kunlarni, elu yurtning oldida yuzi yorugʻ boʻlganini oz boʻlsa-da koʻrdi.

Bugun Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi, Andijon shahrida esa Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari faoliyat yuritmoqda. Bu oʻquv dargohlarida yuzlab yangi isteʼdod egalari kamolga yetmoqda.

II

1999-yil sentyabrida Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga qabul qilindim. Omadni qarangki, bir vaqtning oʻzida “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida musahhih boʻlib ishlay boshladim. Tahririyat mashhur “Matbuotchilar uyi”ning 3-qavatida joylashgan edi. Shu qavatda yana bir “idora” — Oʻzbekiston matbuot qoʻmitasining maxsus boshqarmasi (adashmasam, UzLIT deyilardi) ish yuritardi. Vazifam taqozosiga koʻra gazeta nashrga tayyorlanayotgan kunlari shu “boshqarma”da koʻp vaqtim oʻtardi. Tahririyatda koʻrilgan sahifalarni ketma-ketlikda oʻqish uchun shu “idora”ning xodimlariga olib borar edim. Ular oʻqib, ruxsat bergach, sahifani olib ketardim. Qandaydir tuzatish boʻlsa, oʻshani tuzatardik. Bu idora ruxsat bermagan maqola, sheʼr, hikoya, kitob, qoʻyingki, hech narsa nashr etilmasdi. Hatto shoirlarning sheʼrlaridagi misralar, soʻzlar, sarlavhalarga ham eʼtirozlar bildirilardi. Qaysidir satri oʻzgartirilgani uchun jigʻibiyron boʻlgan shoirlarni koʻp koʻrganman. Rasmlar ham kuchli nazoratdan oʻtkazilardi. Bu haqiqiy senzura organi edi. Oʻsha kezlari rasman senzura yoʻq deyilsa-da, yonginamizda — qoʻshni xonada shunday nazoratchi xodimlar ishlardi.

Oʻsha xonalarda juda koʻp gazeta-jurnallarning bosh muharrirlarini — biz, talabalar uchun haqiqiy “kumir” boʻlgan ustoz jurnalistlarni asabiy holda uchratganman. Ular odatda ruxsat berilmagan qaysidir maqola yoki tuzatish boʻyicha oʻz fikrini bildirish, bahslashish uchun kelardi. Xurshid Doʻstmuhammad, Ahmadjon Meliboyev, Azim Suyun, Safar Ostonov, Ismat Xushev kabi ustoz jurnalistlarning “boshqarma” xodimlari bilan bahslashganiga koʻp guvoh boʻlganman. Bunday bahslar aksariyat hollarda “idora” xodimlarining gʻalabasi bilan yakunlanardi. Chunki oʻshanda ularning aytgani aytgan edi.

Hozir bunday tuzilmalar yoʻq. Tahririyatlar chinakamiga mustaqil. Oʻzlari xohlagan mavzuni oʻzlari xohlagandek yoritmoqda. Ularning faoliyatiga nisbatan tashqi bosimlar va asossiz aralashuvlar mavjud emas. Qonun doirasida ishlayotgan jurnalist qonunning doimiy himoyasida.

III

Oʻzbekning isteʼdodli shoirlaridan biri Yoʻldosh Eshbek ham uzoq yillar norasmiy taqiqda yurdi. Kitoblari ancha vaqt nashr etilmadi, sheʼrlari matbuotda ham bosilmadi. Xorijga chiqishiga cheklov qoʻyildi. Oʻsha yillarda televideniyeda ham chiqishlar qilmadi.

Uch-toʻrt yil oldin Yoshlar ishlari agentligida oʻtkazilgan bir tadbirda ustoz shoir oʻsha davrlarni eslab, koʻzida yosh bilan gapirdi. “Uyda nabiralarim bilan ovora boʻlib oʻtirganimda televideniye ekranidan ijodkor doʻstlarim koʻrinib qoladi. Sheʼr oʻqiydi yoki fikr bildiradi. Shunda nabiralarimga maqtanib, “Bu shoir mening yaqin doʻstim boʻladi. Birga universitetda oʻqiganmiz. Birga nashriyotda ishlaganmiz”, deyman. Shunda nabiram mendan soʻraydi: “Bobo, siz ham shoirmisiz? Unda siz nega televizorga chiqmaysiz?”. Nima deyishimni bilmay, kalovlanib qolaman. Bolaga yolgʻon gapirib boʻlmaydi-ku! Lekin unga rostini ham qanday aytaman?! Bilsangiz, bu juda ogʻir boʻlarkan. Uzoq yillar “Men shoirman”, deb nabiralarimga baralla ayta olmadim. Oʻksib, oʻksinib yashadim. Hech kim davrasiga taklif qilmay qoʻydi. Bir zamonlar boʻldi: koʻpchilik ijodkorlardan oʻzini olib qochdi. Bu kunlarni hech bir ijodkor ukamga tilamayman”, degandi oʻshanda alam bilan shoir.

Yoʻldosh Eshbek bugun emin-erkin ijod qilmoqda. Joʻshib sheʼrlar oʻqimoqda. Davralarda qoʻr toʻkib oʻtiribdi. Shoir intervyularidan birida “XX asr meni tan olmadi, lekin XXI asrga rahmat!” degani eʼtiborga molik.

Yaqinda atoqli shoirimizga Prezidentimiz 3 xonali uy sovgʻa qildi. Davrlarning farqini koʻryapsizmi?!

IV

2016-yil noyabr oyi edi. Kuni esimda yoʻq. Ziyolilar Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bilan vidolashish va marhumni soʻnggi yoʻlga kuzatish uchun yigʻilgan.

Oʻsha kunlarda Prezidentlikka saylovlar kechayotgan oʻta dolzarb palla edi. Vidolashuv marosimida yigʻilgan koʻpchilik tigʻiz davr boʻlishiga qaramay, Shavkat Mirziyoyevning vaqt topib, shoirni soʻnggi manzilga kuzatishga kelganini va marhum ustoz shoirning mayitini AQSHdan olib kelishga shaxsan oʻzi bosh-qosh boʻlganini aytardi. Ijodkorlar davlatimiz rahbari haqida boshqacha samimiyat bilan soʻzlar, xuddi “oʻzining odami”dek qabul qilardi. Harqalay men oʻsha kungi suhbatlarda shuni yurakdan his qil-ganman.

Taomilga koʻra, dastlab ustoz shoirning uyiga kirib, yaqinlaridan koʻngil soʻrab, sabr tilagan boʻldik. Odam koʻpligi uchun uydan to vidolashuv manziligacha yoʻlakdan ikki-uch qator boʻlib yurish lozim edi. Qarasam, yonginamda buyuk hofiz Sherali Joʻrayev yurib boryapti. Hammamiz kabi gʻamga choʻmgan, kayfiyatsiz va chehrasi soʻlgʻin edi. Darvozaning roʻparasida davlatimiz rahbari turgan edi. Marhumning xonadonidan chiqib, “Doʻrmon” ijod uyiga qarab yoʻnaldik. Mendan oldinroqda buyuk hofiz horgʻin yurib borardi.

Chamasi 20 qadam yurganidan keyin Sherali Joʻrayev birdan orqaga — Prezidentimizga qaradi. Bu umidvor nigoh koʻz oldimda manguga muhrlanib qolgan. Aniq esimda — hofizning nigohida yorugʻ kunlar kelganidan umidvorlik, oʻzi kutgan yoqimli xabarga entikish bor edi. Uzoq yillik taqiqdan horigan, katta sahnalarni sogʻingan va muxlislar olqishining xumori tutgan gʻamgin nigoh edi u...

Hofiz oʻzi kuylaganidek, “Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki”, deyayotgandek edi bu nigohlar...

Oradan bir oz muddat oʻtib, Sherali Joʻrayev katta sahnaga qaytdi. Hofiz 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” va 2022-yilda esa “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.

Ha, Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlikka saylanishi juda koʻp insonlarga, oʻz vaqtida har xil vajlar bilan norasmiy taqiq qoʻyilgan yuzlab isteʼdod egalariga umid va hayot baxsh etgani rost. Bu umidlar tez roʻyobga chiqdi. 2017-yildan keyingi davrda norasmiy taqiqda boʻlgan va jamiyat eʼtiboridan chetda qolgan qanchadan-qancha shunday isteʼdod egalari sahnalarga, teleefirlarga va ijodga qaytdi.

* * *

Bular — oʻzim bevosita guvoh boʻlgan jarayonlar. Ushbu voqeliklar yurtimizda ijod erkinligi oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagani, “osmondan chalpakdek yogʻilgan” hodisa emasligini, bugungi kunlarga ayovsiz ku-rashlar bilan yetib kelganimizni yorqinroq ifodalaydi.

Jamiyatni oʻzgartirgan islohotlar

Oʻzbekistonda ijod erkinligi uchun yaratilgan sharoitlar Prezidentimizning nafaqat xalqparvar siyosati, balki shaxsiyati bilan ham bogʻliq. Davlatimiz yetakchisi madaniyat, sanʼat va adabiyotning chinakam muxlisi ekanini koʻp bora taʼkidlagan. U hali hududlarda ishlagan kezlardayoq koʻp xayrli ishlari ovoza boʻlgan. Masalan, Jizzax viloyatida ishlagan davrida — 1997-yili Zomin respublika yosh ijodkorlar seminariga asos solgan. Menga ham mana shu tarixiy seminarda ishtirok etish baxti nasib etgan. Oʻshanda Prezidentimizning ustoz ijodkorlar bilan samimiy muloqotiga, adabiyotga va ijodga yuksak mehriga guvoh boʻlganmiz.

Birgina shu seminar orqali yuzlab isteʼdod egalari kashf etildi va katta adabiyotga qadam qoʻydi. Shuning oʻziyoq oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshilgan bemisl hissadir!

2017-yildan keyin Oʻzbekistonda davlat boshqaruvida yangi bosqich boshlandi. Bu bosqichning eng muhim xususiyati jamiyatni ochish, davlat va fuqaro oʻrtasida muloqotni kuchaytirish va ijtimoiy fikrga nisbatan munosabatni oʻzgartirish boʻldi. Bu siyosat ijod erkinligiga bevosita taʼsir qildi. Chunki jamoatchilik muhokamalari kengaydi, ijodiy imkoniyatlar ortib bordi.

Mamlakatimiz yetakchisining 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida kun tartibidagi dolzarb masalalar va muammolar ochiq-oydin muhokama qilindi. Madaniyat, sanʼat va adabiyotni rivojlantirishga doir ustuvor vazifalar belgilanib, ijodkorlarni ham maʼnan, ham moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga doir qator tashabbuslar ilgari surildi. Davlat ijod va ijodkorlar uchun doimiy gʻamxoʻrlikni, jamiyatda ijod erkinligini taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi. Shu asosda yangi Oʻzbekistonda ijod erkinligi uchun — yozuvchilar, jurnalistlar, blogerlar, sanʼatkorlar va mustaqil tadqiqotchilar faoliyati uchun yangi institutsional va huquqiy muhit shakllana boshladi.

2017-yildan keyingi davrda madaniy-maʼrifiy sohani isloh qilish, ijod ahlini qoʻllab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy fikr erkinligini kengaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar koʻrildi. Bu jarayon “inson qadri”, “ochiqlik”, “adolatli jamiyat” va “erkin fuqarolik muhiti” kabi gʻoyalar bilan uzviy bogʻlandi.

Ijodkorlar uchun moddiy va institutsional qoʻllab-quvvatlov ham muhim. Shu maqsadda adabiyot, teatr, kino, musiqa va tasviriy sanʼat sohalarida turli grantlar, tanlovlar va ijodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ijodiy tashkilotlar faoliyatiga har jihatdan koʻmak berilmoqda. “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi” va “Ilhom” jamoat fondining tashkil etilishi ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgan.

Madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan kuni kecha oʻtkazilgan uchrashuvda ham bu borada yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va sanʼat muassasalarida taʼlim olishga yuboriladi. Yosh isteʼdod egalarini aniqlash, prodyuserlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ijodga investitsiya” jamgʻarmasi tashkil etilib, unga yiliga 200 milliard soʻm ajratiladi.

Ijod erkinligini taʼminlashning muhim omillaridan biri taʼlim va intellektual muhitni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar boʻldi. Ayni vaqtda yurtimizdagi 326 ta musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktabda 95 ming oʻgʻil-qiz taʼlim olmoqda. Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari faoliyatining kengayishi mamlakatda mustaqil fikrlaydigan, tahlil qila oladigan va ijodiy yondashuvga ega yangi intellektual avlodni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ijod maktablari orqali yoshlarda badiiy tafakkur va mustaqil fikrlashni ri-vojlantirish maqsad qilindi.

* * *

Yangi Oʻzbekistonda ijod erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar mamlakatning demokratik taraqqiyoti va maʼnaviy yuksalishida muhim oʻrin tutmoqda. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va madaniy sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari muhim omil boʻlayotir.

Prezidentimiz boshqaruvining muhim xususiyati shundaki, davlat siyosatida inson manfaati va maʼnaviy taraqqiyot oʻrtasidagi uygʻunlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi faqat iqtisodiy modernizatsiya emas, balki erkin fikrlaydigan, ijod qiladigan va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan shaxsni shakllantirish konsepsiyasi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Ijod erkinligi doimiy ravishda takomillashuvni talab qiladigan dinamik jarayon ekanini eʼtiborga olsak, kelgusida mazkur islohotlarning samaradorligi huquqiy davlatchilik, fuqarolik jamiyati va intellektual muhit rivoji bilan yanada mustahkamlanishi shubhasiz.

Shuhrat ORIPOV,

jurnalist