Yaqinda elchixona elektron manziliga Samarqand viloyatida tug‘ilgan, oilali, ikki nafar farzandning onasi D.B.dan murojaat kelib tushdi.

Vatandoshimiz o‘z murojaatida bir necha yildan beri Janubiy Koreyaning Ansan shahrida turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi bilan birga yashab kelayotganini maʼlum qilgan. U 2024–2025-yillarda Asan shahridagi yarim tayyor mahsulotlar (ramyon) ishlab chiqarish korxonasida ishlaganini, ammo sog‘lig‘i yomonlashgani sababli ishdan bo‘shashga majbur bo‘lganini bildirgan. Hozirda sog‘lig‘i og‘irlashgani, homilador ekani, og‘ir yuk ko‘tara olmasligi, oilaviy kelishmovchiliklar va moliyaviy qiyinchiliklar tufayli farzandlari bilan O‘zbekistonga qaytishida amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur holat elchixona hamda Migratsiya agentligining Seul shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tezkor o‘rganilganda, yurtdoshimiz keltirgan maʼlumotlar o‘z tasdig‘ini topgan. Oilada kundalik ehtiyojlar uchun zarur mablag‘lar yetarli emasligi aniqlangan.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xorijdagi vatandoshlarga qaratilayotgan eʼtibor doirasida elchixona va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida fuqaro D.B va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi vaqtinchalik turar joyga joylashtirildi.

Ularga aviachiptalar olib berilib, shu yil 24-aprel kuni xavfsiz va munosib sharoitlarda O‘zbekistonga qaytishi taʼminlandi.

Hamyurtimiz ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston hukumati va Prezidentga minnatdorlik bildirib, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar bunday holatlarda vatandoshlar uchun muhim qo‘llab-quvvatlovchi tizim ekanini taʼkidladi.