Hodisa Washington Hilton mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbir chog‘ida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, zal tashqarisida o‘q otilganiga o‘xshash ovozlar eshitilganidan so‘ng tadbir darhol to‘xtatilgan va ishtirokchilar xavfsiz hududga chiqarilgan.

AQSH maxfiy xizmati xodimlari prezidentni zudlik bilan qurshab, uni xavfsiz joyga olib chiqqan. Shuningdek, birinchi xonim Melania Tramp hamda Oq uy matbuot kotibi Karoline Leavitt xavfsiz ekani ma’lum qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi mehmonxona foyesida qo‘lga olingan va u tadbir o‘tkazilayotgan zalga kirishga uringan. Hodisa oqibatida ishtirokchilar orasida jabrlanganlar yo‘q.

Shuningdek, AQSH vitse-prezidenti JD Vens va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar ham evakuatsiya qilingan.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Prezident Donald Tramp esa xavfsiz holatda ekani va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor harakat qilganini ta’kidlagan.