Mehmonlarni institut rektori, professor Shavkat Hasanov kutib oldi. Delegatsiya aʼzolariga institut faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari haqida taqdimot oʻtkazildi. Shuningdek, talabalar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
Tashrif davomida institutda tahsil olayotgan yaponiyalik magistrant Tomihiko Sato «Samarqand qishloq hududlarida daromadlarni diversifikatsiyalash va uy xoʻjaliklarining turmush darajasi», JICA volontyori Kota Saito «Oʻzbekistonda urugʻsiz uzum yetishtirish», Okamoto esa «Samarqandda iqlim oʻzgarishiga chidamli qishloq xoʻjaligi» mavzularida taqdimot qildi.
Shuningdek, JICA bilan hamkorlikda xurmoni quritish orqali qishloq oilalari daromadini oshirishga qaratilgan loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Xususan, mahalliy aholi uchun tashkil etilgan amaliy mashgʻulotlar, xurmoni quritish boʻyicha oʻtkazilgan tajribalar hamda institut vakillarining Yaponiyaga tajriba almashish maqsadidagi tashriflari haqida maʼlumot berildi.
Loyihada xurmoni qayta ishlash orqali uning qoʻshilgan qiymatini oshirish va qishloq oilalari uchun qoʻshimcha daromad manbalarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tashrifning ramziy qismida JICA ijrochi vitse-prezidenti Katsura Miyazaki institut hududiga xurmo daraxti ekdi. Mazkur tashabbus institut va JICA oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni kengaytirish va uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlash ramzi sifatida amalga oshirildi.
Uchrashuv yakunida institut va JICA hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalarning dehqonlar va qishloq oilalari uchun amaliy ahamiyati muhokama qilindi.
Ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish orqali Yaponiyaning ilgʻor qishloq xoʻjaligi tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Hamkorlik materiali