Unga ko‘ra, agar bank yoki to‘lov tashkiloti axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmagani sababli mijoz mablag‘i o‘g‘irlansa, yetkazilgan zararni ushbu tashkilot qoplab berishi mumkin.

So‘nggi yillarda kiberjinoyatlar keskin ortib bormoqda. Keyingi besh yilda ular 68 baravarga ko‘paygan. Hozirda har ikki jinoyatning biri axborot texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning asosiy qismi onlayn bank va to‘lov tizimlarida sodir etilmoqda.

Kiberjinoyatlarning qariyb 97 foizi onlayn bank va to‘lov tizimlarida sodir bo‘lmoqda. Bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarning 95 foizidan ortig‘i esa begona shaxslar nomidagi bank kartalari yoki elektron hamyonlar orqali sodir etilmoqda. 11 oyda aholining 1,9 trln so‘m mablag‘i talon-toroj qilingan. 2019 yilda IT bilan bog‘liq 18 turdagi jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 60 tadan oshdi.

Qonun loyihasi bilan davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari hamda Internet-provayderlarining mas’uliyati oshirilmoqda. 

Bank kartalari, elektron hamyonlar va kripto-hamyonlarni boshqarish imkonini beruvchi ma’lumotlarni noqonuniy ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun endi nafaqat ma’muriy, balki jinoyiy javobgarlik belgilanmoqda. 

Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini (masalan, OneID) boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari uchun ham jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda.

Bugungi kunda fuqarolarning bank karta hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini turli kiberhujumlardan himoyalash tizimini kuchaytirishga zarurat tugilmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan agar bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli mijozga zarar etsa, masalan, puli o‘g‘irlansa, ushbu zararni bank yoki to‘lov tashkilotining o‘zi qoplab berishi mexanizmi joriy etilmoqda. Ya’ni, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. 

Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Tergov organlariga bank ma’lumotlarini taqdim etishning aniq muddatlari belgilanmoqda. Agar mas’ul tashkilot ushbu muddatlarni buzsa, yoki ma’lumotni kechiktirsa, ularga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi. 

Loyihadagi normalar kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bank va to‘lov tashkilotlari, qolaversa, fuqarolarning mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qildi.