Taraqqiyotimizning har bir bosqichi mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. Ayniqsa, 2016-yildan keyin O‘zbekiston hayotida boshlangan keng ko‘lamli yangilanishlar jamiyatimizning deyarli barcha sohasi qatori ta’lim tizimida ham yangi bosqichni boshlab berdi. Prezidentimiz rahbarligida inson manfaati, huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor mezoniga aylandi. Keyinchalik “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilda o‘z ifodasini topgan bu siyosat natijasini faqat rasmiy hujjatlar yoki statistik raqamlardan emas, oddiy insonning kechagi va bugungi hayotini qiyoslaganda ham ko‘rish mumkin.
Buni o‘zim biladigan soha — ta’lim misolida aytmoqchiman. Abituriyentlik yillarimni yaxshi eslayman: oliygohga hujjat topshirishning o‘zi katta mashaqqat edi. Uch kunlab navbat kutib, hujjat topshirolmay yurgan paytlarimiz bo‘lgan. Buning ustiga tibbiy ma’lumotnoma olish, harbiy hisobda turganlik haqidagi hujjatga muhr qo‘ydirish kabi tashvishlar ham bor edi. Bir idoradan ikkinchisiga yugurish, uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozlik odamning tinkasini quritardi. Bugun abituriyent uyidan chiqmay, qo‘lidagi smartfon orqali oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. O‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq jarayonlar ham elektron shaklga o‘tdi. Abituriyent respublikamizning qaysi hududidagi oliy ta’lim muassasasini tanlashidan qat’i nazar, o‘ziga qulay hududda test sinovida ishtirok eta oladi. Bir qarashda bular oddiy holatdek ko‘rinishi mumkin. Ammo kecha birgina hujjat yoki muhr uchun idorama-idora yurgan kishi bu imkoniyatning qadrini yaxshi biladi. Bu shunchaki raqamlashtirish emas, balki inson vaqtini qadrlashdir. Kecha soatlab, ba’zan kunlab sarson bo‘lgan kishi bugun vaqtini o‘qishga, mehnatga, oilasiga sarflashi “qadr” degan tushunchaning kundalik hayotimizdagi eng oddiy, ammo juda muhim ifodasi.
Talabalik yillarimiz ham o‘zgacha edi. “Talabalik — oltin davrim”, deb dalalarda javlon urib paxta tergan avlodmiz. Bugun buni hazil aralash eslaymiz, ammo o‘sha kezlarda uning mashaqqati hazil emasdi. Noyabrning oxirigacha dalalarda qolib ketgan, qup-quruq g‘o‘zapoyadan boshqa hech vaqo qolmagan paxta dalasida yana necha kunlab mantiqsiz yurgan paytlarimiz hali ham yodimizda.
Aslida, talaba o‘sha paytda qayerda bo‘lishi kerak edi? Auditoriyada. Kutubxonada. Ustozining oldida. Kitob ustida. Keyingi yillarda mamlakatimizda majburiy mehnatga qat’iy barham berilishi, nazarimda, shunchaki mehnat munosabatlaridagi o‘zgarish emas. Bu insonga, uning sha’ni va qadr-qimmatiga munosabatning o‘zgarishi bo‘ldi. Ayniqsa, talaba uchun buning ma’nosi beqiyos. Talaba paxta dalasidan auditoriyaga qaytdi. Bu oddiy bir jumlaga sig‘adigan, ammo ortida butun bir davrning o‘zgarishi, inson, xalq va mamlakat taqdirini hal qilishga qodir katta voqeadir. Bugungi yoshlarimizga u davrlar haqida gapirsak, balki ertakdek tuyular. Chunki hozirgi avlod uchun mutlaqo boshqa muhit shakllandi. Talabaning asosiy vazifasi — o‘qish. Izlanish. Til o‘rganish. Kasb egallash. Ilm qilish. O‘z ustida ishlash. Menimcha, keyingi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlarning eng katta mohiyatini ham shu nuqtadan izlash kerak: inson qadri, vaqti va imkoniyati o‘ziga qaytarildi.
Raqamlar ortidagi inson taqdiri
2016-yildan keyin oliy ta’lim tizimida boshlangan o‘zgarishlar ko‘lamini raqamlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bir vaqtlar mamlakatimizda oliy ta’limga qamrov 9 foiz atrofida edi. Hozir bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshdi. O‘zbekistonda 52 ta oliy ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lsa, bugun ular soni 207 tani tashkil etdi. Ayni damda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida bir yarim milliondan ziyod yigit-qiz tahsil olmoqda. Bir yarim milliondan ziyod! Bu shunchaki statistika emas, balki bir yarim milliondan ziyod yoshning orzusi, shuncha oilaning umidi, kelajakka qo‘yilgan millionlab qadamlar demakdir. Kecha farzandini oliy ma’lumotli qilish ko‘plab oilalar uchun yetishish qiyin bo‘lgan orzu edi. Bugun esa oliy ta’lim jamiyatning ancha keng qatlami uchun real imkoniyatga aylandi.
Yangi oliy ta’lim muassasalari ochildi. Hatto nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari paydo bo‘ldi. Nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari va qo‘shma ta’lim dasturlari ko‘paydi. Professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun sharoitlarni kengaytirishga e’tibor kuchaydi. Ammo bu islohotlarni birlashtirib turadigan eng muhim tushuncha baribir bitta: inson qadri.
Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarni faqat universitetlar yoki talabalar soni ko‘payishi bilan baholash kamlik qiladi. Muhim o‘zgarish sifatida ta’lim markaziga insonning o‘zi qo‘yildi. Ilgari ko‘p hollarda inson mavjud tizim talablariga moslashishga majbur bo‘lgan, bugun tizim inson uchun qulay va manfaatli bo‘lishi kerak degan qarash tobora ustuvorlik kasb etmoqda.
Men uchun islohotning juda oddiy mezoni bor: u insonning kundalik hayotini o‘zgartirdimi? Abituriyent uch kun navbatda turgan bo‘lsa-yu, bugun hujjatini uyidan chiqmay, elektron tarzda topshirayotgan bo‘lsa bu — islohot. Talaba noyabrning sovuq kunlarida paxta dalasida yurgan bo‘lsa-yu, bugun o‘sha yosh auditoriyada, kutubxonada yoki ilmiy loyiha ustida ishlayotgan bo‘lsa bu — islohot. Oliy ta’limga kirish ko‘plab yoshlar uchun yetishish mushkul bo‘lgan orzu bo‘lsa-yu, bugun bir yarim milliondan ziyod yigit-qiz universitetlarda tahsil olayotgan bo‘lsa, bu ham islohot. Ana shunda raqamlar jonlanadi. Ularning ortidan inson taqdiri ko‘rinadi.
Universitetlar sonining ko‘payishi, talabalar safi kengayishi o‘z-o‘zidan yakuniy maqsad emas. Zamonaviy fikrlaydigan, xorijiy tillarni biladigan, axborot texnologiyalarini puxta egallagan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, Vatan va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etadigan, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis tayyorlash bugungi bosqichning eng muhim vazifasidir. Zero, islohot bir manzilga yetib borish emas, balki doimiy harakat, izlanish va yangilanish jarayoni.
Imkoniyat natijaga aylanganda
Islohotning haqiqiy samarasi yaratilgan imkoniyat natijaga aylanganida ko‘rinadi. Buni bugun o‘zimiz faoliyat yuritayotgan Termiz davlat universiteti hayotida ham har kuni his qilib turibmiz.
Bugun universitet talaba uchun faqat ma’ruza tinglab, imtihon topshiradigan dargoh emas. U o‘z qobiliyatini kashf etadigan, qiziqishlarini rivojlantiradigan, kitob, san’at, sport va ijod orqali o‘zini namoyon qiladigan muhitga aylanib bormoqda. Universitetimizda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq ijodiy va sport to‘garaklarida minglab yoshlar o‘z qiziqishi bilan mashg‘ul. Kimdir kitob bilan, kimdir sahnada, kimdir milliy san’atda, yana kimdir sport maydonida o‘zini kashf etmoqda. Muhimi, imkoniyat natija beryapti. Birgina o‘tgan o‘quv yilida universitet jamoasi respublika “Kitobxon yoshlar ligasi” tanlovida 2-o‘rinni egalladi. Talabamiz Fazilat Diyorova “Yosh kitobxon” respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi — avtomobil bilan taqdirlandi. “Jayhun” folklor-etnografik xalq ansambli Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda Gran-prini qo‘lga kiritdi. “Janub gavhari” talabalar teatr studiyasi Chingiz Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Momo Yer” spektakli bilan respublika tanlovida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Sportdagi natijalar ham ana shu imkoniyatlar mevasidir. Keyingi yillarda universitetda professional futbol, futzal va gandbol klublari tashkil etildi. Talabalarimizning respublika va xalqaro maydonlardagi ishtiroki kengaydi. 2026-yilgi “Talabalar ligasi” musobaqalarida gandbol, kurash va yengil atletika bo‘yicha qator medallar qo‘lga kiritilib, Termiz davlat universiteti respublika oliy ta’lim muassasalari orasida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bugun universitetimizda O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov singari taniqli sportchilar bilan bir qatorda, boshqa sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalari a’zolari ham tahsil olayotgani yoshlarga ta’lim va sportni uyg‘un olib borish uchun yaratilayotgan sharoitning yana bir ifodasidir.
Mustaqillik bizga faqat davlat ramzlari, milliy qonunchilik yoki xalqaro maydonda o‘z ovozimizga ega bo‘lish imkonini bermadi. U o‘z taqdirimiz haqida o‘zimiz qaror qabul qilish, xatolardan saboq chiqarish, jamiyatimizni yangilash va farzandlarimiz uchun kechagidan yaxshiroq sharoit yaratish imkonini ham berdi.
O‘tgan o‘ttiz besh yilning barcha bosqichi bir xil kechmadi. Yutuqlar ham bo‘ldi, murakkab davrlar ham, yechimini kutib qolgan ¬muammolar ham. Ammo mustaqillikning eng katta kuchi ham shunda: jamiyat o‘z muammosini anglaydi, unga yechim izlaydi, kerak bo‘lsa, kechagi qarashlarini o‘zgartiradi va olg‘a intiladi. Yangi O‘zbekistonda boshlangan yangilanish jarayonining ahamiyatini ham shu nuqtayi nazardan baholash lozim. Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi, inson manfaati har qanday islohotning bosh mezoni bo‘lishi zarurligi haqidagi tamoyillar jamiyat hayotiga yangicha mazmun olib kirdi. Ta’limdagi o‘zgarishlar esa bu jarayonning eng yorqin ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi. Bugungi talaba smartfon orqali ta’lim xizmatlaridan foydalanishni oddiy hol deb biladi. Xorijiy til o‘rganadi. Xalqaro dasturda qatnashishni rejalashtiradi. Grant yutishga harakat qiladi. Ilmiy loyiha, startap, akademik mobillik haqida o‘ylaydi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki taraqqiyotning eng go‘zal belgilaridan biri bir avlod orzu qilgan narsaning keyingi avlod uchun tabiiy imkoniyatga aylanishidir.
Shukronalik — faqat bor ne’matga shukr aytish emas. U kechagi kunni unutmaslik, bugungi imkoniyatning qadriga yetish va ertangi kun uchun mas’uliyatni his qilishdir.
Shuning uchun mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar tashlab, bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilar ekanman, ayniqsa, keyingi o‘n yilda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ta’lim va ilmga yo‘l ochish borasida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni o‘ylab, qalbimda bir tuyg‘u ustun keladi: shukronalik!
Obidjon SHOFIYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent