Bu moviy gumbazning tillakor naqshlari – sitoralaru tunning qulogʻiga taqilgan zirak – oybaldoqqa qarab ahli bashar necha zamonlar osha qiziqish va orziqish bilan uni oʻrganish, tadqiq qilishga intilib kelgan. Ayni davrga kelib esa mazkur sohaning taraqqiyot surʼatiga monand ravishda undan turli soha va tarmoqlar rivoji yoʻlida foydalanish imkoniyati ham tobora kengayib borayotir.
Bugungi
dunyo taraqqiyot tendensiyasida iqtisodiy qudrat, avvalo, intellektual
salohiyat va texnologiyalar bilan oʻlchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa
allaqachon bu borada strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlardan biriga aylangan.
Mamlakatimizda ham kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga koʻp
boʻlmasa-da, qisqa muddatda sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat
kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ishlamoqda. Shu bilan
birga, soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 barobar
oshgan. Hozir kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha
hokimliklar hamkorlikda ishlayapti.
Joriy
yil 16-fevral kuni Prezidentimiz kosmosga sunʼiy yoʻldosh uchirish hamda
birinchi oʻzbek fazogirini tayyorlash boʻyicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan
tanishar ekan, shu xususda soʻz yuritib, “Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali
biz “koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni
real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish
mexanizmi va madaniyati oʻzgarayotganidan dalolat”, degan edi. Boisi, kosmik
sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim — sunʼiy yoʻldoshlarni
boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish
infratuzilmasini shakllantirish gʻoyat muhim vazifa. Bundan maqsad
mamlakatimizning suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.
Hozirgacha
xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi
va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlangan. Birinchi milliy ilmiy
sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi doirasida mutaxassislarni tayyorlash va
muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U
formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish maqsad qilingan.
Keyingi
yillarda sohada jadal oʻzgarish va transformatsiya jarayoni olib borilyapti.
Xususan, oʻtgan yildan eʼtiboran mamlakatimizda kosmik faoliyatni
rivojlantirish yoʻnalishida muhim huquqiy va institutsional hujjatlar qabul
qilindi. “Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun hamda davlatimiz rahbarining
2025-yil 26-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan
foydalanishni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi quyi boʻgʻinida boshqaruv
tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi
farmoni shular jumlasidan. “Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunda sohadagi
strategik yoʻnalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga
oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi holatlarini kosmik
suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga koʻmaklashish davlat siyosatining
asosiy yoʻnalishlaridan biri ekani nazarda tutilgan.
Prezidentimiz
farmoni esa kosmik texnologiyalarni bevosita iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq
etishga qaratilgan strategik hujjatdir. Unda aerokosmik maʼlumotlardan
foydalanishni kengaytirish, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida boshqaruv tizimini
takomillashtirish asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Unga muvofiq, yer
resurslari holatini sunʼiy yoʻldosh orqali monitoring qilish, hosildorlikni
tahlil etish, ekologik xavflarni erta aniqlash hamda qishloq xoʻjaligi
jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda.
Bu esa sohada samaradorlikni oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga
xizmat qiladi.
Monitoring afzalliklari
Kosmik
texnologiyalar atrof-muhit muhofazasi, qishloq xoʻjaligi va tabiiy resurslardan
samarali foydalanishda juda muhim. “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan joriy
etilayotgan zamonaviy kosmik monitoring tizimlari orqali ekologiya, geologiya,
qishloq xoʻjaligi, yer munosabatlari, suv xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi kabi
sohalarda samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan,
qishloq xoʻjaligi yerlarida hosil yigʻib olingandan keyingi qoldiqlarni yoqish
holatlarini aniqlash boʻyicha sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlariga asoslangan
monitoring tizimi ishlab chiqilgan. Ushbu tizim yongʻinlarni uzluksiz kuzatish,
tezkor aniqlash va tegishli tashkilotlarga maʼlumot uzatish imkonini bermoqda.
Soʻz isboti bilan deganlaridek, shu oʻrinda birgina misol keltirmoqchimiz.
2024-yilda respublika miqyosida bugʻdoy oʻrimidan keyin 2200 ta dala yongʻini
qayd etilgan boʻlsa, 2025-yilda ularning atigi 130 tasida shunday holat qayta
kuzatilgan. Yaʼni mazkur loyiha orqali takroriy yoqish holatlari 94 foiz
kamaydi.
Shuningdek,
daraxt kesilishini nazorat qilish boʻyicha maxsus platforma yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur tizim shahar va aholi yashash hududlaridagi yashil maydonlarni kunlik
monitoring qilish imkonini beradi. Kosmik tasvirlar yordamida yashil hududlar
raqamlashtirilib, daraxtlar kesilishi yoki yashil maydonlar qisqarishi
holatlari tezkor aniqlanadi. Bu esa noqonuniy daraxt kesilishiga qarshi
kurashish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va yashil hududlarni saqlab
qolishda samara beryapti.
Suv
resurslarini barqaror boshqarish yoʻnalishida ham ilgʻor yechimlar joriy
qilinmoqda. Kosmik monitoring asosida har bir qishloq xoʻjaligi maydonining
haqiqiy suv isteʼmolini aniqlash, “virtual suv oʻlchagich” tizimini
shakllantirish va sugʻorish meʼyorlarini optimallashtirish imkoniyati
yaratilmoqda. Shu orqali suv tejamkorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi
samaradorligini kuchaytirish va hosildorlikni prognoz qilishga erishilmoqda.
Bunday innovatsion yondashuvlar yurtimizda raqamli texnologiyalar va kosmik
sohani rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan
oqilona foydalanish borasidagi dadil olgʻa siljishdan darak.
Xalqaro hamkorlik
2025-yil
Oʻzbekiston kosmik sohasi uchun tarixiy yil sifatida qayd etildi. Aynan shu
yilda “Oʻzbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz “Xalqaro
astronavtika kongressi — IAC 2028” mezbonligini qoʻlga kiritdi. Bu
mamlakatimizning xalqaro imiji nuqtayi nazaridan ham yilning eng muhim
voqealaridan. 2028-yilda ushbu nufuzli kongress Samarqand shahrida oʻtkazilishi
rejalashtirilgan. Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilma uygʻunlashgan mazkur
shahar global kosmik hamjamiyat uchun muhim uchrashuv nuqtasiga aylanadi.
Shuningdek, Xitoy milliy aerokosmik
administratsiyasi (CNSA), Koreya aerokosmik administratsiyasi (KASA) va
“Star.Vision” (Xitoy) kompaniyasi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Kosmik taʼlim yoʻnalishida Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Aerokosmik
axborot tadqiqot instituti, Kyushu texnologiya instituti (Yaponiya), Turin
politexnika universiteti (Italiya), Tokio universiteti (Yaponiya) bilan
hamkorlik oʻrnatilgan.
Kosmik taʼlim yoʻnalishi
Yoshlarni kosmik soha va innovatsion
texnologiyalarga jalb etishning ahamiyati haqida ortiqcha gapirib oʻtirishga
zarurat yoʻq. Xususan, ayni maqsad yoʻlida “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan
qator loyihalar amalga oshirilayotgani bejiz emas. Misol tariqasida
robototexnika, astronomiya va kichik sunʼiy yoʻldoshlarga ixtisoslashtirilgan
“Cosmic Camp” yozgi kosmik oromgohi tashkil etilib, unda 300 nafar yoshning
qamrab olinganini qayd etish mumkin. Ular agentlik tomonidan ishlab chiqilgan
3-5-7 kunlik kosmik yoʻnalishga bagʻishlangan dasturlarda qatnashish
imkoniyatiga ega boʻldi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar
tashkilotiga aʼzo mamlakatlar doirasida maktab oʻquvchilari Turkiyaning Izmir
shahriga kosmos va aviatsiyaga ixtisoslashgan markazlarga yuborildi. “3th Space Camp”
dasturida shu yilga qadar 30 dan ziyod iqtidorli oʻzbek oʻgʻil-qizi ishtirok
etdi. Talabalar va yosh mutaxassislar oʻrtasida milliy “CanSat” mini sunʼiy
yoʻldosh musobaqasi oʻtkazilib, yoshlar 3 oy davomida onlayn oʻqitildi. 400 dan
ortiq ishtirokchidan final bosqichida 9 ta jamoa,
120
ga yaqin ishtirokchi qatnashdi hamda gʻoliblar xalqaro “ICESCO CanSat
International” tanlovida ishtirok etish uchun yuborildi. Eʼtiborlisi, ular 54
davlat qatnashchilari orasida yetakchi 5 talikka kirishga muvaffaq boʻldi.
Kosmik
faoliyatga qiziqishni oshirish maqsadida xalqaro kosmik haftalik doirasida
“Nasa Space Apps Challange” xakatoni, “Unisat 3.0” loyihasi hamda “Space Fest”
tadbirlari tashkil etilib, 2000 dan ziyod yosh ushbu tadbirlarda ishtirok etdi.
Talabalar va yosh olimlar oʻrtasida innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish
maqsadida oʻtgan yili “Yosh muhandis” tanlovi Toshkent shahri hamda
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilib, 500 ishtirokchi va 80 ta jamoa
qatnashdi. 9 jamoa esa sovrinli oʻrinlarni egalladi.
2026-yilda
tanlov respublikamizning 5 ta viloyatida oʻtkazildi. Hududlarda iqtidorli
yoshlarning loyihalarini taqdim qilishi uchun maydon yaratilib, unda 1600 dan
ziyod loyiha taqdim etildi. Toshkent shahrida oʻtgan tanlovning final
bosqichida 250 ishtirokchi oʻz ishlanmalari bilan qatnashib, ular orasidan eng
ilgʻor jamoa Turkiyada joylashgan kosmik lagerga yoʻllanma yutib oldi.
Oʻzimizning birinchi fazogir
va ilk sunʼiy yoʻldosh
Davlatimiz
rahbari huzurida oʻtgan taqdimot doirasida birinchi oʻzbek fazogirini
tayyorlash masalasi ilgari surildi. Dastlabki takliflarga koʻra, 10-14 kunlik
parvozga tayyorgarlik koʻrish rejalashtirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik
istiqbollari, jumladan, yetakchi kosmik agentliklari bilan hamkorlik formatlari
koʻrib chiqilyapti.
Kosmonavtni
fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻliq.
Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan
tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis
qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar
genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq
agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish
uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.
Shu
bilan birga, kosmik texnologiyalar davlatlarning ilmiy, texnologik va strategik
qudratini belgilovchi muhim omillardan. Sunʼiy yoʻldoshlar nafaqat aloqa yoki
meteorologiya tizimlari, balki iqtisodiyot, ekologiya, xavfsizlik, qishloq
xoʻjaligi va ilm-fan rivojining ham ajralmas qismidir. Shu nuqtayi nazardan,
Oʻzbekistonning ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini yaratish tashabbusi mamlakat
tarixida yangi texnologik davrni boshlab beruvchi muhim qadamlardan biri
sifatida baholanmoqda.
“Oʻzbekkosmos”
agentligi tomonidan Oʻzbekistonning ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini yaratish va
uchirish boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda. Mutaxassislarning
taʼkidlashicha, agentlikning asosiy maqsadi mamlakatda sunʼiy yoʻldoshlarni
yaratish, boshqarish va ulardan amaliy foydalanish boʻyicha milliy
kompetensiyani shakllantirishdan iborat. Ayni kunda loyiha bir necha
yoʻnalishda parallel ravishda rivojlantirilmoqda.
Birinchidan,
xalqaro hamkorlik kengaytirilyapti. Xususan, mamlakatimiz Turkiy davlatlar
tashkiloti doirasida qoʻshma ilmiy sunʼiy yoʻldosh loyihasida ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha 2026-yilda orbitaga chiqarilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda
oʻzbekistonlik mutaxassislar sunʼiy yoʻldoshning ayrim texnologik qismlarini
ishlab chiqishda qatnashyapti.
Ikkinchidan,
agentlik milliy kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu maqsadda
Yaponiyaning Kyushu texnologiya instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Dastur doirasida bir guruh oʻzbekistonlik magistrant sunʼiy yoʻldoshlarni
loyihalash, yigʻish va orbitaga chiqarish boʻyicha amaliy bilim olyapti. Aynan
ushbu yosh mutaxassislar kelajakdagi milliy ilmiy-texnik sunʼiy yoʻldosh
guruhlari ustida ishlashi nazarda tutilgan.
* * *
Insoniyat
tarixiga sinchiklab nazar solinsa, har qanday yuksalish pillapoyasining muqaddimasida
insoniyatning osmon qadar chegarasiz, sarhadsiz va poyonsiz tasavvur olami
turishi, barcha ixtiroyu olamshumul yutuqlar uning hosilasi ekanini anglash
qiyin emas. Kecha ertakdek tuyulgan hodisalar bugun kundalik hayotimizning bir
boʻlagiga aylanib ulgurgani ham odamzodga inʼom etilgan ana shu qutlugʻ
neʼmatning eng buyuk moʻjizalaridan. Alalxusus, bir paytlar munajjimlar nigohi
qadalgan olis samoga endi ilm-fan, tafakkur va texnologik taraqqiyot samarasida
insoniyat qadami yetgan. Ular orasidan Oʻzbekiston degan qadim yurtning
fuqarosi, navqiron avlodi ham oʻrin oladigan kunlar yaqin.
Koʻkka
boqib ulgʻaygan xalqning ruhi hamisha baland boʻladi. Chunki osmon kenglik
demak. Unda ozod qushlar kabi keng qanot yozib parvoz etish, yuksaklardan turib
lochin kabi oʻtkir nigoh bilan butun manzarani aniq ilgʻash mumkin. Shunday
qilib, bunday dunyoqarash insonni tor fikrlashdan qutqaradi. Unda olijanoblik,
kenglik tuygʻusini paydo qiladi. Yaʼni yulduzlar sari yoʻl olgan tafakkur mayda
manfaatlar girdobida qolib ketmaydi.
Mirzo
Ulugʻbek yulduzlarni kuzatgan zamindan bugun yangi avlodning fazoga qarab dadil
odimlayotgani oʻzida chuqur ramziy maʼno tashiyotgandek goʻyo. Asriy silsila,
qondan qonga, avlodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan mana shu maʼrifat yogʻdusi
koʻnglimiz osmonini bamisli oftob kabi mangu yoritib tursa ne tong! Eng muhimi,
tafakkur uygʻoq, ilmga chanqoqlik soʻnmas ekan, moviy kenglik hamisha
insoniyatni oʻziga chorlayveradi. Ana shunday intilish bor ekan, Vatan, xalq
hamisha yuksaklik sari harakatda boʻlaveradi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri