Bu moviy gumbazning tillakor naqshlari – sitoralaru tunning qulogʻiga taqilgan zirak – oybaldoqqa qarab ahli bashar necha zamonlar osha qiziqish va orziqish bilan uni oʻrganish, tadqiq qilishga intilib kelgan. Ayni davrga kelib esa mazkur sohaning taraqqiyot surʼatiga monand ravishda undan turli soha va tarmoqlar rivoji yoʻlida foydalanish imkoniyati ham tobora kengayib borayotir.

Bugungi dunyo taraqqiyot tendensiyasida iqtisodiy qudrat, avvalo, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan oʻlchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa allaqachon bu borada strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlardan biriga aylangan. Mamlakatimizda ham kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga koʻp boʻlmasa-da, qisqa muddatda sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ishlamoqda. Shu bilan birga, soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 barobar oshgan. Hozir kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar hamkorlikda ishlayapti.

Joriy yil 16-fevral kuni Prezidentimiz kosmosga sunʼiy yoʻldosh uchirish hamda birinchi oʻzbek fazogirini tayyorlash boʻyicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishar ekan, shu xususda soʻz yuritib, “Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati oʻzgarayotganidan dalolat”, degan edi. Boisi, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim — sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish gʻoyat muhim vazifa. Bundan maqsad mamlakatimizning suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlangan. Birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish maqsad qilingan.

Keyingi yillarda sohada jadal oʻzgarish va transformatsiya jarayoni olib borilyapti. Xususan, oʻtgan yildan eʼtiboran mamlakatimizda kosmik faoliyatni rivojlantirish yoʻnalishida muhim huquqiy va institutsional hujjatlar qabul qilindi. “Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun hamda davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi quyi boʻgʻinida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni shular jumlasidan. “Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunda sohadagi strategik yoʻnalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi holatlarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga koʻmaklashish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri ekani nazarda tutilgan.

Prezidentimiz farmoni esa kosmik texnologiyalarni bevosita iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etishga qaratilgan strategik hujjatdir. Unda aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida boshqaruv tizimini takomillashtirish asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Unga muvofiq, yer resurslari holatini sunʼiy yoʻldosh orqali monitoring qilish, hosildorlikni tahlil etish, ekologik xavflarni erta aniqlash hamda qishloq xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu esa sohada samaradorlikni oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Monitoring afzalliklari

Kosmik texnologiyalar atrof-muhit muhofazasi, qishloq xoʻjaligi va tabiiy resurslardan samarali foydalanishda juda muhim. “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan joriy etilayotgan zamonaviy kosmik monitoring tizimlari orqali ekologiya, geologiya, qishloq xoʻjaligi, yer munosabatlari, suv xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi kabi sohalarda samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, qishloq xoʻjaligi yerlarida hosil yigʻib olingandan keyingi qoldiqlarni yoqish holatlarini aniqlash boʻyicha sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlariga asoslangan monitoring tizimi ishlab chiqilgan. Ushbu tizim yongʻinlarni uzluksiz kuzatish, tezkor aniqlash va tegishli tashkilotlarga maʼlumot uzatish imkonini bermoqda. Soʻz isboti bilan deganlaridek, shu oʻrinda birgina misol keltirmoqchimiz. 2024-yilda respublika miqyosida bugʻdoy oʻrimidan keyin 2200 ta dala yongʻini qayd etilgan boʻlsa, 2025-yilda ularning atigi 130 tasida shunday holat qayta kuzatilgan. Yaʼni mazkur loyiha orqali takroriy yoqish holatlari 94 foiz kamaydi.

Shuningdek, daraxt kesilishini nazorat qilish boʻyicha maxsus platforma yoʻlga qoʻyildi. Mazkur tizim shahar va aholi yashash hududlaridagi yashil maydonlarni kunlik monitoring qilish imkonini beradi. Kosmik tasvirlar yordamida yashil hududlar raqamlashtirilib, daraxtlar kesilishi yoki yashil maydonlar qisqarishi holatlari tezkor aniqlanadi. Bu esa noqonuniy daraxt kesilishiga qarshi kurashish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va yashil hududlarni saqlab qolishda samara beryapti.

Suv resurslarini barqaror boshqarish yoʻnalishida ham ilgʻor yechimlar joriy qilinmoqda. Kosmik monitoring asosida har bir qishloq xoʻjaligi maydonining haqiqiy suv isteʼmolini aniqlash, “virtual suv oʻlchagich” tizimini shakllantirish va sugʻorish meʼyorlarini optimallashtirish imkoniyati yaratilmoqda. Shu orqali suv tejamkorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi samaradorligini kuchaytirish va hosildorlikni prognoz qilishga erishilmoqda. Bunday innovatsion yondashuvlar yurtimizda raqamli texnologiyalar va kosmik sohani rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi dadil olgʻa siljishdan darak.

Xalqaro hamkorlik

2025-yil Oʻzbekiston kosmik sohasi uchun tarixiy yil sifatida qayd etildi. Aynan shu yilda “Oʻzbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz “Xalqaro astronavtika kongressi — IAC 2028” mezbonligini qoʻlga kiritdi. Bu mamlakatimizning xalqaro imiji nuqtayi nazaridan ham yilning eng muhim voqealaridan. 2028-yilda ushbu nufuzli kongress Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilma uygʻunlashgan mazkur shahar global kosmik hamjamiyat uchun muhim uchrashuv nuqtasiga aylanadi.

Shuningdek, Xitoy milliy aerokosmik administratsiyasi (CNSA), Koreya aerokosmik administratsiyasi (KASA) va “Star.Vision” (Xitoy) kompaniyasi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Kosmik taʼlim yoʻnalishida Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Aerokosmik axborot tadqiqot instituti, Kyushu texnologiya instituti (Yaponiya), Turin politexnika universiteti (Italiya), Tokio universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlik oʻrnatilgan.

Kosmik taʼlim yoʻnalishi

Yoshlarni kosmik soha va innovatsion texnologiyalarga jalb etishning ahamiyati haqida ortiqcha gapirib oʻtirishga zarurat yoʻq. Xususan, ayni maqsad yoʻlida “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan qator loyihalar amalga oshirilayotgani bejiz emas. Misol tariqasida robototexnika, astronomiya va kichik sunʼiy yoʻldoshlarga ixtisoslashtirilgan “Cosmic Camp” yozgi kosmik oromgohi tashkil etilib, unda 300 nafar yoshning qamrab olinganini qayd etish mumkin. Ular ­agentlik tomonidan ishlab chiqilgan 3-5-7 kunlik kosmik yoʻnalishga bagʻishlangan dasturlarda qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar doirasida maktab oʻquvchilari Turkiyaning Izmir shahriga kosmos va aviatsiyaga ixtisoslashgan markazlarga yuborildi. “3th Space Camp” dasturida shu yilga qadar 30 dan ziyod iqtidorli oʻzbek oʻgʻil-qizi ishtirok etdi. Talabalar va yosh mutaxassislar oʻrtasida milliy “CanSat” mini sunʼiy yoʻldosh musobaqasi oʻtkazilib, yoshlar 3 oy davomida onlayn oʻqitildi. 400 dan ortiq ishtirokchidan final bosqichida 9 ta jamoa,

120 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi hamda gʻoliblar xalqaro “ICESCO CanSat International” tanlovida ishtirok etish uchun yuborildi. Eʼtiborlisi, ular 54 davlat qatnashchilari orasida yetakchi 5 talikka kirishga muvaffaq boʻldi.

Kosmik faoliyatga qiziqishni oshirish maqsadida xalqaro kosmik haftalik doirasida “Nasa Space Apps Challange” xakatoni, “Unisat 3.0” loyihasi hamda “Space Fest” tadbirlari tashkil etilib, 2000 dan ziyod yosh ushbu tadbirlarda ishtirok etdi. Talabalar va yosh olimlar oʻrtasida innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish maqsadida oʻtgan yili “Yosh muhandis” tanlovi Toshkent shahri hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilib, 500 ishtirokchi va 80 ta jamoa qatnashdi. 9 jamoa esa sovrinli oʻrinlarni egalladi.

2026-yilda tanlov respublikamizning 5 ta viloyatida oʻtkazildi. Hududlarda iqtidorli yoshlarning loyihalarini taqdim qilishi uchun maydon yaratilib, unda 1600 dan ziyod loyiha taqdim etildi. Toshkent shahrida oʻtgan tanlovning final bosqichida 250 ishtirokchi oʻz ishlanmalari bilan qatnashib, ular orasidan eng ilgʻor jamoa Turkiyada joylashgan kosmik lagerga yoʻllanma yutib oldi.

Oʻzimizning birinchi fazogir va ilk sunʼiy yoʻldosh

Davlatimiz rahbari huzurida oʻtgan taqdimot doirasida birinchi oʻzbek fazogirini tayyorlash masalasi ilgari surildi. Dastlabki takliflarga koʻra, 10-14 kunlik parvozga tayyorgarlik koʻrish rejalashtirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, yetakchi kosmik agentliklari bilan hamkorlik formatlari koʻrib chiqilyapti.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻliq. Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini ­oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.

Shu bilan birga, kosmik texnologiyalar davlatlarning ilmiy, texnologik va strategik qudratini belgilovchi muhim omillardan. Sunʼiy yoʻldoshlar nafaqat aloqa yoki meteorologiya tizimlari, balki iqtisodiyot, ekologiya, xavfsizlik, qishloq xoʻjaligi va ilm-fan rivojining ham ajralmas qismidir. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini yaratish tashabbusi mamlakat tarixida yangi texnologik davrni boshlab beruvchi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

“Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan Oʻzbekistonning ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini yaratish va uchirish boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, agentlikning asosiy maqsadi mamlakatda sunʼiy yoʻldoshlarni yaratish, boshqarish va ulardan amaliy foydalanish boʻyicha milliy kompetensiyani shakllantirishdan iborat. Ayni kunda loyiha bir necha yoʻnalishda parallel ravishda rivojlantirilmoqda.

Birinchidan, xalqaro hamkorlik kengaytirilyapti. Xususan, mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida qoʻshma ilmiy sunʼiy yoʻldosh loyihasida ishtirok etmoqda. Mazkur loyiha 2026-yilda orbitaga chiqarilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda oʻzbekistonlik mutaxassislar sunʼiy yoʻldoshning ayrim texnologik qismlarini ishlab chiqishda qatnashyapti.

Ikkinchidan, agentlik milliy kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu maqsadda Yaponiyaning Kyushu texnologiya instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Dastur doirasida bir guruh oʻzbekistonlik magistrant sunʼiy yoʻldoshlarni loyihalash, yigʻish va orbitaga chiqarish boʻyicha amaliy bilim olyapti. Aynan ushbu yosh mutaxassislar kelajakdagi milliy ilmiy-texnik sunʼiy yoʻldosh guruhlari ustida ishlashi nazarda tutilgan.

* * *

Insoniyat tarixiga sinchiklab nazar solinsa, har qanday yuksalish pillapoyasining muqaddimasida insoniyatning osmon qadar chegarasiz, sarhadsiz va poyonsiz tasavvur olami turishi, barcha ixtiroyu olamshumul yutuqlar uning hosilasi ekanini anglash qiyin emas. Kecha ertakdek tuyulgan hodisalar bugun kundalik hayotimizning bir boʻlagiga aylanib ulgurgani ham odamzodga inʼom etilgan ana shu qutlugʻ neʼmatning eng buyuk moʻjizalaridan. Alalxusus, bir paytlar munajjimlar nigohi qadalgan olis samoga endi ilm-fan, tafakkur va texnologik taraqqiyot samarasida insoniyat qadami yetgan. Ular orasidan Oʻzbekiston degan qadim yurtning fuqarosi, navqiron avlodi ham oʻrin oladigan kunlar yaqin.

Koʻkka boqib ulgʻaygan xalqning ruhi hamisha baland boʻladi. Chunki osmon kenglik demak. Unda ozod qushlar kabi keng qanot yozib parvoz etish, yuksaklardan turib lochin kabi oʻtkir nigoh bilan butun manzarani aniq ilgʻash mumkin. Shunday qilib, bunday dunyoqarash insonni tor fikrlashdan qutqaradi. Unda olijanoblik, kenglik tuygʻusini paydo qiladi. Yaʼni yulduzlar sari yoʻl olgan tafakkur mayda manfaatlar girdobida qolib ketmaydi.

Mirzo Ulugʻbek yulduzlarni kuzatgan zamindan bugun yangi avlodning fazoga qarab dadil odimlayotgani oʻzida chuqur ramziy maʼno tashiyotgandek goʻyo. Asriy silsila, qondan qonga, avlodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan mana shu maʼrifat yogʻdusi koʻnglimiz osmonini bamisli oftob kabi mangu yoritib tursa ne tong! Eng muhimi, tafakkur uygʻoq, ilmga chanqoqlik soʻnmas ekan, moviy kenglik hamisha insoniyatni oʻziga chorlayveradi. Ana shunday intilish bor ekan, Vatan, xalq hamisha yuksaklik sari harakatda boʻlaveradi.

Asliddin ABDURAZZOQOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri