Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.J. migratsiya sohasida ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Koreyaga yuborishini aytib, 7 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.
Andijon viloyatida esa “N.K.” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari S.E. yuqori lavozimdagi tanishlari orqali xorijiy davlat bakalavr diplomini olib berish va Koreyaga ishchi vizasi rasmiylashtirishni va’da qilib, 6 ming AQSh dollari hamda 3 million so‘m talab qilgan. U mablag‘ning bir qismi — 500 dollar va 3 million so‘mni olgan vaqtda qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida S.E. yana 14 nafar fuqarodan Koreyaga ishchi viza olib berish bahonasida jami 44,1 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Namangan viloyatidagi tezkor tadbirda “G.V.” MCHJ rahbari A.V. ikki nafar fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasi magistraturasiga o‘qishga kiritish va ish bilan ta’minlashni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.
Surxondaryo viloyatida esa fuqaro F.R. boshqa bir shaxsni 10 ming AQSh dollari evaziga Koreyaga ishga jo‘natishini aytib, mablag‘ning bir qismi sifatida 5 ming AQSh dollari va 61 million so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga doir moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.