Ma’lum qilinishicha, Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam sudlangan M.A. ikki nafar fuqaroni Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilib, ularning 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda D.R. ismli shaxs bir fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va viza rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini olgani ma’lum bo‘ldi. Tergov jarayonida ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollari jabrlanuvchiga qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Yana bir holatda, Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tekshiruvi davomida muqaddam sudlangan X.M. ikki nafar fuqaroni Kanada va Koreya Respublikasiga yuborish uchun hujjatlarini tayyorlab berishni va’da qilib, jami 4 945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.