Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov va Lasha Gudjedjiani oʻzaro kelishuv shartnomasini imzoladi.

Shveysariyada oʻtkazilgan Lausanne Grand Slam 2026 turniri Gudjedjiani uchun Oʻzbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi ilk musobaqa boʻldi. Unda terma jamoamiz bir oltin, ikki kumush va ikki bronza medalini qoʻlga kiritib, 77 davlat orasida kuchli oltilikdan joy oldi.

Shuningdek, Yaponiyada oʻtkazilgan XX Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi ikki oltin, ikki kumush va uch bronza medali bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin ikkinchi oʻrinni egalladi.

Maʼlumot uchun, Lasha Gudjedjiani Oʻzbekistonga kelguniga qadar besh yil davomida Gruziya terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlib ishlagan. Uning qoʻl ostida Gruziya terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida bir oltin va uch kumush, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida esa bir oltin va ikki kumush medalni qoʻlga kiritgan.

2025-yilda Gruziya terma jamoasi uning rahbarligida jahon chempionatining jamoaviy bahslarida gʻolib boʻlib, tarixiy natija qayd etgan. Lasha Gudjedjianining oʻzi ham sportchilik faoliyati davomida ikki marta jahon chempionati sovrindori boʻlgan.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi yangi bosh murabbiyga muvaffaqiyat tilab, uning rahbarligida terma jamoa oldindagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, Los-Anjeles-2028 Olimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishishiga umid bildirgan.