Ushbu yondashuv transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston uchun tashqi bozorlarga chiqish, yuklarning harakatlanish muddati va xarajatlarini qisqartirish, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan chegaradan oʻtish jarayonlarining samaradorligi va oʻzaro transport bogʻliqligini taʼminlashga bevosita bogʻliq.
Shu nuqtayi nazardan, chegaralardagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, yangi oʻtkazish punktlarini ochish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish mamlakatimiz transport-logistika salohiyatini yuksaltirishning muhim omillaridir. Bugungi kunda tashqi logistik xatarlarga bardoshli tizimni shakllantirish orqali Oʻzbekistonning mintaqaviy transport-logistika tizimidagi oʻrnini mustahkamlash asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib qolmoqda.
Yaqin oʻtmishda qoʻshnilar bilan chegara masalalari koʻp yillik bahslar mavzusi boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda bu yondashuv buning aksini koʻrsatmoqda. Xususan, 2025-yil 31-martda Xoʻjand shahrida boʻlib oʻtgan uch tomonlama oliy darajadagi uchrashuvda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolandi. Shartnoma davlat chegaralari tutashgan nuqtani aniq belgilab, uning huquqiy asoslarini xalqaro hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda qoʻshni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etishda izchil va huquqiy asoslangan yondashuvni aks ettiradi.
2026-yil iyul oyida Prezidentimizning Qirgʻizistonga davlat tashrifi chogʻida esa ikki mamlakat oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma hamda chegara masalalarini tartibga soluvchi muhim hujjatlar imzolandi. Ular doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻtkazish punktlari sonini ikki barobarga koʻpaytirish va oʻzaro tovar almashinuvini 2 mlrd dollarga yetkazish kutilmoqda.
Biroq chegaralarning ochiqligi transport sohasidagi barqaror va samarali hamkorlikni taʼminlash uchun yetarli emas. Buning uchun, avvalo, chegaradan oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, tashuvchilar uchun moliyaviy yuklamalarni maqbullashtirish hamda xorijiy hududlarda harakatlanish va faoliyat yuritish shartlarini takomillashtirish talab etiladi. Shu bois amalga oshirilayotgan ishlarda mazkur masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz 40 dan ortiq xorijiy davlat bilan xalqaro avtomobil tashuvlari toʻgʻrisida hukumatlararo bitim imzolagan boʻlib, ulardan 35 tasi bilan ruxsatnoma almashish tizimi yoʻlga qoʻyilgan, shundan 25 tasi Yevropa davlatlarini tashkil etadi. Soʻnggi paytlarda qogʻoz shaklidagi ruxsatnoma oʻrnini bosqichma-bosqich elektron tizim egallamoqda. E-permit elektron ruxsatnoma almashish tizimi 2021-yilda Turkiya bilan joriy etilgan boʻlsa, keyinchalik Qozogʻiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston va Gruziya – jami 8 ta davlat bilan ishga tushirildi.
Qolaversa, joriy yil 1-iyundan boshlab ruxsatnomalarni bevosita chegara bojxona postlarida berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi, tashuvchilarga ularni 10 kun muddatga band qilish imkoniyati yaratildi.
Qoʻshnilar bilan muloqot tashuvchilarimizning kundalik muammolarini ham hal qilmoqda. Qozogʻiston bilan bitimga kiritilgan oʻzgartirishlar tufayli yuk koʻtarish quvvati 3,5 tonnadan yoki toʻla vazni 6 tonnadan oshmaydigan yuk avtotransport vositalari ruxsatnoma talabidan butkul ozod qilindi. Xitoy bilan esa avtotransport tashuvlarida kvotasiz ruxsatnoma tizimiga oʻtildi. Oʻzbekiston va Eron hududida kirish va tranzit uchun undiriladigan 400 dollarlik yigʻimlar oʻzaro bekor qilindi. Rossiya tomoni bilan muzokaralar natijasida esa haydovchilarimizning Rossiyada bir kalendar yili davomida vaqtincha boʻlish muddati-2026-yil 30-iyundan boshlab 90 kundan 180 kungacha uzaytirildi. Bu oʻzgarishlar har bir tashuv tannarxida va har bir haydovchining daromadida oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Chegaralarning ochilishi nafaqat tovarlar harakatini, balki xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni ham yanada yaqinlashtirdi. Bugungi kunda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Xitoyga jami 43 ta yoʻnalishda muntazam xalqaro avtobus qatnovlari amalga oshirilib, fuqarolarning erkin va qulay harakatlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Aviatsiya sohasida 2026-yilning I yarim yilligida rezident va xorijiy aviakompaniyalar tomonidan jami 18 ta xalqaro yoʻnalishlarda yangi qatnovlar yoʻlga qoʻyildi, shu jumladan, Qozogʻiston bilan Toshkent–Atirau va Olmaota-Samarqand. Natijada xizmat koʻrsatilgan yoʻlovchilar soni 15 foizga oʻsib, 8,1 mln nafarga yetkazildi.
Temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni tashish boʻyicha mavjud 34 ta mahalliy va 11 ta xalqaro yoʻnalishda kuniga oʻrtacha 32,5 mingdan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilmoqda. Joriy yilning yanvar iyun oylari mobaynida tashilgan yoʻlovchilar soni 5,9 mln nafarni tashkil etdi. Shundan, 331 ming nafari xalqaro va 5 554 ming nafari mahalliy yoʻnalishlarda.
Prezidentimiz nutqida alohida taʼkidlanganidek: «Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz».
Dunyodagi logistika zanjirlarida uzilishlar yuzaga kelgan damda bu masalaga masʼuliyat bilan yondashilmoqda. Vazirlikda idoralararo Ishchi guruh hamda call-markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilib, joylarda turib qolgan yuklar «Oʻrta yoʻlak», Xitoy portlari va boshqa muqobil yoʻlaklar orqali manziliga yetkazildi.
Bu tajriba yagona yoʻnalishga bogʻlanib qolmasdan, yangi yoʻnalishlarni diversifikatsiya qilish zarurligini koʻrsatdi. Shu sababli Kaspiy va Qora dengiz yoʻnalishida amaliy qadamlar qoʻyilmoqda. Ozarbayjon bilan Kaspiy dengizida qoʻshimcha kemalarni sotib olish maqsadida qoʻshma korxona tashkil etish, Poti portida esa Gruziya bilan birgalikda terminal qurish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Koʻp yillik izchil siyosat bugun aniq natija bermoqda. «Oʻrta yoʻlak» boʻylab tashilgan yuklar hajmi ikki barobarga oshib,-2025-yil yakuniga kelib 1,2 mln tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan amalga oshirilgan yuk tashuvlarida mazkur yoʻlakning ulushi 2021-yildagi 12 foizdan 2025-yilda 28 foizga yetdi.
«Oʻrta yoʻlak»ning tranzit salohiyatini yanada oshirish hamda Yevropa va Xitoy oʻrtasida samarali transport aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezidentimiz tomonidan xalqaro maydonlarda «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻlini Oʻrta yoʻlak bilan integratsiya qilish va Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa uzluksiz quruqlik yoʻnalishini yaratish muhimligi bir necha bor taʼkidlanmoqda.
Eslatib oʻtish joiz, «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» multimodal yoʻlagida 2020-yilga nisbatan yuk tashish hajmi 50 barobardan ziyodga oshdi.
Mamlakat ichidagi logistika tarmogʻi ham shu mantiq asosida qurilmoqda. Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyoʻl, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirilishi koʻzda tutilgan. Xonobod «Xitoy yoʻli darvozasi», Olot «Oʻrta yoʻlak darvozasi», Termiz esa «Transafgʻon yoʻlagi darvozasi» sifatida rivojlantiriladi. Ushbu hududlarda logistika markazlarini tashkil etish maqsadida jami 300 gektar yer maydoni ajratish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida 17 ta logistika markazi va terminallar barpo etish rejalashtirilgan.
Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida xalqaro tranzit yoʻlaklari xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish muhimligi taʼkidlanib, «Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash» global mexanizmini joriy etish taklif qilindi.
Ayni damda bu tashabbus Oʻzbekiston tomonidan hamkorlikda olib borilayotgan yirik infratuzilma loyihalarida oʻz ifodasini topmoqda. Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli Yevrosiyo markazida uzunligi qariyb 533 km boʻlgan «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» strategik temir yoʻl magistrali barpo etilmoqda. Ayni paytda 9 ta ramali koʻprik qurilishi va 26 ta tonnelda qazish ishlari davom etmoqda. Obyektga 9 mingdan ortiq ishchi va 6 mingdan ziyod maxsus texnika jalb qilingan. Ushbu strategik loyiha 2030-yil yakuniga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Yoʻl toʻliq quvvatda ishga tushgach, yuk tashish hajmi yiliga 15 mln tonnagacha yetishi, tovarlarni yetkazib berish muddati esa oʻrtacha 7 kunga qisqarishi kutilmoqda.
Janubiy yoʻnalishda ham muhim qadamlar qoʻyildi. Transafgʻon temir yoʻlining «Termiz – Naybobad – Logar – Xarlachi» yoʻnalishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi uch tomonlama bitim Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlandi. Ayni damda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mazkur temir yoʻl liniyasi Janubiy Osiyo temir yoʻl tizimini Markaziy Osiyo va Yevrosiyo temir yoʻl tizimlari bilan bogʻlashi kutilmoqda.
Ushbu saʼy-harakatlarning barchasi oxir-oqibat bitta koʻrsatkichda – yuk tashish hajmida oʻz aksini topadi. Dunyodagi beqaror vaziyat sharoitida-2025-yilda Oʻzbekiston xalqaro yuk tashuvlari hajmi 66,8 mln tonnani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 11,9 foizga oshdi. Soʻnggi 10-yilda xalqaro yuk tashuvlari 2,2 barobarga oʻsdi.
Eng katta siljish avtomobil transportida kuzatilmoqda. Avtomobilda tashilgan xalqaro yuklar hajmi 2016-yildagi hajmga nisbatan 6 barobar, faqat oʻtgan yilning oʻzida 22,8 foizga oʻsdi. Natijada avtomobil transportining xalqaro yuk tashuvlaridagi ulushi 31 foizga yetdi. Bu oʻsishda yuqorida keltirilgan ruxsatnomalar, yigʻimlar va oʻtkazish punktlari boʻyicha qarorlarning ham munosib hissasi bor.
Xalqaro yuk tashuvlarida temir yoʻl transporti yetakchi oʻrinni egallamoqda.-2025-yilda ushbu transport turi orqali 46,2 mln tonna yuk tashilib, jami xalqaro tashuvlarning qariyb 70 foizi taʼminlandi. Temir yoʻl transportida ham olib borilayotgan islohotlar kam emas va izchil davom etmoqda.
Oldimizdagi vazifalar aniq — qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, chegara va logistika jarayonlaridagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish va tashqi xatarlarga chidamli transport-logistika tizimini shakllantirish. Bu esa nafaqat oʻzaro yuk tashish hajmlari va tranzit koʻrsatkichlarini oshirish, balki mintaqada global transport-logistika tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi». Bugun bu yutuqlarning har biri yangi yoʻllar, yangi qatnovlar va yangi bozorlar shaklida namoyon boʻlmoqda. Logistika – dunyoga ochilish yoʻli. Bu yoʻlni yanada keng va ishonchli qilish esa biz, transport sohasi vakillarining sharafli vazifasidir.
Ilhom MAXKAMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri