Dastlab nufuzli xorijiy muzey va koʻrgazma maydonlarida Oʻzbekistonning arxeologik va ilmiy merosi, shuningdek, amaliy sanʼat asarlarini namoyish etish boʻyicha rejalar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-yil sentabr oyida Dohadagi Islom sanʼati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” koʻrgazmasini, noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida Oʻzbekistonning noyob eksponatlari ishtirokida “Global Antiquity” xalqaro arxeologiya koʻrgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027-yilda Venetsiyadagi Palasso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida yurtimizning bronza davridan ilk oʻrta asrlargacha boʻlgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ziyod arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palasso Realeda oltin kashtachilik, soʻzana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy sanʼat asarlaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etiladi.

Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkazish, shuningdek, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardagi yetakchi madaniy muassasalar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon qilindi.

Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Buyuk knyaz Nikolay Romanov saroyida Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi filialini tashkil etish koʻzda tutilgan. Bunda majmuaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinib, 300 ga yaqin eksponatdan iborat doimiy ekspozitsiya shakllantiriladi.

Muxtor Ashrafiy uy-muzeyida binoning fasadi va tarixiy interyerlari restavratsiya qilinib, ekspozitsiya yangilanmoqda. Muzey zamonaviy muhandislik tizimlari, xavfsizlik va iqlim nazorati vositalari, multimedia uskunalari, shuningdek, ovoz yozish studiyasi bilan jihozlanadi.

Taqdimotda “Tamerlano” operasini jahonning nufuzli sahnalarida namoyish etish natijalari va kelgusi rejalar koʻrib chiqildi.

Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi “Muzikferayn”, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi. Stefano Poda sahnalashtirgan operada Georg Fridrix Gendel musiqasi Kirill Rixter talqinida, oʻzbek milliy cholgʻu asboblaridan foydalanilgan holda ijro etildi. Loyihada Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri, xor, xalq cholgʻulari orkestri va taniqli solistlar ishtirok etdi.

2027-yil mart oyida “Tamerlano” operasini Nyu-Yorkdagi mashhur “Karnegi-xoll” konsert zali sahnasida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu oʻzbek opera sanʼati va milliy ijrochilik maktabining yuksak salohiyatini xorijiy auditoriyaga keng namoyish etish imkonini beradi.

Yirik konsertlar, festivallar, tanlov va koʻrgazmalarni tashkil etishning yagona tizimini shakllantirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” davlat muassasasi negizida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi.

Milliy operator yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish va ularni xorijda targʻib qilish, taniqli ijrochilar ishtirokidagi konsertlarga buyurtmachi sifatida ish olib borish, shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun masʼul boʻladi.

Joriy yil 8-iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida mashhur xonanda Jon Lejendning konserti oʻtkazildi. Avgust oyida Pekindagi Buyuk Xitoy devorida, sentabr oyida esa Registon maydonida taniqli pianinochi Lang Langning konsertlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Oktabr oyida Toshkentdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bastakor Maks Rixterning konserti boʻlib oʻtadi.

Joriy yilda Venetsiya va Milan shaharlarida oʻtkazilayotgan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda Oʻzbekistonning ishtiroki natijalari ham taqdim etildi.

Venetsiyadagi 61-xalqaro sanʼat biyennalesida Oʻzbekiston “The Aural Sea” loyihasi bilan milliy pavilyonda ishtirok etmoqda. Loyiha Orol dengizi va Qoraqalpogʻiston mavzusini xotira, afsona va hikoyalar orqali ochib beradi. Pavilyonga hozirga qadar 60 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. Loyihaga bagʻishlangan materiallarning umumiy media qamrovi 145 milliondan oshgan.

Biyennale doirasida Palasso Kavalli-Frankettida oʻzbekistonlik rassom Vyacheslav Axunovning “Instruments of the Mind” shaxsiy koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Unda rassomning 1970-yillardan bugungi kunga qadar yaratilgan 200 dan ortiq asari namoyish etilmoqda. Koʻrgazmaga 30 dan ziyod mamlakatdan 12 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.

“Milan Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan “Oʻrik gullaganda” milliy pavilyonida 12 nafar xalqaro dizayner hamda Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistondan 12 nafar hunarmandning hamkorlikdagi ishlari namoyish qilindi. Oʻzbekiston pavilyoni “Fuorisalone Award 2026” mukofoti hakamlar hayʼatining maxsus eʼtirofiga sazovor boʻldi. Uni 18 mingdan ziyod kishi koʻrdi, loyihaning xalqaro axborot qamrovi 171 millionga yetdi.

Shuningdek, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining 2026-2027-yillarga moʻljallangan tadbir va loyihalari muhokama qilindi.

11-13-sentabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti oʻtkaziladi. Madaniyat, ilm-fan, meʼmorlik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolboʻyini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. 2027-yil yanvar oyida “Aral School” xalqaro dasturining Orol dengizi havzasi iqlimi va landshaftiga bagʻishlangan yangi mavsumi boshlanadi.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri repertuarini yangilash doirasida Jakomo Puchchinining “Turandot” operasi va Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” baletini yangicha talqinda sahnalashtirish rejalari koʻrib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirishga yetakchi mahalliy va xorijiy rejissyorlar, dirijyorlar, xoreograflar va sahnalashtirish boʻyicha mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.

2027-yilgi Buxoro biyennalesi doirasida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlar va jamoat makonlarini obodonlashtirish, shuningdek, koʻrgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Biyennalega 50 dan ziyod xorijiy rassom va dizayner hamda mamlakatimiz kreativ industriyalarining 300 dan ortiq vakili jalb etiladi.

Bundan tashqari, “Milan Design Week” va “Art Basel” tadbirlarida ishtirok etish, “Art for Tomorrow” xalqaro anjumanini oʻtkazish, Qatar muzeylari bilan hunarmandchilik va dizayn sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Buxoroda badiiy rezidensiya va xalqaro zargarlik maktabini tashkil etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlari sifatini qatʼiy nazorat qilish, milliy mazmunni zamonaviy yondashuvlar bilan uygʻunlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.