O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Yangi qonun bilan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan asrash, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish mexanizmlari kuchaytirilmoqda.
Ayni paytda mamlakat aholisining 28 foizini, ya’ni 10,9 million nafarni bolalar tashkil etadi. Shu bois ularning huquqlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qabul qilingan “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan sohada qator muhim o‘zgartishlar belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Mazkur tartib 2026-yil 11- sentabrda qabul qilingan O‘RQ-1174-sonli Qonun bilan belgilandi. Bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Amaldagi BHMdan kelib chiqib, bu 440 ming so‘mdan 2 million 200 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi. Shu bilan birga, jazo faqat jarima bilan cheklanmaydi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxsga bir yil davomida ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
Mazkur cheklov maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, professional ta’lim hamda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlaridagi pedagogik faoliyatga taalluqli. Zo‘ravonlik deganda faqat bolani urish yoki unga jismoniy ta’sir ko‘rsatish tushunilmaydi. Bolani kamsitish, haqoratlash, xo‘rlash, qo‘rqitish yoki ruhiy bosim o‘tkazish kabi holatlar ham uning huquq va manfaatlariga daxl qiladi.
Yangi talablar ta’lim muassasalarida bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda pedagoglarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarga ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilnoza Husanova: “Bolaga nisbatan zo‘ravonlik deganda faqat uni urish yoki jismoniy ta’sir ko‘rsatishni tushunmaslik kerak. Bolani kamsitish, haqoratlash, qo‘rqitish, ruhiy bosim o‘tkazish, shuningdek, uning asosiy ehtiyojlariga befarq munosabatda bo‘lish ham zo‘ravonlikning shakllari hisoblanadi. Amaldagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda ham jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik bilan bir qatorda, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik kabi holatlar ham zo‘ravonlik shakllari sifatida belgilangan.
Eng muhim jihati shundaki, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va yoki ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga bir yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Bu cheklov maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, professional ta’lim hamda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlariga taalluqli” dedi, mutaxassis.
Dilnoza Husanovaning ta’kidlashicha, ta’lim muassasalarida bolaning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhim. “Pedagogdan nafaqat sifatli ta’lim berish, balki bola bilan sog‘lom va xavfsiz munosabat o‘rnatish ham talab etiladi. Bolani kamsitish, haqoratlash yoki qo‘rqitish uning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”.
Bundan tashqari qonun bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilishda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bolalarga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlash vakolati hokimlardan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktoriga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan vasiylik va homiylik organlariga xabar berish muddati qisqartirilmoqda. Ilgari bu muddat 7 ish kunini tashkil etgan bo‘lsa, endi bunday holat haqida 24 soat ichida xabar berish talab etiladi. Bundan tashqari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar foydasiga undiriladigan aliment masalalarida ham “Inson” markazlarining ishtiroki kuchaytiriladi.
Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani farzandlikka olish istagidagi shaxslar maxsus o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, tutingan oila institutining huquqiy asoslari aniqlashtirilib, uning patronat hamda oilaviy bolalar uyi shakllari belgilanmoqda.
Bolalarning mulkiy huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, vasiy yoki homiyning bola nomidan meros va hadyani qabul qilishdan voz kechish huquqi bekor qilinmoqda.
Yana bir muhim yangilik — voyaga yetmaganlarga oid jinoyat ishlarini madaniyat markazlari, yoshlar markazlari yoki boshqa joylarda o‘tkaziladigan ochiq sayyor sud majlislarida ko‘rish taqiqlanmoqda. Bu talab bolaning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan. Shuningdek, xorijda bo‘lgan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoya qilish mexanizmlari ham kuchaytirilmoqda.
Umuman, yangi o‘zgartishlar bolalar bilan ishlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Ayniqsa, ta’lim muassasalarida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagoglarning bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatilishi bolalar uchun xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy choralardan biri hisoblanadi.
Zulxumor Akbarova