Jizzax tibbiyot klasterida ilk bor muvaffaqiyatli amalga oshirilgan buyrak transplantatsiyasi ana shunday qutlugʻ va tarixiy voqealardan biri boʻldi.

Bu kabi yutuqlar oʻz-oʻzidan yoki tasodifan paydo boʻlayotgani yoʻq. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chogʻida Jizzax tibbiyot klasteri faoliyati bilan shaxsan tanishib, bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yuqori texnologik tibbiy xizmatlar imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratgani va mahalliy shifokorlarni qoʻllab-quvvatlagani soha rivojiga mutlaqo yangi surʼat va katta ishonch bagʻishladi. Bugun ana shu yuksak eʼtibor, tizimli gʻamxoʻrlik va qatʼiy iroda ilk amaliy, hayotiy mevalarini bermoqda.

Jizzax tibbiyot klasterida ilk marotaba buyrak koʻchirib oʻtkazish murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgani nafaqat viloyat, balki mamlakat sogʻliqni saqlash tizimi hayotidagi ulkan qadam sifatida baholanmoqda. Zero, transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, nozik va yuqori malaka hamda zamonaviy infratuzilmani talab qiluvchi sohalaridan biridir.

Mazkur murakkab jarrohlik amaliyoti Milliy tibbiyot markazining transplantologiya boʻyicha yetakchi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov boshchiligidagi yuqori malakali jamoa hamda Jizzax tibbiyot klasterining mahalliy shifokorlari bilan hamkorlikda, chinakam mahorat maktabi sifatida amalga oshirildi.

Ushbu xayrli ish davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida, “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan toʻliq moliyalashtirilgan holda oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbarining bu qarori umidi soʻnish arafasida turgan bemorlar uchun hayotbaxsh kuch boʻldi. Jizzaxdagi mazkur operatsiya esa qogʻozdagi ezgu gʻoyalarning amalda qanday qilib inson hayotini saqlab qolishiga jonli misoldir.

Toʻqqiz yil... Bu shunchaki oddiy raqam emas. Bu surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan ogʻrigan, haftasiga bir necha bor gemodializ apparatiga bogʻlanib, yashash uchun tish-tirnogʻi bilan kurashgan Sarvar Abdiyevning iztirobli yillaridir. 1985-yilda tugʻilgan bemor uzoq yillar davomida ogʻir dard yukini yelkasida koʻtarib, hayotning har bir kunini umid va xavotir, ogʻriq va iztirob bilan qarshi olgan. Uning uchun transplantatsiya amaliyoti yagona va oxirgi najot edi.

Tibbiy tekshiruvlar natijasida unga donor sifatida 1978-yilda tugʻilgan amakivachchasi Yunus Abdiyevning organizmi toʻliq mos kelishi aniqlandi. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, bemor palataga olingach, u bilan suhbatlashdik.

— Yaratganga behisob shukrlar boʻlsin, bugun oʻzimni xuddi dunyoga qayta kelgandek his qilyapman, — deydi Sarvar quvonch koʻz yoshlarini artib. — Ahvolim ancha yaxshi. Rostini aytsam, toʻqqiz yil davomida chekkan azoblarim, umidsizlikka tushgan kunlarim ortda qolganiga haliyam ishongim kelmayapti... Har gal gemodializ apparatiga yotganimda, tanam madorsizlanganda, yashashdan charchab ketardim. Buyrak koʻchirish operatsiyasi juda qimmatligi, oilamizning iqtisodiy imkoniyatlari cheklangani sababli baʼzan taqdirga tan berib, umidimni butunlay uzib qoʻygan kunlarim boʻlgan. Prezidentimizning mazkur tarixiy qarori men kabi kasal, ammo chorasiz insonlarga yangi hayot eshiklarini ochdi. Davlatimiz bizni tashlab qoʻymaganini, ogʻir kunimizda yelkadosh boʻlganini qalbdan his qildim. Men bugun qayta tugʻilgandek boʻldim.

Sarvarning hikoyasida yana bir qalbni larzaga soluvchi muhim jihat bor, bu xalqimizga xos mehr-oqibat va jigarchilik rishtalarining qudratidir. Donor izlash jarayoni boshlanganda uning qarindoshlari, yaqinlaridan bir necha kishi ikkilanmay, oʻz jigarini qutqarish uchun buyragini berishga tayyor ekanini bildirgan. Bu yuksak mehr ogʻir ahvoldagi bemorga operatsiyadan oldin ulkan ruhiy kuch, hayotga kuchli ishonch bagʻishlagan edi.

Qarindoshlik mehri va insonparvarlikning yuksak namunasini koʻrsatgan Yunus Abdiyev amakivachchasining sogʻlom hayotga qaytishi uchun oʻz tanasining bir boʻlagini berish qarorini hech bir ikkilanishsiz, chin yurakdan qabul qilganini taʼkidlaydi:

— Yaqin qarindoshing-jigaring koʻz oʻngingda soʻnib borsa, buni koʻrib turish eng katta azob. Amakimning oʻgʻli Sarvarjonga donor kerakligini va buyragim unga mos kelishini aytishganda, bir daqiqa ham oʻylab oʻtirganim yoʻq. Axir biz bir daraxtning shoxlarimiz, qonimiz bir. Oilam, farzandlarim ham bu qarorimni toʻliq qoʻllab-quvvatladi va duo qilib turdi. Bugun shifokorlar yuzidagi tabassumni koʻrib, operatsiya muvaffaqiyatli oʻtganini bilganimda Yaratganga shukronalar aytdim. Eng muhimi, ukam yana sogʻlom hayotga, farzandlari bagʻriga qaytmoqda. Uning koʻzidagi hayot uchqunini koʻrish men uchun katta baxt.

Ushbu jarrohlik amaliyoti hududda transplantologiya xizmatini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, aholi uchun ham yuqori texnologik tibbiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

 — Bugungi sana Jizzax viloyati tibbiyoti tarixiga chinakam zarhal harflar bilan unutilmas kun sifatida muhrlanadi, — deydi Jizzax viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Maxmarasul Umarov. — Ilgari bunday operatsiyalar biz uchun ushalmas armon edi. Bemorlarimiz yuz millionlab mablagʻ topib, xorijiy davlatlarga, Hindiston yoki Turkiya kabi mamlakatlarga borishga, sarson boʻlishga majbur edi. Koʻpchilikning bunga moliyaviy qurbi yetmasdi. Mana, sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli yuqori texnologiyali tibbiy xizmat aholiga oʻzi yashayotgan hududda koʻrsatilmoqda. Mahalliy shifokorlarimiz poytaxtlik olimlar bilan yelkama-yelka turib bu amaliyotni bajardi, bu ular uchun katta tajriba va mahorat maktabi boʻldi. Viloyatimizda hozirgi kunda gemodializ olayotgan 259 bemorimiz bor. Ishonch bilan ayta olamanki, bu hali boshlanishi. Biz davlatimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, qolgan bemorlarimizni ham bosqichma-bosqich mana shunday tibbiy yordam bilan qamrab olamiz va ularni sogʻlom hayotga qaytaramiz. Bizda endi kuch ham, sharoit ham, bilim ham yetarli.

Jizzax tibbiyot klasterida bajarilgan ilk buyrak transplantatsiyasi shifokorlar mahorati, zamonaviy tibbiy infratuzilma va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar uygʻunligining amaliy natijasidir.

Eng muhimi, bu voqea Oʻzbekistonda inson qadri shunchaki balandparvoz shior emas, balki eng oliy hayotiy qadriyat sifatida ­eʼtirof etilayotganining yana bir yorqin isboti boʻldi. Bir oddiy insonning sogʻligʻi, bir nochor oilaning baxti, bir bemorning soʻnib borayotgan umidi davlat siyosati darajasida qoʻllab-quvvatlanayotgani yangi Oʻzbekistonning chinakam insonparvarlik va mehr-muhabbatga yoʻgʻrilgan mohiyatini butun dunyoga namoyish etmoqda.

Jizzax tibbiyot klasteridagi ushbu tarixiy operatsiya nafaqat bir bemorga yangi hayot baxsh etdi, balki shifoxona oʻrindiqlarida najot kutib yotgan yuzlab bemorlarga soʻnmas umid, minglab insonlarga cheksiz ishonch va butun jamiyatimizga ezgulik hamda mehr-saxovatning buyuk qudratini yana bir bor isbotlab berdi.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri