Jizzax tibbiyot klasterida ilk bor muvaffaqiyatli amalga oshirilgan buyrak transplantatsiyasi ana shunday qutlugʻ va tarixiy voqealardan biri boʻldi.
Bu
kabi yutuqlar oʻz-oʻzidan yoki tasodifan paydo boʻlayotgani yoʻq. Davlatimiz
rahbarining viloyatga tashrifi chogʻida Jizzax tibbiyot klasteri faoliyati
bilan shaxsan tanishib, bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yuqori
texnologik tibbiy xizmatlar imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratgani va
mahalliy shifokorlarni qoʻllab-quvvatlagani soha rivojiga mutlaqo yangi surʼat
va katta ishonch bagʻishladi. Bugun ana shu yuksak eʼtibor, tizimli gʻamxoʻrlik
va qatʼiy iroda ilk amaliy, hayotiy mevalarini bermoqda.
Jizzax
tibbiyot klasterida ilk marotaba buyrak koʻchirib oʻtkazish murakkab jarrohlik
amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgani nafaqat viloyat, balki mamlakat sogʻliqni
saqlash tizimi hayotidagi ulkan qadam sifatida baholanmoqda. Zero,
transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, nozik va yuqori malaka hamda
zamonaviy infratuzilmani talab qiluvchi sohalaridan biridir.
Mazkur
murakkab jarrohlik amaliyoti Milliy tibbiyot markazining transplantologiya
boʻyicha yetakchi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov
boshchiligidagi yuqori malakali jamoa hamda Jizzax tibbiyot klasterining
mahalliy shifokorlari bilan hamkorlikda, chinakam mahorat maktabi sifatida
amalga oshirildi.
Ushbu
xayrli ish davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-maydagi “Muborak Qurbon hayiti
munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat
tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida, “Vaqf”
xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan toʻliq moliyalashtirilgan holda
oʻtkazildi.
Davlatimiz
rahbarining bu qarori umidi soʻnish arafasida turgan bemorlar uchun hayotbaxsh
kuch boʻldi. Jizzaxdagi mazkur operatsiya esa qogʻozdagi ezgu gʻoyalarning
amalda qanday qilib inson hayotini saqlab qolishiga jonli misoldir.
Toʻqqiz
yil... Bu shunchaki oddiy raqam emas. Bu surunkali buyrak yetishmovchiligi
kasalligi bilan ogʻrigan, haftasiga bir necha bor gemodializ apparatiga
bogʻlanib, yashash uchun tish-tirnogʻi bilan kurashgan Sarvar Abdiyevning
iztirobli yillaridir. 1985-yilda tugʻilgan bemor uzoq yillar davomida ogʻir
dard yukini yelkasida koʻtarib, hayotning har bir kunini umid va xavotir,
ogʻriq va iztirob bilan qarshi olgan. Uning uchun transplantatsiya amaliyoti
yagona va oxirgi najot edi.
Tibbiy
tekshiruvlar natijasida unga donor sifatida 1978-yilda tugʻilgan amakivachchasi
Yunus Abdiyevning organizmi toʻliq mos kelishi aniqlandi. Operatsiya
muvaffaqiyatli yakunlanib, bemor palataga olingach, u bilan suhbatlashdik.
—
Yaratganga behisob shukrlar boʻlsin, bugun oʻzimni xuddi dunyoga qayta
kelgandek his qilyapman, — deydi Sarvar quvonch koʻz yoshlarini artib. —
Ahvolim ancha yaxshi. Rostini aytsam, toʻqqiz yil davomida chekkan azoblarim,
umidsizlikka tushgan kunlarim ortda qolganiga haliyam ishongim kelmayapti...
Har gal gemodializ apparatiga yotganimda, tanam madorsizlanganda, yashashdan
charchab ketardim. Buyrak koʻchirish operatsiyasi juda qimmatligi, oilamizning
iqtisodiy imkoniyatlari cheklangani sababli baʼzan taqdirga tan berib, umidimni
butunlay uzib qoʻygan kunlarim boʻlgan. Prezidentimizning mazkur tarixiy qarori
men kabi kasal, ammo chorasiz insonlarga yangi hayot eshiklarini ochdi.
Davlatimiz bizni tashlab qoʻymaganini, ogʻir kunimizda yelkadosh boʻlganini
qalbdan his qildim. Men bugun qayta tugʻilgandek boʻldim.
Sarvarning
hikoyasida yana bir qalbni larzaga soluvchi muhim jihat bor, bu xalqimizga xos
mehr-oqibat va jigarchilik rishtalarining qudratidir. Donor izlash jarayoni
boshlanganda uning qarindoshlari, yaqinlaridan bir necha kishi ikkilanmay, oʻz
jigarini qutqarish uchun buyragini berishga tayyor ekanini bildirgan. Bu yuksak
mehr ogʻir ahvoldagi bemorga operatsiyadan oldin ulkan ruhiy kuch, hayotga
kuchli ishonch bagʻishlagan edi.
Qarindoshlik
mehri va insonparvarlikning yuksak namunasini koʻrsatgan Yunus Abdiyev
amakivachchasining sogʻlom hayotga qaytishi uchun oʻz tanasining bir boʻlagini
berish qarorini hech bir ikkilanishsiz, chin yurakdan qabul qilganini
taʼkidlaydi:
—
Yaqin qarindoshing-jigaring koʻz oʻngingda soʻnib borsa, buni koʻrib turish eng
katta azob. Amakimning oʻgʻli Sarvarjonga donor kerakligini va buyragim unga
mos kelishini aytishganda, bir daqiqa ham oʻylab oʻtirganim yoʻq. Axir biz bir
daraxtning shoxlarimiz, qonimiz bir. Oilam, farzandlarim ham bu qarorimni
toʻliq qoʻllab-quvvatladi va duo qilib turdi. Bugun shifokorlar yuzidagi
tabassumni koʻrib, operatsiya muvaffaqiyatli oʻtganini bilganimda Yaratganga
shukronalar aytdim. Eng muhimi, ukam yana sogʻlom hayotga, farzandlari bagʻriga
qaytmoqda. Uning koʻzidagi hayot uchqunini koʻrish men uchun katta baxt.
Ushbu
jarrohlik amaliyoti hududda transplantologiya xizmatini rivojlantirish
yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, aholi uchun ham yuqori texnologik tibbiy yordam
imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
—
Bugungi sana Jizzax viloyati tibbiyoti tarixiga chinakam zarhal harflar bilan
unutilmas kun sifatida muhrlanadi, — deydi Jizzax viloyati Sogʻliqni saqlash
boshqarmasi boshligʻi Maxmarasul Umarov. — Ilgari bunday operatsiyalar biz
uchun ushalmas armon edi. Bemorlarimiz yuz millionlab mablagʻ topib, xorijiy
davlatlarga, Hindiston yoki Turkiya kabi mamlakatlarga borishga, sarson
boʻlishga majbur edi. Koʻpchilikning bunga moliyaviy qurbi yetmasdi. Mana,
sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli yuqori texnologiyali tibbiy xizmat
aholiga oʻzi yashayotgan hududda koʻrsatilmoqda. Mahalliy shifokorlarimiz
poytaxtlik olimlar bilan yelkama-yelka turib bu amaliyotni bajardi, bu ular
uchun katta tajriba va mahorat maktabi boʻldi. Viloyatimizda hozirgi kunda
gemodializ olayotgan 259 bemorimiz bor. Ishonch bilan ayta olamanki, bu hali
boshlanishi. Biz davlatimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalanib,
qolgan bemorlarimizni ham bosqichma-bosqich mana shunday tibbiy yordam bilan qamrab
olamiz va ularni sogʻlom hayotga qaytaramiz. Bizda endi kuch ham, sharoit ham,
bilim ham yetarli.
Jizzax
tibbiyot klasterida bajarilgan ilk buyrak transplantatsiyasi shifokorlar
mahorati, zamonaviy tibbiy infratuzilma va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar
uygʻunligining amaliy natijasidir.
Eng
muhimi, bu voqea Oʻzbekistonda inson qadri shunchaki balandparvoz shior emas,
balki eng oliy hayotiy qadriyat sifatida eʼtirof etilayotganining yana bir
yorqin isboti boʻldi. Bir oddiy insonning sogʻligʻi, bir nochor oilaning baxti,
bir bemorning soʻnib borayotgan umidi davlat siyosati darajasida
qoʻllab-quvvatlanayotgani yangi Oʻzbekistonning chinakam insonparvarlik va
mehr-muhabbatga yoʻgʻrilgan mohiyatini butun dunyoga namoyish etmoqda.
Jizzax
tibbiyot klasteridagi ushbu tarixiy operatsiya nafaqat bir bemorga yangi hayot
baxsh etdi, balki shifoxona oʻrindiqlarida najot kutib yotgan yuzlab bemorlarga
soʻnmas umid, minglab insonlarga cheksiz ishonch va butun jamiyatimizga ezgulik
hamda mehr-saxovatning buyuk qudratini yana bir bor isbotlab berdi.
Farhod NEʼMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri