Bu kitob qardosh, tildosh, dildosh turk ziyolisining O‘zbekistonga bo‘lgan cheksiz ixlosi va muhabbati bitigidir. Muallif 1991-yildagi Mustaqillik kunidan to 2026-yilga qadar bo‘lgan ulkan shonli tarixiy yo‘lni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qalbi bilan his qilgan.
Kitobda shonli tariximiz, muqaddas dinimiz va o‘lmas qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz tabarruk merosiga ta’zim bor. Shu bilan birga, bugungi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli uyg‘onish haqidagi samimiy, xolis fikr, kechinmalar mujassam.
Muallif kitobni boshqacha nomlamoqchi ham bo‘lgan. Ammo bu muborak o‘lkani chuqurroq o‘rgangani sayin qalbida yanada samimiyroq bir nom tug‘iladi: “Men tanigan O‘zbekiston!”. Mana shu birgina e’tirof kitobning butun mohiyatini, muallifning qalbini va Vatanimizga bo‘lgan cheksiz hurmatini yaqqol namoyon etadi.
Kemal og‘aga rahmat. U bizga odatiy tuyuladigan, har kuni ko‘rib, ko‘zlarimiz o‘rganib, ko‘pincha e’tibor bermay o‘tib ketadigan o‘zgarishlarni chiroyli bayon qilibdi. Minnatdor xalqimizning chehrasidagi tabassumni, yoshlarimiz ko‘zlaridagi shu’lani, ko‘chalardagi erkin va shukronali hayotni bir teran ko‘rib, ko‘rsatib beribdi.
Kitobning ma’naviy yuragi — yurtimiz ravnaqida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy roliga bag‘ishlangan sahifalarda. Muallif bu mavzuni buyuk ehtirom va samimiyat bilan yozibdi.
U yillar davomida Prezidentimizning nutqlarini, xalq bilan uchrashuvlarini, keng qamrovli islohotlarini izchil kuzatib kelgan. Nafaqat kuzatib, balki Prezidentimiz fikrlaridan iqtibos olib, to‘plagan. Tahlil qilib, xolis bir xulosaga kelgan: yangi O‘zbekistonda kechayotgan mislsiz yuksalishning ortida yuksak siyosiy iroda, teran davlatchilik hissi, uzoqni ko‘ra bilish salohiyati va cheksiz samimiyat borligini anglagan. Muallif Prezidentimizni buyuk ehtirom bilan “Rahbar” deb ataydi. Shavkat Mirziyoyev siymosida o‘z xalqi hayotini, quvonch va tashvishlarini “eng mayda detallarigacha biladigan”, millatning dardu alamlarini va orzu-umidlarini chuqur his qiladigan yetakchi timsolini ko‘radi.
“O‘zbekiston o‘zining tarixiy ahamiyati, qulay geografik joylashuvi, global maydonga dadil ochilayotgani, oqilona tashqi siyosati va bilimli yosh kadrlari bilan bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Mamlakatning Xitoydan Hindistonga, Koreyadan Germaniyaga, Amerikadan Turkiyaga, Rossiyadan Ozarbayjonga, O‘mondan Misrga, Shvetsiyadan Polshaga, Yaponiyadan Angliyaga, Jazoirdan Ruandaga, Ispaniyadan Chexiyaga, Tojikistondan Qozog‘istonga, Turkmanistondan Qirg‘izistonga, Pokistondan Saudiya Arabistonigacha bo‘lgan juda keng hududda keng qamrovli va serqirra aloqalarni yo‘lga qo‘yganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, deydi u. Bu bir xorijlik olim tomonidan O‘zbekistonning tarixiy burilish pallasida yuz berayotgan sivilizatsiyaviy uyg‘onishiga bergan xolis bahodir.
Kitobdan besh iqtibos
Kitobda shunday satrlar borki, ularni o‘qigan har bir o‘zbekistonlikning yuragi bir hapriqib qo‘yadi. Shulardan ayrimlariga to‘xtalmasak bo‘lmaydi.
Birinchi iqtibos — 2022 yil hayrati
“O‘zbekiston bor-yo‘g‘i to‘rt yil ichida kamida to‘rt barobar rivojlanibdi va mislsiz darajada ilgarilab ketibdi!”. (Muallifning 2022 yilda O‘zbekistonga kelganidagi hayrat so‘zlari).
Kamida to‘rt barobar rivojlanish. Bu kitobdagi oddiy statistika emas. Bu yozuvchidagi hayratning miqyosi, haybati. Tasavvur qiling: bir odam to‘rt yil avval ko‘rgan mamlakatiga qaytib kelib, uni tanimay qoladi. Muallifning qalamidan ungan bu jumlada hayrat, g‘urur, ishonch bor. U O‘zbekistonni “parvozga shaylanib, barcha qudrat qanotlarini keng yozgan” burgutga o‘xshatadi. Ushbu tashbehda butun bir millatning tiklanish dostoni mujassam.
Ikkinchi iqtibos — xalq ishonchining qayta tug‘ilishi
“Xalqning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ko‘rdim!” (“Yangi O‘zbekistonda eng avvalo nimani ko‘rdingiz?” savoliga muallifning javobi).
Bu kitobning eng zalvorli, teran va ta’sirli joylaridan biri. Muallifdan “nimani ko‘rdingiz?” deb so‘raganlarida, u bir zum ham ikkilanmay aytadi: “Ishonchni ko‘rdim!”.
Har qanday moddiy taraqqiyotdan-da ulug‘roq bo‘lgan bu ma’naviy uyg‘onish — xalqning o‘z tarixiga, o‘z shaxsiyatiga, o‘z davlati va Prezidentiga bo‘lgan ishonchi — yangi O‘zbekistonning chinakam poydevoridir. “Odamlar ko‘chalarda dadil, xotirjam, boshini baland ko‘tarib yura boshladi; yoshlarning ko‘zlarida umid chaqnadi. Bu bir millatning qaddini rostlashi edi”, deydi muallif.
Uchinchi iqtibos — xalqparvarlik e’tirofi
“Davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishi kerak, xalq davlat tashkilotlariga emas” (Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz orasida mashhur hikmati).
Bu bir jumlada butun bir davlat boshqaruvi falsafasi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan yangi davr mafkurasining mohiyati jamlangan. Bugun mamlakatimizda davlat xalq xizmatida! Bu shunchaki shior emas, bu — amalda hayotga tatbiq etilayotgan ulug‘ insonparvarlik tamoyili. Muallif aynan shu — “inson omilini markazga qo‘yuvchi konseptual yondashuv”da — O‘zbekiston Yetakchisining boshqaruv san’atidagi nuktadonlikni ko‘radi.
To‘rtinchi iqtibos — inson qadri tantanasi
“Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda” (Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigidan).
Yozuvchining bu satrlarga bergan sharhida bir davlat rahbarining ota-bobolarga bo‘lgan ehtiromi, keksa avlodga bo‘lgan mehri va inson qadriga bo‘lgan sadoqati nurlanib turadi. “Inson qadri” — ikkigina so‘z yangi O‘zbekistonning bosh maqsadiga, barcha islohotlarining mezoniga aylandi. Prezident faxriylarni, nuroniy otaxonlarni, mehnat qahramonlarini unutmaslik, ularni e’zozlash orqali butun bir millatga ibrat darsini beradi. Bu bejiz emas, kim o‘z o‘tmishini qadrlasa, o‘sha kelajakka munosib bo‘ladi. Muallif bu qadrshunoslikni O‘zbekistonning boshqa ko‘plab davlatlardan ajratib turuvchi fazilati deb alqaydi.
Beshinchi iqtibos — duo
“Qilayotgan xayrli ishlarimizda Alloh o‘zi madadkor bo‘lsin” (Prezident Shavkat Mirziyoyevning teran samimiyat va yuksak e’tiqod bilan aytgan so‘zlari).
Bu butun bir davlat strategiyasining ma’naviy poydevorini ochib beruvchi muborak duo, samimiy iltijo! Muallif bu so‘zlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘z missiyasini xalqqa, Vatanga va butun insoniyatga bag‘ishlangan fidokorona xizmat burchi sifatida anglashini ko‘radi. Bu jumlada tavoze bor, Yaratganga shukronalik bor. Ana shu ma’naviy arqon — ezgu niyatni ilohiy barakot bilan bog‘lash yangi O‘zbekiston islohotlariga betakror ruh va baraka baxsh etmoqda. Toshkentda qad rostlagan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi mana shu e’tiqod va qadrshunoslikning toshga bitilgan abadiy timsollaridir. Muallif Prezidentimiz haqida “BMT minbaridan turib Imom Buxoriy nomini butun dunyoga tanitgan ilk davlat rahbari bo‘ldi”, deydi.
Xulosa o‘rnida
Kemal Yavuz Atamanning “Men tanigan O‘zbekiston!” kitobi bir qardosh xalq vakilining O‘zbekistonga, uning 35 yillik to‘yiga atagan eng go‘zal to‘yonasi bo‘libdi. Bu kitob bizni o‘z Vatanimizni Kemal qardoshning shaydo ko‘zlari bilan qayta ko‘rishga, uning qadriga yanada teranroq yetishga undamoqda.
Aziz yurtdoshlar! Siz yana bir bor Vatanimizning bugungi yuksalishidan faxrlanib, ertangi kuniga ishonchingizga kuch olishni istasangiz, bu kitobni albatta o‘qing. Sevikli Vatanimizga Kemal Yavuz Atamanning ko‘zlari bilan bir qarang, kitobning har sahifasidan bir haqiqat taralib turadi: yangi O‘zbekiston — tarixiy xotiraning tiklanishi, millatning qayta uyg‘onishi va Uchinchi Renessans sari shaxdam odimlayotgan mamlakat.
Aziz yurtimizga ko‘z tegmasin.
Muhammadjon QURONOV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari,
pedagogika fanlari doktori, professor