Ochigʻini aytsam, bu shunchaki navbatdagi yigʻilish yoki rasmiy tadbir emas, balki mamlakat yetakchisining ijodkorga, uning dardiga, tashvishiga, orzu va maqsadlariga boʻlgan kuyunchak munosabatini yana bir bor aks ettirgan samimiy muloqot edi.
Biz koʻpincha katta natijalarni koʻramiz, ammo ularning
ortida qanday mehnat turganini har doim ham his qilavermaymiz. Uchrashuvda
xayolimdan bir fikr oʻtdi: bir vaqtning oʻzida davlat boshqarish, mamlakat
taraqqiyoti uchun kechayu kunduz mehnat qilish, tashqi va ichki siyosat, iqtisodiyot,
xavfsizlik, ijtimoiy sohalar qatori madaniyat va maʼnaviyat masalasiga ham
alohida ahamiyat qaratish uchun insonda qanchalar kuch-gʻayrat, fidoyilik
boʻlishi kerak.
Uchrashuv jarayoni meni beixtiyor har kungi ijod, ish va
turmush tashvishlarini bir lahza chetga surib, atrofimizda kechayotgan
oʻzgarishlarga yana bir bor qalban va idrok bilan nazar tashlashga undadi.
Qiyofasi kun sayin
yangilanayotgan shahar va qishloqlarimiz… Insonlarning tobora farovonlashib
borayotgan turmush tarzi… Son-sanoqsiz mehmonxonalar, zamonaviy maskanlar,
yurtimizga qiziqib kelayotgan xorijlik sayyohlar… Sportdan tortib, ilm-fan,
madaniyat va iqtisodiyotgacha boʻlgan sohalardagi yutuqlarimiz… Chet el
matbuoti, siyosatchilari va xalqaro ekspertlarning hayrat bilan Oʻzbekiston
haqida bildirayotgan ijobiy fikrlari… Yurtimizdagi oʻzgarishlardan lol ekanini
yashira olmayotgan sayyohlaru katta-kichik davlatlarning rahbarlari…
Bu roʻyxatni yana uzoq
davom ettirish mumkin. Lekin bir haqiqatni ham tan olish kerak: bu yutuqlar
zamirida yurti va xalqi taqdiri uchun tinimsiz mehnat qilayotgan, oʻz
halovatidan kechayotgan bir insonning ulkan irodasi va masʼuliyati turganini
anglayapmizmi?
Ijod va mehnat faoliyatim davomida bir haqiqatni
anglaganman: xoh adabiyot boʻlsin, xoh kino, xoh boshqa soha — buyuk asarlar va
buyuk shaxslar koʻp jihatdan davlatning birinchi rahbari dunyoqarashi va
ruhiyati bilan bogʻliq boʻladi.
Bu haqiqatni “Abdulla Oripov” filmini ishlash jarayonida
yanada chuqurroq anglagan edim. Nega aynan oʻtgan asrning 60-yillarida Abdulla
Oripov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev kabi ulkan
ijodkorlar bir vaqtning oʻzida yetishib chiqdi? Nega aynan bir davrda
“Oʻzbekiston — Vatanim manim” kabi xalq ruhini uygʻotgan asarlar yaratildi?
Menimcha, bunga sabab mashʼum mustamlaka tuzum qatagʻonlaridan keyin
boshlangan muayyan maʼnodagi erkin nafas va albatta, Sharof Rashidovning
respublika rahbari sifatida millat maʼnaviyatiga bergan eʼtibori boʻlgan.
Bu jarayon nafaqat adabiyotda, balki kinoda ham yaqqol
namoyon boʻldi. Milliy kinomizga yangi nafas olib kirildi. Shuhrat Abbosov,
Ali Hamroyev, Elyor Eshmuhammedov kabi yirik dargʻalar maydonga chiqdi.
Odamlarga gapirish, rahbarlarni tanqid qilish oson. Salbiy
fikr tez ommalashadi. Baʼzan oʻzimiz ham yaxshi narsani koʻrishdan koʻra,
kamchilik izlashga moyilmiz.
Ammo haqiqat shuki, 365 kun, oʻn ikki oy davomida xalqining
dardi, yurtining ertasi bilan yashab, uning farovonligi uchun tinimsiz mehnat
qilish har kimning ham qoʻlidan kelmaydi.
Bugungi tezkor zamonda baʼzan yoshi ulugʻ insonlar emas,
hatto yoshlar ham tez charchab qolayotganini tan olish kerak. Ammo Prezidentimiz
faoliyatiga nazar tashlasak, biz unda charchoqni emas, aksincha, ulkan
masʼuliyat, tinimsiz harakat va gʻayratni koʻramiz.
Tarixiy uchrashuv ham ertalabdan boshlanib, kechgacha davom
etdi. Prezidentimiz soʻzlashni istagan deyarli har bir ijodkorni diqqat bilan
tingladi. Uchrashuvda nafaqat sohadagi yutuqlar, balki yillar davomida yigʻilib
qolgan muammolar, ogʻriqli masalalar haqida ham ochiq gapirildi. Meni eng
taʼsirlantirgan jihatlari shu boʻldiki, davlatimiz rahbari har bir fikrni
sabr bilan eshitdi, har bir masalaga alohida munosabat bildirdi.
Uchrashuv yana ancha davom etishi mumkin edi. Ammo
Prezidentimiz yigʻilishda ishtirok etayotgan yoshi ulugʻ sanʼat va madaniyat
faxriylarini oʻylab, ularni uzoq vaqt urintirib qoʻymaslik kerakligini inobatga
olib muloqotni yakunlashni taklif qildi. Bu ham insonga eʼtiborning yana bir
koʻrinishi boʻldi.
Uchrashuvda men ham soʻzga chiqdim. Rostini aytsam, sahnada,
kameralar qarshisida yillar davomida bemalol gapirib kelgan inson sifatida
buni tan olishim kerak: Prezidentimiz qarshisida hayajonlanib ketdim. Hatto
nima deganimni ham keyin yaxshi eslay olmadim.
Buyuk inson qarshisida
har qanday odamni salobat bosadi.
Lekin Prezidentimiz hayajonimni his qildi, gapimni
boʻlmasdan, aksincha, oxirigacha tinglab, milliy kino rivoji uchun davlat
tomonidan yanada keng imkoniyatlar yaratilishini taʼkidladi.
Yana bir jihat. Soʻnggi oʻn yillikda aynan davlatimiz rahbari
tashabbusi va eʼtibori tufayli oʻzbek kinosida katta oʻzgarishlar amalga
oshirildi. Yangi filmlar yaratildi, xalqaro festivallarda ishtirok etish
imkoniyatlari kengaydi, milliy kinoning nufuzi oshdi.
Biroq hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham koʻp.
Uchrashuvning ahamiyati shunda ediki, unda muammolarning
faqat tashqi koʻrinishi emas, balki ularning ildiz sabablari muhokama qilindi.
Kino sohasida ijodiy erkinlikni taʼminlash, sogʻlom raqobat muhitini
shakllantirish, zamonaviy va shaffof tizim yaratish boʻyicha muhim toʻxtamga
kelindi.
Xususan, milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish
maqsadida global kino platformalari bilan hamkorlik kuchaytirilishi,
“Oʻzbekfilm”ga milliy maqom berilishi, davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan
filmlarda reklama va targʻibot xarajatlari uchun byudjetning 30 foizigacha
mablagʻ ajratilishi, kinofilmlar ishlab chiquvchilar barcha soliqlardan ozod
etilishi, milliy kengash va badiiy kengashlar tugatilishi haqidagi qarorlar
kino sohasi vakillari tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Chunki yaxshi filmning taqdiri faqat uni suratga olish bilan
hal boʻlmaydi. Uni tomoshabinga yetkazish ham sanʼatning bir qismi. Dunyo
tajribasi koʻrsatmoqdaki, kuchli targʻibot film muvaffaqiyatining kamida
yarmini taʼminlaydi.
Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar
namoyishidan tushgan mablagʻning bir qismi ijodiy jamoalarni
ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi haqidagi tashabbus ham soha uchun muhim
yangilik boʻldi.
Natija uzoq kuttirmadi. Muloqot davomida ilgari surilgan
tashabbus va takliflarning aksariyati ertasi kuni Prezidentimizning
“Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish boʻyicha keng
koʻlamli chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida oʻz aksini topdi. Bu sohada
boshlangan islohotlar yangi bosqichga chiqqanidan darak.
Prezidentimiz uchrashuv avvalida juda muhim fikrni aytdi:
“Davlatni iqtisodiyot koʻtaradi, qonun boshqaradi, armiya himoya qiladi. Lekin
qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga eʼtibor bersa, kelajagi mustahkam
boʻladi”. Bu soʻzlar har bir ijodkor uchun nafaqat eʼtirof, balki katta
masʼuliyat hamdir.
Uchrashuvdan
keyin bir narsaga yana bir bor ishonch hosil qildim: mamlakatimizda sanʼat va
madaniyat sohasiga qaratilayotgan eʼtibor tasodifiy emas. Bu uzoqni koʻzlab
yuritilayotgan davlat siyosati. Muloqotdan soʻng kino, teatr, musiqa va umuman,
madaniyat sohasida yangi davr boshlanishiga, oʻzbek milliy sanʼati va kinosi
yanada yuksak choʻqqilarni zabt etishiga ishonchim yanada mustahkamlandi. Biz,
ijodkorlar esa bu ishonchga munosib boʻlishimiz, xalqimiz va Vatanimiz uchun
xizmat qiladigan, milliy gʻururimizni yuksaltiruvchi asarlar yaratishimiz
kerak.
Yana takrorlagim kelyapti: har qanday buyuk asar, har qanday ijodiy
yuksalish ortida davlat rahbarining maʼnaviyat va madaniyatga boʻlgan
munosabati turadi. Tarix ham bu haqiqatni koʻp marta isbotlagan. Zero, davlat
tomonidan berilgan eʼtibor va ishonch ijodkorga, yaʼni ijodga qanot beradi.
Muzaffar
ERKINOV,
kinorejissyor