Toʻrt tomonimiz quyuq toʻqay. Uni katta yoʻl ikkiga boʻlib oʻtgan. Toʻqayning adogʻi koʻrinarmikan deya kaftimizni peshonaga qoʻyib, olislarga koʻz tikamiz. Kunchiqardan kunbotar qadar biror belgi, chegara koʻrinmaydi. Koʻksimizga yoqimli shabada uriladi. Bu shunchaki shabada emas, yangi Oʻzbekiston nafasini diyorimiz boʻylab tarqatayotgan hayotbaxsh epkin! Bundan 8-9 yil avval ham biz kelgan ushbu manzil adogʻi koʻrinmas sahro boʻlganiga ishonish qiyin. Lekin bu inkor etib boʻlmas haqiqat!
Oʻshanda mana bu tiniq osmonni
tez-tez chang qoplar edi. Chunki shamol yoʻlini toʻsadigan biror tiriklik
topilmasdi. Shu bois, issiq kunlarda garmsel, havo salqin tashlaganda izgʻirin
zabtiga olardi. Orolning qurigan tubida hosil boʻlgan sahro qumlari tuz aralash
havoga koʻtarilar edi. Kimsasiz kenglikda esa kaltakesak, choʻl chumolisi kabi
sanoqli tirik jonni hisobga olmasa, hayot alomati sezilmasdi.
Biz turgan manzildan 150-200 chaqirim
naridagi Moʻynoq tumani esa unutilgan, qarovsiz hudud edi. Unda umidi soʻnib
borayotgan odamlar zoʻrgʻa kun koʻrar, shu bois, aksariyat yoshlar oʻzi
tugʻilib oʻsgan uyini tashlab, olis shaharlarga ketish orzusida yashardi. Ana
shunday bir vaziyatda hayot maromi birdan oʻzgardi. Insonlar qalbiga umid,
sahro qumlariga yashillik urugʻi sepildi. Yashirib nima qildik, oʻsha paytda bu
nihollar unishiga shubha bilan qaraganlar ham boʻlgan. Ishonchimizga sabab esa ezgu
amal boshida uzoqni koʻra biladigan, strategik reja asosida puxta ish olib
boradigan mamlakatimiz yetakchisi turgan edi. Qisqa vaqtda ana shu faktor
oʻz kuchini koʻrsatib, amaliy ifoda topdi.
Ilk tashrifdan ungan gullar
Qoraqalpoq elida “Qadamingizdan gul
unsin” degan ezgu tilak bor. Hayot hikmati shundaki, tilak egasini toʻgʻri
topsa, albatta, ijobat boʻladi. Qoraqalpoq eli doim Prezidentimiz tashrifidan
quvonib, shu tilakni takrorlab yuradi. Bugun ushbu ezgu niyatning ijobatini
koʻrib turibmiz.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan
boshlagan edi. Ushbu tashrif qaysidir maʼnoda yangi Oʻzbekistondagi
islohotlarning amaliy qismi boshlanganidan dalolat berardi. Albatta, oʻsha
paytda biz islohotlarning qanchalik koʻlamdor ekanini, qisqa vaqtda hatto
qaqroq sahroni ham yashil maydonga aylantira oladigan darajada hayotbaxsh
boʻlishini tasavvur qila olganimiz yoʻq. Orolning qurigan tubiga ekilgan
choʻl oʻsimliklarini borib koʻrsangiz, yangi Oʻzbekistondagi islohotlar
haqidagi qarashlaringiz yanada jonlanadi. Inson xalqini yaxshi koʻrib, soʻzi va
amal birligi ila harakat qilsa, sahroga ham hayot baxsh eta olishiga amin
boʻlasiz.
Chunki Orolning qurigan tubi yashil
qoplama bilan qamrab olinyapti, ilk ekilgan nihollar kosmosdan koʻrina boshladi
deya taʼriflash oson. Ammo yillar davomida unutilgan olis manzilga borib
odamlarga umid berish, shoʻrlagan tuproqda, suvsizlikka chidamli bir dona buta
undirish... izillagan sahroning jon olar issigʻi, suyak-suyakkacha oʻtib
ketadigan sovugʻiga chidab, qalin oʻrmonga aylantirish, hatto aytishga ham oson
emas!
Bunga Qoraqalpogʻiston, xususan,
Orolning qurigan tubiga qilgan safarimiz davomida bot-bot amin boʻldik.
Biz — “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda
Vostoka” gazetalari tahririyati vakillari Orolning qurigan tubi sari yoʻl
oldik. Maqsadimiz ilk ekilgan nihollarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish, Orolboʻyi
aholisining quvonchiga sabab boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan tanishish edi.
Yoʻl-yoʻlakay yon-atrofga qaraymiz.
Baʼzi joylarda quyuq toʻqay, goho har joy-har joydagi qumtepalar ustida
ikki-uchta saksovul ungan. Ana shu tepaliklarga qarata hamrohimiz,
gazetamizning Qoraqalpogʻistondagi vakili Minajatdin Qutlimuratov izoh beradi:
“Koʻrdingizmi, saksovullar qancha qumni “ushlab” qolgan!”.
Oʻsha tomonga diqqat bilan qaraymiz.
Saksovul ungan tepalik tekis joydan 1-1,5 metr baland. Tepaliklarning har biri
tonnalab qumdan iborat. Qumtepalarni odam boʻyi barobar boʻlgan ikki-uch tup
saksovul tutib turibdi. Yashil qoplama endi ungan mahalda bu manzil tekis
boʻlgan. Soʻng koʻchmanchi qum shamol bilan koʻtarilganida yangi ungan
saksovullar ildizi qumning maʼlum qismini saqlab qolgan. Shu sabab past-baland
tepaliklar paydo boʻlgan ekan. Keyin yashil qoplama boʻy choʻzib, urugʻi
sochilib, oʻzidan koʻpaygan. Tuz aralash qumlar koʻchishi keskin kamaygan. Ana
shu manzaraning oʻziyoq bir tup yashil butoq tonnalab tuz va qum aralashmasini
yerda saqlab qolishini isbotlaydi. Bu Orolning qurigan tubi uchun yashil makon
qanchalik ahamiyat kasb etishidan dalolat. Safarimizdan bir kun avval kuchli
boʻron boʻlganiga qaramay, osmon buloq suvi kabi tiniq ekanining asl sababi ham
shu.
Soʻz va amal birligidan quvvat olib
Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonni ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan
taraqqiy ettirish masalalarini eng ustuvor vazifalardan etib belgilab bergan.
Ayniqsa, Moʻynoq va Orolboʻyi hududini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib
keladi.
2017-yil 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining
72-sessiyasida davlatimiz rahbari
Orol muammosiga butun dunyo nigohini qaratgandi. 2018-yilda esa Orolning
qurigan qismida ekologik muvozanatni tiklash, hududda yashil qoplama barpo
etish hamda daraxt koʻchatlarini ekish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ushbu
tashabbus bilan global muammo sanalgan Orolning qurishiga qarshi amaliy ish
boshlandi. Oʻtgan davrda Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi
hududlaridagi 2 million gektarda oʻrmon-melioratsiya ishlari bajarildi.
Xususan, 1,453 million gektarga aviatsiya, 462 ming gektarga maxsus texnikalar
yordamida choʻl oʻsimliklarining urugʻlari, 85 ming gektar maydonga turli xil
koʻchatlar ekildi. Natijada hududning flora va faunasi qayta tiklanmoqda.
Shu soʻzlarni yozyapman-u, keyingi
yillardagi oʻzgarishlarni ifodalash uchun soʻz taʼrifi kamdek. Chunki har bir
raqam ortida qancha mehnat, mamlakat yetakchisining bir soniya ham tinim bilmay
izlanishi borligini teran anglab turibmiz. Ammo shunga munosib soʻz, ifoda topa
olmay jim qolamiz. Ha, baʼzan soʻz qudrati ham inson matonati, mehnati oldida
ojiz qolar ekan. Shu onda shoirning quyidagi misrasi yodga tushadi:
Taqdirin qoʻl bilan yaratar inson,
Gʻoyibdan kelajak baxt — bir afsona.
Yangi Oʻzbekistondagi inson qadri
uchun boshlangan yangilanishlar baxtni kutish emas, uni bugun yaratishga
qaratilgan. Shu bois, xalqimiz bugunidan rozi, ertasidan koʻngli toʻq boʻlib
yashamoqda. Xalqni rozi qilish, turli millat va elatdan iborat jamiyatni yagona
Vatan atrofida birlashtirish haqiqiy yetakchilargagina xos fazilat.
Mamlakatimiz
Liderining barcha sohalar kabi ekologiyani asrash borasidagi tashabbuslari ham
xalqaro maydonda chuqur oʻrganilmoqda. Boshqa mamlakatlar ushbu tajribalarni
keng joriy etishga urinyapti. Negaki, ular shunchaki tashabbuslar emas, yillar
davomida toʻplangan tajriba, hayotiy xulosalar va ilmiy izlanishlar
hosilasidir. Eng muhimi, xalqimiz oldida farzandlik burchini bajarishga boʻlgan
kuchli ishtiyoq, soʻz va amal birligining ifodasi. Shu bois, yangilanishlar
“islohot qilindi” degan nom uchun emas, tom maʼnoda xalqni rozi qilish
yoʻlidagi saʼy-harakatlardir...
Oʻshanda ekilgan nihollar oʻrmonga aylanibdi
Mashinamiz toʻqayga xos past-baland
yoʻlda bir maromda ketib borar edi. Oldimizda yoʻl chetida tizilib turgan
ikki-uchta mashina koʻrindi. Soʻng ochiq maydonda belkurak olib, qopda nimadir
sochib yurgan odamlar koʻzga tashlandi. Qiziqish sabab ularning yoniga
toʻxtadik. Tasodifni qarang, ular Orolning qurigan tubida iqlim sharoiti,
tuproq unumdorligiga qarab, daraxt va buta turlarini tanlab ekadigan olimlar
guruhi, soha masʼullari ekan. Tabiiyki, maqsadi mushtarak insonlar sifatida
tezda til topishdik. Ular suhbat chogʻida juda qiziq, muhim ahamiyatga ega
maʼlumotlarni aytib berdi.
— Orolni yashil
makonga aylantirish faqat koʻchat ekish, urugʻ sepishdan iborat emas, — deydi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi rahbari Oybek Aminov.
— Ishlarni innovatsion va ilmiy yondashuv asosida tashkil etishga jiddiy
eʼtibor beryapmiz. Davlatimiz rahbari oldimizga mana shunday muhim vazifa
qoʻygan. Olimlar bilan hamkorlikda urugʻlarni maxsus granulalash va kapsulalash
orqali ekish amaliyotini sinovdan oʻtkazyapmiz. Kapsula deganimiz — zarur
mineral oʻgʻitlar yigʻindisi. Ilmiy asosda necha kilo urugʻga qaysi oʻgʻitdan
qancha qoʻshish kerak ekani ishlab chiqilgan. Shunga koʻra, minerallar
qorishmasi va urugʻlar aralashtiriladi va yumaloq holatga keltiriladi. Kapsula namlikni yaxshi saqlaydi. Ogʻirligi sabab
shamolda uchib ketmaydi. Samolyotda sepilsa ham moʻljallangan yerga aniq
tushadi. Shu tariqa kapsula choʻl sharoitida oʻsimliklarning unuvchanlik
darajasini keskin oshiradi. Hozir boshqa joylarga nisbatan tuprogʻi koʻproq
shoʻrlangan, tuzli qum aralash yerda tajriba uchun urugʻ qadayapmiz. Maqsadimiz
eng murakkab sharoitda ham yashil qoplama yaratishda samaradorlikka erishish.
Oybek Aminovning soʻzlarini tinglar
ekanmiz, Prezidentimizning islohotlarning ilk kunlaridayoq kitobxonlik
targʻibotiga alohida eʼtibor bergani yodimizga tushdi. Soʻng mamlakatimiz
yetakchisining “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” degan soʻzini esladik.
Bugun bu soʻz zamirida katta hayotiy haqiqatlarni, ulugʻvor maqsadlar roʻyobini
koʻrib turibmiz. Orolboʻyi hududi keyingi yillarda ham ijtimoiy, ham madaniy, ham
iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi tubdan
yaxshilangani fikrimiz bayonidir.
Bugungi islohotlar
kitob, bilim va maʼrifat bilan yanada mustahkamlanib boryapti. Yashil qoplamani
yaratishdagi ilmiy izlanishlar fikrimizning yaqqol misolidir. Tajriba maydonida
olimlar bilan suhbatimiz qizgʻin kechdi. Vaqt hukmiga boʻysunib, yoʻlda davom
etdik. Endi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi rahbari
Oybek Aminov bizga hamrohlik qilib, ilk nihollar qadalgan manzil sari boshladi.
Ochigʻi, 2018-2019-yillarda
ekilgan saksovul, yulgʻun kabi oʻsimliklarni koʻrib, haqiqiy oʻrmonga yetib
kelganimizni angladik. Oʻrmon oralab yulgʻunlarga boʻylab koʻramiz.
Ularning aksariyati odam boʻyidan ancha baland. Oyogʻimiz ostida esa
son-sanoqsiz chigʻanoqlar! Qadam bosishingiz hamon ular oʻziga xos ovoz
chiqarib, qumga chuqur botadi. Axir bir paytlar bu yerda dengiz, 50-60 metr
chuqurlikda suv boʻlgan.
Katta-kichik kemalar suzib yuradigan
dengiz sohilida baliqchilik xoʻjaliklari faoliyat olib borgan. Keyin suv
tortildi. Buning oqibatida global iqlim muammosi yuzga kelgani haqida
takrorlashimiz shart emas. Oʻsha paytlarda bu yer sahroga aylangan, tepadan
qaragan kishi betoblik ramzi boʻlgan sargʻish rangni koʻrar edi. Mamlakatimiz
Liderining hayotbaxsh tashabbusi sabab hozir bu maydon yashil tusda koʻzga
yaqqol tashlanadi. Safar chogʻida shunga amin boʻldikki, keyingi yillarda
amalga oshirilgan ishlar ekologik muammoni yumshatish va unga qarshi
kurashishda katta samara bermoqda. Bu yerda yangi ekotizim yaralib, hayvonot
dunyosi paydo boʻlyapti. Safar chogʻida tulki va quyonlarning yugurib yurganini
koʻrdik. Qayerdandir sayroqi qushning xonishi eshitiladi. Hatto bu yerda
kiyiklar ham bor ekan. Mutaxassislar, xususan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
vakillarining taʼkidlashicha, hududda yashillik paydo boʻlgach, qum va tuz
boʻronlari 50 foizgacha kamaygan. Bu juda katta natija. Masalan, qoʻshni
mamlakatlarda bunday boʻronlar haligacha tez-tez kuzatiladi. Yaqinda ham ular
ana shunday boʻronlarning birini boshdan kechirdi.
— Hozir Orolning suvi qurigan
oʻzanida turibmiz, — deydi Moʻynoq davlat oʻrmon xoʻjaligi rahbari Alisher Bekmurodov.
— Bu yerlarda 2018-yildan yangi hayot boshlandi deb bemalol ayta olamiz.
Hududga choʻl sharoitiga chidamli oʻsimlik turlari ekildi. Buta va oʻsimliklar
paydo boʻlishi bilan shu yerdagi yovvoyi hayvonot dunyosi uchun ham yangi hayot
boshlandi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz
tashabbusi bilan besh-olti joyda tik quduqlar qazildi. Hayvonlar, qushlar,
oʻsimliklar — hammasi shu yerdan suv ichadi. Aytish mumkinki, hududda hayot
yangi bosqichga oʻtdi. Yaxshilab kuzatsangiz, yulgʻun va saksovullar orasida oziqlanib
yurgan quyon va boshqa turli hayvonlarni uchratasiz. Hozir ularning koʻpayish
davri.
Bilasizmi, bu joylar yaqin yillarga
qadar bosh-adogʻi yoʻq oppoq qum edi. Shamol qumni u yoqdan-bu yoqqa koʻchirib,
ulkan barxanlar paydo qilardi. Ilgari mana shu choʻllarda yana oʻsimliklar
oʻsadi, hayvonlar qaytib keladi desa, birov ishonmasdi. Mana, hozir koʻz
oʻngimizda bu reallikka aylandi. Ustiga-ustak, mazkur hududda ov qilish
qatʼiyan taqiqlangan. Shu sabab hayvonlar populyatsiyasi juda yaxshi. Hammasi
shunday davom etsa, besh-oʻn yildan keyin bu yer ulkan qoʻriqxonaga aylanib
ketishi hech gapmas.
Mutaxassislar taʼkidlashicha,
keyinchalik bu yerda faqat choʻlga chidamli butalar emas, boshqa oʻsimlik
turlarini ham ekib, katta yaylovga aylantirsa boʻlar ekan. Shu orqali
chorvachilik, asalarichilik kabi boshqa tarmoqlarni rivojlantirish imkoni bor.
Masalan, yulgʻun may oyining boshida gullaydi. Mazkur hududda yantoq ham koʻp
ekan. Demak, asal olish uchun yetarli sharoit mavjud. Bu iqtisodiy
barqarorlikni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat. Qarang, uzoqni koʻzlab,
puxta reja asosida bajarilgan ishning samarasi va koʻlami qanchalik keng!
Bu yil qish va bahor barakali keldi.
Bunday paytda yerda namlik yaxshi boʻladi. Ana shunday gʻanimat fursatdan
unumli foydalanish har qachongidan ham muhim.
— Yerdagi namlik yaxshi ekani bois, joriy yilda yana 230 ming
gektar maydonga urugʻ qadaldi, — deydi Oybek Aminov. — Jarayonda 700 dan ziyod
maxsus texnika va mexanizmlardan, shuningdek, borish qiyin boʻlgan hududlarga
urugʻ sochish uchun ikkita samolyotdan unumli foydalanildi. Namlikni saqlash
hamda koʻchib yuruvchi qumlarni toʻxtatish maqsadida oʻziga xos agrotexnik
usullar qoʻllanilib, maxsus joʻyaklar tortildi. Bu joylarga asosan shoʻr hamda
qurgʻoqchilikka chidamli boʻlgan qorabaroq, yulgʻun, sarsazan, qandim, cherkez
hamda izen kabi oʻsimliklar ekilmoqda. Oldimizda turgan asosiy strategik
maqsadlardan biri — 2030-yilga qadar mazkur hududda yana 1 million gektardan
ziyod maydonda yashil qoplamalarni barpo etishdir. Bu borada maxsus saksovul
koʻchatxonalarining faoliyati tobora kengaytirilmoqda.
Baraka va unumdorlik siri shukronalikda, mardlikda
Moʻynoq
mamlakatimizning eng shimoliy hududi. Undagi hayot maromi, yurak urishi Orol
dengizi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois, Orolning qurigan tubidagi
yashillik boʻy choʻzishiga hamohang ravishda moʻynoqliklar qalbida ham umid,
ishonch mustahkamlandi. Aniq raqamlarga eʼtibor bersak. Oʻtgan 2025-yilda
tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 621,1 milliard soʻmni
tashkil etgan. Oʻsish surʼati 121,4 foizga yetib, respublikadagi ulushi 2,1
foizni tashkil qilgan.
Ilgari
moʻynoqliklar ogʻir turmush sharoitida yashagan. Odamlar hatto kundalik
ehtiyojlarini qondirishda qiynalgan, bolalar uchun maktab formasi va oʻquv
qurollarini sotib olishga ham imkoni boʻlmagan. Yoshi ulugʻ insonlardan biri bu
haqda soʻzlab, koʻz yoshi bilan oʻtmishni esladi. Eski sandiqlarda saqlangan
kiyimlardan foydalanishga, yozuv qurollarini qayta-qayta ishlatishga majbur
boʻlganliklarini aytdi. Ana shunday ogʻir vaziyatda qolgan tuman ahli bugun
eksport, investitsiya loyihalari haqida bahs yuritib, uni yana qay yoʻsin koʻpaytirish
borasida fikr almashyapti. Birgina misol, 2025-yilda Moʻynoqda jami 172
milliard soʻmlik 10 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Natijada 195 ta
yangi ish oʻrni yaratilgan. Yana bir muhim fakt. Oʻtgan yil davomida xorijiy
investitsiyalar va kredit mablagʻlari hisobidan jami 5,1 million dollarlik
investitsiyalar oʻzlashtirilgan. Bajarilgan ishlar natijasida kambagʻallik
darajasi 5,5 foizdan 2,7 foizga tushirilgan.
Agar qiyoslash joiz boʻlsa, bundan 10
yil avval tuman iqtisodi Orolning qurigan tubi kabi “sahro”ga aylangandi. Bugun
u qaytadan jonlanmoqda. Shunga munosib tarzda aholining yashash sharoiti yil
sayin yaxshilanib boryapti. Qanchalik murakkab boʻlmasin, Moʻynoqning mard va
tanti aholisi sinovlardan mardona oʻta oldi.
Davlatimiz rahbari 2018-yilda Moʻynoq
tumaniga tashrifi chogʻida: “Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu
— Moʻynoq aholisi. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun
rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak”, degan edi.
Safar chogʻida Moʻynoqqa borib,
soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar bilan tanishar ekanmiz,
mamlakatimiz yetakchisining ilk tashrifi chogʻida aytgan fikrlari hayotda oʻz
aksini topganiga koʻp bora guvoh boʻldik. Mard va tanti moʻynoqliklar bilan
suhbatlashdik, ularning koʻzlarida kechagi dard va bugungi umidni koʻrdik. Orol
dengizi qurishi natijasida havoga koʻtarilgan tuz va chang nafaqat tabiatni,
balki inson salomatligini ham izdan chiqargan edi. Oqibatda onkologik va boshqa
ogʻir kasalliklar koʻpayib, aholi orasida xavotir va tushkunlik kayfiyati hukm
sura boshlagan.
Soʻnggi yillardagi keng koʻlamli
islohotlar Moʻynoq ahliga umid va ishonch berdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi
bilan Orol tubida yashil qoplamalar barpo etilishi, tuman infratuzilmasining
yangilanishi, ijtimoiy sohadagi islohotlar hudud hayotini tubdan oʻzgartirdi.
Mahalliy aholi taʼbiri bilan aytganda, “hayot bu yerda qayta tugʻildi”.
Tantilikni qarangki, tuman ahli ushbu
imkoniyatlarga shukrona aytib, halol mehnat ila roʻzgʻor tebratmoqda. Safarimiz
davomida Moʻynoq tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Murod Jumaboyev juda qiziq faktni
aytdi.
Orolboʻyi aholisining ijtimoiy
sharoitini yaxshilash, doimiy daromad manbalarini yaratish borasida ham qator
amaliy ishlar olib borilyapti ekan. Xususan, Orol dengizida saqlanib qolgan
yagona noyob jonivor — artemiya sistasi sanoatini rivojlantirish maqsadida
maxsus davlat unitar korxonasi tashkil etilgan. Bugun mahalliy aholi ushbu
qimmatbaho urugʻni yigʻib topshirish orqali oʻzlari uchun qoʻshimcha daromad
topyapti.
Artemiya sistasi maʼlum mavsumda
dengizda suzib, qirgʻoq sari oqib keladi. Sohilda ularni tutish ilinjida
moʻynoqliklar qator tiziladi. Hamma belgilangan joyida turadi. Hech kim
boshqalar chegarasini buzib oʻtmaydi. Artemiya sistasi kimning roʻparasiga oqib
kelsa, oʻsha kishi unga egalik qiladi. Boshqalar esa jim qarab turaveradi.
Tasavvur qilyapsizmi, roʻparangizda kilosi falon soʻm turadigan mahsulot oqib
kelyapti. Ammo u kimdir chizgan chiziqdan bir qadam narida ekani bois, egalik
qila olmaysiz. Kun davomida bu holat oʻn, yuz marta takrorlansa ham dengiz
tortiq etgan nasibaga rozi boʻlib uyga qaytasiz. Oh, bu mardlik, tantilikni
qanchalik taʼriflamang, soʻz yetmaydi!
Jamoamiz bir-biriga maʼnoli qaraydi.
Har kim oʻzicha bundan hikmat izlaydi. Ana shu hikmatning barchasi bitta
oʻqildizga birlashadi, nazarimda. Bu — mardlik, berilgan rizqqa shukronalik
hissi. Moʻynoqning barakasi, boshlangan ishlarning tez rivoj topib, shoʻrlagan
sahrosida ham yashillik unib ketaverishining sirlaridan biri shunda boʻlsa, ne
ajab?!
Safardan keyingi oʻylar
Baʼzan uzoq safarlar kishiga yillar
davomida shakllangan qarashlarni yangilaydigan teran xulosalarni hadya etadi.
Safarimiz yakunlanib, ortga qaytar ekanmiz, yana koʻkka koʻz tikamiz. Osmon
buloq suvidan ham tiniqroq koʻrinadi. Negadir “Osmon — oyina” degan ibora
fikr-yodimni band etadi. U vaqti-vaqti bilan bizga oʻzimiz bajargan ishlar, asl
qiyofamizni koʻrsatib turadi. Shunday oʻylar ogʻushida ketar ekanmiz, undagi
oppoq bulutlar koʻzimizga qirgʻoqqa urilayotgan dengiz toʻlqinini eslatadi.
Moviy kenglik esa sokin chayqalayotgan dengizni yodga soladi. Bularning
barchasi jam boʻlib yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning osmon oyinasidagi
tasviriday taassurot uygʻotadi. Aslida ham shunday, nazarimda.
Toshkentga
qaytganimizda esa Prezidentimiz Mintaqaviy ekologik sammit va
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari
kengashining yigʻilishida ishtirok etish uchun Qozogʻistonga amaliy tashrif
bilan borishi haqidagi xabarlar tarqala boshladi. Ana shu xabarlarga payvasta
holatda dilda bir ezgu tilak tugʻildi: Orolning moviy osmoni butun dunyoga
yoyilib, ekologik masalalar barham topsin. Insonlar qalbi ham ana shunday tiniqlashib,
koʻngillarga umid va ishonch bagʻishlayotgan, hayotimizni tubdan oʻzgartirib,
inson qadri uchun qilinayotgan ezgu va tarixiy bebaho saʼy-harakatlar doimo
bardavom boʻlsin!
Salim Doniyorov,
Oʻzbekiston
Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist