Uning ta’kidlashicha, bu qaror Pokiston rahbariyati murojaati asosida qabul qilingan. Xususan, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va Qurolli kuchlar qo‘mondoni Asim Munir tomonidan Eronga qarshi harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatib turish so‘ralgan.

Tramp o‘z bayonotini Truth Social tarmog‘ida e’lon qilib, sulh rejimi Eron tomoni yagona taklif ishlab chiqqunga qadar va muzokaralar yakunlanguncha amal qilishini bildirgan. Shu bilan birga, u AQSh armiyasiga Hurmuz bo‘g‘ozida blokadani saqlab qolish va to‘liq jangovar shaylikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini qayd etdi.

Ayni paytda, Eronning Tasnim News Agency agentligi mamlakat delegatsiyasi Islomobadda o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralarning navbatdagi bosqichida ishtirok etishdan bosh tortganini xabar qildi. Manbaga ko‘ra, bu qaror Pokiston orqali AQShga yetkazilgan.

Eron tomoni muzokaralarni «samara­siz» deb baholab, Vashingtonning «haddan tashqari talab­lari» kelishuvga erishishga to‘siq bo‘layotganini bildirgan.

Shuningdek, Axios portali ma’lumotiga ko‘ra, AQSh vitse-prezidenti J. D. Vensning Islomobodga rejalashtirilgan tashrifi ham noma’lum muddatga qoldirilgan. Bu ma’lumot keyinchalik Oq uy tomoni­dan tasdiqlangan.