O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy avtobuslar sonini ko‘paytirish va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida viloyat tadbirkorlari tomonidan Namangan shahri uchun 108 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, ular 10 ta yo‘nalishda brutto shartnoma asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Shahar aholisiga yanada sifatli va ekologik toza transport xizmatini tashkil etish maqsadida "Turon-95 MBI" MChJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 125 ta zamonaviy avtobusni xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Bugungi kunda ushbu shartnoma doirasida 10 ta "Zhongtong" rusumidagi elektrobus Namanganga olib kelindi.

Yangi elektrobuslarning olib kelinishi shaharda zamonaviy, ekologik toza va qulay jamoat transporti xizmatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, ularning xizmat ko‘rsatishi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Elektrobuslarni Namangan shahrining yo‘l-transport bosh rejasiga muvofiq, tender tanlovlari asosida «Otchopar – Chorsu» yo‘nalishiga joylashtirish va brutto shartnoma asosida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.