Raqobat qoʻmitasiga Namangan shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subʼekti tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda tadbirkor «Hududgaztaʼminot» AJ hamda uning «Hududgaz Namangan» filiali tomonidan qariyb 341 million soʻm miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblanganini bildirib, masalani qonun doirasida koʻrib chiqishni soʻragan.

Maʼlum qilinishicha, tekshiruv jarayonida gaz taʼminoti bilan bogʻliq hisob-kitoblar, elektron tizim maʼlumotlari hamda qarzdorlikni shakllantirish asoslari tahlil qilingan.

Oʻrganishlar yakuniga koʻra, tadbirkor zimmasiga yuklangan qariyb 341 mln soʻmlik qarzdorlik asossiz ekani maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng «Hududgaztaʼminot» AJning maxsus elektron dasturida mazkur qarzdorlikni hisobdan chiqarish taʼminlangan.