Mamlakatimizda hududlarni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, davlat boshqaruvi va xizmatlar ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Namanganda “aqlli” vaziyatlar markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi shahar va tumanlardagi jarayonlarni yagona raqamli tizim orqali tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishdan iborat.
Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilayotgan “Mahalla axborot va xizmat markazi” loyihasi taqdimot qilindi.
Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmatlar mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Bunda ijtimoiy himoya, bandlik, profilaktika, soliq, jinoyatchilik, ta’lim va hududning boshqa muhim ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.
Profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan taqdimotda esa huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid 18 turdagi jarayon raqamlashtirilib, xodimlarning planshetlariga integratsiya qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, inspektorlar zamonaviy bodi-kameralar bilan ta’minlanib, ularning faoliyati vaziyatlar markazi bilan uzviy bog‘langan.
Shu yerning oʻzida Prezidentga Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan axborot berildi.
Soʻnggi yillarda Namanganda sanoat hajmi 4,6 trillion soʻmdan 40 trillion soʻmga yetgani qayd etildi. Joriy yilda Namanganda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Endilikda mashinasozlik, metallurgiya, yengil sanoat, xizmatlar va yangi iqtisodiyot yoʻnalishlarini viloyatning asosiy drayverlariga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta “aql markazi” Namangan misolida yangi ish uslubiga oʻtadi. Ular tuman va shaharlarda iqtisodiy diagnostika oʻtkazib, mehnat unumdorligi, investitsiya sifati, kooperatsiya, biznes faollik va qoʻshimcha qiymat zanjirlari boʻyicha yangi rezervlarni aniqlaydi.
Mutasaddilarga 1-sentabrgacha har bir tumanning sanoat salohiyatini toʻliq oʻrganib, natijasi boʻyicha yangi dastur ishlab chiqish topshirildi. “Aql markazlari” tomonidan tayyorlangan har bir ilmiy ish amaliyotga joriy qilinishi, hudud yoki tarmoq rivojiga xizmat qilishi shartligi taʼkidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda Namangan viloyatiga budjetdan 4,5 trillion soʻm ajratilgan. Kichik va oʻrta biznes uchun 6,5 trillion soʻm resurs yoʻnaltirilmoqda.
Viloyatda yil yakuniga qadar 80 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 314 ming nafar fuqaroning daromadini oshirish, 21 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifasi qoʻyilgan.
Besh oyda 23,5 ming aholi doimiy ishli boʻldi, 8 mingdan ziyod oila kambagʻallikdan chiqarildi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda ishsizlik va kambagʻallik koʻrsatkichlari yuqoriligicha qolayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bandlik, tadbirkorlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlar natijadorligini oshirish topshirildi.
Qishloq xoʻjaligida ham yangi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi. Kosonsoy tumanida chorvachilikni rivojlantirish, yil yakunigacha 4 ming 700 gektar maydonda ozuqabop ekinlar yetishtirish, qoramol va qoʻy-echki sonini ikki karra koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Pop tumanida adir yerlardan samarali foydalanib, sanoatlashgan organik bogʻlar tashkil etish tajribasini kengaytirish topshirildi. Yil yakunigacha yana 400 gektar adirda sanoatlashgan bogʻ tashkil etiladi, bir oy muddatda esa qoʻshimcha 2 ming 800 gektar maydonda amaliy ishlar boshlanadi.
Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga oʻqitish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Namanganda xalqaro standartlarga mos kamida 5 ta xususiy oʻquv-baholash markazini tashkil etib, shu yilning oʻzida 20 ming nafar yoshlarni oʻqitishni boshlash vazifasi belgilandi.
Mutasaddilarga mehnat bozoridagi yangi talablardan kelib chiqib, zamonaviy kasblarga boʻlgan ehtiyojni shakllantirish, oʻquv-baholash markazlari uchun texnikumlar binolaridan joy ajratish, mavjud texnikumlarda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini yangi oʻquv yiligacha yakunlash topshirildi.
Investitsiya va eksport masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda Namanganga 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat boʻyicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgan.
Eksport salohiyatini oshirish uchun har bir tuman va shahar kesimida ishlash, mahsulotni ishlab chiqarishdan tortib, standart, sertifikatlash, qadoqlash, logistika va bojxona rasmiylashtiruvigacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladigan “Yagona eksport ekotizimi”ni Namangan misolida yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Joriy yil viloyatda 130 kilometr ichimlik suvi va 2,5 kilometr kanalizatsiya tarmogʻi tortish, 9 ta yangi suv inshootini qurish uchun 703 milliard soʻm ajratilgan. Bu orqali 34 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, 25 ming aholi kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi.
“Pungan – Namangan” avtomobil yoʻlining 75 kilometrini rekonstruksiya qilish, uni 4 tasmali beton qoplamali yoʻlga aylantirish, 21 ta koʻprik va 22 ta piyodalar oʻtish joyini barpo etish rejalashtirilgan.
Jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, kelgusi yil 1-iyulgacha yana 105 ta elektrobus olib kelish topshirildi. Shu yilning oʻzida Namangan shahrida kanalizatsiya tizimini xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish boʻyicha amaliy ishlar boshlanadi.
Sogʻliqni saqlash sohasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modelini Kosonsoy va Uychi tumanlarida ham joriy etish belgilandi. Shuningdek, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi oktabr oyidan Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlarida yoʻlga qoʻyiladi.
Yigʻilishda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, jinoyatchilik profilaktikasi va yoshlar bilan manzilli ishlash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari, hududlar rahbarlari va boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.