Bu haqda IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 7 aprel kuni Karmana tumani hududidagi “Samarqand” doimiy YPX maskanida xizmat olib borayotgan inspektorlar “Samarqand–Navoiy” yo‘nalishida harakatlangan “Lacetti” rusumli avtomobilni to‘xtatgan.

Tekshiruv jarayonida haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilgani aniqlanib, unga nisbatan tegishli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng haydovchining otasi YPX xodimlari oldiga kelib, huquqbuzarlikni o‘g‘li emas, o‘ziga rasmiylashtirib berish, hujjatlarni sudga yubormaslik hamda avtomashinani jarima maydonidan chiqarish evaziga 1000 AQSH dollari taklif qilgan.

Inspektorlar uni pora berish jinoyiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Biroq fuqaro taklifini davom ettirgan.

Shundan keyin IIVning tegishli bo‘linmalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 1000 AQSH dollarini pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holatda qonuniylikni ta’minlab, pora olishdan bosh tortgan Yo‘l-patrul xizmati inspektori, kapitan Sherbek Turxонов Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Jamoaviy minnatdorchilik” bilan taqdirlangan. Shuningdek, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida pul mukofoti topshirilgan.