Bu haqda “Dunyo” AA “Reuters” agentligiga tayanib xabar bermoqda.
Himolay daryosiga loy va tosh massasining qulashi natijasida suv va vayronalar oqimi yoʻllar, uylar va infratuzilmani yuvib ketgan. Nepalda kamida 165 kishi halok boʻldi. Mahalliy hokimiyat idoralari qurbonlar soni yanada ortishi mumkinligini maʼlum qildi.
Mamlakatda 826 kishi, jumladan, 500 ga yaqin xorijlik bedarak yoʻqolgan. Qayerdaligi nomaʼlum boʻlgan sayyoh va ziyoratchilar orasida Hindistonning 177 nafar, AQSHning 63 nafar, Avstraliyaning 34 nafar, Buyuk Britaniyaning 33 nafar va Kanadaning 25 nafar fuqarosi bor. Tibetning Jiroʻng hudidida 558 kishi, jumladan 260 nafar xorijlik bedarak yoʻqolgan. Xitoy rasmiylari uch kishi halok boʻlganini maʼlum qildi.
Qidiruv-qutqaruv amaliyotiga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va politsiya xodimi jalb etilgan. Bugun qutqaruvchilar 125 kishi, jumladan, 20 nafar xorijlikni topib, evakuatsiya qildi. Jabr koʻrgan hududlarga chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zaruriy vositalar yetkazilmoqda.
Qutqaruv ishlarini yangi suv va loy koʻchkilari xavfi hamda prognoz qilinayotgan yomgʻirlar murakkablashtirmoqda. Bedarak yoʻqolganlar orasida hinduiylar va buddistlar uchun muqaddas sanalgan Kaylas togʻi va Manasarovar koʻliga ketayotgan ziyoratchilar ham bor.
Oʻzbekistonning Dehlidagi (ayni paytda Nepalda ham faoliyat yuritadi) elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda falokat oqibatida halok boʻlganlar va jabrlanganlar orasida vatandoshlarimiz toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushmagan. Mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasi tegishli idoralar bilan doimiy aloqada boʻlib, vaziyat rivojini muntazam kuzatib bormoqda.